Miastenik kriz
Miasteniya 15% holatlarda miastenik krizlar bilan kechadi. Miastenik kriz quyidagicha boshlanadi: bemorning ahvoli to‘satdan og‘irlashadi, bulbar simptomlar kuchayadi, nafas olish buzila boshlaydi, muskullar falajligi va umumiy holsizlik kuchayib ketadi. Miastenik krizda hayot uchun eng xavfli holat – bu nafas olishning keskin buzilishi. Dastlab bemorning nafas olishi tezlashadi va u yuzaki nafas ola boshlaydi, yuz-ko‘zlarida kuchli qo‘rquv alomatlari paydo bo‘ladi. Uning zo‘rg‘a nafas olishida yordamchi muskullar ishtiroki shundoq ko‘rinib turadi. Umumiy gipoksiya natijasida tsianoz rivojlanadi, bemorning yuzi avval olovrang, keyin kulrang tusga kiradi, uni sovuq ter bosadi, gipersalivatsiya kuchayadi. AQB dastlab 200/100 mm sim. ust.gacha ko‘tariladi va kuchli taxikardiya paydo bo‘ladi. Keyinchalik AQB tusha boshlaydi va tomir urishi sekinlasha borib, aritmiyaga o‘tadi. Nafas olish sekinlashib butunlay to‘xtaydi va bemor hushdan ketadi.
Miastenik kriz – bir necha soat ichida tez rivojlanadigan patologik holat. Bemor qancha vaqt hushsiz holatda yotsa, gipoksik entsefalopatiya rivojlanish xavfi shuncha yuqori. Bunday paytlarda ikki tomonlama piramidal simptomlar paydo bo‘ladi, ya’ni pay reflekslari oshadi, patologik piramidal simptomlar (Babinskiy, Oppengeym simptomlari) yuzaga keladi. Aksariyat hollarda miastenik krizdan chiqqan bemorda piramidal simptomlar uzoq vaqt saqlanib qoladi.
Tez yordam ko‘rsatish. Zudlik bilan nafas olishni tiklash zarur. Buning uchun nafas yo‘llari darhol so‘lakdan tozalanadi va bemorga maxsus niqob yoki nazal kateter orqali kislorod beriladi. Keyin bemor tez yordam mashinasida zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga olib kelinadi. Nafas olish buzilishi kuchayaversa, tez yordam mashinasining o‘zidayoq traxeya intubatsiya qilinadi va sun’iy nafas oldirish ta’minlanadi. Ba’zida traxeya intubatsiyasi orqali berilgan sun’iy nafas etarli bo‘lib, traxeostoma qo‘yish shart bo‘lmay qoladi. Agar nafas olish tiklanavermasa, reanimatsiya bo‘limida traxeostoma orqali o‘pkaning sun’iy ventilyatsiyasini ta’minlash zarur. Parallel ravishda kriz sababi va turi ham aniqlanadi.
Kriz turidan qat’i nazar bemorga sun’iy nafas oldirish muolajasini o‘tkazayotganda AXED qilinmasligi kerak! Bemor sun’iy nafas oldirish sistemasiga ulangandan so‘ng 16-24 soat o‘tgach, prozerin sinamasi o‘tkazib ko‘riladi. Buning uchun 0,05% li 2 ml prozerin t/o qilinadi. Bradikardiya bo‘lmasa, prozerin ushbu dozada v/i ga yuborilishi mumkin. Agar ushbu sinama ijobiy natija bermasa, bemor sun’iy nafas oldirish sistemasidan chiqariladi va prozerin qilish davom ettiriladi. Mabodo mustaqil nafas olish tiklanmasa, bemor yana sun’iy nafas oldirish sistemasiga o‘tkaziladi va prozerin qilish yana to‘xtatiladi. Shu yo‘l bilan bemor asta-sekin sun’iy nafasdan mustaqil nafas olishga o‘tkaziladi. Nafas olish to‘la tiklangandan keyingina prozerin rejali tarzda berib boriladi.
Agar kriz holatida yotgan bemorga prozerin qilinsa va buning natijasida ijobiy o‘zgarishlar paydo bo‘lsa, demak, unda miastenik kriz rivojlangan. Miastenik krizning dastlabki kuni har soatda 1 ml prozerin t/o qilinadi yoki v/i tomchilatib yuboriladi. Shu tarzda prozerinning kundalik dozasini 12-16 ml gacha etkazish mumkin. Bemorning ahvoli engillashgan sayin yoki xolinergik belgilar paydo bo‘la boshlasa, prozerin dozasi kamaytirib boriladi. Agar dastlabki qilingan dozada ijobiy natija kuzatilmasa, demak, bemorda xolinergik kriz rivojlangan. Prozerin dozasi oshib ketsa, bradikardiya rivojlanishi va hatto yurak urishdan to‘xtab qolishi mumkin.
Prozerinning nojo‘ya ta’sirlarini bartaraf etish uchun 0,1% li 1 ml atropin t/o yoki v/i qilinadi. Zaruratga qarab dori ushbu dozada kuniga 4-5 marta qilinishi mumkin. Atropin antixolinesteraz dorilarning antidodi hisoblanadi. U bronxlar va so‘lak bezlari sekretsiyasini pasaytiradi, prozerin esa aksincha kuchaytiradi. Shuning uchun ham bemor sun’iy nafas oldirish sistemasiga ulanganda prozerin to‘xtatilib, atropin qilinadi.
Qonda elektrolitlar tarkibini tekshirish va ularni o‘z vaqtida korrektsiya qilib turish o‘ta muhim. Ayniqsa, gipokaliemiya o‘ta xavflidir. Uni korrektsiya qilish uchun 4% li 70 ml kaliy xlorid eritmasi 5% li 400 ml glyukoza yoki 0,9% natriy xloridning eritmasiga qo‘shib, venadan tomchilatib yuboriladi (1 daqiqaga 30 tomchi).
Miastenik krizni bartaraf etishda plazmaferez usulini qo‘llash ham yuqori natija beradi. Bu muolaja 1 haftada 2-3 marta o‘tkaziladi. Vaziyatga qarab plazmaferez yana davom ettirilishi mumkin. Plazmaferez o‘tkazgandan keyin temir tanqisligi anemiyasi rivojlanishi xavfi bor. Uni korrektsiya qilish uchun tarkibida temir moddasini saqlovchi dori vositalari beriladi. Tarkibida magniy saqlovchi dorilarni berish aslo mumkin emas!
Parallel ravishda simptomatik davolash muolajalari (antibiotiklar, kardio- va gepatoprotektorlar) ham o‘tkaziladi. Psixomotor qo‘zg‘alishlarda sedativ dorilarni qilishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Bemorni so‘z bilan tinchlantirishning o‘zi kifoya. Chunki miasteniyada psixomotor qo‘zg‘alishlar, asosan, bemorning bo‘g‘ilib qolishdan qo‘rqishi sababli ro‘y beradi.
Eslatma. Ba’zida bemor miastenik krizdan chiqqanidan so‘ng, organizmning AXED ga nisbatan sezgirligi oshadi va ularni kam dozada tavsiya etishga to‘gri keladi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b.
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha