PARESTETIK MERALGIYa


                                   (SONNING TAShQI  TERI  NERVI  NEVROPATIYaSI)

      Sonning tashqi teri nervi (n. cutaneus femoris lateralis) L2–L3 bel chigalidan hosil bo‘ladi va faqat sezgi tolalaridan iborat. Nerv yonbosh muskul (m. iliacus) oldida pastga tushadi va spina iliaca anterior superior etganda chov bog‘lamlarining tashqi tutamlarini teshib o‘tib, sonning tashqi tomoniga o‘tib oladi. Ushbu nerv son terisining oldingi va tashqi yuzasini innervatsiya qiladi.
     Etiologiyasi. Sonning tashqi teri nervi ko‘pincha uning chov bog‘lamlarini teshib o‘tish qismida zararlanadi. Shuning uchun ham uning patologiyasi tunnel nevropatiya sifatida o‘rganiladi. Tos suyagi jarohatlari, chov kanali sohasidagi yallig‘lanish jarayonlari bu nervning zararlanishiga sabab bo‘ladi. Shu jumladan, shim tasmasini pastroq bog‘laydiganlar, tor shim va tor yubka kiyadiganlarda ham bu nervning ishemik nevropatiyasi ko‘p uchraydi.
      Semiz odamlarda qorin osilib qolishi, chov sohasi muskullari kuchanishi ham tunnel nevropatiya sababchisidir. Bu holat homilador ayollarda, og‘ir yuk ko‘tarish bilan bog‘liq kuchli jismoniy zo‘riqishlar va noto‘g‘ri sport mashqlarida kuzatiladi. Homilador ayollarda parestetik meralgiya, odatda, tuqqandan keyin o‘tib ketadi. Chanoq-son bo‘g‘imini o‘rab turadigan gipslar ham etiologik omillardan biridir. L2–L3 umurtqalar orasidagi disk churralari ham nevralgiyani keltirib chiqaradi. Shuningdek, doimiy tarzda tamaki chekish ham kasallikning etiologik omili hisoblanadi. Muttasil ravishda tamaki chekadigan mashhur psixoanalitik Z. Freyd ham parestetik meralgiyadan aziyat chekkan.
     Klinikasi. Asosiy klinik simptomi sonning oldingi-tashqi yuzasi bo‘ylab paresteziya va achishtiruvchi og‘riqlar bo‘lib, uni parestetik meralgiya deb ham atashadi. Yunonch. meros – son degani. Paresteziya va og‘riqlar xurujsimon tarzda paydo bo‘ladi. Og‘riqqa qaraganda uvishish, achishish, jimirlash kabi yoqimsiz paresteziyalar ko‘p kuzatiladi. Ular tik turganda va yurganda kuchayadi, yotganda esa kamayadi, hatto yo‘qoladi ham. Zararlangan joyda engil gipesteziya uchraydi. Reflekslar o‘zgarmaydi. Kasallik belgilari bir zo‘rayib, bir susayib turadi. To‘satdan tuzalib ketish holatlari ham kuzatiladi.

Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc




Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив