Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi MIOPATIYa HAQIDA YoKI MUSKULLAR NEGA OZADI?

MIOPATIYa HAQIDA YoKI MUSKULLAR NEGA OZADI?


Miopatiya – muskullarning zo‘rayib boruvchi ozishi bilan kechadigan kasallik bo‘lib, asosan, bolalik davrida boshlanadi. Miopatiya muskullar funktsiyasining buzilishi degan ma’noni anglatadi. Miopatiyaning ikkinchi nomi miodistrofiyadir. Mio – muskul, distrofia – esa ozish, buzilish, kichrayish degan ma’noni anglatadi. Demak, miodistrofiya degani muskul tolalarining buzilishi, ozishi va kichrayishi degani. Miopatiya yoki miodistrofiya – bu ikki xil nom bilan ataluvchi bitta kasallik. Biroq bu kasallikning turi juda ko‘p.
        Miopatiyalarning aksariyati XVIII–XIX asrlarda bir qator nevrolog olimlar, ya’ni Sharko, Erb, Rot va Dyushen tomonidan o‘rganilgan va ularning belgilari yozib qoldirilgan. Ushbu olimlar vafotidan keyin miopatiyalar ularning nomi bilan atala boshlangan. 
       Yaxshiyam shunday qilishgan. Bo‘lmasa, nevropatologlar tashxis qo‘yishda adashib ketishardi. Nima uchun? Chunki ularning belgilari bir-biriga juda o‘xshash. Masalan, Erb miopatiyasi bilan Dyushenn miopatiyasi bir-biri bilan faqat 3 ta belgi bilan farq qiladi: Dyushenn faqat o‘g‘il bolalarda uchraydi (qizlar kasallanishmaydi), ancha erta, ya’ni 3-5 yoshlarda boshlanadi va yurak muskullari ko‘proq zararlanadi. Erb miopatiyasining Dyushenn miopatiyasidan farqi, bu kasallik bilan o‘g‘il bolalar ham, qiz bolalar ham kasallanishadi, bir oz kechroq, ya’ni 8-15 yoshlarda, yurak muskullari unchalik zararlanmaydi.
       Miopatiyalarni o‘zaro solishtirib chiqib, ularning 20 dan oshiq o‘xshash belgilarini ajratib chiqdik. Bu belgilarni keltirib o‘tamiz. Agar tekshirilayotgan bolada ushbu belgilar bo‘lsa, demak, unda miopatiya rivojlangan yoki rivojlanayotgan bo‘lishi mumkin. 
   Miopatiyalar uchun xos bo‘lgan umumiy belgilar:
  • Deyarli barcha miopatiyalar bolalik va o‘smirlik davrida boshlanadi. 
  • Bu kasalliklarning aksariyati nasliy xususiyatga ega va ko‘p hollarda oilaviy bo‘lib uchraydi. 
  • Kasallik sekin-asta boshlanadi va zo‘rayib boradi. 
  • Dastlabki simptom – muskullar holsizligi bo‘lib, ular dastlab son va tos muskullarida simmetrik tarzda rivojlanadi. Biroq ba’zi miopatiyalar yuz va elka muskullari ozishidan boshlanadi.
  • Son muskullari ozishi va uzoq vaqtgacha boldir muskullarining saqlanib qolishi miopatiyalar uchun juda xos. 
  • Agar ozish qo‘l muskullariga o‘tsa, elka va bilak muskullari oza boshlaydi, lekin qo‘l panjasini bukib-yozuvchi muskullar ozmaydi va ularning kuchi ham saqlanib qoladi. Elkasini ham ko‘tara olmayotgan bolaga “Qo‘limni bir siqib ko‘rchi” desangiz, u qo‘lingizni og‘riydigan darajada siqadi.
  • Oyoq-qo‘llarda muskullar tonusi va pay reflekslari ham pasayadi.
  • Agar bolaning oyoqlariga zimdan qaralsa, uning sonidan boldiri yo‘g‘on bo‘lib ko‘rinadi. 
  • Sezgi buzilishlari bo‘lmaydi, og‘riqlar kuzatilmaydi, bolaning aqliy faoliyati saqlanib qoladi. Ba’zi bolalar hatto o‘z tengdoshlaridan aqlli ham bo‘lishadi.
  • Bemorning yuzi ham, peshonasi ham silliq bo‘ladi, kulganda ajinlar paydo bo‘lmaydi.
  • Agar bolani ikkala qo‘ltig‘idan ushlab tepaga ko‘tarsa, bolaning o‘zi qolib elkalari ko‘tariladi. 
  • Kuraklar atrofidagi muskullar ozganligi sababli bolaning kuraklari xuddi qushlarning qanotiga o‘xshab qoladi. 
  • Tos muskullari ozganligi sababli bola qadam tashlaganda xuddi o‘rdakka o‘xshab gavdasini goh bir tomonga, goh ikkinchi tomonga og‘dirib yuradi. Bunda bolaning gavdasi qadam tashlagan tomonga og‘adi. 
       Bolaning o‘rnidan turishiga qarab ham tashxisni to‘g‘ri aniqlash mumkin. Agar chalqanchasiga yotgan bemordan o‘rnidan turish so‘ralsa, u avval yon tomonga ag‘darilib, qorni bilan yotib oladi. Keyin ikkala qo‘li va tizzalari bilan polga suyanib, “to‘rt oyoq” bo‘lib oladi. So‘ng bir qo‘li bilan soniga suyanib, engashib o‘rnidan turadi. 
       Ushbu ko‘rsatib o‘tilgan belgilar miopatiyalarning deyarli barcha turi uchun xos. Bu kasallikni batamom davolash usullari hanuzgacha ishlab chiqilmagan. Bugungi kunda uning zo‘rayib borishini to‘xtatish mumkin, xolos. 
       Bu kasallikning oldini olish haqida o‘z fikr-mulohazalarimni keltirib o‘tmoqchi edim. Chunki bu kasallik Evropada kam, Sharqda esa ko‘p uchraydi. Buning asosiy sabablaridan biri – Sharq davlatlari aholisi uchun qarindosh-urug‘lar orasida turmush qurishning ko‘pligidir. 
        Xo‘sh miopatiyalar kimlarda va nima uchun rivojlanadi? Muskullar nima uchun ozib boradi?
       Miopatiyalar nasliy kasallik bo‘lib, ular qarindosh-urug‘lar o‘zaro turmush qurganda ko‘p uchraydi. Ushbu kasallik rivojlangan bolalarning ota-onasi bir-biri bilan qarindosh bo‘ladi. Bechora kasal bolaning aybi – uning ota-onasi o‘zaro qarindosh bo‘lganligida. Afsuski, ba’zi viloyatlarda qarindoshga qiz berish va qiz olish juda udum bo‘lib ketgan. Bu nafaqat tibbiy qonunlarga zid, qaysidir ma’noda uyat hamdir. Bolaligida birga o‘sib katta bo‘lgan aka-singillar yillar o‘tib er-xotin bo‘lishini ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring. O‘sha nevaralarning buvasi yoki buvisidan “Nima uchun bunday qildingiz, axir bu mumkin emas-ku!” deb so‘rasangiz, “Axir qarindosh-urug‘chilik uzilmasin deb shunday qiluvdim” deydi ko‘zyoshi qilib. Qarindosh-urug‘chilikni sizlar uzmasangiz, uni genlar albatta uzadi! Bunga bor yo‘g‘i 3-5 yilning o‘zi etarli. 
       Shuning uchun ham miopatiyalarning aksariyati bola 3-5 yoshga etganda rivojlana boshlaydi. Xalq tili bilan aytganda, ikkala qarindosh genning bir-birini ko‘rgani ko‘zi yo‘q. Agar qarindosh genlar bitta organizmda uchrashib qolishsa, ular o‘sha organizmni emirmasdan qo‘ymaydi. Buning oqibatida bora-bora qarindosh-urug‘chilik ham uziladi, bola esa nogiron bo‘lib qoladi! 
       Farzandlarida nasliy kasalliklar aniqlangan qarindosh er-xotinlar ba’zan mendan so‘rashadi: “Bir nechta farzandim bor, agar sabab qarindoshchilikda bo‘lsa, unda nima uchun bittasi kasal-u, qolganlari sog‘?”. 
       Bu savolga quyidagicha javob berish mumkin. Xammamiz maktabda biologiya fanini o‘tganmiz. Mendelning no‘xatlar bilan o‘tkazgan tajribalarini bir eslang. Nasldan-naslga hamma belgilar o‘tavermaydi. Ota-onadagi alomatlar uning farzandlariga genlar orqali uzatiladi. Qarindoshlar orasidagi jinsiy yaqinliklar natijasida organizmda patologik genlar paydo bo‘ladi. Ushbu patologik genlar kasallik tashuvchi bo‘lishadi. Bu patologik genlar yo qiz bolaga yoki o‘g‘il bolaga kasallikni olib o‘tadi. 
        Agar birinchi avlodda kasallik paydo bo‘lmasa, keyingi avlodlarda albatta rivojlanadi. Shuning uchun ham ba’zan bemorning ota-onasidan “Bizlar emas, bolamizning buvasi va buvisi qarindosh bo‘lgan”, degan gapni eshitamiz. Agar oilada 4 nafar farzand bo‘lib, ularning uchtasi qiz va bittasi o‘g‘il bola bo‘lsa-yu, kasallik o‘g‘il bolada rivojlansa, demak, patologik gen o‘g‘il bolaga o‘tgan bo‘ladi. Uchchala qizga esa sog‘lom genlar o‘tgan hisoblanadi. Sog‘lom tug‘ilgan farzandlar qarindoshlar bilan turmush qurishsa, ularning farzandlarida nasliy kasalliklar rivojlanish xavfi yanada oshadi. Agar qarindosh er-xotinlardan dunyoga kelgan sog‘lom farzandlar keyinchalik begonalar bilan turmush qurishsa, ulardan sog‘lom bolalar dunyoga kelishi mumkin. Baribir shunday bo‘lsa-da, xavf saqlanib qoladi.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
                 © asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив