Meningit va meningoentsefalitlarda bemorlar psixologiyasi
Meningit – bosh miya pardalarining o‘tkir yuqumli-yallig‘lanish kasalligi bo‘lib, asosan yoshlarda ko‘p kuzatiladi. Meningit aniqlangan bemor zudlik bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqiziladi. Meningitning o‘tkir davrida ruhiy buzilishlar o‘tkir psixozlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Bular – psixomotor qo‘zg‘alishlar, gallyutsinatsiyalar, deliriyalar, psixosensor buzilishlar (umumiy giperesteziya va h.k.). Gallyutsinatsiya va deliriya ko‘pincha kasallikning o‘tkir davrida kuzatiladi va ular meningit uchun xos bo‘lgan nevrologik simptomlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Meningitda kuzatiladigan bosh og‘riq o‘ta kuchli va chidab bo‘lmas darajada bo‘ladi, og‘riq kuchidan bemor ingrab boshini qo‘llari bilan changallab oladi, ko‘zlarini yumib, chiroqni o‘chirishni yoki pardani yopib, xonani qorong‘i qilishni, televizor va radioning ovozini o‘chirishni, hatto chiqillab turgan soatni xonadan olib chiqib ketishni talab qiladi. Bemor og‘riq kuchidan to‘lg‘anib, oyoq-qo‘llarini bukib, g‘ujanak bo‘lib oladi. Chunki har qanday yorug‘lik va shovqin bemorning bosh og‘rig‘ini kuchaytirib yuboradi.
Meningitning o‘tkir davrida tutqanoq xurujlari, psixomotor va psixosensor buzilishlar ko‘p kuzatiladi. Bemorning tanasiga qo‘l tegizilsa u sakrab tushadi, trigeminal nuqtalarni bosib tekshirayotganda yuzini bujmaytirib boshini olib qochadi, tekshiruvchining qo‘lini itarib yuboradi, ko‘zini yumgan holda har yoqqa o‘zini tashlayveradi, baqiradi, o‘rnidan turib ketishga harakat qiladi, atrofdagilarni tanimaydi, savollarga noaniq javob beradi.
Psixomotor qo‘zg‘alishlar kuchli darajada ifodalanganda, bemorni tekshirish va davolash muolajalarini o‘tkazish juda mushkul. Tana harorati yuqori bo‘lganda kuzatiladigan psixotik buzilishlar kuchli terlash bilan namoyon bo‘ladi. Ushbu buzilishlarni bartaraf etish uchun zudlik bilan 2 ml valium (relanium, sibazon) yoki analgin, dimedrol va novokain eritmalari, pipolfen, aminazin kabi dorilar tomir ichiga yoki mushak orasiga yuborilishi kerak.
Deliriya meningitning o‘tkir bosqichida ko‘p uchraydigan ruhiy buzilish bo‘lib, bunda bemorning ongi xiralashadi. U o‘z ahvolini chala bo‘lsa-da anglaydi, biroq atrof-muhitda u bilan sodir bo‘layotgan hodisalar va shifokorlar xatti-harakatlarini to‘g‘ri baholay olmaydi. Qaerda yotgani, qachon bu erga kelib qolgani va taxminiy vaqtni aytib bera olmaydi. Deliriyada ko‘ruv va eshituv gallyutsinatsiyalari ko‘p kuzatiladi. Bunda bemor go‘yo ko‘z oldida paydo bo‘layotgan narsalarni qo‘li bilan haydaydi, yaqinlarini tanimaydi, yo‘q odamlarning ismini aytib chaqiradi, qo‘rqib baqirib yuboradi. Bunday holatlar, ayniqsa, bolalarda ko‘p uchraydi.
Meningoentsefalit – miya pardalari va to‘qimasining birgalikda yallig‘lanishi. Meningoentsefalit og‘ir kasallik bo‘lib, meningitdan farqli o‘laroq chuqur nevrologik buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi, ya’ni monoparez, gemiparez, tetraparezlar, giperkinezlar va h.k.
Meningoentsefalit ham bolalar va o‘smirlarda ko‘p uchraydi. Shuning uchun bolalik va o‘smirlik davrlarida o‘tkazilgan meningoentsefalitlarda nafaqat nevrologik, balki turli darajada ifodalangan neyropsixologik asoratlar ham qoladi. Ma’lumki, bolalik va o‘smirlik davrida murakkab funktsional sistemalar va oliy ruhiy funktsiyalar shakllanadi. Bosh miyada kechadigan og‘ir kasalliklar esa ushbu murakkab mexanizmlarni izdan chiqaradi, rivojlanish jarayoni kasallik paydo bo‘lgan vaqtdan boshlab sustlashadi. Meningoentsefalit bilan kasallangan bola qancha yosh bo‘lsa, u aqliy rivojlanishdan shuncha orqada qolib boradi. Vaqt o‘tgan sayin bunday bolalarda biologik yosh bilan psixologik yosh orasidagi farq kattalashib boraveradi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha davolash muolajalarini neyropsixologik muolajalar bilan birgalikda olib borish zarur.
Meningoentsefalitda kuzatiladigan neyropsixologik buzilishlar patologik jarayon bosh miyaning qaysi yarim sharida ketayotganiga ham bog‘liq. Agar yallig‘lanish jarayoni ko‘proq ChYaSh da joylashsa, bolada aqliy rivojlanishning kechikishi nutq buzilishlari bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Ma’lumki, bolaning tafakkuri shakllanishida nutqning ahamiyati beqiyos. Kuchli ifodalangan intellektual buzilishlar O‘YaSh zararlanganda kuzatilmaydi. Chunki bu yarim shar nutq funktsiyalari uchun bevosita javob bermaydi. Biroq boladagi neyropsixologik buzilishlar apraksiya, anozognoziya, autotopognoziya va xulq-atvor buzilishlari ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
Meningoentsefalit o‘tkazgan bolaning xulq-atvori boshqarib bo‘lmaydigan darajada o‘zgaradi. Albatta, bu buzilishlarning qay darajada ifodalanishi oyoq-qo‘llardagi falajliklar darajasiga ham bog‘liq. Odatda, chuqur falajliklar xulq-atvorning og‘ir buzilishlari bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Tetraparezlar bilan kuzatiladigan meningoentsefalitda, aksincha, bola o‘ta sust, nutqi buzilgan, aqliy rivojlanishdan orqada qolgan va tos a’zolari vazifalari buzilgan bo‘ladi. Bunday bolalar doimiy yordamga muhtoj bo‘lib, odatda, uzoq yashamaydilar. Chunki tana harorati ko‘tarilishi bilan kechuvchi kasalliklarda ularning ahvoli yanada og‘irlashib qoladi. Meningoentsefalit o‘tkazgan bolalarda yurak faoliyati ham buziladi, odatda, bradikardiya ko‘p kuzatiladi.
Falajliklarning uzoq davom etishi umurtqa pog‘onasida deformatsiya, qo‘l va oyoq bo‘g‘imlarida kontrakturalarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Bu esa neyropsixoreabilitatsiya jarayonlarini yanada qiyinlashtiradi. Ba’zan meningoentsefalitda falajlik to‘la yo‘qolib, bolada nutq va xulq-atvor buzilishi uzoq vaqt saqlanib qoladi. Rejali tarzda olib borilgan davolash natijasida bunday buzilishlar to‘la barham topishi mumkin. Xulosa qilib aytganda, meningoentsefalit o‘tkazgan bolalar uzoq muddat maxsus neyropsixologik reabilitatsiyaga muhtoj bo‘lishadi.
Entsefalit – bosh miya to‘qimasi yallig‘lanishi. Agar patologik jarayon po‘stlog‘osti tuzilmalarida joylashsa, unda pallidar (parkinsonizm) yoki striar (giperkinezlar) sindrom rivojlanadi. Bu holat po‘tlog‘osti entsefaliti uchun xos. Po‘stlog‘osti tuzilmalari hissiyot shallanishida muhim ahamiyatga ega. Bu soha patologiyasi, albatta, hissiyot buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Masalan, bolaning burun bo‘shliqlarida uzoq davom etuvchi yallig‘lanish jarayonlari kuzatilsa va shu sababli hidlov funktsiyasi izdan chiqsa, bolaning xulq-atvori buziladi, ya’ni unda giperaktiv sindrom shakllanadi. Chunki hidlov nervi orqali po‘stlog‘osti tuzilmalariga keluvchi impulslar hissiy reaktsiyalar uchun mas’ul bo‘lgan Papes aylanasi faoliyati uchun o‘ta muhim. Hushbo‘y hid kayfiyatni ko‘tarishining sababi ham ana shunda.
Pallidar sindrom bilan namoyon bo‘luvchi entsefalitda bolaning barcha ixtiyoriy harakatlari sustlashadi. Bunday bemorlar sekin gapiradi (monoton nutq), sekin harakatlanadi (bradikineziya), mimik mushaklar harakati ham sust bo‘lib (amimiya, gipomimiya), ularning tashqi qo‘rinishi yuziga niqob kiygan odamni eslatadi. Xatto ko‘z mushaklari harakatlari ham sustlashadi. Shu bois bunday bemorlar bir nuqtaga tikilib turishadi. Yuzda ifodalangan bunday patologik belgilar bolalar va o‘smirlar uchun xos bo‘lgan quvnoqlik va sho‘xlik alomatlarini butunlay yo‘qqa chiqaradi, hissiy reaktsiyalarni aks ettirib turuvchi yuz va ko‘zlar go‘yoki qotib qoladi. Bunday bolalarning tashqi ko‘rinishi va harakatlari yoshi katta odamni eslatadi. Ular kam kulishadi, kulsayam ochilib kulolmaydi. Bunga qotib qolgan mimik mushaklar yo‘l qo‘ymaydi va natijada kulmoqchi bo‘lgan bolada og‘iz ko‘ndalangiga cho‘ziladi xolos. Buni “ko‘ndalang kulgi” deb atashadi.
Pallidar sindrom uchun ipoxondrik buzilishlar juda xos. Bemor sal narsaga xafa bo‘laveradi, sababsiz yig‘lab yuboradi, hech kimga ishonmaydi, bir gapni hadeb takrorlayveradi, qaysar bo‘ladi. Bemorning uyqusi ham buziladi, kechalari uxlamay chiqadi yoki tez-tez uyg‘onaveradi. Kunduzi esa uyqu bosadi. Shuningdek, xotira buzilishi, fikrlar karaxtligi, hissiy to‘mtoqlik kabi holatlar kuzatiladi. Odatda, bunday bemorlarni davolash bir necha oyga cho‘ziladi. Ijobiy natija kuzatilavermagach, bemorda davolanishga bo‘lgan ishonch yo‘qoladi. Bunday paytlarda neyropsixolog (tibbiy psixolog) individual psixoreabilitatsiya dasturi asosida bemorni tinchlantirib, davolash jarayoni uzoq davom etishi mumkinligini, buning uchun sabr-toqat va irodali bo‘lish kerakligini tushuntiradi.
Po‘stlog‘osti entsefaliti giperkinezlar bilan ham namoyon bo‘ladi. Giperkinezlar – tananing turli joylarida kuzatiladigan ixtiyorsiz harakatlar. Bular ichida xoreya alohida o‘rin tutadi. Xoreya yuz mushaklarida ko‘p kuzatiladi. Biroq xoreik giperkinezlar tez orada bo‘yin mushaklari va qo‘l barmoqlariga ham o‘tishi mumkin. Xoreik giperkinezlar bolalarda ko‘p uchraydi va buning sababi LOR a’zolari infektsiyalari, ayniqs,a tonzillitdir. Tonzillit sababli paydo bo‘lgan xoreik giperkinezlar, odatda, kasallik sababi yo‘qotilgandan keyin o‘tib ketadi. Po‘stlog‘osti entsefalitida esa ijobiy natijaga erishish ancha qiyin.
Xoreik giperkinezlar boshlanishidan bir necha oy ilgari bolaning xulq-atvori o‘zgara boshlaydi. Ota-ona, hatto vrachlar ham bolada jiddiy kasallik boshlanayotganligini darrov payqashmaydi va unga “Giperdinamik sindrom” deb tashxis qo‘yishadi. Bolaning xulq-atvori shu darajada o‘zgaradiki, uni maktabda ham, uyda ham tartibga chaqirishaveradi. Ammo tanbehlar yordam bermaydi. Biron oylardan keyin bolaning ko‘z atrofi mushaklarida giperkinezlar paydo bo‘ladi, bola ko‘zini yumib ochaveradi, qoshini qoqaveradi. Ko‘zni yumib-ochuvchi mushaklarda bo‘ladigan bunday giperkinezlar blefarospazm deb ataladi. Bunday bolalar joyida ham tinch o‘tira olmaydi, ovqatlanayotgan paytda choyni yoki qoshiqdagi ovqatni to‘kib yuboradi, shoshib ovqatlanadi. Shu sababli ular ota-onasidan tez-tez dakki eb turishadi. Yuzdagi giperkinezlar hayajonlanganda kuchayadi, tinchlanganda kamayadi, uyqu paytida esa to‘xtaydi.
Giperkinez kuzatiladigan bolalar nafaqat uyda, balki ko‘chada ham doimo dakki eshitishlari mumkin. Toshkent metrosida shunday qiziq bir voqea ro‘y bergan. Yuzida xoreik giperkinezlar bor N. ismli 15 yashar yigit ertalab metroga tushadi. Vagonda uning ro‘parasiga xuddi shu yoshlardagi xushro‘y qiz onasi bilan o‘tirib qoladi. Qiz o‘ta chiroyli bo‘lganligi bois N. unga tikilib qarayveradi. Qiz ham unga kulib qaraydi. Hayajonlanganidan N. ning ko‘z atrofi mushaklarida giperkinezlar boshlanadi, ya’ni u qoshini qoqib, ko‘zini pirpirataveradi. Ikkala yosh orasidagi bunday g‘alati munosabatan jahli chiqqan va atrofdagilardan uyalgan ona “Yoshgina bo‘lib uyalmaysanmi?!” deb yigitning yuziga bir shapaloq tushiradi. Bola qattiq uyalganidan keyingi bekatda vagondan tushib ketadi va uyiga kelib “Meni doktorga olib boring”, deb janjal ko‘taradi. Shu kuni ushbu yigit onasi bilan bizning qabulimizga keldi. Kulgili bu vaziyatning yuzaga kelishiga sabab giperkinezlarning bitta, ya’ni faqat o‘ng ko‘zda bo‘layotgani edi.
Shunday qilib, bosh miya va uning pardalari yallig‘lanishi kasalliklarida kuzatiladigan psixoemotsional buzilishlar davolash jarayonida neyropsixolog, ya’ni tibbiy psixologning doimiy ishtiroki zarurligini ko‘rsatadi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha