Meningeal simptomlarni tekshirish
Meningeal simptomlar sog‘lom odamda bo‘lmaydi. Bunday simptomlar yuzaga kelishi uchun miya pardalari ta’sirlangan bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham bu simptomlar meningit, subaraxnoidal qon quyilish va meningiomalarda ko‘p uchraydi.
Meningeal simptomlarga quyidagilar kiradi:
- Ensa mushaklari rigidligi
- Kernig simptomi
- Brudzinskiy simptomi (yuqori, o‘rta va pastki)
- Lessaj simptomi (yosh bolalarda)
Ensa mushaklari rigidligi turli darajada ifodalangan bo‘ladi: agar boshni oldinga egganda dahan ko‘ksiga 1–2 sm ga etmay qolsa – engil, 3–5 sm etmay qolsa – o‘rta darajadagi rigidlik deb aytiladi. Agar bosh umuman oldinga egilmasa yoki orqaga qayrilib tursa – unda kuchli darajali rigidlik rivojlangan bo‘ladi. Ensa mushaklari rigidligini Neri simptomi bilan adashtirmaslik kerak. Neri simptomi ham xuddi shu tarzda, ya’ni boshni oldinga egib tekshiriladi. Boshni oldinga egayotganda spinal ildizchalar tortilishi sababli bo‘yinning orqa qismida reflektor og‘riq paydo bo‘ladi. Demak, Neri simptomi ham patologik simptom bo‘lib, u spinal ildizchalar ta’sirlanishi (zararlanishi) hisobiga rivojlanadi. Meningitda ensa mushaklari rigidligi deyarli har doim Neri simptomi bilan birgalikda kuzatiladi.
Kernig simptomi. Bemor tekis joyda tepaga qarab yotadi. Bu simptom ikkala oyoqda ham galma-gal tekshiriladi (13.9-rasm). Vrach bemorning oyog‘ini tos va tizza bo‘g‘imlarida o‘tkir burchak (90°) hosil qilib bukadi (1-bosqich).
Keyin vrach bemorning bukilgan oyog‘ini tizza bo‘g‘imida yoza boshlaydi (2-bosqich). Sog‘lom kishilarda oyoq to‘la yoziladi. Agar oyoq tizza bo‘g‘imida yozilmasa, demak, Kernig simptomi musbat. Kernig simptomi kasallik darajasiga qarab turlicha ifodalangan bo‘ladi: engil, o‘rta va og‘ir darajada. Agar bukilgan oyoq tizza bo‘g‘imida ozgina qarshilik bilan bo‘lsa-da yozilsa – engil, biroz yozilib o‘tmas burchak hosil qilsa – o‘rta, umuman yozilmay o‘tkir burchak hosil bo‘lsa – kuchli daraja dagi Kernig simptomi deyiladi.
13.9-rasm. Kernig simptomini
tekshirish.
Eslatib o‘tamiz, hali 3 oyga to‘lmagan bolalarda Kernig simptomi fiziologik simptomdir. Agar bu simptom yoshi 3 oydan oshgan bolalarda aniqlansa, u patologik simptom hisoblanadi. Bir yoshga to‘lmagan bolalarda meningeal simptomlarni aniqlash usullari. Hali 1 yoshga to‘lmagan bolalarda Lessajning «osilib turuvchi» simptomi meningitni aniqlashda katta ahamiyatga ega.
Sog‘lom bolada bu simptomni tekshirmoqchi bo‘lsangiz, u erkalab yoki yig‘lab oyoq-qo‘llarini qimirlata boshlaydi. Lessaj simptomini ko‘z oldingizga keltirmoqchi bo‘lsangiz mashhur «Qirol Sher» multfilmini eslang yoki yana bir bor ko‘ring. Unda maymun endi tug‘ilgan sher bolasini «olomon»ga ko‘rsatish uchun ikkala qo‘ltig‘idan ushlab ko‘taradi. Multfilmdagi bu epizod Lessajning osilib turuvchi simptomini juda eslatadi. Shuningdek, kalla suyagidagi liqildog‘i bitmagan bolalarda kallaning tepa qismi bo‘rtib turadi. Buning sababi gipertenzion-gidrotsefal sindromdir.
Meningit rivojlangan erta yoshlagi bolaning boshi orqaga qayrilib yotadi, qo‘llari va oyoqlari bukilgan bo‘ladi, tanasiga toshmalar toshib ketadi. Bunga meningeal holat deyiladi (13.14-rasm).
Eslatib o‘tamiz, hali 3 oyga to‘lmagan bolada Kernig simptomi fiziologik hisoblanadi. Agar bu simptom yoshi 3 oydan oshgan bolalarda aniqlansa, uni patologik simptom deyishadi. Hali 1 yoshga to‘lmagan bolada Lessajning «osilib turuvchi» simptomi meningitni aniqlashda katta ahamiyatga ega.
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha