Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Mezotemporal epilepsiya

Mezotemporal epilepsiya


Epileptogen o‘choq chakka bo‘lagining medial yuzasi, ya’ni gippokamp, amigdalium, paragippokampal pushtalarida joylashsa, mezotemporal epilepsiya rivojlanadi. Limbik sistema tarkibiga kiruvchi ushbu tuzilmalar vegetativ funktsiyalarni ta’minlab berishda markaziy ahamiyatga ega. Shu bois, mezotemporal epilepsiya rang-barang vegetativ paroksizmlar bilan namoyon bo‘ladi.  Mezotemporal epilepsiya juda ko‘p hollarda quyidagi vegetativ auralar bilan boshlanadi: epigastral sohada to‘satdan paydo bo‘lgan g‘alati bir yoqimsiz sezgi bir necha soniya ichida yuqoriga ko‘tarilib bemorning bo‘g‘ziga kelib “tiqiladi”, ko‘ngli aynib kekira boshlaydi yoki qayt qilib yuboradi, yuzi qizib ketadi va giperemiya paydo bo‘ladi. Mezotemporal epilepsiyada epigastral sohada xurujsimon yoqimsiz sezgilar shu qadar ko‘p kuzatiladiki, buni hatto epigastral aura deb ham atashadi.
Qorachiqlarning to‘satdan kengayib qo‘rquv va xavotir paydo bo‘lishi hamda vahima bosishi – ushbu epilepsiya uchun juda xos belgilar. Bu paytda taxikardiya vujudga keladi, nafas olish tezlashadi, hidlov va ta’m bilish gallyutsinatsiyalari ro‘y beradi. Xuruj paytida bemorning hushi to‘la yo‘qolmaydi, balki u somnolent holatga tushadi. Ushbu holat bir necha soniyadan bir necha soatgacha davom etadi. Ba’zida sonolentsiya 2–3 kunlab saqlanadi. To‘satdan boshlangan murakkab fokal xurujlar qancha vaqt davom etishidan qat’i nazar, ular asta-sekin kamaya boradi. Ba’zida sinkopal xurujlar, ya’ni qisqa davom etuvchi hushdan ketishlar ro‘y beradi. Bu paytda bemor yiqilib tushadi, biroq epilepsiyaga xos motor xurujlar kuzatilmaydi.
Chakka epilepsiyasi bilan bog‘liq avtomatizmlar ba’zida soatlab davom etadi va bu vaqtda qilingan harakatlar bemorning esida qolmaydi. Chunki bu avtomatizmlar engil somnolentsiya holatida ro‘y beradi. Masalan, bemor uydan chiqib ketib, shaharni 2–3 soat mobaynida aylanib yuradi va uyga kelib uxlab qoladi. Uyg‘onganidan keyin qaerga borib kelgani haqida so‘ralsa: “Hech qayoqqa! Uyda uxlab yotuvdim-ku” deydi yoki bo‘lgan voqealar tushida ro‘y bergandek tuyuladi. 
Mezotemporal epilepsiya xuruji paytida deyarli barcha turdagi vegetativ buzilishlarni kuzatish mumkin. Ular yurak qon-tomir, endokrin, nafas olish, oshqozon-ichak va siydik ajratish sistemalari disfunktsiyasi bilan namoyon bo‘ladi. Vegetativ-vistseral buzilishlarning qay tarzda vujudga kelishi  bemorning qaysi vegetativ tip, ya’ni simpatik yoki parasimpatik tipga aloqadorligiga ko‘p jihatdan bog‘liq.
Mediobazal tuzilmalar nafaqat vegetativ, balki psixik funktsiyalarning shakllanishida ham muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham, mezotemporal epilepsiyada ruhiy  paroksizmlar ko‘p kuzatiladi. Qo‘rquv va xavotir xurujlaridan tashqari, dyja vu (avval ko‘rgan) yoki jamais vu (hech qachon ko‘rmagan) fenomeni paydo bo‘ladi.
Uzoqroq cho‘zilgan xurujlar paytida turli xil avtomatizmlar ro‘y berib turadi. Oral avtomatizmlar, asosan, yuzini bujmaytirish, tili va lablari bilan turli harakatlar qilib yuborish bilan kechadi. Ba’zida bemor “qo‘rqqan” ko‘zlarini katta ochib bir nuqtaga tikilib qoladi. Bu holat xuddi absansni eslatadi. Biroq bu absans emas, balki psevdoabsansdir. Psevdoabsanslar absanslarga qaraganda uzoqroq davom etadi. Absanslar bir necha soniya davom etsa, psevdoabsanslar bir necha daqiqaga cho‘ziladi. Absanslarda to‘la amneziya, psevdoabsanslarda esa qisman amneziya kuzatiladi. Absanslar, ko‘pincha, ertalab paydo bo‘lsa, psevdoabsanslar har qanday vaqtda ham kuzatilaveradi. Absanslarda aura bo‘lmaydi, psevdoabsanslar, ko‘pincha auralar bilan boshlanadi. Absanslar, asosan, bolalar va o‘smirlarda kuzatiladi, psevdoabsanslar esa turli yoshda ham uchrayveradi. EEG ham ularni farqlashga yordam beradi. Absanslar uchun chastotasi 3 Gts bo‘lgan simmetrik tipdagi pik-to‘lqinli epileptik faollik xos. Psevdoabsansda aniq ifodalangan epileptik faollik bo‘lmaydi. 
Mezotemporal epilepsiya aniqlangan bemorlarning ko‘pchiligi erta bolalik davrida atipik febril xurujlar va turli xil perinatal kasalliklar bilan og‘rigan bo‘ladi. MRT tekshiruvlarida chakka bo‘lagining medial qismi, ayniqsa, gippokampda sklerotik o‘choqlar aniqlanadi. Mezotemporal epilepsiyada fokal xurujlarning ikkilamchi-tarqalgan xurujlarga o‘tib ketishi ko‘p kuzatiladi. Bunday paytlarda tonik-klonik xurujlar bilan boshlanuvchi katta epileptik xurujlar rivojlangan bo‘ladi. Umuman olganda, epilepogen o‘choqlarning chakka po‘stlog‘ida joylashuvi deyarli har doim katta epileptik xurujlar rivojlanishi xavfini uyg‘otadi.



Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Epilepsiya. Qo`llanma., Toshkent, 2018., 128 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi 
              ©asab.cc




Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив