Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi PSIXOGEN BOSh AYLANIShI

PSIXOGEN BOSh AYLANIShI


Psixogen bosh aylanishi nevroz, psixasteniya va depressiyalarda ko‘p uchraydigan patologik holatdir. Psixogen bosh aylanishi (PBA) psixosomatik sindromlarning bir turidir. PBA mexanizmi MNS funktsional faolligining oshishi yoki pasayib ketishi, neyronal sistemalarda qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlari orasida nomutanosiblikning yuzaga kelib, turg‘un tormozlanish yoki qo‘zg‘alishning shakllanishi bilan tushuntiriladi.
PBA yolg‘iz simptom sifatida kamdan-kam uchraydi. Ko‘p hollarda yurak urib ketishi, holsizlanish, sovuq terga botish, quloqda shovqin, ko‘ngil aynishi, oyoqlar titrashi va xolsizlanish bosh aylanishlar bilan birga namoyon bo‘ladi. Odatda, bu belgilar affektiv buzilishlardan so‘ng kuchayadi. Bunday bemorlar balandlikdan qo‘rqishadi. Shuning uchun ham ular balkon, baland ko‘prik yoki tomdan pastga qaramaslikka harakat qiladilar. Chunki bunday paytda bosh aylanishi kuchayadi.
PBA ga xos yana bir belgi uning vaziyatni oz bo‘lsa-da o‘zgartirganda kuchayishidir. Masalan, baland qavatli binoda yashaydigan bitta bemor, undan bir qavat tepada yashaydigan qo‘shnisinikiga chiqib, balkondan pastga qaraganda boshi aylanib, gandiraklab ketgan, ko‘ngli aynigan, koridorga kirganda esa kamaygan va bir ozdan so‘ng to‘xtagan. Shunisi e’tiborliki, PBA da bemor liftdan ko‘ra zinapoyadan ko‘tarilishni afzal ko‘radi. Qo‘rquv va xavotir ham psixogen bosh aylanishning doimiy yo‘ldoshidir. Buning aksi o‘laroq, organik etiologiyali bosh aylanishlarda qo‘rquv juda kam uchraydi yoki bosh aylanishi boshlanganidan so‘ng kuzatiladi. PBA da bemorlar doimo bosh aylanishi qachon boshlashini kutib yurishadi. Bu ham qo‘rquv shakllanishiga turtki bo‘ladi.
Bemor faqat balandlikdan qaraganda emas, balki avtomobillar qatnovi tez bo‘lgan katta yo‘lga qaraganida ham bosh aylanishi vujudga keladi yoki kuchayadi. Bunday paytlari bemor katta tezlikda o‘tayotgan avtomobillarga qaramaslikka harakat qiladi yoki oyoqlarining ostiga qarab qadamlarini nazorat qilib yuradi. Ana shunda uning bosh aylanishi kamayadi. Katta zallarda olib boriladigan majlislar yoki uzoq davom etuvchi seminar mashg‘ulotlarda ham bosh aylanishi avj oladi. PBA faqat psixogen kasalliklarda kuzatilib qolmasdan, zo‘riqib aqliy mehnat bilan shug‘ullanadigan sog‘lom shaxslarda ham ro‘y beradi. Talabalarda imtihonga berilib tayyorgarlik ko‘rish, ijodkor va ilmiy xodimlarning tinimsiz ishlashi ham bosh aylanishga sabab bo‘lishi mumkin. Lekin asteniyaga uchragan bemorlarda ruhiy-hissiy zo‘riqish bosh aylanishini osongina keltirib chiqaradi.
PBA ba’zida qisqa vaqtga hushdan ketish (sinkope) bilan ham namoyon bo‘ladi. Bu, ayniqsa, umumiy psixogen giperesteziya bilan kechuvchi psixogen kasalliklar uchun juda xos. Buning asosida vestibulyar apparatning kuchli darajada qo‘zg‘aluvchanligi yotadi. Tez-tez hushdan ketib turadigan bemorlarning bosh miya qon tomirlari tekshirilganda, ularda tomirlar tonusining o‘ta darajada pasayganligi (gipotonus) yoki o‘zgaruvchanligi (distoniya) aniqlanadi. Sinkope holatlari psixogen giperventilyatsiyada, AQB pasayganda va yurak kasalliklarida ham yuz beradi. Uzoq payt yotib qolgan bemorlar gorizontal holatdan vertikal holatga o‘tishsa, bosh aylanishi ortostatik kollaps bilan birga yuz beradi. Bu holat, ayniqsa, arterial gipotenziyada yaqqol ifodalanadi. Bunday bemorlar, odatda, vagotonik bo‘lishadi. Ba’zan yuqori darajada rivojlangan nevrasteniya yoki psixasteniyada bemor hushdan ketib qolishi uchun bitta qo‘rquvning o‘zi kifoya. Bemor bir marta hushidan ketsa (ayniqsa, odamlar orasida), u har doim navbatdagi xurujni kutib bezovta bo‘lib yuradi. Nevrolog olimlardan biri Oppengeym (1894) «Har bir kishi o‘zida bosh aylanishini yuzaga keltirishi mumkin, qachonki u muvozanat va bosh aylanishi haqida o‘ylayversa», degan edi. Bosh aylanishining boshqa sabablari ko‘p bo‘lib, ularning mavjudligini har bir tibbiy psixolog bilishi zarur (1- jadval).

1-jadval. Bosh aylanishining boshqa sabablari

Psixogen bosh aylanishi bilan qiyosiy tashxis o‘tkaziladigan patologik holatlar va kasalliklar
  • Mener kasalligi
  • Vertebrobazilyar sohada qon aylanishi etishmovchiligi
  • Arterial gipotoniya yoki gipertenziyalar
  • Intrakranial gipertenziya yoki gipotenziya
  • Bo‘yin osteoxondrozi
  • Anemiyalar
  • Yurak illatlari
  • Turli etiologiyali vestibulopatiyalar
  • Bosh miya o‘smalari, ayniqsa, ensa chuqurchasida
  • Vegetativ distoniya sindromi
  • Surunkali charchash sindromi


PBA ba’zida yatropatiya asorati hisoblanadi. Shuning uchun ham bemordagi simptomlarni, agar ular psixogen xususiyatga ega bo‘lsa, juda xavfli deyaverish yaxshi emas. Shaxsiy kuzatuvimizdan bir misol keltiramiz.
Uzoq yillardan buyon quloq, burun va tomoq kasalliklari maslahat poliklinikasida hamshira bo‘lib ishlaydigan M. ismli 42 yoshli ayolda qattiq hissiy zo‘riqishdan so‘ng bosh aylanishi alomatlari paydo bo‘ladi. U shu darajada kuchli bo‘ladiki, hatto tik turishi uchun bir qo‘lidan bo‘yi etgan qizi, ikkinchisidan esa turmush o‘rtog‘i ushlab turgan. Bu bemorga o‘zi ishlaydigan joyda «Men’er kasalligi» deb tashxis qo‘yishadi. Tashxis bir necha bor o‘zgartiriladi. Migren kasalligi bor bemorlarni bir necha marta o‘zi ham ko‘rgan va anketalar ochgan hamshirada bu kasallikning yaqqol belgilari namoyon bo‘la boshlaydi. U boshqa mutaxassislarga (nevropatologga) ko‘rinmasdan, 3 yil mobaynida LOR vrachlarida davolanib yuradi. Bosh aylanishi xurujlari tez-tez kuzatilib turadigan bu bemor bora-bora juda jahldor, arzimagan narsaga yig‘layveradigan va affektiv holatga tez tushadigan bo‘lib qoladi. Bemor miyasiga «Mener kasalligi»ni shu darajada singdirib olgandiki, har bir affektiv buzilishdan so‘ng, unda xuddi Mener kasalligiga o‘xshash belgilar paydo bo‘lar edi. 
Navbatdagi xurujdan so‘ng bemorga nevropatologga borish kerakligi aytiladi. Bemor bizga murojaat qiladi. Biz bemorda bosh aylanishi xronologiyasi va psixologik anamnezini obdan o‘rganib chiqdik, nevrologik va psixosomatik statusini tahlil qildik. Tekshiruvlarimiz natijasida bemorda Mener kasalligi tashxisini inkor qildik. Barcha tekshiruvlardan so‘ng bemorga «Mener sindromi ko‘rinishidagi niqoblangan depressiya» tashxisi qo‘yildi, ya’ni unda psixogen (yatrogen) bosh aylanishi bor edi, xolos. Bemorning LOR hamshirasi bo‘lib ishlashini e’tiborga olib, unga bu atamalar farqini tushuntirib berdik. O‘z oyog‘ida aslo tik tura olmaydigan va xonamizga ikkala qo‘ltig‘idan ushlab kirilgan bemor shu kuni o‘tkazilgan psixoterapiya va platseboterapiyadan so‘ng o‘z oyoqlari bilan xonamizdan yurib chiqib ketdi. Unda bosh aylanish qaytib kuzatilmadi.
Biz bu o‘rinda yatropatiyaning yana bir klinik ko‘rinishini tahlil qildik. Tabiiyki, talabada savol tug‘ilishi mumkin: “Qanday qilib 3 yil samarasiz davolangan bemor bir kunning o‘zida platseboterapiyadan butunlay tuzalib ketadi». Bu savolga quyidagicha javob beramiz: organik tibbiyotda bemorni qancha uzoq davolasa, natija shuncha samarali bo‘ladi, biroq psixosomatik tibbiyotda buning teskarisi, ya’ni davolash qancha cho‘zilsa, bemorning ahvoli shuncha yomonlashib boraveradi yoki kasallik bir joyda “qotib” qoladi. Demak, har bir vrach o‘zi tekshirayotgan bemordagi simptomlar funktsional xususiyatga ega ekanligiga ishonch hosil qilsa, uning psixologik anamnezini chuqur o‘rganib, platseboterapiyani darrov o‘tkazishi lozim. Ushbu kitobda bunday misollarni iloji boricha ko‘p keltiramiz. Albatta, vrachning obro‘si bunda juda katta ahamiyatga ega. Aks holda platseboterapiya natijasi teskari bo‘lishi mumkin
   Yatropatiyaga melanxoliklar va astenik bemorlar juda moyil bo‘lishadi. Bunday shaxslarda yatropatiyani keltirib chiqarish uchun tibbiyot xodimining bexosdan aytib qo‘ygan gapining o‘zi etarli, xolos. Nima uchun yatropatiya belgilari uzoq vaqt davom etadi? Eksperimental fiziologiya ma’lumotlariga ko‘ra, har qanday tashqi ta’sir (ayniqsa, salbiy) bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ida «dominant o‘choq» hosil qiladi va bu sohaning neyronlari boshqa soha neyronlari faolligini pasaytiradi. Natijada miyaning integrativ faoliyati buzilib, funktsional xarakterga ega bo‘lgan patologik simptomlar shakllanadi. Ularni yo‘qotish uchun miyaning funktsional faoliyatini oshirish va po‘stloqda boshqa, ya’ni ijobiy xususiyatga ega bo‘lgan «dominant o‘choq» hosil qilish kerak.
Aksariyat hollarda bosh aylanishi senestopatik va ipoxondrik simptomlar bilan namoyon bo‘ladi. Bunda tanada sira ketmaydigan turli xil sezgilar, uvishishlar, og‘riqlar, qo‘l va oyoqlarning karaxt bo‘lib qolishi kuzatiladi va ular yilning turli fasllarida kuchayib yoki pasayib turadi. Kasallikning bunday mavsumiy kechishi, albatta, organik kasallikni izlashga majbur qiladi. Bu erda xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun klinik tekshiruvlar psixologik tekshiruvlar bilan birgalikda olib borilishi kerak.


Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
            © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
            ©asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив