Psixogen gipertermiya
Vegetativ distoniyaning boshqa turlariga qaraganda kam uchraydi. Bunday holatlar ko‘pincha o‘tkazilgan neyroinfektsiyalar, bosh miya jarohatlari, endokrin buzilishlar va kuchli stresslardan so‘ng rivojlangan VDS da kuzatiladi. Ko‘p hollarda tana harorati 37–38°S, kam hollarda 39–40°S ga etadi. Bunday bemorlar qonida yallig‘lanish reaktsiyalari aniqlanmaydi, ular holsizlanib yotib qolishmaydi, vrach qabuliga bemalol o‘zlari qatnashadi. Yallig‘lanishga qarshi dorilar, aspirin va antibiotiklar ta’siri juda past bo‘ladi yoki umuman ta’sir qilmaydi. Anksiolitiklar yoki boshqa vegetotrop dorilar esa tana haroratini yaxshi pasaytiradi. Psixoemotsional stress sababli rivojlangan va vegetativ buzilishlarsiz namoyon bo‘ladigan gipertermik sindromlarda “psixogen gipertermiya” tashxisi qo‘yiladi. Subfebrilitet bir necha oy va yillar davomida saqlanishi mumkin. Tana harorati kunduzi baland (38–39°S), kechasi biroz pastroq (37–38°S) bo‘ladi. Shuningdek, bemor tinchlanganda, trankvilizatorlar ichganda ham tana harorati me’yorga tushadi. Ba’zida esa hech qanday dori-darmonlar samara bermaydi. Bemorni bu tarzda hadeb samarasiz davolashga urinaverish unda yatropatiyani yuzaga keltiradi. Bunday bemorlarni rejali kuzatuvga olish va ularga psixoterapevtik yordam ko‘rsatishning o‘zi kifoyadir. Vaqt o‘tib tana harorati yana normaga qaytadi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. Darslik., 2-nashr., T.; 2021., 960b.
©Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. T.; 2021., 312b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; ©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha