POSTURAL ORTOSTATIK TAXIKARDIYa SINDROMI
Gorizontal holatda yotgan bemor o‘rnidan turganda yurak urishi juda tezlashib ketsa, postural ortostatik taxikardiya sindromi tashxisi qo‘yiladi. Bunday paytda yurak urishi uning normal ko‘rsatkichlaridan 30–40% ga oshadi. Yurak bir daqiqada 120 marotaba ura boshlaydi va undan ham oshib ketadi. Bemor yana gorizontal holatda yotib olsa, taxikardiya yana davom etadi yoki biroz pasayadi. Yurak urishi yana avvalgi holiga qaytishi uchun bemor uzoq vaqt (ba’zida 1 soatgacha) gorizontal holatda yotish kerak.
Ushbu sindrom ayollarda erkaklarga qaraganda 5 barobar ko‘p uchraydi. Bu sindrom turli yoshda uchrasa-da, eng ko‘p kuzatiladigan davri – o‘smirlik davri. Asosiy klinik belgilari – ko‘z oldi qorong‘ilashib ketishi, bosh aylanishi, nafas bo‘g‘ilishi, epigastral sohada og‘riq paydo bo‘lishi, oyoq-qo‘llar titrashi, sovuq ter bosishi va holsizlanib gandiraklab ketish.
Ushbu sindrom, asosan, passiv turmush tarzi kechiruvchilar, virusli infektsiyaga tez-tez chalinadiganlar, homilador ayollar, AQB doimo past yuruvchilar, surunkali intoksikatsiya va metabolik buzilishlarda ko‘p kuzatiladi. Odatda, og‘ir kechmaydi va bemor ko‘pincha tuzalib ketadi. Uni yuzaga keltirgan sabablar aniqlansa, sog‘lom turmush tarziga rioya qilinsa va jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanilsa, bu holat asoratsiz o‘tib ketadi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha