PSIXOGEN BOSh OG‘RIQ
Psixogen bosh og‘riq – o‘tkir yoki doimiy psixoemotsional zo‘riqishlar natijasida rivojlanadigan bosh og‘riq. Depressiya va nevroz psixogen bosh og‘riqlar (PBO) ning asosiy etiologik omillaridan biridir. PBO aniq bir xususiyaga ega emas. PBO boshning turli joyida kuzatiladi va turli ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Bosh og‘riq kallaning teng yarmida yoki ikkala tomonida kuzatiladi, vaqti-vaqti bilan qo‘zib turadi yoki doimiy tusda bo‘ladi. Og‘riqlar kuchli yoki kuchsiz, xurujsimon yoki simillovchi bo‘lib, ertalab yoki kechasi qo‘zg‘aydi.
PBO deyarli har doim psixoemotsional zo‘riqishlardan keyin paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Jismoniy charchash ham bosh og‘rig‘ini zo‘raytiradi. Ba’zida bemor uyda yolg‘iz qolsa ham zerikkanidan bosh og‘riydi. Agar uning uyiga mehmon kelsa yoki o‘zi mehmonga borsa, bemor bosh og‘rig‘ini unutib qo‘yadi. Dastlab bosh og‘rig‘i psixoemotsional zo‘riqishlardan so‘ng paydo bo‘lsa, bora-bora avtobusda ishga borib kelishning o‘zi ham bosh og‘riqni qo‘zg‘ab yuboradi.
Niqoblangan depressiyada bosh og‘riq monosimptom sifatida kelishi mumkin. Bunday paytlarda bosh og‘riqni bartaraf etish uchun albatta antidepressantlar tavsiya etishga to‘g‘ri keladi. Agar ushbu dorilar hech bo‘lmaganda bir oy mobaynida tavsiya etilmasa, bosh og‘riqlar surunkali tus oladi va yillab davom etadi. Bizning kuzatuvlarimiz shuni ko‘rsatdiki, “intrakranial gipertenziya” tashxisi bilan davolanib yurgan bemorlarning deyarli yarmidan oshig‘ida psixogen etiologiyali bosh og‘riqlardir. Shu bois bosh og‘riqqa shikoyat qilgan har bir bemordan psixologik anamnez ham to‘plash zarur.
Astenik tipdagi bemorlarda to‘yib ovqat eyish, bola emizish, do‘konga borib kelish, yuqori qavatli uyning zinapoyasidan chiqish, hattoki kino va kontsertlarga borib kelish ham psixogen bosh og‘riqlarni kuchaytirib yuboradi. Buning oqibatida bemorda isterik va ipoxondrik xarakter shakllanadi, u faqat bosh og‘rig‘i haqida o‘ylaydigan bo‘lib qoladi. Affektiv buzilishlar bilan kechuvchi bosh og‘riqlar doimiy va zo‘rayib boruvchi xususiyatga ega bo‘lib, ba’zi holatlarda bosh miyada hajmli jarayon bor-yo‘qligini aniqlashga majbur qiladi. Negaki, bu bemorlarda bosh og‘rig‘idan tashqari, ko‘ngil aynish, qayt qilish, bosh aylanishi, yurganda chayqalib ketish, ko‘rish buzilishi, qo‘l va oyoqlar uvishishi ham tez-tez namoyon bo‘lib turadi. Analgetiklar yordam bermaydi. Bemorning shikoyatlari tahlil qilinsa, bosh miyaning organik kasalliklarida kuzatiladigan bosh og‘riqdan farq qiluvchi tomonlari ko‘p bo‘ladi. PBO da bemor bosh og‘rig‘iga aniq bir ta’rif bera olmaydi: «Nima desam ekan, ba’zan boshimning ichi go‘yoki suvga to‘lgandek og‘ir bo‘lsa, goho bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoladi, ba’zi paytlarda ikkala chakkam xuddi rezina bilan qattiq bog‘lab qo‘ygandek siqib og‘riydi. Gohida esa ensam shunday og‘riydiki, boshimni qimirlata olmayman, chunki qimirlatsam, miyam lo‘qillab otilib chiqay deydi».
Bemorni tinglayotganda shuni e’tiborga olish kerakki, ularning ko‘pchiligi aynan bosh og‘rig‘idan emas, miyaning ichi og‘riyotganidan shikoyat qilishadi. Bosh miyaning organik kasalliklarida bosh og‘riq ko‘pincha ma’lum bir lokalizatsiyaga ega va odatda turg‘un bo‘ladi. PBO da esa bosh og‘riqlar vaziyatga qarab o‘zgarib turadi, bemorlar yozdan ko‘ra qishni yoqtirishadi, negaki ular issiqni ko‘tara olmaydilar. Shuning uchun ham yozda psixogen bosh og‘riqlar ko‘p uchraydi.
Doimiy PBO umumiy giperesteziyaga ham sababchi bo‘ladi. Bunday bemorlar yorug‘lik va shovqinni, atrofida odamlar ko‘p bo‘lishini yoqtirishmaydi. Ularning terisi ham juda sezgir bo‘ladi. Ba’zan teriga toshmalar toshib, qichishib yuradi. Yoshi kattalarda bosh og‘riq diqqat va xotira buzilishi bilan kechadi, ular parishonxotir bo‘lib qolishadi. Bunday bemor fikrini bir joyga jamlay olmaydi. Boshning faqat uyda yoki ishxonada, kunning aniq belgilangan vaqtida og‘rishi aksariyat PBO uchun juda xos.
Ko‘p hollarda PBO ni boshqa etiologiyali bosh og‘riqlardan farqlash qiyin. Subaraxnoidal qon quyilish, seroz meningit, o‘sma kasalliklari, qon-tomir anevrizmalari, IKG bilan kechuvchi kasalliklar, migren, uch shoxli nerv nevralgiyasi, kraniotservikalgiya kabi kasallik va sindromlar PBOga o‘xshab namoyon bo‘ladi. Ba’zida biz bemorda chuqur tekshiruvlar o‘tkazmay xatoliklarga yo‘l qo‘yamiz. Psixogen etiologiyali bosh og‘riqlar bilan organik etiologiyali bosh og‘riqlar orasida qiyosiy tashxis o‘tkazishga qiynalgan har bir vrach, avvalambor “organik tashxisni” qo‘yib, bemorni chuqur tekshiruvdan o‘tkazishni davom ettirishi kerak.
Shunday bir voqea nevrologiyaga oid kitoblarda yozib qoldirilgan.
Kechqurun shifoxonaning qabul bo‘limiga boshi qattiq og‘rib turgan S. ismli 36 yoshli ayolni olib kelishadi. Asab kasalliklari bo‘limidan ushbu bemorni ko‘rish uchun navbatchi vrachni chaqirishadi. Vrach qabul bo‘limiga kelib qarasa, avval tanish bo‘lgan va unga doimo bosh og‘rig‘i bilan murojaat qiladigan bemor uning qarshisida yana turibdi. Bu bemor aynan ushbu vrach navbatchiligida bir necha bor qattiq bosh og‘rig‘idan shikoyat qilib, «Tez yordam» mashinasida shifoxonaga olib kelingan va har gal barcha qoidalar bo‘yicha unga yordam ko‘rsatib uyiga yuborilgan. Bemor “Psixogen bosh og‘riq” tashxisi bilan nevropatologda davolanib yurgan. Navbatchi vrach bundan voqif edi. Bemor har gal murojaat qilganda vrach uning nevrostatusini tekshirib, birinchi yordam ko‘rsatib, uyiga yuborgan. Biroq bu gal bosh og‘riqlar funktsional xususiyatga ega ekanligiga ishonch hosil qilgan o‘sha tanish navbatchi vrach uning nevrostatusini tekshirmaydi va og‘riq qoldiruvchi hamda tinchlantiruvchi dorilar qilib uyiga jo‘natadi. O‘sha kechasi tunda bemor navbatdagi bosh og‘rig‘i xuruji paytida o‘lib qoladi. Patologoanatomik tekshiruvlar bosh miyaga anevrizma yorilishidan qon quyilganligini ko‘rsatadi. Bemorni to‘la tekshirmagan vrach yuridik javobgarlikka tortiladi.
Demak, necha bor murojaat qilishidan qat’i nazar, har bir bemor obdan tekshirilishi kerak. Unutmang: isterik bemorlarda ham anevrizma, o‘sma yoki boshqa biror bir og‘ir bir kasallik bo‘lishi mumkin va h.k. Isterik xulq-atvorga boy bemorda organik kasallik belgilari e’tibordan chetda qolishi mumkin.
Tashxis. Har qanday etiologiyali bosh og‘riqning xronologiyasini o‘rganish katta diagnostik ahamiyatga ega. Dastlab organik kasallikni inkor qilish kerak! Bu qoida tibbiyotning oltin qonuni bo‘lmog‘i lozim. Shu bois bosh og‘riqqa shikoyat qilgan bemor, albatta, standartda ko‘rsatilgan tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Har qanday bosh og‘riqda nevrologik status chuqur tekshiriladi. Birlamchi bosh og‘riqlarda (migren, klaster tsefalgiya) organik nevrologik buzilishlar kuzatilmasligini ham esda tutish lozim. Bosh og‘riqlar ko‘p etiologiyali sindrom bo‘lganligi bois bemorning somatik statusi ham o‘rganiladi. Har bir bemorda psixologik anamnezni yig‘ish nafaqat tibbiy psixolog, balki boshqa soha vrachlari uchun ham asosiy qoidalardan biri bo‘lishi kerak. Shuningdek, bemorning yashash va ishlash sharoiti, turmush tarzi, zararli odatlarini batafsil o‘rganadi, qanday dorilar iste’mol qilayotganini aniqlaydi.
Davosi. Bosh og‘riqlarni davolash avvalambor ularni yuzaga keltirgan sabablarni bartaraf etishdan boshlanadi. Dastavval sog‘lom turmush tarzi targ‘ib qilinadi. Chekish va ichishdan voz kechish, ratsional ovqatlanish qoidalariga amal qilish, toza havoda sayr qilish va badantarbiya bilan shug‘ullanish shular jumlasidandir. Bemor achchiq va sho‘r narsalardan voz kechishi, xamirli ovqatlarni cheklashi ham juda muhim.
Surunkali bosh og‘riqlarda dam olish sihatgohlarida davolanish samaralidir. Fizioterapiya, igna bilan davolash, yodbromli vannalar, massaj kabi reflektor davolash muolajalarining ahamiyati juda katta. Davolash muolajalarini olib borayotgan vrach birinchi navbatda bemorni tinchlantiradi, unda davolash samarali natija berishiga ishonch tug‘diradi. Buning uchun bemor bilan rejali tarzda psixologik suhbatlar o‘tkazib turiladi. Har qanday etiologiyali bosh og‘riqlarda psixogen omillar etakchi o‘rinni egallashi mumkin. Bosh og‘riqlarning surunkali tus olishiga ko‘pincha bosh og‘riq atrofida yuzaga kelgan salbiy psixologik muhit sababchi bo‘ladi. Davolash muolajalari tugagandan keyin tibbiy nuqtai nazardan olganda bemor bosh og‘riqdan qutuladi, biroq psixologik nuqtai nazardan hali unda bosh og‘riqlar davom etaverishi mumkin. Demoqchimizki, bosh og‘riqlar sababli miyada yuzaga kelgan dominant o‘choq melanxolik va nevrotik shaxslarda yana davom etaveradi. Endi uni “organik” bosh og‘riq emas, balki psixogen bosh og‘riq bezovta qilayotgan bo‘ladi. Bunday bemorlarga faqat platseboterapiya va psixoterapiya yordam beradi, xolos.
Shu erda har qanday vrachning e’tiborini tortadigan bir necha yillar oldin ro‘y bergan voqeani keltirib o‘tamiz.
Bu voqea o‘tgan asrning 90-yillari ro‘y bergan. Bosh og‘rig‘ining doimo kech soat oltida boshlanishidan shikoyat qilib V. ismli 43 yashar ayol bizga murojaat qildi. Poliklinikada nevropatolog nazoratida «Miya ichi gipertenziyasi» tashxisi bilan davolanib yurgan, shu bilan birga PND da ro‘yxatda turgan. Bosh og‘rig‘i boshlanganiga 3 yil bo‘lgan. Bosh og‘rig‘i kuchaygan payti faqat baralgin tabletkasini ichib yurgan. Keyinchalik vrach tavsiyasiga muvofiq bemor bosh og‘riganda baralginni tomiridan ola boshlaydi. Kechqurun soat oltida bosh og‘rig‘i baribir boshlanishiga o‘rganib qolgan bemor qo‘shni hamshirani chaqirib, baralginni shpritsga tortib tayyorlab qo‘yadigan bo‘ladi. Uning uyiga qatnaydigan hamshira bu ukolni hadeb olavermaslikni, buning oqibatida yurakda og‘ir asorat qolishi mumkinligini aytadi va yana bir bor vrach bilan maslahatlashish zarurligini tavsiya qiladi.
Bemor qabulimizga kelganida, uning shikoyatlarini eshitib, yashash tarzini, kasallik va psixologik anamnezini o‘rganib chiqdik. Olingan ma’lumotlardan qisqacha epizodlar keltirib o‘tamiz: juda ishonuvchan va sal narsaga ortiqcha ta’sirlanuvchan ayol. O‘ta parishonxotir. Oilada tez-tez janjalli voqealar bo‘lib turgan, bosh og‘rig‘i navbatdagi kuchli stressdan so‘ng paydo bo‘lgan. Ertasi kuni poliklinikaga nevropatolog qabuliga chiqqan. Vrach uni tekshirib, «Bosh miyaning ichki bosimi oshib ketgan, tez davolanmasangiz oqibati yomon bo‘ladi», degan. Bemor qo‘rqib ketgan, chunki bemorning o‘zidan katta akasi 6 oy oldin kuchli stressdan so‘ng qon bosimi oshib, ertasi kuni gemorragik insultdan o‘lgan. U zarur dori-darmonlarni topib «Miya ichi gipertenziyasidan» davolanishni boshlaydi. Har gal exoentsefaloskopiya qildirganida «Miyaning ichki bosimi oshgan» degan xulosa beriladi. Bu xulosaga ishongan bemor boshqa joyda tekshirilmaydi va poliklinikada davolanib yuradi. Eslatib o‘tganimizdek, bemorning bosh og‘rig‘i aniq bir vaqt, ya’ni kech soat oltida paydo bo‘ladigan bo‘lib qoladi. U depressiyaga tushadi, xulq-atvorida ipoxondrik belgilar paydo bo‘ladi.
Bemorning nevrologik statusini to‘la tekshirganimizda, miya ichi gipertenziyasi belgilari aniqlanmadi, buni paraklinik tekshirishlar ham tasdiqlamadi. Bemorning anketasidagi nevropatolog yozuvlarida ham miyaning ichki bosimi oshishi uchun xos bo‘lgan nevrologik simptomlar yo‘q edi. Anketadagi barcha exoentsefaloskopik tekshiruvlar xulosalarida III qorincha kengligi 7 mm deb qayd qilingan. Bu esa normadan sal farq qiluvchi ko‘rsatkich bo‘lib, kuchli ifodalangan bosh og‘riqlarga sabab bo‘la olmaydi. Demak, bemor etarli darajada tekshirilmagan yoki haqiqatan ham unda miya ichi gipertenziyasi bo‘lmagan. Bemor terapevtlar ko‘rigidan o‘tkazilganda, somatik kasalliklar aniqlanmadi. AQB 120/70 mm.sim.ust. Shunday qilib, klinik va paraklinik tekshirish xulosalari hamda bemorning psixologik anamnezi undagi bosh og‘riqning psixogen xususiyatga ega ekanligini ko‘rsatdi. Bu xulosaga yanada oydinlik kiritish uchun ikkita kichikroq tajriba o‘tkazdik.
Birinchisi, bemorning bosh og‘rig‘i kech soat oltida qanday boshlanishini aniqlash bo‘lsa, ikkinchisi, baralgin o‘rniga boshqa dorini ishlatib ko‘rish edi. Birinchi tajribamizni peshinda bemorni klinikaga taklif qilishdan boshladik. Buning uchun bemorga «Boshingizni aynan og‘riyotgan paytda tekshirib ko‘rishimiz kerak», deb tayinladik. O‘sha laborant bilan boshingizni o‘zimiz exoentsefaloskopiya qilib ko‘ramiz, dedik. Bemor aytgan vaqtimizda etib keldi. Biz bemor bilan klinikaning bog‘ida yurib, laborantning «etib kelishini» kutdik (voqea yoz kunlarining birida bo‘layotgan edi). Bemor boshi qachon og‘riy boshlagani, qanchadan-qancha tekshirishlardan o‘tgani, turli xil tashxislar bilan davolangani, yaxshi samara bo‘lmaganini salkam ikki soat mobaynida tinmay so‘zlardi. Soat oltidan oshib, etti bo‘layotgan edi. Bemordan: «Mana soat ham ettiga yaqinlashib qoldi, lobarant kelmadi, soat olti bo‘lmasdan keluvdingiz, boshingiz og‘ridimi, deb so‘raganimda, u: «Voy, gap bilan bo‘lib, boshim og‘riganini ham sezmabman!
Yo‘q, yo‘q sezmabman emas, boshim haqiqatan ham og‘rigani yo‘q, qanday yaxshi! Nahotki endi boshim sira ham og‘rimasa», deb hayratga tushdi. «Endi laborant ham kelmadi, ertaga kela qolasiz», deb bemor uyiga jo‘natildi. Ikkinchi tajribamizni amalga oshirish uchun bemorga «Baralginni endi novalginga o‘zgartiramiz, bu dori uning sinonimi hisoblanadi, tarkibi xuddi baralginning o‘zginasi» deb, bosh og‘rig‘i xuruji paytida o‘sha dorini tomirdan yuborishni tavsiya qildik. Bemor rozi bo‘ldi, lekin ikki kundan so‘ng bizga telefon orqali «Novalginning ta’siri juda past va qisqa ekan, birozdan so‘ng yana boshim og‘riy boshladi», dedi. Bemor yangi tavsiya qilingan doridan voz kechdi. Bemor biz bilan bo‘lgan suhbatlarning birida «Baralginni yaratganlarga ming rahmat, tomirdan yuborgan zahoti bosh og‘rig‘imni oladi» degandi, ya’ni bemor ushbu doriga psixologik bog‘lanib qolgandi. Bemordan dorini tomir ichiga yuborgandan so‘ng bosh og‘rig‘i qachon to‘xtashini so‘raganimizda, «Besh daqiqaga etmasdan», deb javob bergandi. Aslida baralgin tomirlar spazmini sekin-astalik bilan yo‘qotadi va bosh og‘rig‘ining butunlay pasayishiga 15–20 daqiqa kerak bo‘ladi.
Biz ushbu bemor misolida bosh og‘rig‘ining kuchli stressdan so‘ng paydo bo‘lganligini, uning ma’lum bir soatda kuzatilishini va aniq bir doriga bo‘lgan psixologik bog‘lanishning guvohi bo‘ldik. Shu o‘rinda bosh og‘rig‘i yatropatiya (vrachning noto‘g‘ri xulosasi sababli)ning yaqqol bir ko‘rinishi edi xolos. Bunday bemorlarni davolash ancha murakkab kechadi, ya’ni bosh og‘rig‘i qayta-qayta paydo bo‘laveradi. Masalan, bemor davolanayotgan paytida boshi og‘rimaydi (chunki vrach doimo yonida, xavotirga o‘rin yo‘q), davolash tugab, bemor uyiga jo‘natilgandan so‘ng bosh yana og‘riyveradi (chunki endi vrach yo‘q, xavotir va kasallik belgilari yana qo‘zg‘aladi).
Tibbiy amaliyotda, ayniqsa, nevrologiyada bunday holat ko‘p kuzatiladi. Fikrimizcha, bunday holatni «Vrach yo‘qligi sindromi» deb atash maqsadga muvofiq. Bu sindromning klinik-psixologik manzarasini chuqurroq o‘rganib, unga yuridik status berish joiz. Chunki mukammal davolash muolajalari to‘g‘ri o‘tkazilgandan so‘ng ham vrachdan norozi bo‘lib yuruvchilar soni oz emas. Bu holat nevroz va ipoxondriyada ko‘p uchraydi.
Psixogen bosh og‘riqlar kamayishi yoki yo‘qolishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar ancha. Masalan, yashash joyini o‘zgartirish, suv havzalarida cho‘milib turish, sayrga chiqish, o‘ziga yoqqan kiyim-kechakni xarid qilish va hokazo.
Psixogen bosh og‘riq bilan bemorlarning eng ko‘p shikoyatlaridan biri – bu uyqu buzilishidir. Bemor uxlamoqchi bo‘lganida miyasiga turli xil fikrlar kelaveradi, bu fikrlardan hech qutula olmaydi, ulardan miyasi «yorilib» ketadigan darajagacha boradi, mabodo uxlagan taqdirda ham tush ko‘raverib, battar qiynaladi.
Aksariyat hollarda psixogen bosh og‘riqni boshqa etiologiyali bosh og‘riqdan farqlash ancha mushkul. Subaraxnoidal qon quyilish, seroz meningit, o‘sma, anevrizma, intrakranial gipertenziya bilan kechuvchi kasalliklar, migren, uch shoxli nerv nevralgiyasi, kraniotservikalgiya kabi kasallik va sindromlar psixogen bosh og‘rig‘iga o‘xshab ketadi. Bu kasalliklarning naqadar turli-tumanligi va murakkabligi tibbiy psixologdan nevrologiya fanini mukammal bilish yoki bo‘lmasa bemorni, albatta, nevropatolog ko‘rigidan o‘tkazish zarurligini talab qiladi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha