Meningeal simptomlar


Ensa mushaklari rigidligi. Bemor tekis va ravon joyda tepaga qarab yotadi. Vrach uning boshini qo‘li bilan ushlab oldinga egadi. Normada bosh oldinga yaxshi bukiladi va bemorning dahani ko‘krakka tegadi. Agar bosh oldinga egilmay qotib tursa, bunga ensa mushaklari rigidligi deb aytiladi. Ensa mushaklari rigidligi turli darajada ifodalangan bo‘ladi: agar boshni oldinga egganda dahan ko‘krakkacha 1–2 sm ga etmay qolsa – engil, agar 3–5 sm etmay qolsa – o‘rta darajadagi rigidlik deb aytiladi. Agar bosh umuman oldinga egilmasa yoki orqaga qayrilib tursa – unda kuchli darajali rigidlik rivojlangan bo‘ladi. Ensa mushaklari rigidligini Neri simptomi bilan adashtirmaslik kerak. Neri simptomi ham xuddi shu tarzda, ya’ni boshni oldinga egib tekshiriladi. Boshni oldinga egayotganda spinal ildizchalar tortilishi sababli bo‘yinning orqa qismida reflektor og‘riq paydo bo‘ladi. Demak, Neri simptomi ham patologik simptom bo‘lib, u spinal ildizchalar ta’sirlanishi (zararlanishi) hisobiga rivojlanadi. Meningitda ensa mushaklari rigidligi deyarli har doim Neri simptomi bilan birgalikda namoyon bo‘ladi.
          Kernig simptomi. Bemor tekis joyda tepaga qarab yotadi. Bu simptom ikkala oyoqda ham galma-gal tekshiriladi. Vrach bemorning oyog‘ini tos va tizza bo‘g‘imlarida o‘tkir burchak (90°) hosil qilib bukadi (1-bosqich). Keyin vrach bemorning bukilgan oyog‘ini tizza bo‘g‘imida yoza boshlaydi (2-bosqich). Sog‘lom kishilarda oyoq to‘la yoziladi. Agar oyoq tizza bo‘g‘imida yozilmasa, demak, Kernig simptomi musbat hisoblanadi. Kernig simptomi kasallik darajasiga qarab turlicha ifodalangan bo‘ladi: engil, o‘rta va og‘ir daraja. Agar bukilgan oyoq tizza bo‘g‘imida ozgina qarshilik bilan bo‘lsa-da, yozilsa – bu engil, biroz yozilsa – o‘rta, umuman yozilmay o‘tkir burchak holida qolsa – kuchli darajadagi Kernig simptomi deyiladi. Bu simptomni V. Kernig (1840 – 1917) talabalik davridayoq meningit bilan kasallangan bemorlarda kuzatib yurgan va institutni tugatganidan so‘ng bu haqda maqola yozgan (1882 yil). Keyinchalik bu simptomni uning nomi bilan atashgan.
         Yuqori Brudzinskiy simptomi. Boshni oldinga egayotganda ikkala oyoq tos va tizza bo‘g‘imlarida bukiladi. Demak, bu simptom xuddi ensa mushaklari rigidligini tekshirganga o‘xshab tekshiriladi. Uni polshalik pediatr J. Brudzinskiy aniqlagan.
         O‘rta Brudzinskiy simptomi. Qorinning kindikdan pastki qismi musht bilan chuqurroq bosilsa, ikkala oyoq tos va tizza bo‘g‘imlarida bukiladi.
        Pastki Brudzinskiy simptomi. Xuddi Kernig simptomiga o‘xshab tekshiriladi. Bemorning bitta oyog‘i tos va tizza bo‘g‘imlarida o‘tkir burchak hosil qilib bukiladi. Bunga javoban ikkinchi oyoq ham tos va tizza bo‘g‘imlarida biroz bukiladi.
        Erta yoshdagi, ya’ni 1 yoshga to‘lmagan bolalarda meningeal simptomlarni tekshirish usullarini keltirib o‘tamiz.
        Hali 1 yoshga to‘lmagan bolalarda Lessajning “osilib turuvchisimptomi meningitni aniqlashda juda katta ahamiyatga ega. Bu simptomni tekshirish uchun vrach ikkala qo‘li bilan bolaning qo‘ltig‘idan ushlab ko‘taradi, bosh va ko‘rsatkich barmoqlari bilan uning ensasi va iyagidan ushlab turadi. Bu paytda bolaning ikkala oyog‘i son va tizza bo‘g‘imlarida bukilib qorniga tortiladi va shu holatda uzoq vaqt qimirlamay osilib turadi. Sog‘lom bolada bu simptomni tekshirmoqchi bo‘lsangiz, u erkalanib yoki yig‘lab oyoq-qo‘llarini qimirlata boshlaydi. Lessaj simptomini ko‘z oldingizga keltirmoqchi bo‘lsangiz, mashhur “Qirol Sher” multfilmini eslang yoki yana bir marta ko‘ring. Unda maymun endi tug‘ilgan sher bolasini “olomon”ga ko‘rsatish uchun ikkala qo‘ltig‘idan ushlab ko‘taradi. Multfilmdagi bu epizod Lessajning osilib turuvchi simptomini juda eslatadi. Shuningdek, kalla suyagidagi liqildog‘i bitmagan bolalarda kallaning tepa qismi bo‘rtib turadi. Buning sababi gipertenzion-gidrotsefal sindromdir.
        Yoshi 3 oyga to‘lmagan bolalarda Kernig simptomi fiziologik simptom ekanligini esda tutish lozim. Demak, harorati ko‘tarilgan bolada uning mavjudligi hali meningit rivojlandi, degani emas va qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazishni talab qiladi. Agar Kernig simptomi yoshi 3 oydan oshgan bolalarda aniqlansa, u patologik simptom hisoblanadi.
        Agar ensa mushaklari rigidligi juda kuchli bo‘lsa, bunda bemorning boshi orqaga qayrilib qoladi. Bu simptom, odatda, kasallikning 3–4-kunlari kuzatila boshlaydi. Agar tana harorati ko‘tarilgan bola ko‘zini yumib boshini orqaga qayirib yotsa va tanasiga toshmalar toshgan bo‘lsa, unda meningit aniqlanish ehtimoli juda yuqori. Mana shunday holatda yotgan bemorga ko‘zi tushgan har qanday shifokorning xayolidan “Unda meningit emasmikan?” degan fikr o‘tadi.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив