PSIXOGEN NEVRALGIYaLAR
Har qanday psixogen giperesteziyalar tananing turli joylarida nevralgiyaga yoki mialgiyaga o‘xshash og‘riqlar beradi. Ayniqsa, yuz sohasida kuzatiladigan og‘riqlar bemorlarni juda qiynab qo‘yadi. Bu og‘riqlar kuchi turli darajada, oddiy achishishdan tortib, kuchli sanchuvchi og‘riqlargacha rivojlangan bo‘ladi. Og‘riq ikkala chakka, peshona, iyak sohalarida kuzatilishi mumkin. Agar og‘riq tish va milk sohasida kuzatilsa, gap psixogen stomatalgiya, tilda kuzatilsa, glossalgiya haqida so‘z boradi. Psixoemotsional zo‘riqishlar kuchaygan yoki tezlashgan sayin og‘riq ham kuchayib, surunkali tus oladi.
Yuz sohasidagi psixogen og‘riq uchun ovqat eyotgan paytda kamayishi yoki yo‘qolishi xos. Trigeminal og‘riqlardan farqli o‘laroq, psixogen og‘riqlar V nerv innervatsiya qiladigan shoxchalar sohasiga to‘g‘ri kelmaydi, analgetiklar yordam bermaydi. To‘g‘ri olib borilgan psixoterapiya, platseboterapiya va yaxshi tanlangan anksiolitik dorilar yaxshi samara beradi. Ba’zan tuzalib ketgan bemor og‘riqlar qayta qo‘ziganidan shikoyat qilib, yana vrachga murojaat qiladi. Buning sababi, ko‘pincha uydagi va ishdagi mojarolar bo‘lib chiqadi.
Glossalgiya bilan kasallangan bir ayol bizning nazoratimizda turgan. Bemor davolash kursini olganidan so‘ng biroz vaqt o‘tgach, og‘riqning kuchayishidan shikoyat qilib yana oldimizga keldi. Gap shundaki, bemorning turmush o‘rtog‘i aroqxo‘r va uyida tez-tez janjal bo‘lib turadi. Bu bemorda parallel tarzda kuchli ifodalangan affektiv buzilishlar ham bor edi. Har gal davolanib tuzaladigan bemor uyiga borishdan bezib qolgan edi. Biz ushbu bemorni 2 yildan so‘ng uchratib qolganimizda, u darddan butunlay xalos bo‘lgani va endi doktorlarga qatnamayotganini aytdi. Biz uning oilaviy ahvolini so‘raganimizda shu narsa ma’lum bo‘ldiki, eri alkogolizmdan miyasiga qon quyilib bir kunda o‘lib qolibdi. Qizig‘i shundaki, erining vafotidan bir oy o‘tib, bemordagi mavjud psixoemotsional buzilish va turli xil og‘riqlar o‘z-o‘zidan barham topadi. Nima uchun shunday bo‘ldi? Chunki ushbu buzilishlarni yuzaga keltiruvchi omil endi yo‘q edi. Qo‘rquv, ipoxondriya va depressiya psixogen nevralgiyaning doimiy hamrohidir.
Psixogen nevralgiyalar ichida qovurg‘alararo og‘riqlar alohida e’tiborni talab qiladi. Ayniqsa, ko‘krak qafasining chap tomonida joylashgan og‘riqlar har qanday bemorni xavotirga soladi. Chunki bu erda yurak joylashgan.
Yosh ukasi avtomobil halokatidan o‘lgan bemorning yurak sohasida sanchuvchi og‘riq paydo bo‘ladi. Bemor kardiologga murojaat qiladi. U bemorni yaxshilab tekshirib, kardiogramma qilib, yuragi sog‘lom ekanligi, qattiq siqilganidan shu og‘riq paydo bo‘lgani, tinchlantiruvchi dorilar ichish kerakligi va nevropatologga murojaat qilishini tavsiya etadi. Nevropatolog ham bemorni obdan tekshirib, tinchlantiruvchi dorilar yozib beradi va psixoterapevtik muolajalar o‘tkazadi. Shunga qaramasdan, bemor ikki oy ichida yurak sohasidagi og‘riqlardan 16 marta EKG qildirgan va bir necha bor «Tez yordam» mashinasini chaqirgan.
Psevdoradikulyar sindrom. Psixogen xususiyatga ega bel og‘riqlar keng tarqalgan bo‘lishiga qaramasdan, ular haqida aniq statistik ma’lumotlar yo‘q. Buning sababi, «psixogen radikulalgiya» tashxisi qo‘yilmasligida yoki aniqlanmasligidadir. Vaholanki, XVIII asrdayoq «Orqa miya ipoxondriyasi» nomi bilan psixogen xususiyatga ega bo‘lgan beldagi og‘riqlar haqida yozib qoldirilgan.
Psixogen bel og‘riqlar ham niqoblangan depressiyaning klinik ko‘rinishlaridan biridir. Bu og‘riqlar vrachlar tomonidan ko‘pincha «lyumbago», «lyumbalgiya», «lyumboishialgiya», «radikulit», «ishias», «disk churrasi» kabi tashxislar bilan belgilanadi. Ushbu tashxislarning qanchasi keyinchalik tasdiqlanadi va qanchasi psixogen xususiyatga ega bo‘lib chiqadi, bu aniq emas. Buning sabablarini quyidagicha izohlash mumkin. Birinchidan, og‘riq yo‘qolgandan so‘ng (odatda, 4-5 kun o‘tib) bemor vrachga qatnamay qo‘yadi. Ikkinchidan, radikulitning o‘tkir davrida hamma vaqt ham nevrologik belgilar bo‘lavermaydi. Uchinchidan, boshqa psixogen og‘riqlardan farqli o‘laroq, beldagi og‘riqni har qanday bemor «radikulit» deb qabul qiladi va bu kasallikda qilinadigan choralardan voqif bo‘ladi (hozir men doktorga borsam, novokainli blokada qiladi, belga issiq buyuradi, og‘riq qoldiruvchi dori qiladi). Albatta shu va shunga o‘xshash muolajalardan so‘ng bemor tuzalib ketadi. Bunday paytlarda radikulitning haqiqiy yoki psixogen xususiyatga ega ekanligini aniqlash vrach uchun ham ancha mushkul. Chunki belida qattiq og‘riqdan shikoyat qilib kelgan bemorga har qanday vrach darrov yordam ko‘rsatishga va uni og‘riqdan tezroq xalos qilishga intiladi. Bularning hammasi og‘riq kelib chiqishining asosiy sababini aniqlash imkonini pasaytiradi.
Aksariyat hollarda «Surunkali radikulitning zo‘rayishi» tashxisi qo‘yilgan bemorda nevrologik anamnez bilan psixologik anamnez ham to‘plansa, og‘riq paydo bo‘lishi bilan psixoemotsional stress orasida bog‘liqlik topish mumkin. Psixogen radikulalgiyaga og‘riqlar yilning ma’lum bir oyi yoki mavsumida (masalan, kuz kelishi bilan) paydo bo‘lishi xos. Bir bemor 6 yildan buyon mezon kirdi deguncha belida og‘riq paydo bo‘lishidan shikoyat qilgan. Lekin unda organik nevrologik belgilar kuzatilmagan. Biroq psixogen radikulalgiyalar dastlab haqiqiy radikulit bo‘lgan bemorlarda ko‘p uchrashini e’tiborga olish lozim. Ba’zan vrach o‘zi xohlamagan holda bemorda yatropatiyani yuzaga keltiradi, ya’ni bemor radikulit bilan xastalanadi, davolanadi va vrachdan «belni issiq tutib yurish, og‘ir narsa ko‘tarmaslik, og‘riq paydo bo‘lganda, darhol doktorga murojaat qilish» kabi ko‘rsatmalar oladi. Bu maslahatlarga ayniqsa, nevrasteniya yoki psixoasteniyaga chalingan bemorlar qattiq rioya qiladi va oqibatda ularda «kutish sindromi» rivojlanadi. Bu esa ipoxondriyaning shakllanishiga olib keladi: bemor tanasidagi har qanday og‘riqqa, hatto bo‘g‘inlarda kuzatiladigan shaqillashlarga ham ortiqcha e’tibor beradigan bo‘lib qoladi.
Psixogen radikulalgiyalar ichida, ayniqsa, bo‘yin sohasida joylashgan og‘riqlar alohida e’tibor talab qiladi. Odatda, bunday holatlarda nevropatolog bemorga bo‘yin umurtqalarini rentgen qilishni tavsiya etadi. Yoshi 30-40 dan oshgan bemorlarda bo‘yin umurtqalarida osteoxondrozning dastlabki belgilari aniqlanadi va bo‘yin sohasidagi og‘riqlar rentgendagi o‘zgarishlar bilan bog‘lanadi. Vaholanki, rentgenogrammadagi o‘zgarishlar hamma vaqt ham kasallik belgilari bilan mos kelavermaydi. Osteoxondroz bir-ikki haftada tuzaladigan kasallik emas. Ammo bo‘yin sohasidagi og‘riqlarni aynan «osteoxondroz» bilan bog‘lagan bemor psixoterapevtik muolajalar yoki platseboterapiyadan so‘ng bir hafta ichida tuzalib ketadi. Bu holat bemorda psixogen tservikalgiya borligidan dalolat beradi. Albatta, umurtqalarda o‘zgarishlarsiz kechadigan va faqat ildizchalarning o‘zi yallig‘lanishi bilan kuzatiladigan haqiqiy radikulyar og‘riqlar bundan mustasno.
Shuningdek, bo‘yindagi og‘riqlarning bosh aylanishlar bilan birga kelishi va buning ustiga rentgenda osteoxondroz aniqlanishi «bo‘yin osteoxondrozi sababli rivojlangan vertebrobazillyar sindrom» tashxisini qo‘yishga asos bo‘la olmaydi. Ushbu holat niqoblangan depressiyaning bir klinik ko‘rinishi bo‘lishi mumkin, xolos. Buni isbotlash uchun psixologik anamnez yig‘ish va to‘la klinik-paraklinik tekshiruvlar o‘tkazish lozim. Faqat kuchli rivojlangan osteoxondroz yoki umurtqa suyaklari anomaliyasi, umurtqa arteriyalarini osteofitlar bosib turishi vertebrobazilyar sindromni yuzaga keltirishi mumkin. Bu tashxisni aniqlash yoki tasdiqlash uchun bitta MRT va dopplerografiya tekshiruvlari o‘tkaziladi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha