YuZIM NEGA QIYShAYIB QOLDI?
Sovuq yomg‘irli havoda qolib ketdim, erta bahorda derazani ochib uxlab qoldim, terlab turib konditsioner tagida ishlovdim, shundan so‘ng yuzimning bir tomoni qiyshayib qoldi, deb nevropatologga shikoyat qilib kelgan bemorga “yuz nervi nevropatiyasi” deb tashxis qo‘yishadi.
Tibbiyot institutida o‘qib yurgan kezlarimizda akademik Nabi Majidov nevrologiyadan ma’ruza o‘qiyotib aytgan bir ibora esimga tushib ketdi. Ular shunday degan edilar: “Zudlik bilan shifoxonaga yotqiziladigan ikki xil nevrologik kasallik bor: biri – insult, agar bemorni yotqizib darrov davolay boshlamasangiz uning hayoti xavf ostida qoladi; ikkinchisi – bu yuz nervi kasalligi, agar o‘sha kuniyoq davolash boshlanmasa, bemor umrbod xunuk bo‘lib qolishi mumkin. Chunki har bir insonning eng suyukli a’zosi – bu uning yuzi”.
Haqiqatan ham yuz nervi shamollab, yuzi qiyshayib qolgan bemorni davolashni aslo kechiktirmasdan o‘sha zahotiyoq boshlash kerak. Aks holda kasallik asorati achinarli bo‘lishi mumkin. Bu kasallik yoshlar orasida ko‘p uchraydi. Sababi, ular o‘zlariga e’tiborsiz bo‘lishadi, cho‘milib, yupun kiyinib, uydan chiqib ketishadi, bosh kiyim kiyishni yoqtirishmaydi. Soch turmagi buzilsa, uni to‘g‘rilash oson, biroq yuz shakli buzilsa, uni hatto kosmetolog ham to‘g‘rilay olmaydi. Chunki nerv funktsiyasi tiklanmas ekan, hech qanday kosmetologik muolaja yordam bermaydi.
Yuzda ikki xil funktsiyani bajaruvchi nerv bor: birinchisi – bu yuz nervi bo‘lib, u faqat harakat tolalaridan iborat va mimik muskullar harakatini ta’minlaydi; ikkinchisi – bu uch shoxli nerv bo‘lib, asosan, sezgi tolalaridan iborat.
Uch shoxi nerv zararlansa, yuz qiyshayib qolmaydi, balki o‘ta kuchli sanchuvchi og‘riqlar paydo bo‘ladi. Yuz nervi zararlansa, og‘riqlar kuzatilmaydi, sezgi buzilmaydi. Chunki yuz nervida sezgi tolalari yo‘q. Demak, yuzning ikkita nervi ikki xil vazifani o‘zaro bo‘lishib olishgan: biri sezgi uchun javob beradi, ikkinchisi harakat uchun.
Agar davolash erta boshlansa, bemor 2-3 hafta ichida tuzalib ketadi.