PSIXOPROFILAKTIKA


Psixoprofilaktika – turli kasalliklar kelib chiqishida psixogen omillarning oldini olish  masalalarini o‘rganuvchi fan. Bu yo‘nalish XX asr o‘rtalarida profilaktik tibbiyot va tibbiy psixologiya negizida shakllandi. Birlamchi va ikkilamchi psixoprofilaktika farq qilinadi. Birlamchi psixoprofilaktika aholining sog‘lom qatlami orasida psixogen omillarning oldini olish bilan shug‘ullanadi. Shu yo‘l bilan u nafaqat psixogen va psixosomatik, balki somatik kasalliklar profilaktikasida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Psixoprofilaktika turli yoshdagi davrlarda o‘zining maqsad va vazifalariga ega. Bolalik davridan boshlab insonning ruhiy salomatligini nazorat qilib borish, o‘z vaqtida yuqumli kasalliklarga qarshi emlash, ruhiy va jismoniy rivojlanishdan orqada qolayotgan bolalar tarbiyasiga, jismoniy rivojlanishiga har tomonlama yordam ko‘rsatish orqali erishadi. Demak, psixoprofilaktikani nafaqat nevrolog, tibbiy psixolog va psixiatr, balki tibbiyotning boshqa soha mutaxassislari ham targ‘ib qilishlari va amalga oshirishda ishtirok etishlari kerak. Birlamchi psixoprofilaktikaning asosiy maqsadlaridan yana biri — yosh oila qurayotgan yigit-qizlarni tekshirib, irsiy kasalliklarni aniqlash, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar salomatligini saqlash, onalar salomatligini muhofaza qilish hamdir.
Ikkilamchi psixoprofilaktika – mavjud turli kasalliklarning avj olib ketishini oldini olish uchun qo‘llaniladigan profilaktik uslublar majmuasi. Bu maqsadda davolash-profilaktika muassasalarining turli pog‘onasida maxsus dastur asosida psixoterapiya va psixoreabilitatsiya chora-tadbirlari o‘tkaziladi.



Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
             © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
             ©asab.cc)


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив