Parenximatoz qon quyilish
Boshqa gemorragik insultlar kabi hushning yo‘qolishi bilan o‘tkir boshlanadi va o‘choqli nevrologik simptomlar (gemiplegiya, gemianesteziya, afaziya) darrov paydo bo‘ladi. Parenximatoz qon quyilish chakka va tepa sohalarida ko‘p, peshona sohasida kam uchraydi. Gematomaning ichki kapsulaga nisbatan joylashuviga qarab medial va lateral gematomalar farqlanadi. Zich joylashgan tolalardan iborat bo‘lgan ichki kapsula bu sohaga quyilgan qonning yon tomonlarga tarqalishiga to‘sqinlik qiladi.
Bu kasallikda IKG, miya shishi va dislokatsion sindrom tez rivojlanadi. Shuning uchun ham gemorragik insultning bu turi uzoq davom etuvchi komalar bilan og‘ir kechadi. O‘choqli nevrologik belgilar bilan birgalikda, meningeal simptomlar ham vujudga keladi. Meningeal simptomlar kuchli miya shishi va IKG hisobiga yoki qonning subaraxnoidal bo‘shliqqa o‘tganligi sababli paydo bo‘ladi. Buni aniqlash diagnostik va prognostik ahamiyatga ega. Gemorragiya bosh miya katta yarim sharlarining katta qismini yoki ma’lum bir sohani egallashi mumkin. Intratserebral gematomaning qay sohada joylashganiga qarab, nevrologik simptomlar turlicha namoyon bo‘ladi.
Bosh miyaning peshona sohasiga qon quyilsa, peshona sohasi va ko‘z kosasida bosh og‘riq, nigoh falaji (bemor o‘choq tomonga qarab yotadi), motor afaziya (dominant yarim shar zararlansa), abuliya, kontralateral gemiparez kuzatiladi. Tepa bo‘lagi gemorragiyasida kontralateral gemianesteziya, tana va fazoning bir tomonini inkor qilish sindromi, anozognoziya, engil gemiparez rivojlanadi. Chakka bo‘lagi gemorragiyasida Vernike afaziyasi (dominant yarim shar zararlanganda), gemianopsiya kuzatiladi. Gematoma katta bo‘lsa, dislokatsion sindrom belgilari ham qo‘shiladi. Ensa bo‘lagiga qon quyilsa, kontralateral gomonim gemianopsiya va ko‘ruv agnoziyasi paydo bo‘ladi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha