MIOKLONIK ABSANSLAR BILAN KEChUVChI EPILEPSIYa
Mioklonik absanslar bilan kechuvchi epilepsiya – elka va qo‘llarda simmetrik tarzda kuzatiladigan miokloniya bilan kechuvchi epilepsiya. Kasallik 1-7 yoshlarda boshlanadi.
Klinikasi. Asosiy klinik belgisi – mioklonik absanslar. Mioklonik absanslar ushbu epilepsiya uchun shu darajada xoski, hatto ular kasallik atamasida aks etgan. Mioklonik absanslar to‘satdan paydo bo‘ladi va intensiv tarzda kechadi. Bunda elka va ikkala qo‘lda simmetrik tarzda paydo bo‘lgan mioklonik titroqlar hushning yo‘qolishi bilan yuz beradi. To‘satdan paydo bo‘lgan mioklonik absanslar 10-20 soniya davom etib, darrov o‘tib ketadi. Bir kunda kuzatiladigan absanslar soni 30-40 tadan oshadi. Xurujlar paytida nafaqat elka va qo‘llarda, balki boshda ham titrashlar kuzatiladi.
Agar vrach mioklonik absanslarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi bo‘lsa, boladan chuqur-chuqur nafas olishni so‘rashning o‘zi kifoya. Bu paytda unda mioklonik xurujlar paydo bo‘ladi. Chunki giperventilyatsiya har qanday absanslarni qo‘zg‘ovchi asosiy omildir. Ba’zida tarqalgan tonik-klonik xurujlar ham ro‘y beradi. EEG da boshqa absanslardagi kabi chastotasi 3 Gts bo‘lgan bilateral-sinxron tipdagi pik-to‘lqinlar aniqlanadi.
Prognoz og‘ir. Chunki bu epilepsiya farmakorezistent epilepsiyalar turiga kiradi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Epilepsiya. Qo`llanma. Toshkent, 2018., 128 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha