Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Meningoentsefalit o‘tkazganlarda bemorlar psixologiyasi

Meningoentsefalit o‘tkazganlarda bemorlar psixologiyasi


Meningoentsefalit – miya pardalari va to‘qimasining birgalikda yallig‘lanishi. Meningoentsefalit og‘ir kasallik bo‘lib, meningitdan farqli o‘laroq chuqur nevrologik buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi, ya’ni monoparez, gemiparez, tetraparezlar, giperkinezlar va h.k. 
           Meningoentsefalit ham bolalar va o‘smirlarda ko‘p uchraydi. Shuning uchun bolalik va o‘smirlik davrlarida o‘tkazilgan meningoentsefalitlarda nafaqat nevrologik, balki turli darajada ifodalangan neyropsixologik asoratlar ham qoladi. Ma’lumki, bolalik va o‘smirlik davrida  murakkab funktsional sistemalar va oliy ruhiy funktsiyalar shakllanadi. Bosh miyada kechadigan og‘ir kasalliklar esa ushbu murakkab mexanizmlarni izdan chiqaradi, rivojlanish jarayoni kasallik paydo bo‘lgan vaqtdan boshlab sustlashadi. Meningoentsefalit bilan kasallangan bola qancha yosh bo‘lsa, u aqliy rivojlanishdan shuncha orqada qolib boradi. Vaqt o‘tgan sayin bunday bolalarda biologik yosh bilan psixologik yosh orasidagi farq kattalashib boraveradi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha davolash muolajalarini neyropsixologik muolajalar bilan birgalikda olib borish zarur.  
       Meningoentsefalitda kuzatiladigan neyropsixologik buzilishlar patologik jarayon bosh miyaning qaysi yarim sharida ketayotganiga ham bog‘liq. Agar yallig‘lanish jarayoni ko‘proq ChYaSh da joylashsa, bolada aqliy rivojlanishning kechikishi nutq buzilishlari bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Ma’lumki, bolaning tafakkuri shakllanishida nutqning ahamiyati beqiyos. Kuchli ifodalangan intellektual buzilishlar O‘YaSh zararlanganda kuzatilmaydi. Chunki bu yarim shar nutq funktsiyalari uchun bevosita javob bermaydi. Biroq boladagi neyropsixologik buzilishlar apraksiya, anozognoziya, autotopognoziya  va xulq-atvor buzilishlari ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
       Meningoentsefalit o‘tkazgan bolaning xulq-atvori boshqarib bo‘lmaydigan darajada o‘zgaradi. Albatta, bu buzilishlarning qay darajada ifodalanishi oyoq-qo‘llardagi falajliklar darajasiga ham bog‘liq. Odatda, chuqur falajliklar xulq-atvorning og‘ir buzilishlari bilan birgalikda namoyon bo‘ladi.   Tetraparezlar bilan kuzatiladigan meningoentsefalitda, aksincha, bola o‘ta sust, nutqi buzilgan, aqliy rivojlanishdan orqada qolgan va tos a’zolari vazifalari buzilgan bo‘ladi. Bunday bolalar doimiy yordamga muhtoj bo‘lib, odatda, uzoq yashamaydilar. Chunki tana harorati ko‘tarilishi bilan kechuvchi kasalliklarda ularning ahvoli yanada og‘irlashib qoladi. Meningoentsefalit o‘tkazgan bolalarda yurak faoliyati ham buziladi, odatda, bradikardiya ko‘p kuzatiladi. 
         Falajliklarning uzoq davom etishi umurtqa pog‘onasida deformatsiya, qo‘l va oyoq bo‘g‘imlarida kontrakturalarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Bu esa neyropsixoreabilitatsiya jarayonlarini yanada qiyinlashtiradi. Ba’zan meningoentsefalitda falajlik to‘la yo‘qolib, bolada nutq va xulq-atvor buzilishi uzoq vaqt saqlanib qoladi. Rejali tarzda olib borilgan davolash natijasida bunday buzilishlar to‘la barham topishi mumkin.  Xulosa qilib aytganda, meningoentsefalit o‘tkazgan bolalar uzoq muddat maxsus neyropsixologik reabilitatsiyaga muhtoj bo‘lishadi.


Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b. 
              ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. Darslik., 2-nashr., T.; 2021., 960b. 
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив