Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Magistral arteriyalar insultlari

Magistral arteriyalar insultlari


Ichki uyqu arteriyasi zararlanishi klinikasi. Dastlab bo‘yin orqali o‘tuvchi magistral arteriyalarning anatomo-fiziologik xususiyatlari haqida to‘xtalib o‘tamiz. Chap ichki uyqu arteriyasi (a.sarotis interna sinistra) o‘ng uyqu arteriyasiga (a.sarotis interna dextra) qaraganda ko‘p zararlanadi. Chunki a.sarotis interna sinistra aortadan bevosita boshlanuvchi umumiy uyqu arteriyasi (a.carotis communis sinistra) ning davomi hisoblanadi. Shuning uchun ham unda bosim kuchli bo‘ladi. Demak, bosh miyaning chap yarim shariga qon quyidagi yo‘nalishda oqib keladi: yurak → aorta ravog‘i → chap umumiy uyqu arteriyasi → chap ichki uyqu arteriyasi → bosh miyaning chap yarim shari. Bosh miyaning o‘ng yarim shariga esa qon quyidagi yo‘nalishda oqib keladi: yurak → aorta ravog‘i → elka-kalla poyasi → o‘ng umumiy uyqu arteriyasi → o‘ng ichki uyqu arteriyasi → bosh miyaning o‘ng yarim shari.
Elka-kalla poyasidan (truncus brachiocephalicus) o‘ng umumiy uyqu arteriyasidan tashqari o‘ng o‘mrov osti arteriyasi (a.subclavia dextra) ham boshlanadi. Shu bois o‘ng umumiy uyqu arteriyasida bosim chap umumiy uyqu arteriyasiga qaraganda past bo‘ladi. Chap o‘mrov osti arteriyasi (a.subclavia sinistra) esa bevosita aorta ravog‘idan boshlanadi. Demak, 3 ta magistral arteriya aorta ravog‘idan boshlanadi. Bular: chap umumiy uyqu arteriyasi (a.carotis communis sininstra), elka-kalla (truncus brachiocephalicus), chap o‘mrov osti arteriyasi (a.subclavia sinistra) .
Uyqu arteriyasi obliteratsiyasining asosiy sabablari – ateroskleroz, endarteriit, zahm, nospetsifik aorta-arteriit va obliteratsiyalovchi trombangit. Ichki uyqu arteriyasi zararlanishida uning turli anomaliyalari, ayniqsa, egri-bugriligi, o‘tkir burchak ostidagi bukilishlari ham ushbu arteriyaning o‘tkazuvchanligini kamaytirib, bosh miyada qon aylanishining o‘tkir va surunkali buzilishlariga sababchi bo‘ladi. Odatda, ichki uyqu arteriyasida sekin-asta rivojlanuvchi tromboz nevrologik buzilishlarsiz kechadi, hattoki ushbu tomirning to‘la trombozida ham bosh miyaning qon bilan ta’minlanishi bir necha oy, ba’zan yillab saqlanib qolishi mumkin. Chunki qarama-qarshi tomondagi ichki uyqu arteriyasi va vertebrobazilyar arteriyalar hisobiga bosh miya Villiziy aylanasi orqali qon bilan ta’minlanib turadi. Bu fenomen dupleksli skanirlash va MRA tekshiruvlari diagnostikaga kirib kelganidan keyin ayon bo‘ldi. Deylik, ushbu tekshiruvlar chap tomondagi ichki uyqu arteriyasining to‘la trombozini ko‘rsatdi. Demak, chap tomondagi a.cerebri media va a. cerebri anterior sohasida ishemik insult kuzatilishi kerak. Biroq chap yarim sharda insult kuzatilmaydi. Buning asosiy sababi – Villiziy aylanasi orqali qarama-qarshi tomondan chap yarim sharga qonning oqib kelishidir. Bu fenomen ichki uyqu arteriyasi trombozi sekin-asta rivojlangan holatlarda namoyon bo‘ladi va o‘tkir trombozlar uchun esa xos emas. Shunday bo‘lsa-da, magistral tomirlar trombozida insult rivojlanish xavfi doimo saqlanib qolishini esda tutish lozim.
Ichki uyqu arteriyasining to‘la trombozi, aksariyat hollarda, bo‘yin tomirlarini ultratovush tekshiruvlar, ya’ni dopplerografiya, duppleksli skanirlash yoki MRA orqali aniqlanadi. Nevrologik tekshiruvlarda esa ob’ektiv buzilishlar topilmasligi mumkin. Odatda, ularda insultning og‘ir turlari ro‘y beradi, chunki ichki uyqu arteriyasining ikki tomonlama zararlanishi amaliyotda ko‘p uchraydi. Shuning uchun ham bunday bemorlarni operativ yo‘l bilan davolab, insult rivojlanishining oldini olish kerak.
Ichki uyqu arteriyasi trombozi uning ichki devorida limfotsitlar, plazmatik hujayralar, kaltsiy tuzlari va lipidlar to‘planishi hisobiga rivojlanadi, tomir devori qalinlashadi, uning diametri torayadi.
Ichki uyqu arteriyasining sekin rivojlanuvchi trombozi bir necha oylar ichida “kichik” nevrologik simptomlar yoki neyropsixologik buzilishlar bilan namoyon bo‘lishi mumkin. Bular – doimiy va kuchayib turuvchi bosh aylanishlar, bosh og‘riqlar, quloqda shovqin (ayniqsa, kechqurun kuchli seziladi), xotira pasayishi, uyqu buzilishi, ko‘rish pasayishi va h.k. TIA ham kuzatilib turadi: o‘tib ketuvchi falajliklar, nutq buzilishlari, koordinator buzilishlar, epileptik xurujlar, ko‘rish funktsiyasi buzilishi va o‘tib ketuvchi psixozlar. Agar ichki uyqu arteriyasi trombozi bir necha yil davom etsa, zo‘rayib boruvchi distsirkulyator  entsefalopatiya alomatlari ko‘zga tashlana boshlaydi. Diqqat, xotira, nutq va tafakkur kabi oliy ruhiy funktsiyalar buziladi. Shuningdek, jahldorlik, eyforiya, atrofdagi voqealarni to‘g‘ri tahlil qilish buzilishi, uyqusizlik, ba’zan gallyutsinatsiya va illyuziyalar ham paydo bo‘ladi.
Agar tromboz ko‘z arteriyasi (a. ophthalmica) boshlanadigan joydan pastda yoki yonida ro‘y bersa, zararlangan tomonda ko‘rishning keskin pasayishi yoki yo‘qolishi, qarama-qarshi tomonda esa gemiparez kuzatiladi. Bu holat optiko-gemiparetik sindrom deb ataladi. Tromboz ro‘y bergan joyda tomirni auskultatsiya qilib ko‘rsa, uning urishi pasaygan bo‘ladi. Shuningdek, tromboz kuzatilgan tomonda mioz, retinal bosimning tushib ketishi va kalla suyagi perkussiya qilib ko‘rilganda og‘riq ham seziladi. O‘sha tomonda supraorbital nuqtani bosib tekshirganda og‘riq paydo bo‘ladi.
Ichki uyqu arteriyasi trombozining yaqqol belgilaridan yana biri – qarama-qarshi tomondagi quloqda shovqin paydo bo‘lishi. Masalan, chap tomonda ichki uyqu arteriyasining o‘tkir trombozi kuzatilsa, o‘ng tomonda bosh yoki quloqda g‘uvillagan tovush eshitiladi. Buning sababi – o‘ng tomondagi ichki uyqu arteriyasida qon oqishi tezligining kuchayishidir. Bu holat Fisher simptomi deb ataladi. Agar shovqin paydo bo‘lgan tomondagi uyqu arteriyasi biroz bosilsa, shovqin pasayadi yoki yo‘qoladi. Ba’zan sog‘lom tomondagi ichki uyqu arteriyasini bosish sub’ektiv nevrologik simptomlarning zo‘rayishiga sababchi bo‘ladi, ya’ni bosh aylanishi kuchayib, bemor hushidan ketib qoladi. Shuning uchun ushbu sinovlarni ehtiyotkorlik bilan o‘tkazish kerak. Ushbu shovqinni stetoskopni ko‘zning ustiga qo‘yib eshitsa ham bo‘ladi. Ba’zan ichki uyqu arteriyasi trombozida shovqin nafaqat qarama-qarshi tomonda, balki tromboz ro‘y bergan tomonda ham kuzatiladi. Biroq uni aniqlash biroz qiyin.
Ichki uyqu arteriyasi devorida paydo bo‘lgan tromb yuqori va pastga qarab kattalashib boradi. Ayniqsa, karotid sinus yonida tromb paydo bo‘lishi o‘ta xavflidir. Chunki u miyaning o‘rta (a.cerebri media) va oldingi (a.cerebri anterior) arteriyalarini tiqib qo‘yadi. Bunday holatlarda bosh miyaning deyarli yarmini zararlovchi og‘ir ishemik insult rivojlanadi. Tromboz shakllanayotgan joyning ichki devorida kaltsiy tuzlari va lipidlardan iborat g‘adir-budur qatlamlar paydo bo‘ladi, limfotsitar  infiltratsiya va fibroblastlar proliferatsiyasi shakllanadi va tomirning mushak qatlami g‘adir-budur bo‘lib qoladi. Biroq keyinchalik tromboz ro‘y bergan joyda qon o‘tkazuvchi yangi kanallar, ya’ni tomirlar paydo bo‘lishi mumkin. Bu jarayon tromb rekanalizatsiyasi deb ataladi. Buning natijasida bosh miyani qon bilan ta’minlash biroz bo‘lsa-da qayta tiklanadi. Bu jarayon ijobiy bo‘lishiga qaramasdan, nevrologik funktsiyalarning qayta tiklanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Qayta paydo bo‘lgan mayda tomirlar mo‘rt bo‘ladi. Umumiy gemodinamikaning o‘zgarib turishi, tana haroratining ko‘tarilishi bilan kechuvchi turli infektsiyalar ushbu mo‘rt tomirlarning yorilishiga va nuqtali qon quyilishlarga olib keladi. Bu o‘ta xavfli vaziyat bo‘lib, tromblarning yanada kattalashuvi va uzayishiga sababchi bo‘ladi.
Ichki uyqu arteriyasi trombozi sababli uning tarmoqlari bo‘lmish a.cerebri media va a.cerebri anterior da ichki (intravaskulyar) bosim tushib ketadi, endotelial hujayralar yo‘g‘onlashib, proliferatik o‘zgarishlar shakllana boshlaydi, trombotsitlar yopishqoqligi kuchayadi, gemoliz ro‘y beradi. Bu tomirlarning diametri ham kichrayib, bosh miyaning qon bilan ta’minlanishiga jiddiy ziyon etadi. Shu kabi patomorfologik jarayonlar biriktiruvchi to‘qima tolalaridan iborat tromblar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi va ularni operativ yo‘l bilan korrektsiya qilishga to‘g‘ri keladi. Tromboz ko‘p uchraydigan joylar – bular umumiy uyqu arteriyasi boshlanadigan joy, uning bifurkatsiyasi, karotid sinus, ichki uyqu arteriyasi va uning sifoni hamda Villiziy aylanasidagi qismidir.
Umumiy uyqu arteriyasi boshlanadigan joyda rivojlangan tromboz klinikasi. Umumiy uyqu arteriyasi boshlanadigan joyda tromboz, ko‘pincha aorta ravog‘ining zararlanishi bilan birgalikda kuzatiladi. Umumiy uyqu arteriyasi okklyuziyasida yaqqol ifodalangan klinik belgilar kuzatilmaydi. Buning sababi – kollateral qon aylanishning tashqi uyqu arteriyasi orqali amalga oshirilishidir. Umumiy uyqu arteriyasi boshlanadigan joy okklyuziyasida tashqi uyqu arteriyasida tomir urishi pasayadi, chakka arteriyasida esa yo‘qoladi. Agar okklyuziya kollateral qon aylanishning kuchayishiga sababchi bo‘lsa, unda bir yoki ikkala tomondagi chakka arteriyasida  pulsatsiya kuchayadi.
Agar bemorda anonim-karotid yoki subklavio-karotid sindrom rivojlansa, tromboz kuzatilgan tomonda uyqu, o‘mrov osti, elka va bilak arteriyalarida tomir urishi pasayadi. Shuningdek, ushbu sindromda o‘tib ketuvchi harakat, sezgi, koordinatsiya, vestibulyar, nutq va ko‘rishning buzilishlari tez-tez kuzatilib turadi. Bu simptomlar boshni yon yoki orqa tomonga keskin bursa, paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Bunday paytlarda bemorning boshi aylanib ketib, o‘tirib qoladi yoki hushdan ketadi. Ba’zan ortostatik sinkopal holatlar va epileptik xurujlar ro‘y beradi. Subklavio-karotid sindrom TIA ning asosiy sababchilaridan biridir. Shuningdek, bu sindrom bosh miyada qon aylanishining surunkali buzilishiga olib keladi. Bunday bemorlarning arterial qon bosimi ikkala qo‘lda 2 xil bo‘ladi, bilak arteriyasida tomir urishi bir tomonda yuqori, ikkinchi tomonda past (tromboz tomonda) bo‘ladi. Bu bemorlarda kardiovaskulyar buzilishlar ham ko‘p kuzatiladi. Demak, TIA va bosh miyada qon aylanishining surunkali buzilishlari aniqlangan paytlarda, albatta, bo‘yin tomirlari tekshirilishi kerak. Bu esa insult profilaktikasini amalga oshirish uchun o‘ta muhimdir.
Umumiy uyqu arteriyasi bifurkatsiyasi sohasi trombozi klinikasi. Umumiy uyqu arteriyasi bifurkatsiyasi ushbu arteriyaning tashqi va ichki uyqu arteriyalariga bo‘linadigan joyi bo‘lib, uning proektsiyasi qalqonsimon bez sohasiga to‘g‘ri keladi. Agar tromboz ushbu sohada rivojlansa, ichki va tashqi uyqu arteriyalarida qon aylanish buziladi. Bu soha trombozi sekin-asta rivojlansa, ob’ektiv nevrologik simptomlar, odatda, kuzatilmaydi. Bunday bemorlar bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, boshning bir tomonida guvillagan shovqin, xotira pasayishi, hushdan ketishlar, uyqu buzilishi, boshni yon tomonlarga burganda gandiraklab ketish kabi shikoyatlar bilan vrachga murojaat qilishadi. Ularda AQB o‘ynab turishi, taxikardiya yoki bradikardiya ham kuzatiladi. Ba’zan qarama-qarshi tomonda chakka arteriyasi  pulsatsiyasi kuchayib, zararlangan tomonda esa pasayadi. Zararlangan tomonda ko‘z to‘r pardasining markaziy arteriyasida bosim pasayadi. Umumiy uyqu arteriyasi bifurkatsiyasi sohasining sekin rivojlanuvchi trombozida ham TIA kuzatilib turadi va bosh miyada qon aylanishining surunkali buzilishi rivojlanadi. Agar tromboz o‘tkir rivojlansa, unda og‘ir insult ro‘y beradi.


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Insult va koma. Qo`llanma. Toshkent, 2013., 193 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив