Muskul kuchini tekshirish
Muskul kuchini tekshirish uchun bemordan vrach bajarayotgan passiv harakatlarga qarshilik ko‘rsatish so‘raladi. (3.2-rasm). Mana shu qarshilik darajasiga qarab muskul kuchi aniqlanadi va baholanadi. Muskul kuchi har bir bo‘g‘imda bajarilishi mumkin bo‘lgan harakatlar, ya’ni bukish, yozish, bir-biriga yaqinlashtirish va uzoqlashtirish, pronatsiya va supinatsiya e’tiborga olingan holda tekshiriladi. Qo‘l panjasini bukuvchi muskullar kuchi dinamometr yordamida o‘lchanadi. Barcha tekshiruvlar distal va proksimal hamda o‘ng va chap tomondagi muskullarda qiyoslab o‘rganiladi. Bunda muskullar hajmi va funktsiyasi e’tiborga olinadi. Ortiqcha kuch ishlatilmasligi lozim.
Muskullar kuchini tekshirish usullari
Tekshirilgan muskullar kuchini baholash 5 balli sistema bo‘yicha o‘tkaziladi (3.1-jadval).
3.1-jadval
Muskullar kuchini baholash jadvali
Baholash mezonlari | Ball | Xulosa |
Vrach harakatiga to‘la qarshilik ko‘rsata oladi | 5 | Norma |
Vrach harakatiga qarshilik ko‘rsatish ozgina sustlashgan, ya’ni muskul kuchi biroz pasaygan, biroq faol harakat to‘la saqlangan. | 4 | Engil falajlik |
Vrach harakatiga qarshilik ko‘rsatish sezilarli darajada sustlashgan, ya’ni muskul kuchi pasayganligi yaqqol seziladi. Faol harakatlar hali saqlangan, biroq charchash kuzatiladi. | 3 | O‘rta darajadagi falajlik |
Vrach harakatiga qarshilik ko‘rsatish keskin pasaygan, faol harakatlar o‘ta sustlashgan. | 2 | Chuqur falajlik |
Qarshilik yo‘q, faol harakatlar bilinar-bilinmas. | 1 | O‘ta chuqur falajlik (deyarli plegiya) |
Faol harakatlar umuman yo‘q. | 0 | Plegiya |
Izoh. Tibbiy amaliyotda muskullar kuchini baholashda ushbu usuldan ko‘p foydalaniladi. Biroq, yanada aniqroq ma’lumotni dinamometriya beradi. |
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha