PARIETAL EPILEPSIYa
Parietal epilepsiyaning asosiy simptomi – Jekson tipidagi somatosensor xurujlar. Epileptogen o‘choqning qaysi sohada joylashganiga bog‘liq holda, oddiy va murakkab fokal xurujlar bilan kechadi. Ularning paydo bo‘lishi orqa markaziy pushtaning qo‘zg‘alishi bilan bog‘liq. Xurujlar tananing bir tomonida yuz va qo‘llarda paresteziyalar bilan boshlanib, oyoqqa tarqaladi. Bemor hushini yo‘qotmaydi. Xurujlar bir necha soniya yoki 1-2 daqiqa davom etadi. Parieto-temporal chegara sohasida joylashgan epileptogen o‘choqlarda bosh aylanish xurujlari va nutq buzilishlari kuzatilsa, parieto-oksipital chegara sohasi o‘choqlarida – tana sxemasi yoki atrof-muhitni anglashning buzilish bilan kechuvchi xurujlar ro‘y beradi. Parietal epilepsiya fokal tipdagi boshqa epilepsiyalarga qaraganda kam uchraydi.
Shu erda ensa epilepsiyasi haqida ham to‘xtalib o‘tamiz.
ENSA EPILEPSIYaSI
Ensa epilepsiyasi, asosan, ko‘ruv gallyusinatsiyalari bilan namoyon bo‘luvchi oddiy va murakkab fokal xurujlardan iborat. Shuningdek, xurujlar fotopsiya, makropsiya, mikropsiya, paroksizmal amavroz va skotomalar bilan namoyon bo‘ladi. Klonik tipdagi motor xurujlar kam kuzatiladi. Bular, asosan, kipriklarni pirpiratish, ko‘z va boshdagi klonik harakatlardan iborat. Ba’zida xurujlar oksipital migrenga o‘xshab kechadi. Ensa epilepsiyasi juda kam uchraydi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Epilepsiya. Toshkent, 2018., 176 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha