Psixovegetativ buzilishlar
Psixovegetativ buzilishlar vegetativ distoniyada ko‘p uchraydi. Bu buzilishlar aksariyat hollarda VDS ning asosiy klinikasini belgilab beradi. Psixovegetativ buzilishlar yaqqol namoyon bo‘lganda, bevosita “psixovegetativ sindrom” atamasini qo‘llash maqsadga muvofiq. Psixovegetativ sindrom depressiyaga moyil kishilarda, epilepsiya, shizofreniya, gormonal disfunktsiya, tez-tez takrorlanuvchi stresslar va surunkali ravishda spirtli ichimliklar iste’mol qiluvchilarda ko‘p uchraydi. Melanxolik tipdagi shaxslar ham psixovegetativ buzilishlarga moyil bo‘lishadi.
Psixovegetativ sindromda bemor disforiya holatida yuradi, arzimagan narsaga jahli chiqaveradi, hissiy portlashlar tez-tez kuzatilib turadi, atrofdagi voqealardan doimo norozi bo‘lib yuradi. Ba’zida depressiyaga tushib, hech kim bilan gaplashmay qo‘yadi, hech narsadan qoniqmaydi. Aqliy va jismoniy ishlarga xohishi bo‘lmaydi, parishonxotir bo‘ladi, xotirasi doimo pand beradi. Ushbu buzilishlar kuchli taxikardiya yoki bradikardiya, AQB o‘ynab turishi, gipo- yoki gipergidroz, ishtaha buzilishlari va boshqa psixosomatik buzilishlar bilan birgalikda kuzatiladi. Aksariyat hollarda psixovegetativ sindrom kuchli qo‘rquv va xavotir bilan namoyon bo‘ladi. Qo‘rquv va xavotir bemorning butun vujudini qamrab oladi. Bemorning fikru xayoli fobiyadan qutulish bo‘lib qoladi. Psixovegetativ sindromda obsessiv-kompulsiv buzilishlar ko‘p uchraydi. Bunday bemorlar to‘la tibbiy-psixologik yordamga muhtojdir.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. Darslik., 2-nashr., T.; 2021., 960b.
©Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. T.; 2021., 312b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha