Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi MIYaNING FUNKTsIONAL SISTEMASI

MIYaNING FUNKTsIONAL SISTEMASI


Bosh miyaning hujayralar to‘plami faqatgina sodda vazifani bajarib qolmasdan, balki boshqa mukammal funktsiyalarni bajarishda ham ishtirok etadi (P.K.Anoxin, 1973). Funktsional sistema faoliyatini ta’minlashda nerv sistemasining (ayniqsa, bosh miyaning) barcha tuzilmalari ishtirok etadi. Bu jarayon neyronlararo aloqalarning ko‘pligi sababli amalga oshiriladi.   Funktsional sistema – biron bir funktsiyani bajarishda ishtirok etuvchi neyronal tuzilmalar to‘plami. U miyaning muhim, o‘z­o‘zini boshqaruvchi mexanizmi hisoblanadi.
Nerv sistemasining individual rivojlanishini to‘g‘ri baholash uchun uning anatomik jihatdan etukligi bilan birga biron bir funktsiyani boshqarishi va bajara bilishi ham katta ahamiyatga ega. Demak, ontogenez jarayoni, ya’ni nerv to‘qimalarining yakka holda emas, sistematik tarzda rivojlanishini sistemogenez nuqtai nazaridan tushunmoq kerak. Funktsional sistema tushunchasi individual rivojlanish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asabiy­ruhiy buzilishlarning mohiyatini ochib berishga yordam beradi. Shuni ta’kidlash lozimki, embrional rivojlanish jarayonida turli neyronal tuzilmalarning birin­ketin paydo bo‘lishi bilan birga, ushbu ketma­ket rivojlanishning buzilishi ham ro‘y berib turadi. 
        Dastlab hayotiy muhim ahamiyati bo‘lgan funktsional sistemalar shakllanadi. Funktsional sistemaga evolyutsion rivojlanishning turli bosqichlarida xilma­xil tuzilmalar qo‘shilib boradi. Shuning uchun bir bosqich darajasida funktsional sistemaga kiruvchi ba’zi tuzilmalarning turli darajada takomillashuvini kuzatamiz. Ayni vaqtda, bir maromda rivojlanmaslik, ya’ni geteroxronlikning ko‘rinishlariga ko‘p misollar keltirish mumkin. Masa lan, go‘dakda emish jarayonida qatnashadigan yuz nervining pastki tolalari mielin parda bilan oldinroq va yaxshiroq qoplangan bo‘ladi. Ushbu nervning ustki tolalari esa mielin parda bilan to‘liq qoplanmaydi, go‘yoki bu tolalarga hozircha zarurat yo‘qdek. Sistemogenezga yaqqol misol bo‘la oladigan go‘dakda kuzatiladigan ushlab olish refleksi ham e’tiborga molik. 
        Embrional rivojlanishning 4-6 oylarida qo‘lning barcha nerv tolalari ichida eng yaxshi etilgani barmoqlar bukilishini ta’minlovchi nerv tolalaridir. Bundan tashqari, bu davrga kelib sakkizinchi bo‘yin segmentining oldingi shoxi motor hujayralari ham takomillashgan bo‘ladi. Ushbu motor neyronlar barmoqlarni bukuvchi mushaklarni innervatsiya qiladi. Bundan tashqari, ushbu hujayralarni boshqaruvchi asab tizimining yuqorida joylashgan tuzilmalari ham shakllangan bo‘ladi. 
       Sistemogenezning bir nechta muhim jihatlari o‘rganilgan. Birinchisi shundan iboratki, funktsional sistemalar bir vaqtda shakllanmaydi. Organizm uchun hayotiy muhim bo‘lgan sistemalar avval shakllanib boradi. Masalan, yangi tug‘ilgan chaqaloq uchun hayotiy muhim bo‘lgan jarayonlar – emish, yutish, nafas olish tug‘ilgan zahoti faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Ba’zi jonzotlarda esa funktsional sistema tug‘ilgan zahoti mukammallashgan bo‘ladi. Kenguruning bolasi tug‘ilgan zahoti onasining qornidagi xaltachaga sakrab chiqa oladi yoki endigina tuxumdan chiqqan g‘ozning bolasi onasining izidan yura boshlaydi va hokazo. Yangi tug‘ilgan chaqaloqda tug‘ma mexanizmlar go‘yo kamdek tuyulsa­da, ba’zi boshqaruvchi vazifalarning juda nozik ishi kishi e’tiborini o‘ziga tortadi. Masalan, go‘dakda yutish va nafas olish bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi, keyinchalik bu qobiliyat yo‘qolib boradi. Biroq ko‘ruv, eshituv va harakat reaktsiyalari yaxshi rivojlanmagan bo‘ladi. 
        Nerv sistemasi ba’zi tuzilmalarining bir maromda rivojlanmasligi va etilmasligiga geteroxronlik printsipi deyiladi. Sistemogenezning ikkinchi tamoyili sistemalararo va sistemalar ichra geteroxronlik tamoyili hisoblanadi. Sistemalararo geteroxronlik – bu turli funktsional sistemalarning turli davrlarda paydo bo‘lishi va shakllanishidir. Sistemalar ichra geteroxronlik – bu shakllangan funktsiyaning asta­sekin murakkablashib borishidir. Dastavval minimal funktsiyani bajara oluvchi nerv to‘qimalari etilib boradi, keyinchalik tashqi va ichki ta’sirlarga javob beruvchi shu sistemaning boshqa bo‘limlari ham safga turadi. Masalan, go‘dakda 3 oygacha so‘rish refleksi juda oson chaqiriladi, lunji yoki iyagiga qo‘l tekkizilsa bas, u darrov labini cho‘chchaytiradi. Shu bilan birga, go‘dakda qalqib ketish yoki havo yutib yuborish holatlari ham tez­tez uchrab turadi. Uch oylikdan so‘ng so‘rg‘ich harakatlari faqat labiga tekkanda paydo bo‘ladi va qalqib ketishlar kamayadi. Xuddi shunday manzarani ushlab olish refleksiga nisbatan ham kuzatishimiz mumkin. 
         Go‘daklik davrining dastlabki oylarida uning kaftiga sal tegilsa, qo‘lini musht qilib oladi, keyinchalik ushlab olish biroz pasayadi. Sistemalar ichra geteroxronlik biror funktsional sistemaning nafaqat etilishi, balki sistemalararo aloqaning o‘rnatilishi bilan ham parallel tarzda kechadi.    Masalan, avtomatik tarzda ushlab olish harakati ustidan ko‘z nazorati kuchaya boshlaydi. Sistemogenez haqidagi ta’limot bolada nerv sistemasi funktsiyalari shaklla nishining uzviy va ketma­ket rivojlanish qonuniyatlarini ochib beradi. Masalan, boshni ushlab turishdan so‘ng o‘tirish, o‘tirishdan so‘ng tik turish, tik turishdan so‘ng yurish funktsiyalari rivojlanib va takomillashib boradi. Boshni ushlab turish qobiliyati tana holatini nazorat qilishga zamin yaratib beradi. 
        Bu muvozanat a’zosi (miyacha) va ko‘ruv nazoratining takomillashuvi natijasida amalga oshiriladi. Shuni ta’kidlash lozimki, juda ko‘p funktsional sistemalarning o‘zi bir qancha kichik sistemalardan tarkib topgan. Bular bir vaqtning o‘zida paydo bo‘lmaydi, balki o‘zaro bog‘lanishlar negizida sekin­asta takomillashib boradi. Masalan, harakatni boshqarish kompleksiga muskul tonusi, tana muvozanati va koordinatsiyasini boshqaruvchi funktsional sistemalar kiradi.  Bundan tashqari har qanday harakatni amalga oshirish uchun biron bir harakatni boshqa harakat bilan almashtiruvchi, uning ustidan nazorat qiluvchi dastur zarur bo‘ladi. Masalan, oldinga bir qadam tashlash uchun gavda og‘irligini ikkinchi oyoqqa o‘tkazish, shu vaqtda umumiy muvozanatni saqlab qolish, bir guruh muskullarning qisqarishi va shu paytda boshqalarining yozilishini amalga oshirish kerak. Biz yurib borayotganimizda oyoqni qanday tashlash kerak, gavda va qo‘llar qay holatda harakat qilishi zarurligi hisob­kitobini qilmasdan hammasini beixtiyor tarzda amalga oshiramiz. 
To‘g‘ri, biz ongli ravishda tezlikni oshiramiz yoki pasaytiramiz, qadamni katta yoki kichik tashlaymiz, ammo qaysi muskulni qisqartirib, qaysi birini bo‘shashtirish lozimligi haqida o‘ylamaymiz. Vaholanki, bular avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Harakatni boshqaruvchi sistemalarning o‘zaro muvofiqlashgan tarzda ishlashi bolalik davridan rivojlana boshlaydi. Turli yoshdagi bolalarning harakat faoliyatini kuzatib, ularning harakat funktsiyalari takomillashib borayotganligi va kichik sistemalardan yirik integrativ sistemalar paydo bo‘lishiga amin bo‘lamiz. Sistemogenez nuqtai nazaridan qaraganda, har bir yosh uchun xos bo‘lgan normal funktsiyalarning rivojlanish mexanizmlari va funktsiyalar takomillashuvining kam­ko‘stligini tushunib olish mumkin. 
         Ba’zi funktsional sistemalar yoki ularning bo‘limlari rivojlanishi sust kechsa, boshqa funktsional sistemalar esa normal rivojlanib, jadal ravishda takomillashib boradi. Masalan, chaqqon, o‘yinqaroq bolalar diqqat­e’tiborni talab qiluvchi nozik harakatlarni bajara olmaydi. Buning sababi, harakatni boshqaruvchi po‘stloq markazlari takomillashmaganidir. Ba’zan kundalik hayotda beso‘naqay bolalarda surat chizish, musiqiy asboblarni chiroyli chalish kabi mahoratni kuzatamiz. Bolalarda nutq buzilishlari sababi ham ko‘pincha sistemalararo va sistemalar ichra aloqalarning etilmay qolishi oqibatidir. Bolalarda harakatdagi beso‘naqaylik duduqlanib so‘zlash bilan birga uchrashini ko‘p guvohi bo‘lamiz. Ba’zan og‘zaki nutq juda yaxshi rivojlansa­da, husnixati xunuk bolalar bo‘ladi. 
        Ayniqsa, yoshlar orasida qog‘ozga qo‘l bilan yozish yo‘qolib, elektron aloqa vositalarida yozishga ommaviy tarzda o‘tilishi nafaqat husnixatning buzilishiga, balki imloviy xatolar ko‘payib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Yoshlar orasida og‘zaki nutqdagi nuqsonlar ham ushbu muammo bilan bog‘liq. Sistemogenez nerv sistemasining evolyutsion rivojlanish jarayonida kuzatiladigan morfofunktsional o‘zgarishlarni takomillashtirishga yordam beradi, rivojla nayotgan sistemalar kam­ko‘stligining oldini olish yo‘llarini ko‘rsatadi. 
       Bu etishmovchiliklarni tuzatishning printsiplarini bir necha  guruhlarga  bo‘lish mumkin: 1) o‘sish ko‘rsatkichlaridan orqada qolayotgan funktsiyalarni rag‘batlantirish; 2) buzilib qayta rivojlanayotgan aloqalarni to‘xtatish yoki pasaytirish; 3) sistemalararo va sistemalar ichra aloqalarning yangi komplekslari shakllanishiga yordam berish va hokazo. Demak, mavjud nuqson turini o‘z vaqtida aniqlab, tibbiy­profilaktik chora larni belgilab olish zarur bo‘ladi. Lekin bunda individual rivojlanishga alohida e’tibor qaratish lozim. Ko‘ruv va eshituv sistemalari ham bosh miyaning murakkab funktsional sistemalari guruhiga kiradi. 
        Har qaysi funktsional sistema yoki uning turli bo‘limlari o‘zining rivojlanish dasturiga ega bo‘lishiga qaramasdan, bosh miya doimo yagona, yaxlit a’zo sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Bosh miyaning ushbu integrativ funktsiyasi turli sistemalarning o‘zaro munosabatini mustahkamlaydi va rivojlantiradi. Bu holda rivojlanayotgan bosh miyada sistemalararo aloqalarni o‘rnatish mexanizmi qanday kechadi, degan savolga duch kelamiz. Bosh miya o‘z faoliyatida yagona bo‘lib qolishiga qaramasdan, rivojlanishning har bir bosqichida u boshqacha miya va o‘ziga xos sistemadir. 
      Shuning uchun ba’zi funktsional sistemalar rivojlanishining xronologiyasini mukammal o‘rganib, ushbu jarayonni to‘g‘ri baholab borish albatta muhim. Bolada funktsional sistemalarning rivojlanish tezligini velosipedchilar poygasiga taqqoslash mumkin. Masalan, bitta velosipedchi poyga davomida doimo oldinda boravermaydi, bunga uning kuchi ham etmagan bo‘lar edi. U goh oldinda, goh orqada qolib ketadi va nihoyat, marrani birinchi bo‘lib egallaydi. Rivojlanayotgan miyani o‘rganganimizda bolaning dastlabki yoshida shunga o‘xshash manzarani ko‘ramiz. Rivojlanishning yangi shakllari paydo bo‘lishi go‘dakdagi birlamchi avtomatizmlar reduktsiyasi (yo‘qolishi) bilan kechadi. Bunda ikkita, ya’ni yangilanish va yo‘qolish jarayoni bir maromda kechishi katta ahamiyatga ega. 
       Birlamchi avtomatizmlarning erta so‘nishi nerv sistemasi rivojlanishidagi uzviylikni buzib yuborishi mumkin. Shu bilan birga eskirib qolgan funktsiyalarning juda kech yo‘qolishi ham yaxshi emas, chunki u yangi va yanada murakkab funktsional sistemalar paydo bo‘lishiga xalaqit beradi. Reduktsiya va yangilanish jarayonlarining bir maromda kechishiga bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda harakatning rivojlanishini misol qilib ko‘rsatsa bo‘ladi. 
Go‘dakda boshning fazodagi holatini nazorat qiluvchi birlamchi tonik avtomatizmlar mavjud. Bu avtomatizmlar 2­3 oylarga borib so‘nib, o‘rniga boshni aniq ushlab turishini ta’minlovchi va muskul tonusini boshqaruvchi sistemalar rivojlanadi. Agar ushbu so‘nish o‘z muddatidan kechiksa, birlamchi tonik avtomatizmlar anomal hodisa deb qabul qilinadi. Chunki u boshni ushlab turuvchi mexanizmlar rivojlanishiga xalaqit beradi. Keyinchalik zanjirli patologik holatlar rivojlanib boraveradi: boshni ushlab tura olmaslik ko‘ruv nazorati va vestibulyar apparatning ishini buzadi. 
       Vestibulyar apparat rivojlanmay qolishi natijasida o‘tirishni ta’minlab beruvchi muskullar tonusi ishdan chiqadi va hokazo. Oxir­oqibat yaxlit bir funktsional mexanizmlar rivojlanmay, ikkinchi funktsional sistema rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Nutq va u bilan bog‘liq bo‘lgan oliy ruhiy funktsiyalar  buzilishining bolalik davrida oldini olish uchun dastlabki shakllanayotgan patologik jarayonni o‘z vaqtida to‘xtatish muhim ahamiyatga ega. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, reduktsiya va yangilanish jarayonlarining bir maromda kechishi deganda, faqat bir funktsiyaning ikkinchi funktsiyaga yo‘l ochib berishi tushunilmaydi. Vaholanki, reduktsiya faqat avtomatizmlarning butunlay yo‘qolishi degani ham emas, balki murakkab funktsional sistemalarga qo‘shilib ketishi degani hamdir. Shuning uchun birlamchi avtomatizm to‘la reduktsiyaga uchramasa­da, rivojlanishning umumiy rejasiga xalaqit bermasligi kerak. 
Agar reduktsiya jarayoni kechikib boraversa, yangi mexanizmlar shakllanishi sustlashadi va intellektual funktsiyalar uchun mas’ul neyronal tizimlar  rivojlanishdan orqada qoladi. Ushbu bobda neyrofiziologik va psixofiziologik jarayonlar, tibbiy psixolog bilishi zarur bo‘lgan funktsional sistemalar rivojlanishining turli bosqichlari bilan tanishib chiqdik. 



Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b. 
              ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. Darslik., 2-nashr., T.; 2021., 960b. 
              ©Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. T.; 2021., 312b. 
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; ©asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив