MIELIT


Orqa miya yallig‘lanishiga mielit deb aytiladi. Agar yallig‘lanish jarayoni bir necha segment bilan chegaralanib, faqat orqa miyaning ko‘ndalangini egallasa, bunga ko‘ndalang mielit deyiladi. Yallig‘lanish jarayoni orqa miyaning turli segmentlarida tarqoq tarzda joylashsa, bunga tarqoq mielit deb aytiladi. Mielit ko‘pincha orqa miyaning ko‘krak segmentlari zararlanishi bilan namoyon bo‘ladi.
    Etiologiyasi. O‘tkir mielitni bir qancha infektsiyalar chaqirishi mumkin va bular, birinchi navbatda, virusli infektsiyalar. Asosan oddiy gerpes (Herpes simplex), belbog‘ gerpes (Herpes zoster), epidemik parotit, Epshtayn-Barr, Koksaki va ESNO, tsitomegalovirus, qizamiq, qizilcha va OITS viruslari mielitni tug‘diruvchi omillardir. Shuningdek, brutsellyoz, sil, zahm, mikoplazma, rikketsiyalar kabi bakterial infektsiyalar ham mielit chaqirishadi. Mielit boshqa yiringli o‘choqlardan infektsiyalarning gematogen yo‘l bilan orqa miyaga etib kelishi sababli ham rivojlanadi. O‘tkir mielit xavfli o‘smalarni nur bilan davolashda yoki nurlanish kuchli bo‘lgan joylarda ishlaydiganlarda ham rivojlanishi mumkin. Mielit kollagen kasalliklar, sarkoidoz, borellioz, paraneoplastik sindrom va turli xil emlashlardan (qizamiq, qizilcha, suvchechak, quturish) so‘ng ham rivojlanadi.
    Mielit giyohvandlar, nerv sistemasiga zaharli ta’sir ko‘rsatuvchi dorilarni surunkali iste’mol qiluvchilar va toksik ta’sirga ega kimyoviy vositalar bilan doimiy kontaktda bo‘luvchilarda ham uchraydi. Ba’zida mielit boshqa bir kasalliklarning klinik ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘ladi. Bular – tarqoq skleroz yoki tarqoq entsefalomielit, optikomielit, tserebrospinal zahm va h.k. Mielitlarning deyarli yarmida kasallik qo‘zg‘atuvchisi aniqlanmay qoladi.
    Patogenezi va patomorfologiyasi. Kasallik patogenezida yallig‘lanish reaktsiyalari va mikrotsirkulyator buzilishlar asosiy o‘rin egallaydi. Yallig‘lanish reaktsiyalari orqa miyaning oq va kulrang moddasida rivojlanadi. Orqa miya to‘qimalaridagi morfologik o‘zgarishlar limfoid hujayralar infiltratsiyasi, nerv hujayralari nekrobiozi va nekrozi, mielin to‘qimasining emirilishi, giperemiya, perdiapedez gemorragiyalar bilan namoyon bo‘ladi. Orqa miyani qon bilan ta’minlovchi arteriyalarda ham destruktiv o‘zgarishlar kuzatiladi, ularda tromboz va yon-atrofda perivaskulyar infiltratlar shakllanadi. Arteriyalardagi ushbu patologik o‘zgarishlar va venalarda qonning turib qolishi orqa miyada ishemik-gipoksik o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi. Buning oqibatida orqa miyada yallig‘lanish reaktsiyalari bilan bir qatorda, ishemik va gemorragik infarkt o‘choqlari paydo bo‘ladi. Patologik jarayon orqa miyaning yumshoq pardasini ham qamrab oladi. Orqa miyadagi bu patologik o‘zgarishlar 2.7-rasmda aks ettirilgan.
    Orqa miyaning nekrozga uchragan sohalarida glioz chandiqlar va bo‘shliqlar shakllanadi.
   Klinikasi. Kasallik, asosan, o‘tkir, kam hollarda nimo‘tkir tarzda boshlanadi. Tana harorati 39–40°S ga ko‘tariladi va boshqa umuminfektsion belgilar (bosh og‘riq va h.k.) paydo bo‘ladi. Parallel tarzda belda kuchli og‘riqlar yuzaga keladi va ular spinal ildizchalar bo‘ylab tananing boshqa sohalariga tarqaladi. Og‘riq irradiasiya qilgan joylarda kuchli paresteziyalar ham kuzatiladi. Odatda, 2–3 kun ichida falajliklar va sezgi buzilishlari shakllanib bo‘ladi. Ayniqsa, o‘tkir virusli infektsiyalar chaqirgan mielitda nevrologik simptomlar tez rivojlanadi. Masalan, kechga yaqin tana harorati ko‘tarilib, butun tanasi qaqshab og‘rib chiqqan bemor ertalab uyg‘onganda o‘rnidan tura olmay qoladi. Chunki uning ikkala oyog‘i falajlangan bo‘ladi. Kam hollarda, ayniqsa, bakterial infektsiyalar (brutsellyoz, zahm, sil) sababli rivojlangan mielitda falajliklar biroz kech, ya’ni 1 haftadan so‘ng shakllana boshlaydi.
   Kasallik klinikasi patologik jarayon orqa miyaning qaysi sohasida joylashganiga bog‘liq. Mielitning asosiy klinik belgilari – bular markaziy va periferik falajliklar, o‘tkazuvchi va segmentlar tipda sezgi buzilishlari va tos a’zolari disfunktsiyasidir.
   Eslatma. Patologik jarayon orqa miyaning qaysi sohasida joylashganidan qat’i nazar, o‘tkir boshlangan mielitda dastlab sust falajlik belgilari (atoniya va areflektsiya) paydo bo‘ladi. Bu holat spinal diashiz bilan bogliq.
   Ko‘ndalang mielitda patologik jarayon, ko‘pincha orqa miyaning ko‘krak segmentlarida joylashadi. Shuning uchun ham biz amaliyotda, pastki spastik paraparez bilan namoyon bo‘luvchi mielitlarni ko‘p uchratamiz. Ushbu mielitda ikkala oyoqda spastik paraparez (paraplegiya) bilan birgalikda, sezgi va tos a’zolari funktsiyasi ham buziladi. Sezgi buzilishlari zararlangan segment sohasida segmentar tipda, undan pastda esa o‘tkazuvchi tipda paydo bo‘ladi. Ham yuzaki, ham chuqur sezgi buziladi. Tos a’zolari funktsiyasi markaziy tipda buziladi, ya’ni siydik va najas tutilishi kuzatiladi. Ko‘krak sohasi mielitida ikkala oyoqda markaziy falajlik rivojlanadi, ya’ni muskullar tonusi spastik tarzda oshadi, PR va AR reflekslar kuchayadi va patologik piramidal simptomlar shakllanadi. Falajliklar rivojlangandan so‘ng radikulyar og‘riqlar kamayadi. Ayniqsa, kasallikning o‘tkir davrida bemor ko‘p terlaydi. Oradan 2 hafta o‘tgach, dumg‘aza sohasida trofik yaralar paydo bo‘ladi.
     Orqa miyaning bel kengligi segmentlari mielitida pastki periferik paraparez yoki paraplegiya belgilari, ya’ni pay reflekslari pasayishi va so‘nishi, rivojlanib boruvchi diffuz atrofiyalar yuzaga keladi. Zararlangan joydan pastda barcha sezgilar o‘tkazuvchi tipda buziladi. Ayniqsa, chuqur sezgi buzilishi xavflidir. Chunki u trofik buzilishlarni tezlashtiradi. Tos a’zolari funktsiyasi izdan chiqadi: patologik jarayon S3–S5 segmentlarda joylashsa, siydik va najas tuta olmaslik, undan yuqorida joylashsa, siydik va najas tutilishi kuzatiladi. Bu mielitda oyoqlarda atrofiyalar tez rivojlanadi, dumg‘aza va tovon sohasida trofik buzilishlar tez shakllana boshlaydi. Agar oyoqlarda harakat funktsiyalari qayta tiklanmasa, bir oy ichida trofik yaralar, venoz shishlar, tromboflebit va mushak-bo‘g‘im kontrakturalari rivojlanadi. Urogenital infektsiyalar esa bu asoratlarni yanada tezlashtirishadi.
     Bo‘yin segmentlari mielitida qo‘llarda periferik (atrofik) falajliklar, oyoqlarda esa markaziy (spastik) falajliklar paydo bo‘ladi. Zararlangan joydan pastda o‘tkazuvchi tipda sezgi buzilishlari, diafragma falaji, tos a’zolari funktsiyasining markaziy tipda buzilishi kuzatiladi. Ko‘ndalang mielit ko‘krak segmentlari sohasida ko‘p, bo‘yin va bel segmentlari sohasida kam uchraydi.
   Ko‘ndalang mielitdan tashqari, tarqoq mielit ham bor. Tarqoq mielitda nevrologik simptomlar ko‘ndalang mielitdagi kabi yaqqol namoyon bo‘lmaydi va topik o‘choqni har doim ham aniqlash imkoni bo‘lavermaydi. Tarqoq mielitda nevrologik simptomlar tanada tarqoq joylashadi: tananing bir tomonida harakat, ikkinchi tomonda sezgi buzilishlari kuzatiladi. Ba’zida simptomlar notekis Broun-Sekar sindromi ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Ko‘pincha tos a’zolari funktsiyalari buzilmay qoladi. Vegetativ buzilishlar ham yaqqol namoyon bo‘lmaydi. Agar mielitik jarayon S8–Th1 segmentlarda joylashsa, Gorner sindromi (ptoz, mioz, enoftalm) rivojlanadi.
    Likvorda neytrofillar va limfotsitlar soni oshadi. Ularning qay tarzda oshishi mielit topografiyasiga emas, balki uning etiologiyasiga bog‘liq. Neytrofillar soni bakterial infektsiyalarda oshsa, limfotsitlar soni virusli infektsiyalarda oshadi. Likvorda oqsil miqdori ko‘tariladi. Agar mielitik jarayon likvor yo‘llarida to‘siqlik yaratsa, oqsil miqdori yanada ko‘tarilishi mumkin.
    Kechishi. Kasallikning o‘tkir davrida (7–10 ichida) falajliklar va sezgi buzilishlari to‘la shakllanadi. So‘ngra nevrologik funktsiyalar qayta tiklana boshlaydi. Qayta tiklanish davri 2–3 haftani tashkil qiladi. Demak, bir oy ichida mielit belgilari butunlay orqaga chekinadi. Ammo bu holat kasallikning engil kechishi uchun xos. Boshqa holatlarda nevrologik defektlar to‘la orqaga qaytmaydi: oyoqlarda falajliklar va sezgi buzilishlari uzoq vaqt saqlanib qoladi. Bunday bemorlar qo‘ltiqtayoqqa bog‘lanib qolishadi. Ularda nevrologik funktsiyalar tiklanishi 1 yil, ba’zida esa 2 yilga cho‘ziladi.
   Og‘ir kechuvchi mielitlarda bemor uzoq yillar nogironlik aravasiga “mixlanib” qoladi. Urogenital infektsiyalar va yotoq yaralar kasallik prognoziga yomon ta’sir ko‘rsatib, bemorning hayotdan erta ko‘z yumishiga sababchi bo‘ladi. Ayniqsa, bo‘yin segmentlari mieliti diafragma falaji rivojlanishi bilan ham xavflidir. Bunday bemorlarda zotiljam va nafas etishmovchiligi rivojlanadi.
   Tashxis va qiyosiy tashxis. Mielit tashxisi o‘tkir umuminfektsion belgilar bilan boshlanishi va tez orada unga orqa miya zararlanishi belgilarining qo‘shilishi asosida qo‘yiladi. Simmetrik tarzda o‘tkir rivojlangan falajliklar va sezgi buzilishlarining yaqqol spinal chegarasi aniqlanishi hamda tos a’zolari funktsiyasining har doim buzilishi tashxis qo‘yish va boshqa kasalliklar bilan qiyoslashni osonlashtiradi.
   Epidurit. Epidural yog‘ kletchatkasining yallig‘lanishiga epidurit deb aytiladi. Yiringli va yiringsiz (seroz, fibroz, giperplastik), o‘tkir va surunkali epiduritlar farqlanadi. Ko‘pincha o‘tkir yiringli epiduritni o‘tkir mielit bilan qiyoslashga to‘g‘ri keladi. O‘tkir yiringli epidurit klinikasi o‘tkir mielitga o‘xshab boshlanadi va kechadi. Ularning klinikasi deyarli bir xil. Kasallik radikulyar og‘riqlar, oyoqlarda o‘tkir spastik yoki periferik falajliklar va tos a’zolari funktsiyasining buzilishi bilan kechadi. Umurtqa pog‘onasiga nevrologik bolg‘acha bilan urganda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi. Spinoadduktor refleks yaqqol chaqiriladi. Ushbu ikkala kasallikni bir-biridan farqlash uchun MRT yoki mielografiya tekshiruvini o‘tkazish zarur. Epiduritga gumon paydo bo‘lgan taqdirda LP o‘tkazish aslo mumkin emas. Chunki buning oqibatida falajlik yanada kuchayishi mumkin. Yiringli epidurit aniqlangan zahoti zudlik bilan xirurgik operatsiya o‘tkaziladi (laminektomiya) va epidural bo‘shliq yiringdan tozalanadi. Operatsiyani kechiktirish tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib keladi.
   Meningomielit. Mielit ko‘p hollarda meningomielit bilan ham qiyoslanadi. Mielitdan farqli o‘laroq, meningomielitda spinal simptomlar biroz engilroq ifodalangan bo‘ladi. Meningomielitda mielitga xos bo‘lgan nevrologik buzilishlar barobarida qo‘shimcha ravishda spinal meningeal belgilar, ya’ni Kernig simptomi aniqlanadi. Kernig simptomi – meningomielitning asosiy klinik simptomlaridan biri. Bu simptom bir tomonda sustroq namoyon bo‘lishi mumkin. Agar Kernig simptomi kuchli rivojlangan bo‘lsa, bemor qaddini rostlab yura olmaydi.
   Meningomielitda kuzatiladigan spinal simptomlar – ikkala tomonda pay reflekslarining oshishi, piramidal patologik simptomlarning paydo bo‘lishi, o‘tkazuvchi tipda sezgi buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Tos a’zolari funktsiyasi esa saqlanib qoladi. Tserebrospinal suyuqlik tekshirilganda hujayra-oqsil dissotsiatsiyasi aniqlanadi. Spinoadduktor reflekslar chaqirilishiga qarab meningomielitik jarayon orqa miyaning qaysi sohasida joylashganligini bilib olish mumkin. Ko‘pincha orqa miyaning ko‘krak segmentlari sohasi zararlanadi. Meningomielit mielitga qaraganda, biroz engil kechadi va buzilgan nevrologik funktsiyalar tez tiklanadi.
    Ba’zida meningomielit surunkali kechadi va orqa miya pardalarida chandiqlar paydo bo‘lishi bilan yakunlanadi. Bunday paytlarda bemorni davolash uchun xirurgik muolajalar qo‘llaniladi.
   O‘tkir poliradikulonevropatiya (Gien-Barre sindromi) mielitga o‘xshab o‘tkir boshlanadi. Gien-Barre sindromining asosiy klinik belgisi – bu oyoqlarda o‘tkir rivojlangan periferik falajlik. Ushbu falajlik uchun yuqoriga qarab ko‘tarilib borish xos (ko‘tariluvchi turi). Kam hollarda periferik falajlik qo‘llardan boshlanadi va pastga qarab tushib keladi (tushuvchi turi). Mielitga o‘xshab kasallik bitta joyda to‘xtab qolmaydi. Ikkala oyoqning periferik falajligi bilan o‘tkir boshlangan kasallikka yangi nevrologik simptomlar qo‘shilib kelaveradi. Kasallik belgilari, odatda, simmetrik tarzda namoyon bo‘ladi. Bir haftada, ba’zan 2–3 kun ichida falajlik diafragma muskullari, ikkala qo‘l va bulbar muskullarga o‘tadi. Bemorda periferik tetraplegiya, nafas olish buzilishlari va bulbar sindrom rivojlanadi. Mielitdan farqli o‘laroq, sezgi buzilishlari polinevritik tipda bo‘ladi, tos a’zolari funktsiyasi buzilmaydi yoki engil siydik tutilishi kuzatiladi. Likvorda oqsil-hujayra dissotsasiyasi Gien-Barre sindromi uchun xos
   Shuningdek, umurtqalararo disk churrasi, orqa miya o‘smasi (shu jumladan, metastatik o‘smalar), funikulyar mieloz, o‘tkir spinal insult, tarqoq skleroz, poliomielit, tabes dorsalis, paximeningit (qattiq parda yallig‘lanishi), spondilit kabi kasalliklar bilan ham qiyosiy tashxis o‘tkaziladi.
    Davolash. Ko‘p hollarda kasallik etiologiyasini aniqlash qiyin kechadi. Shuning uchun davolash muolajalari antibiotiklar, antivirus dorilar va kortikosteroidlar bilan boshlanishi kerak. Antibiotiklardan tsefalosporinlar tavsiya etiladi (antibiotiklarni tanlash va tavsiya etish sxemasi “Gien-Barre sindromi” yozilgan joyda keltirilgan). Kasallikning birinchi kuniyoq gormonlar katta miqdorda beriladi. Gormonlar dozasini belgilashda, albatta, monelik qiluvchi kasalliklar e’tiborga olinadi. Og‘ir mielitlarda metilprednizolon 250 mg dan kuniga 4 mahal venadan tomchilatib yuboriladi. Demak, bemorga 1 kunda 1000 mg metilprednizolon quyish kerak. Dori ushbu dozada 3–5 kun mobaynida qilinadi va asta-sekin kamaytirib boriladi. Kasallik o‘ta og‘ir bo‘lmagan holatlarda metilprednizolon kuniga 200–400 mg dan tavsiya etiladi. Keyinchalik bir necha hafta mobaynida ichishga buyuriladi. Katta dozada gormon berilganda AQB, qonda qand miq­dori, siydikda eritrositlar soni, axlat rangi va tarkibi tekshirib boriladi.
   Mikoplazmalar chaqirgan mielitda, albatta, makrolidlar guruhiga kiruvchi antibiotiklar tavsiya etiladi. Antibiotiklar 14 kun mobaynida beriladi. Bu dorilardan azitromisinni birinchi kuni 0,5 g bir mahal, qolgan kunlari (13 kun) 0,25 mg dan kuniga 1 mahal ichish tavsiya etiladi. Shuningdek, doktsisillin 100 mg dan kuniga 2 mahal yoki eritromisin 0,5 g dan kuniga 4 mahal berish mumkin.
     Virusli infektsiyalar chaqirgan mielitda antivirus dorilar qilinadi. Bu maqsadda 5 mg/kg atsiklovir natriy xloridning 200 ml fiziologik eritmasiga qo‘shib, venadan tomchilatib yuboriladi. Demak, bemorning tana vazni 50 kg bo‘lsa, bir kunda 250 mg asiklovir venadan yuborilishi kerak. Surunkali kechuvchi mielitlar yoki mielit asoratlarini davolash antixolinesteraz dorilar, neyrometaboliklar, vitaminlar, fizioterapiya va boshqa reflektor terapiya usullari yordamida olib boriladi. Mielitlar, poliradikulonevropatiyalar, nevropatiyalar asoratlarida o‘tkaziladigan davolash va reabilitatsiya usullari deyarli bir xil.
    Prognoz. Kasallik prognozi patologik jarayonning joylashgan joyi va kechishiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bo‘yin segmentlarida joylashgan mielit kasallikning dastlabki kunlariyoq diafragma falajini yuzaga keltirib, bemor hayotiga xavf soladi. Shuning uchun bunday bemorlar birinchi kuniyoq sun’iy nafas oldirish sistemasi mavjud bo‘lgan palatalarga yotqizilishi kerak. Og‘ir kechuvchi mielitda falajliklar umrbod saqlanib qoladi. Agar tos funktsiyalari qayta tiklanmasa, doimo urogenital infektsiyalar va hatto sepsis rivojlanish xavfi mavjud bo‘ladi. Yotoq yaralar va mushak-bo‘g‘im kontrakturasining oldini olish uchun teri toza tutiladi va rejali tarzda massaj muolajalari o‘tkazib turiladi. Virusli mielitda zudlik bilan davolash muolajalari boshlanmasa, kasallik orqa miya bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilishi va diafragma falajini yuzaga keltirishi mumkin. Tarqoq joylashgan mielitlarda kasallik engil kechadi va og‘ir asoratlar qoldirmaydi.


Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив