Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi PSIXOGEN ARTRALGIYaLAR

PSIXOGEN ARTRALGIYaLAR


Oyoq-qo‘llarning turli bo‘g‘imlarida har xil og‘riqlardan shikoyat qiluvchi bemorlar son-sanoqsiz. Bo‘g‘imlar sohasidagi og‘riqlarga shikoyat qilib artrit yoki revmatizm tashxisi qo‘yilgan bemorlar keyinchalik chuqur klinik va laborator tekshiruvlardan o‘tkazilganda, ularning deyarli yarmidan ko‘pida og‘riqlar psixogen xususiyatga ega bo‘lib chiqqan. Hozirgi gipodinamiya va stress asrida artralgiyalar dolzarb muammo bo‘lib, niqoblangan depressiyaning suyak-bo‘g‘im sistemasida namoyon bo‘ladigan yaqqol belgisidir. 
Psixogen artralgiyalar, odatda, boshqa psixosomatik buzilishlar bilan kechadi. Bular fobiya, xavotir, apatiya, disforiya va shu kabilar. Psixogen og‘riqlar faqat bo‘g‘imlarda kuzatilmasdan, suyak va mushaklarga tarqab, bemorning harakat qilishini cheklab qo‘yishi mumkin. Bir xil holatda ko‘proq turib qolish yoki cho‘kkalab o‘tirish ham og‘riqlarni kuchaytiradi. Ba’zi bemorlar bo‘g‘imlar harakatlansa, undagi “tuzlar” tarqaydi deb, ularni harakatlantirib uqalayversa, boshqa bir bemorlar “og‘riqlar”dan qo‘rqib iloji boricha o‘sha bo‘g‘imlarni qimirlatmaslikka harakat qiladi. Buning natijasida bo‘g‘imlarda shish ham paydo bo‘lishi mumkin.
«Ikkala oyog‘imga xuddi tosh osib qo‘ygandek, yurayotganda oyoqlarimni qimirlata olmayman, qadam tashlagan sayin yurishim qiyinlashib boraveradi», deb shikoyat qiladi bemorlar. Bunday bemorlar, ko‘pincha, «oyoqda venoz qon aylanishining buzilishi» xulosasi bilan angiojarrohlarga yuboriladi. Ularda tashxis tasdiqlanmay bemor tibbiy psixologga borishi kerakligi uqtiriladi. Psixogen artralgiyalar va mialgiyalar uchun og‘riqlarning ko‘chib yurishi juda xos. Bu ko‘chib yurish aniq bir yo‘nalishda emas, balki betartib yo‘nalishda namoyon bo‘ladi: og‘riq bo‘g‘imdan tepaga yoki pastga qarab, ba’zan boshqa sohalardan bo‘g‘im tomonga qarab yo‘naladi. Bemor o‘z og‘riqlariga ta’rif berayotganda hech joyi og‘rimay turadi yoki og‘riqlarni sezmaydi, shikoyatlarini aytib bo‘lgandan so‘ng doktor tekshirishga kirishsa, og‘riq yana paydo bo‘ladi. Bunga psixogen og‘riqlar bilan organik xususiyatga ega bo‘lgan og‘riqlarni qiyoslash paytida, albatta, e’tibor berish kerak.
Psixogen artralgiyalarda bo‘g‘imlarda shish paydo bo‘lib, hattoki bo‘g‘im atrofiga suyuqlik to‘planishi mumkin. Bu manzara og‘riq kuchli bo‘lgan paytlarda yuz beradi. Shunisi e’tiborliki, bu «o‘tkir bo‘g‘im sindromi» affektiv buzilishlarda aniq bir vaqtda ro‘y beradi, ya’ni bemor navbatdagi xuruj vaqtini aniq aytib bera oladi (masalan, har uch kunda, har haftada). Yallig‘lanishga qarshi davo choralari o‘tkazilmasa-da, bu sindrom o‘tib ketadi. Ba’zan tashxis tasdiqlanmasdan, faqat og‘riqning kuchini asos qilib olib, bo‘g‘im bo‘shlig‘idan suyuqlik olinadi va uning ichiga gormon yuboriladi. Bu muolaja ikki-uch marta takrorlangandan so‘ng o‘ta toza bo‘lgan bo‘g‘im yorig‘iga infektsiya tushib, haqiqiy yallig‘lanish jarayoni boshlanib ketishi mumkin.
Ba’zi hollarda artralgiyaning sababi affektiv buzilishlar ekanligi aniqlanmasdan, konservativ usul yordam bermagandan so‘ng bemorga jarrohlik usuli tavsiya etiladi. XIX asrning mashhur nevrolog olimlaridan biri Oppengeym (1894) shunday bir voqeani misol keltiradi. «Menga tizza bo‘g‘imini rezektsiya qilish tavsiya qilingan bemorni ko‘rsatishadi. Jarrohlardan birining tavsiyasi bo‘yicha uni operatsiyadan oldin menga maslahatga yuborishadi. Ikkita qo‘ltiq hassada kirib kelgan bemor biroz vaqtdan so‘ng bu hassalarni qo‘lida ushlab, mening xonamdan o‘zi yurib chiqib ketadi. Chunki unda bor-yo‘g‘i «bo‘g‘im nevrozi» edi, xolos».
Xuddi shunga o‘xshash 2 xil voqeani keltirib o‘tamiz.
1-voqea. Viloyatdan A. ismli 15 yashar qizni travmatologiya-ortopediya bo‘limiga davolanishga yuborishadi. Bu erda manzara boshqacharoq edi. Bemorning hech joyi og‘rimasdi, u faqat oyoqlarini tizza bo‘g‘imida buka olmas edi, xolos. Kasallikning boshlanganiga 3 oy bo‘lib, qilingan barcha choralar yordam bermaganligi sababli, bemorni Toshkentga davolanishga yuborishadi. Unga turli tashxislar qo‘yilgan: «revmatoid artrit», «revmatizm», «bo‘g‘imlar orasiga suyak o‘sib chiqqan» va hokazo. Biroq rentgenogrammada tizza bo‘g‘imlarida hech qanday patologik o‘zgarish aniqlanmadi. Bunga viloyatdagi doktorlar ham e’tibor qilishgan, albatta. Lekin davolash muolajalari yordam bermayotgani bois bemorni markazga maslahatga yuborishgan. Bemor tashqi ko‘rinishidan juda tinch, o‘ziga bino qo‘ygan, yoshiga qaraganda gavdali edi. Uning otasidan (bemor otasi bilan kelgandi) qizning xulq-atvori haqida so‘raganimizda, qiziga ijobiy ta’rif beradi: «Uydagi hamma ishlarni qiladi, onasiga qarashadi, lekin sal erkaroq, aytganini qildiradi». «Qizda kasallik boshlanishidan oldin ruhiy siqilishlar bo‘lganmi?» deb so‘raganimizda, otasi «Yo‘q», deb javob berdi. Biz bemorni xonada yurgizib, kursida o‘tqazib va karavotda yotqizib tekshirib ko‘rdik. Bu harakatlarni u ikkala oyog‘ini tizzasini bukmasdan bajardi. Bemorning otasidan qizning kechqurun uxlaganda oyoqlari qay ahvolda bo‘lishini bilib berishini so‘radik. Viloyatga, qizning onasiga telefon qilib, bu savolni berganimizda, haqiqatan ham bemor kechasi uxlab yotganda, u yoq-bu yoqqa qayrilib yotarkan, ba’zan esa g‘ujanak bo‘lib olarkan. Ushbu ma’lumotlardan so‘ng bizda kasallik psixogen xususiyatga ega ekanligiga hech qanday shubha qolmadi. Shu zahotiyoq davolash muolajasini boshladik. Bu erda ham platseboterapiya usulini qo‘lladik, ya’ni bemorga «Germaniyada ishlab chiqarilgan, tizzani darrov bukib-ochib yuboradigan dorini shpritsga tortib, tizza qopqog‘ining atroflariga yuborishimizni» va bemorning tizzasi 10 daqiqadan so‘ng qizib ketishini, ana shunda uning o‘zi asta-sekin tizzasini bukib-ochishi kerakligini uqtirdik. Xuddi kutganimizdek, 10 daqiqadan so‘ng bemor ikkala tizzasining qizib borayotganini aytdi. Biz unga tizzasini endi bukib-ochishi zarurligini qattiq tayinladik. Bemor bizning talabimizni bajarib,  bemalol xonada yura boshladi.
Ikki kundan so‘ng bizga qizning onasi qo‘ng‘iroq qilib, muhim bir ma’lumotni berdi. Ma’lum bo‘lishicha, qiz otasidan dugonasinikiga o‘xshash qimmatbaho palto olib berishini so‘ragan. Otasi rad javobini bergan va qizini qattiq koyigan. Onasi ham otasining tarafini olgan. Qiz yig‘lab-yig‘lab uxlab qoladi va ertalab tursa, ikkala oyog‘i ham qotib qolgan bo‘ladi. Tabiiyki, ota-ona qizidagi bu holatni kechagi janjal bilan bog‘lamagan va «Qizimizning oyoqlari shamollab qolibdi», deb shifoxonaga yugurishgan. Bu voqea otasining esidan chiqib ketgan, onasi esa faqat biz «Ruhiy siqilishlar bo‘lmaganmi?» deb so‘raganimizdan so‘nggina shu voqeani esladi.
Bunday psixogen buzilishlar yosh bolalarda ham bo‘ladi. 
2-voqea. Uch yoshdan sal oshgan bola yugurib o‘ynab yurgan paytida qattiqroq yiqilib tushadi va chap oyog‘ining sonidan lat eydi. Og‘riqdan oyog‘ini qimirlata olmay chinqirab yig‘laydi. Ota-onasi qo‘rqib ketib, bolani o‘sha zahoti travmatolog ko‘rigiga olib borishadi. Oyog‘i rentgen qilinganda, bolada suyak sinish belgilari topilmaydi. Lekin bolaning oyog‘i ozgina lat egan edi, shuning uchun bolaga og‘riqsizlantiruvchi ukollar qilib, lat egan joyni bog‘lab uyiga jo‘natiladi. Uni bir hafta mobaynida ehtiyot qilish, iloji boricha oyoqni avaylash onasiga tayinlanadi. Bir hafta doktorning tavsiyalari bajariladi va onasi bolani iloji boricha qo‘lida ko‘tarib yuradi. Lat egan joy butunlay bitib ketadi. Doktor bog‘lamlarni olib tashlaydi va bolani erga qo‘yib, «Endi o‘zing yur!» deydi. Bola bu iltimosni rad etib, chinqirib yig‘lab onasiga yopishadi. Onasi bolani ko‘tarib olgandan so‘ng bola yig‘lashdan to‘xtaydi. Bola yiqilganda nerv tolalari ezilgan bo‘lishi mumkin, og‘riq o‘shandan bo‘lsa kerak, deb nevropatologga maslahatga borish tavsiya qilinadi. Bolani bizga olib kelishadi. Bolaning injiqligi va buning ustiga qattiq qo‘rqqanligi bilinib turardi. Uni kursiga o‘tqazib tekshirayotganda yig‘lab yuborishi, onasining oldiga o‘tqazib tekshirganda esa jim o‘tirishi e’tiborimizni tortdi. Chalg‘itish uslubiga o‘tdik. Bolaga: «Men tekshirayotganimda sen kursida indamay o‘tirsang, mana shu konfetni olasan», deb uqtirildi (bola uyda tekshirilayotgan edi). Bola aytganimizni qildi. Topshiriq yanada murakkablashtirildi: «Endi kursidan o‘zing tushsang, mana bu o‘yinchoqni beraman». O‘yinchoq (tank) juda chiroyli bo‘lganidan bola «og‘riqni» ham esidan chiqarib, kursidan sakrab tushdi. «Endi sen mana shu o‘yinchoqni o‘ynab tur, biz onang bilan maslahatlashib olamiz», deb bolaning harakatlarini chekkadan kuzatib turdik. Bola gilam ustiga cho‘kkalab olib, xonaning u yog‘idan bu yog‘iga g‘ildirakli tankni haydab rosa o‘ynadi. Onasi bolaning bu harakatlariga hayron bo‘lib qarab turdi. Ona-bola ketishga shaylanishganda, bola yana ko‘taring, deb onasiga yopishib oldi. Bolaga «Agar sen zinapoyadan pastga o‘zing yurib tushsang, men senga balkondan mana shu koptokni tashlayman», deb va’da berdik. Bola besh qavatli uyning beshinchi qavatidan onasi bilan o‘zi yurib pastga tushdi. Koptok balkondan pastga tashlanganda, dumalab ancha joyga ketib qoldi. Bola xursand bo‘lganidan koptok ketidan yugurib ketdi. 
Bo‘g‘im sohasidagi og‘riqlardan shikoyat qiladigan bemorlarning psixoemotsional statusini yaxshilab tekshirmasdan, ularni kuchli antibiotiklar, gormonlar, salitsilatlar, fizioterapevtik muolajalar bilan uzoq vaqt muvaffaqiyatsiz davolashlar poliklinika va statsionarlarda uchrab turadi. Bunday uslubda ishlaydigan vrachlarni mix kirib yorilgan ballonning teshigini, mixni olib tashlamasdan turib har xil zamonaviy bo‘yoqlar va elimlar bilan yopishga uringan ustalarga o‘xshatishgan. Xo‘sh, unda qanday qilib bemorda psixogen artralgiya borligini aniqlash mumkin? Gap shundaki, hozirgi davrda psixogen artralgiya ko‘pincha tasodifan yoki «bodga» qarshi dorilar foyda beravermaganidan so‘nggina aniqlanadi. Bu davrda bemor deyarli barcha mutaxassislarda bo‘lib chiqadi va nihoyat, unga psixogen artralgiya tashxisi qo‘yiladi. Shuning uchun ham turli xil artralgiya aniqlangan bemorni albatta tibbiy psixologga ko‘rsatish zarur.


Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
           ©asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив