PSIXOGEN KARDIALGIYa VA SENESTOPATIYaLAR
Ko‘krak qafasining chap tomonidagi har qanday sezgilar (uvishish, og‘riq) bemorlar tomonidan katta xavotirlik bilan qabul qilinadi. Negaki, bu erda yurak joylashgan. Mabodo boshimiz og‘rib qolsa, bemalol analgin yoki tsitramon ichib ishga ketaveramiz (ba’zan, ichmasdan ham), lekin yurak sohasida og‘riq paydo bo‘lsa, darrov doktor chaqiramiz, kardiogramma qildiramiz, «Hammasi joyida, yuragingiz biroz siqilibdi, xolos» degan xulosani eshitganimizdan so‘nggina tinchlanamiz. Chunki ko‘pchilik uchun «yurak» tushunchasi «hayot» tushunchasining sinonimidir.
Yurak sohasidagi og‘riqlar, ya’ni kardialgiyalarni keltirib chiqaruvchi kasalliklarni 3 asosiy guruhga ajratish mumkin. Bular: 1) yurak kasalliklari; 2) niqoblangan depressiya; 3) vertebrogen va miofatsial sindromlar. Demak, kardialgiyaning sababini aniqlash uchun kardiologik tekshiruvlarning o‘zi etarli emas. Vertebrogen kasalliklar bemorda nevrostatusni chuqurroq o‘rganishni, depressiya esa psixologik anamnezni yig‘ish lozimligini taqozo etadi.
Rivojlangan davlatlarning kardiologiya klinikalariga yurak sohasidagi o‘tkir og‘riqdan shikoyat qilib, «stenokardiya» yoki «miokard infarkti» tashxisi bilan «tez yordam» mashinasida olib kelingan bemorlarning deyarli 70-80 % da tashxis tasdiqlanmagan va bu og‘riqlar psixogen xususiyatga ega bo‘lib chiqqan. O‘zbekistonda ham psixogen kardialgiya va aritmiyalar bir necha yillardan buyon o‘rganib kelinadi (R.D. Qurbonov, A.I. Xodjaev, T.O. Abdullaev va b.q., 1988–2018). Ushbu mutaxassislar fikricha, yurak sohasidagi og‘riqdan shikoyat qilgan har qanday bemor nafaqat kardiologik, balki psixologik tekshiruvlardan ham o‘tishi lozim. Demak, bu ikkala tekshiruvning birgalikda olib borilishi maqsadga muvofiq.
Psixogen kardialgiyalar ko‘pincha boshqa affektiv buzilishlar bilan birgalikda kuzatiladi. Bular – o‘lim qo‘rquvi, «yurakka havo etishmasligi», uning tez-tez yoki «to‘xtab-to‘xtab» urishi, «qizib ketishi yoki muzlab qolishi», «tomoqqa tiqilishi» va shu kabi simptomlar. Psixogen kardialgiyada bemor yurak sohasidagi bitta nuqtani barmog‘i bilan ko‘rsatadi. Bu nuqta, odatda, yurak uchiga to‘g‘ri keladi. Albatta og‘riqlar ko‘chib turishi mumkin. Shunday bir qiziq voqea ro‘y bergan. Biz bemorga “Sizdagi og‘riq psixogen xususiyatga ega. Yuragingiz sog‘lom. EKG ham yaxshi chiqdi. Haqiqiy stenokardiyada og‘riq to‘sh suyagi orqasida joylashadi, og‘riqlar chap qo‘lga tarqaladi, qon bosim ham tushib ketadi”, deb bemorni tinchitib uyiga qaytarganmiz. Keyingi gal bemor yurak sohasidagi og‘riqlar xuddi shu tarzda namoyon bo‘lganini aytib yonimizga keldi. Haqiqatan ham bemor og‘riqni xudda stenokardiya og‘rig‘i kabi kitobda yozilganidek ta’riflab beradi. Biz uni EKG ham qildirdik. Yonimizdagi kardiologga ham ko‘rsatdik. Biroq natijalar yaxshi edi. Nega bemorda shunday og‘riq yuzaga keldi? Chunki biz o‘zimiz xohlamagan holda unda yatropatiyani yuzaga keltirgan edik. Biz unga “Stenokardiya yo‘q, aslida uning og‘rig‘i mana bunday ko‘rinishda bo‘ladi” deganimizdan so‘ng bemor “shu rostmikan” deb internetga kiradi va stenokardiya uchun xos bo‘lgan og‘riqlarni o‘qiydi. Ertasi kuni uning yurak sohasidagi og‘riqlar xuddi kitobda yozilganidek namoyon bo‘ladi. Demak, internet bemor uchun ham, vrchlar uchun ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklar tug‘diradi. Ayniqsa, bemorlarning tibbiy saytlarga ko‘p murojaat qilishi psixogen va psixosomatik buzilishlarning klassik tarzda namoyon bo‘lishini yo‘qqa chiqarishi mumkin.
Bemordagi organik kasallikning subektiv simptomlari psixosomatik sindromning sub’ektiv simptomlariga juda o‘xshab ketishi mumkin. Bu esa organik va funktsional kasalliklar orasida qiyosiy tashxis o‘tkazishni mushkullashtiradi. Yuqoridagi voqea bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bu esa har bir vrachdan o‘ta ziyraklikni talab qiladi va tibbiy-psixologik tekshirish usullardan voqif bo‘lish lozimligini taqozo etadi.
Yurak sohasida joylashgan og‘riqlar juda ko‘p holatlarda psixogen giperesteziyalar bilan ham namoyon bo‘ladi. Bunday paytlarda kardiosenestopatik sindrom haqida so‘z boradi. Haqiqiy stenokardiyada odatda, psixogen giperesteziya kuzatilmaydi. Og‘riqning orqa kurak atrofiga berishi «stenokardiya» tashxisini tasdiqlash yoki inkor qilishga asos bo‘la oladi. Psixogen kardialgiyalarda yurak sohasida bir nuqtada boshlangan og‘riq ko‘krak qafasining yarmini egallab oladi, so‘ng chap qo‘lga tarqaydi va boshning ensa sohasiga hamda oyoqqa qarab yo‘naladi, deb ta’riflashadi bemorlar og‘riqning yo‘nalishini. Bu paytda havo etishmay qoladi, bo‘g‘iladi va til tagiga tashlangan nitroglitserin yordam bermaydi, tinchlantiruvchi dorilar esa bemor ahvolini engillashtiradi. Ba’zan bemorlarni shifoxonaga olib borib, barcha zarur tekshiruvlarni qilmaguncha, yurak sohasidagi og‘riq o‘tib ketmaydi. Bemor kardiologik tekshiruv xulosalarini intiqlik bilan kutadi, stenokardiya yoki miokard infarkti tasdiqlanmagach, bemor xursand bo‘lib, yurak sohasidagi og‘riqlar kamayib boradi.
Psixogen kardialgiyalar stenokardiya va miokard infarktidan farqli o‘laroq, uzoq davom etadi va nitratlardan so‘ng, jismoniy zo‘riqishlarni kamaytirgandan so‘ng ham o‘tib ketmaydi. Ayniqsa, anamnezida uzoq yillardan (20-30 yoshligidan) buyon yurakdagi og‘riqlardan shikoyat qilib yuradigan bemorda kardialgiya, odatda, yurak ishemik kasalligi hisobiga kuzatilmaydi. Psixogen kardialgiyada ipoxondriya va fobiya shakllanadi: ular yurak urishini nazorat qilib yurishadi, o‘lib qolishdan qo‘rqishadi (35 yashar ayol 5-6 oy ichida uyidagilar bilan bir necha bor vidolashgan va tinmay kardiologik tekshiruvlardan o‘tgan).
Bo‘yin-ko‘krak osteoxondrozida yurak sohasidagi og‘riqlar bosh yoki tanani yon tomonlarga burganda, egilib tik turganda, yo‘talganda va qattiq aksirganda kuchayadi. Umurtqa suyaklari va paravertebral nuqtalarni bosganda, og‘riq kuchayadi, zararlangan orqa miya ildizchalari innervatsiya qiladigan sohalarda sezgi buzilishlari (ko‘pincha, gipesteziyalar) kuzatiladi. MRT tekshiruvi xulosalariga ham tayanish lozim.
Miofastsial og‘riqlar ko‘krak mushaklarining zararlanishi natijasida rivojlanadi. Bunda zararlangan mushaklar ustini bosganda, kuchli og‘riqlar paydo bo‘ladi va hatto mushaklar biroz shishadi ham. Trigger nuqtalarga novokainli blokada qilinganda og‘riq kamayadi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha