Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Psixomotor qo‘zg‘alishlar

Psixomotor qo‘zg‘alishlar


Bosh miyaning og‘ir kasalliklarida psixomotor qo‘zg‘alishlar ham kuzatilib turadi. Ayniqsa, peshona sohasi zararlanishlari (gematoma, o‘sma, abstsess)da kuzatiladigan hushsiz holatlar psixomotor qo‘zg‘alishlar bilan namoyon bo‘ladi. Chunki bosh miyaning peshona sohasida barcha ruhiy faoliyatlarni boshqaradigan va nazorat qiladigan 3-funktsional blok joylashgan. Prefrontal epilepsiya ham psixomotor qo‘zg‘alishlar bilan boshlanadi. Shuningdek, umumiy intoksikasiya va metabolik buzilishlar sababli rivojlangan hushsiz holatlar ham psixomotor qo‘zg‘alishlar bilan kechadi. Uremik, ketoasidotik, jigar, eklampsik komalar va spirtli ichimlikdan zaharlanishlarda psixomotor qo‘zg‘alishlar ko‘p kuzatiladi.
Tana harorati ko‘tarilishi bilan kechadigan kasalliklar (meningit, zotiljam, sepsis) ham psixomotor qo‘zg‘alishlarni yuzaga keltiradi. Ayniqsa, subaraxnoidal qon quyilishlar va yiringli meningitlarda psixomotor qo‘zg‘alishlar kuchli bo‘ladi. Demak, MNS ning ortiqcha qo‘zg‘alishiga olib keluvchi har qanday patologik omil sababli rivojlangan hushsiz holatlarda psixomotor qo‘zg‘alishlar ro‘y beradi. Albatta, bu holat komaning boshlang‘ich bosqichlari uchun xos.
Hushsiz holatlarda kuzatiladigan psixomotor qo‘zg‘alishlar ichida deliriya alohida o‘rin tutadi. Deliriya alahsirash, qichqirish, o‘rnidan turib ketish, atrofdagilarga baqirish, kimnidir chaqirish, bir gapni takrorlayverish, kimgadir tashlanish yoki ma’nosiz qarash, ustidagi choyshablarni otib yuborish, ukollarni sug‘urib tashlash kabi harakatlar bilan namoyon bo‘ladi. Bemor nima qilayotganini o‘zi anglamaydi. Agar bemor bu holatdan chiqsa, nima qilganlarini eslay olmaydi. Demak, deliriya paytida amneziya kuzatiladi. Albatta, delirioz qo‘zg‘alishlarni isterik qo‘zg‘alishlardan farqlay olish zarur. Isteriyada ham xuddi shunday harakatlar bo‘lishi mumkin. Ammo bemor o‘ziga tan jarohati etkazadigan holatni yuzaga keltirmaydi, karovatdan pastga yiqilib tushmaydi, isterik harakatlari ma’lum bir odamga qaratilgan (masalan, eriga) bo‘ladi. Agar ushbu odam uning yonidan chiqib ketsa, isterik harakatlar to‘xtashi mumkin.
Deliriya deyarli har doim komaning boshlang‘ich bosqichida ro‘y beradi. Keyin esa bemor hushidan keta boshlaydi yoki o‘ziga keladi. Bemor butunlay hushini yo‘qotmasdan namoyon bo‘ladigan o‘tkir intoksikatsiyalarda delirioz holat uzoq davom etishi mumkin. Deliriya bilan kuzatiluvchi koma bolalarda ko‘p uchraydi.


Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              ©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
              ©Z. Ibodullayev. Insult va koma, Toshkent, 2013., 193 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi ©asab.cc




Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив