Men va Super-Men


Z. Freyd o‘z kuzatuvlariga asoslanib, ruhiyatning yangi modelini yaratdi. Unga asosan, bir-biriga uzviy bog‘liq bo‘lgan 3 ta psixologik tuzilma mavjud. Bular – Id, Ego va Super-Ego. «Id» — bu instinktlar. U ongdan xolis. «Ego» — bu Men. Uning ongi bor. «Super-ego», ya’ni Super-men – bu odamni o‘rab turgan muhit, jamiyat. U odamning xulq-atvorini «tepadan» nazorat qilib turadi. Bu tushunchalarning har biriga ta’rif berib chiqamiz.
           Id yoki instinktlar. Z. Freydning fikricha, evolyutsiyaning dastlabki bosqichida o‘zini himoya qilish va ovqat izlash instinkti odamning xulq-atvorini belgilab bergan. Shu bilan parallel holda yoki birozdan so‘ng  ularga seksual instinkt qo‘shilgan. Bu instinktlarni Freyd «Id» deb atagan.  «Id» ongda aks etmaydi. U ong ostida joylashgan, to‘g‘rirog‘i, ong ostiga tiqishtirilgan. «Id» qoniqish printsiplariga  asoslanib faoliyat ko‘rsatadi. Bu erda jinsiy qoniqish alohida o‘rin tutadi. 
           Dastlab Freyd barcha instinktlar ichida seksual instinktga katta urg‘u beradi va odamning xatti-harakatlarini seksual qoniqmaslik bilan bog‘laydi. Uning fikricha, aynan ushbu instinkt odamning xulq-atvorini tug‘ilganidan buyon boshqarib keladi. Z.Freyd qondirilmagan his-tuyg‘u yoki jinsiy maylning ruhiy quvvati ong ostida to‘planib boradi va o‘z ifodasini topishga urinadi, deb  fikr yuritadi. Shuning uchun ham uni panseksualizmda ayblashadi. 
       «Id» doimo «Men» va «Super-men» bilan murosasiz jang olib boradi, chunki ular «Id»ni tinimsiz nazorat qilishga intiladi. «Id» kuchli energiyaga  ega bo‘lsa-da, «Men» uni ong ostidan suzib chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun ham «Id» tajovuzkordir. 
       «Men» nazoratni to‘la qo‘lga olgunga qadar instinktlar go‘yoki odamning hayot tarzini, ya’ni xulq-atvorini belgilab bergan. «Men» rivojlanishi odamning hayot tarzini o‘zgartirib yubordi va uning xulq-atvorini nazorat ostiga oldi. O‘sha paytda ham, hozirda ham psixoanalitiklar «Id» – bu odamning hayot tarzini belgilab beruvchi asosiy manba deb hisoblashadi.
       «Id» o‘zgarmas, «Men» esa o‘zgarib, rivojlanib boradi. Odam boshqa jonzotlardan aql-zakovat, ya’ni ongning borligi bilan farq qiladi. Demak, ong –  bu «Men» demakdir. Agar odam faqat «Id»ga bo‘ysunib yashaganida edi, uning hayot tarzi hayvonlarnikiga o‘xshab qolardi. Vaholanki, odam faoliyati ongli jarayondir va u o‘z xatti-harakatlarida ham, asosan ongga tayanadi. 
           Psixoanalitiklar odamni, aniqrog‘i, uning ruhini tirik hujayraga o‘xshatishadi. Bunda hujayraning tashqi pardasi «Men» bo‘lsa, uning ichki tarkibi – «Id». Hujayraning ichida moddalar almashinuvi natijasida katta energiya to‘planadi va kuchli energiyaga ega bo‘lgan «Id» tashqariga yorib chiqqisi keladi. Bunga esa hujayraning tashqi pardasi, ya’ni «Men» yo‘l qo‘ymaydi. Xo‘sh unda «Super-men» nima? Ma’lumki, hujayralar to‘plami to‘qimani, to‘qimalar a’zolarni, a’zolar esa organizmni tashkil qiladi. Demak, «Super-men» – barcha «Men»lar yig‘indisi. Hujayra organizmda hayot kechirgani kabi, organizm ham hujayrasiz yashay olmaydi. Organizm – bu «Super-men». 
           «Super-men» – bu jamiyat qonunlari, axloq printsiplari va din talablari. «Super-men» «Men» bilan birgalikda seksual xususiyatlarga boy bo‘lgan «Id»ni nazorat qiladi. Buning natijasida ular orasidagi ziddiyatlar kuchayadi.  Z.Freydning fikriga ko‘ra, nevrozning kelib chiqishiga «Super-men» va «Men» sababchi. Psixoanalitiklar nevrozni psixoterapevtik yo‘l bilan davolashda aynan mana shu nazoratni kamaytirish yoki to‘xtatishga va shu yo‘l bilan «Id»ni ong doirasiga suzib chiqishiga yordam berishadi. Buning natijasida «Id» tajovuzkorligi pasayib, nevroz belgilari chekinadi.  Z. Freyd «Men» va «Id» orasidagi munosabatlarni chavandoz bilan otning munosabatlariga qiyoslab ham tushuntirib bergan. Freydgacha A.Shopengauer xuddi shunday qiyoslashni iroda va tafakkur orasidagi munosabatlarning ta’riflash uchun ishlatgan edi. 
Chavandoz otni o‘zi boshqarsa-da, faqat uning quvvati hisobiga harakatlanadi. Kerak paytda chavandoz o‘zanni qattiq ushlab, otni to‘xtatishi va o‘zi xohlagan tomonga yo‘naltira olishi zarur, aks holda u yiqilib qattiq jarohat oladi yoki halok bo‘ladi. Ba’zi vaziyatlarda qachon to‘xtash va qaysi tomonga yurish kerakligini chavandoz emas, balki otning o‘zi tanlaydi. Masalan, chavandoz uxlab qoladi, charchaydi yoki kasallanadi. «Men» (chavandoz)ning ahvoli «Id» (ot)ning ahvoliga qaraganda ancha xavotirli. Chunki «Men» bir tomondan atrof-muhit, ya’ni tashqi olamning qonun-qoidalariga amal qilishi, ikkinchi tomondan kuchli ot («Id»)ni boshqarishi kerak. «Men» ham tashqi olam, ya’ni «Super-men»ning talablarini, ham «Id»ning ehtiyojlarini qondirish uchun doim xavotirda yashaydi. Bu talablarni bajarish uchun «Men» doim sergak bo‘lib turishi kerak. Bu talablar bajarilmasa, aybdorlik hissi aynan uning bo‘yniga tushadi. Demak, «Men» doimo o‘zini himoya qilish yo‘llarini izlaydi. Z. Freyd nevrozning kelib chiqishini ushbu ziddiyatli munosabatlardan izlagan.

 2-rasm. Psixoanalitiklar «Men», «Super-men» va «Id» orasidagi  munosabatlarni qaltis joyda otni boshqarib borayotgan chavandozga qiyoslagan: Men» – bu chavandoz, «Super-men» – atrof-muhit, «Id» – katta quvvatga ega ot.


Manba:  ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b. 
            © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
               ©asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив