POLIOMIELIT


Poliomielit – markaziy nerv sistemasi, ayniqsa, orqa miyaning motor hujayralari zararlanishi bilan kechuvchi o‘tkir yuqumli kasallik. Poliomielit 1840-yili birinchi bor nemis ortopedi Geyne, keyinchalik esa shvetsiyalik vrach Medin tomonidan yozilgan va o‘rganilgan. Shu bois poliomielit Geyne-Medin kasalligi deb ham ataladi. Poliomielit bilan, asosan, 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar kasallanishadi, biroq u kattalarda ham uchrashi mumkin.
Tarixi. Poliomielit hozirda juda kam uchraydi, chunki barcha bolalar unga qarshi emlanadi. 1905–1916-yillari Evropada poliomielit epidemiyasi kuzatilgan va juda ko‘p bolalar ushbu kasallikdan halok bo‘lgan yoki umrbod shol bo‘lib qolgan. Poliomielit har yili epidemiyaga aylangan va buning oqibatida minglab bolalar shol bo‘lib qolavergan. Shu bois, poliomielit etiologiyasini o‘rganish bo‘yicha ilmiy izlanishlar ko‘p davlatlarda jadal olib borilgan. Nihoyat uni keltirib chiqaruvchi virus aniqlandi va kasallik etiopatogenezi ishlab chiqildi. Bu ishlari uchun 1949-yili 3 nafar olim (Enders J., Vilier T., Robbins F) Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishdi. Poliomielitga qarshi vaktsina yaratildi va 1955-yildan boshlab barcha davlatlarda ushbu kasallikka qarshi emlash ishlari o‘tkazila boshlandi. Emlangan bolalar poliomielit bilan umuman kasallanishmaydi. Ularda ushbu kasal­likka qarshi doimiy immunitet paydo bo‘ladi.
Bugungi kunda poliomielit deyarli uchramasa-da, ammo Hindistonning ba’zi shtatlari, Afrika davlatlari va Afg‘onistonda poliomielit epidemiyasi kuzatilib turadi. O‘zbekistonda poliomielitga qarshi emlash ishlari XX asrning 60-yillaridan boshlab o‘tkazib kelinadi. Poliomielit faqat sporadik tarzda uchrashi mumkin, u ham bo‘lsa emlanmagan bolalarda. Demak, poliomielit bilan kasallanish emlanmagan bolalarda kuzatiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talabiga binoan barcha davlatlarda bolalar poliomielitga qarshi emlanishlari shart qilib qo‘yilgan.
Etiologiyasi. Poliomielit chaqiruvchisi – poliovirus, ya’ni neyrotrop xususiyatga ega enterovirus. Virusning 3 ta (I, II, III) serotipi mavjud. Poliomielit kasalligini, asosan I tip virusi chaqiradi. Poliovirus faqat tirik hujayralarda ko‘paya oladi. Poliomielit faqat odamdan yuqadi. Infektsiya manbai – virus tashuvchi odamlar yoki poliomielit bilan kasallangan bemorlar. Virus atrof-muhitga tupuk yoki fekal orqali tushadi. Virus fekalda uzoq vaqt saqlanadi. Shuning uchun ham virus, asosan, fekal-oral yo‘li orqali organizmga tushadi. Bolani sanitariya-gigiena qoidalariga amal qilmay ovqatlantirish, tozalanmagan suv ichirish, iflos qo‘llar va o‘yinchoqlar, yuvilmagan idish-tovoqlardan foydalanish va shu kabi antisanitar holatlarda poliomielit virusi organizmga tushadi. Virus havo-tomchi yo‘li orqali, ya’ni aksirganda yoki yo‘talganda ham yuqadi. Kam hollarda poliomielit chivin chaqishi orqali yuqadi. Demak, chivin poliomielit virusi tashuvchisi bo‘lishi mumkin. Shu bois, tropik davlatlarda poliomielit bilan kasallanish yilning issiq mavsumlarida ko‘p uchraydi.
Poliomielit mavsumiy kasallik bo‘lib, uning epidemiyasi avgust-sentabr oylarida kuzatilgan. Bugungi kunda poliomielit sporadik tarzda uchraganligi sababli, u bilan kasallanish butun yil mobaynida kuzatilishi mumkin.
Patogenezi. Virus burun-halqum yo‘llari orqali organizmga tushadi va ichaklarning epitelial hujayralarida ko‘payadi. Ko‘paygan virus butun organizm bo‘ylab gematogen va limfogen yo‘llar orqali tarqaladi. U limfatik to‘qimalar, jigar, taloq va suyak iligida to‘plana boshlaydi. Agar virus GEB dan o‘tsa, MNS ning nerv hujayralariga o‘tib oladi. Poliomielit virusi, asosan, orqa miyaning oldingi shoxlarida joylashgan yirik motor hujayralarni va miya ustunidagi kranial nervlarning harakat neyronlarini zararlaydi. Ayniqsa, orqa miyaning kulrang moddasi (harakat neyronlari) zararlanishi poliomielit uchun juda xos. Dastlab unga “poliomielit” nomi berilishi ham shu bilan bog‘liq: yunoncha polio – kulrang, myelos – orqa miya degani. Poliomielit virusi tushgan motor hujayralar to‘la degeneratsiyaga uchrab chiriydi. Shu bois, ushbu kasallikni o‘tkazgan bemorlarda umrining oxirigacha og‘ir falajlik qolib ketadi: falajlangan oyog‘i yoki qo‘li o‘smay qoladi. Masalan, bemor poliomielit bilan 5 yoshda kasallangan bo‘lsa, uning falajlangan qo‘li yoki oyog‘i umrining oxirigacha 5 yashar bolanikidek bo‘lib qoladi.
“Poliomielit” nomi kasallikning patomorfologik mohiyatini to‘la namoyon etmaydi. Chunki poliomielitda nafaqat orqa miyaning oldingi shoxi kulrang moddasi, balki miya ustuni yadrolari, miyacha, po‘stlog‘ osti tugunlari, bosh miya katta yarim sharlari, miya pardalari zararlanadi. Yallig‘lanish jarayoni ekssudativ-proliferativ xusutsiyatga ega bo‘lib, zararlangan neyronlar qayta tiklanishi ham mumkin. Bu esa davolash jarayonining qancha erta boshlanganligi va qay darajada to‘g‘ri olib borilganligiga bog‘liq. Poliomielit uchun asimmetrik zararlanishlar xos, ya’ni orqa miyaning chap yoki o‘ng tomonidagi oldingi shoxlari zararlanadi. Patologik jarayon ikkala tomonda simmetrik joylashgan taqdirda ham, bir tomonda u kuchliroq ifodalanadi. Masalan, poliomielitning o‘tkir davrida ikkala qo‘lda ham periferik falajlik belgilarini kuzatsak, faol davolash natijasida engilroq zararlangan tomonda qo‘lning harakat funktsiyalari to‘la tiklanadi, lekin patologik jarayon kuchliroq ifodalangan tomonda monoplegiya saqlanib qoladi.
Poliomielit virusi, asosan, orqa miyaning bel kengligi motor hujayralarini ko‘p zararlaydi. Zararlanishning ko‘p uchrashi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda bo‘yin kengligi, keyin esa orqa miyaning ko‘krak segmentlari va miya ustunining harakat yadrolari turadi. Yallig‘lanish ketayotgan joylarda perdiapedik gemorragiya, perivaskulyar infiltratsiya, neyronlar destruktsiyasi va neyronofagiya kuzatiladi. Yallig‘lanish jarayoni miyaning yumshoq pardasida ham kechadi, biroq ular tez regressga uchraydi. Poliomielitda ichki a’zolar, ya’ni yurak (miokardit, endokardit), o‘pka (bronxopnevmoniya) va boshqa a’zolar ham zararlanadi.
Klinikasi. Inkubatsiya davri 3 kundan 10 kungacha davom etadi, ba’zan 30 kungacha cho‘ziladi. Kasallikning klinik kechishida prodromal, preparalitik, paralitik, tiklanish va asoratlar davri farqlanadi.
Prodromal davri. Bemorning yuqori nafas yo‘llarida kataral yallig‘lanish belgilari, ya’ni rinit, traxeit, tonzillit, bronxit paydo bo‘ladi. Tana harorati 39°S gacha ko‘tariladi va umumiy intoksikatsiyaga xos simptomlar, ya’ni bosh og‘riq, holsizlik, ishtaha pasayishi kabi belgilar paydo bo‘ladi. Bolaning qorni og‘rib, ichi ketishi mumkin.
Preparalitik davri, ya’ni falajliklar oldi davri. Bu davr 2-6 kun davom etadi. Prodromal davrdagi simptomlar saqlanib qoladi. Terlash kuchayadi. Umurtqa pog‘onasi atrofida kuchli og‘riqlar, ya’ni nevralgiya va mialgiyalar kuzatiladi. Umurtqani perkussiya qilganda va paravertebral sohalarni bosib ko‘rganda og‘riqlar kuchayadi. Og‘riqlar sababli bemorning harakati chegaralanib qoladi. Ildizchalarni tortib tekshirish simptomlari (Neri, Laseg, Vasserman va h.k.) aniqlanadi. Mushaklarda fassikulyar tebranishlar kuzatila boshlaydi. Meningeal simptomlar paydo bo‘lishi mumkin.
Paralitik davr, ya’ni falajliklar davri. Falajliklar kasallikning 2-3-kuniyoq paydo bo‘la boshlaydi, ba’zan esa 5 kundan keyin vujudga keladi. Bu davrda tana harorati birdan pastga tushadi va keyin yana ko‘tariladi. Mana shundan keyin nevrologik simptomlar rivojlana boshlaydi. Nevrologik statusni tekshirganda periferik falajlikka xos simptomlar, ya’ni areflektsiya, atoniya va atrofiya aniqlanadi. Aytib o‘tganimizdek, poliomielit uchun asimmetrik falajliklar xos. Agar bemorni jiddiy tekshirsa, periferik falajlik belgilari preparalitik davrdayoq aniqlanadi. Bu davrda monoparez yoki monoplegiya qaysi qo‘l yoki oyoqda shakllanishini oldindan bilib olish mumkin. Masalan, dastlab qaysi mushaklarda fassikulyar tebranishlar paydo bo‘lsa, falajliklar ham o‘sha mushaklardan boshlanadi.
Bu davrlar ketma-ketligi har doim ham saqlanavermaydi. Ba’zan tana harorati ko‘tarilgan kunning ertasiyoq falajliklar paydo bo‘ladi, ya’ni bola ertalab uyg‘onganda falajliklar sababli o‘rnidan tura olmaydi. Poliomielitda ertalab kuzatiladigan bunday falajliklar “tonggi falajliklar” nomini olgan. Biroq ushbu falajliklar bola uxlab yotganida tunda rivojlangan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Falajliklar davri 1-2 hafta davom etadi va undan keyin tiklanish davri boshlanadi.
Tiklanish davri. Bu davrda falajliklar orqaga chekinadi, ya’ni harakat funktsiyalari sekin-asta tiklana boshlaydi. Tiklanish davri 3-6 oy davom etadi. Bu faol tiklanish davri hisoblanadi. Keyinchalik tiklanish jarayoni susaya boshlaydi va yana 6 oyga cho‘ziladi. Demak, poliomielitda harakatlarning tiklanishi 1 yil mobaynida kuzatiladi. Dastlab kamroq zararlangan mushaklar funktsiyasi tiklanadi. Demak, nekrobioz bosqichidagi hujayralar qayta tiklana boshlaydi. To‘la nekrozga uchragan neyronlar tabiiyki tiklanmay qoladi va ular innervatsiya qiladigan mushaklar guruhi butunlay falajlanadi. Natijada, bemorning qo‘li yoki oyog‘i shol bo‘lib qoladi. Aytib o‘tganimizdek, poliomielit uchun periferik (atrofik) falajliklar xos va ular, asosan monoplegiyalar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Juda kam hollarda periferik falajlik paraplegiya, gemiplegiya va tetraplegiya ko‘rinishida vujudga keladi.
Asoratlar davri, rezidual davr. Odatda, kasallik boshlanganidan 1 yil o‘tgach, tiklanish davri to‘xtaydi va asoratlar davri boshlanadi. Bemorda falajliklar umrbod saqlanib qoladi. Chunki falajlangan qo‘l yoki oyoq o‘smaydi. Agar poliomielit virusi yuz nervini zararlagan bo‘lsa, mimik mushaklar falajlanib, yuz qiyshayib qoladi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, agar vrach kasallikning dastlabki bosqichidayoq to‘g‘ri tashxis qo‘yib, davolash muolajalarini to‘g‘ri olib borsa, bemor hech qanday asoratlarsiz to‘la tuzalib ketadi.
Poliomielitning abortiv (kataral), meningeal va paralitik turlari farq qilinadi.
1. Abortiv turi. O‘tkir boshlanadi. Tana harorati 2-3 kun ichida 39°S gacha ko‘tariladi. Bemorning yuqori nafas yo‘llarida kataral yallig‘lanish belgilari paydo bo‘ladi, tomog‘i qichib yo‘taladi, angina belgilari kuzatiladi. Uni bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynish, qayd qilish, qorinda og‘riq va dispepsiya bezovta qiladi. Poliomielitning bu turi engil kechadi va bemor bir hafta ichida tuzalib ketadi. Poliomielitning ushbu turi ko‘pincha aniqlanmay qoladi. Chunki u atipik tarzda kechadi va bemor qisqa vaqt ichida tuzaladi. Faqat to‘g‘ri yig‘ilgan anamnez, epidemiologik ma’lumotlar va zudlik bilan o‘tkazilgan virusologik tekshiruvlar uni aniqlashga yordam beradi.
Kasallik shu bosqichda to‘xtab qolsa, ya’ni keyingi bosqichga o‘tmasa, unga «Poliomielitning abortiv turi» tashxisi qo‘yiladi. Kasallikning ushbu turida virus havo-tomchi yo‘li orqali atrofdagilarga o‘tishi mumkin.
Meningeal turi. O‘tkir boshlanadi. Tana harorati 40°S gacha ko‘tariladi. Umumiy giperesteziya, kuchli bosh og‘riq, qayd qilish, bo‘yin, ensa va umurtqa sohalarida sanchuvchi og‘riqlar bilan boshlanadi. Meningeal simptomlar, ya’ni Kernig, Brudzinskiy va ensa mushaklari rigidligi paydo bo‘ladi. Shuningdek, radikulyar simptomlar – Neri, Laseg, Vasserman, Maskevich aniqlanadi. Lyumbal punksiyada rangsiz va tiniq likvor katta bosim bilan chiqadi. Likvorni tahlil qilganda pleotsitoz aniqlanadi, ya’ni tsitoz 1 mkl da 200-300 hujayragacha etadi. Dastlabki 3 kunda tsitoz neytrofillar hisobiga yuqori bo‘lsa, keyinchalik neytrofillar soni kamayib, limfotsitlar ko‘paya boshlaydi. Oqsil va qand miqdori ham biroz oshadi. Demak, likvorda hujayra-oqsil dissosiatsiyasi aniqlanadi. Poliomielitning meningeal turi ham engil kechadi, ya’ni 2 haftadan so‘ng bemorning tana harorati pasayib, meningeal simptomlar orqaga chekinadi. Yana 2 hafta o‘tgach bemor tuzalib ketadi. Kasallik ushbu bosqichda to‘xtab qolsa, ya’ni paralitik bosqichga o‘tmasa, unga “Poliomielitning meningeal turi” tashxisi qo‘yiladi.
Paralitik turi. Poliomielitning eng og‘ir turi hisoblanadi va falajliklar bilan kechadi. Falajliklar abortiv va preparalitik (meningeal) davrlardan so‘ng boshlanadi. Yuqori tana harorati saqlanib turadi. U bir tushib, keyin yana ko‘tarilgandan so‘ng falajliklar rivojlanadi.
Poliomielitning paralitik turi topografik nuqtai nazardan spinal, ko‘prik, bulbar va entsefalitik turlarga ajratiladi. Bularning ichida poliomielitning spinal turi ko‘p uchraydi, va u periferik (atrofik) falajliklar bilan namoyon bo‘ladi. Ko‘proq oyoqlar, kam hollarda qo‘llar zararlanadi. Falajliklar monoparez yoki monoplegiya ko‘rinishida vujudga keladi. Shuningdek, diafragmani innervatsiya qiluvchi spinal markazlar zararlanishi hisobiga nafas olish ham buziladi. Falajliklar asimmetrik tarzda namoyon bo‘ladi. Ko‘proq proksimal mushaklar zararlanadi. Falajliklar kasallikning 2-3-kunlari paydo bo‘lsa, mushaklar atrofiyasi 10-12 kunlardan keyin ko‘zga tashlana boshlaydi. Nevrologik statusda pay reflekslari pasaygan yoki yo‘qolganligi aniqlanadi, mushaklar atoniyasi va atrofiya belgilari kuzatiladi. Sezgi buzilmaydi. Elektromiografik tekshiruvlar orqa miyaning oldingi shoxi zararlanganligini ko‘rsatadi. Rentgenologik tekshiruvlarda diffuz osteoporoz belgilari aniqlanadi. Shuning uchun poliomielit o‘tkazgan bemorning zararlangan qo‘li yoki oyog‘i o‘smay qoladi.
Poliomielitning ko‘prik zararlanishi bilan kechuvchi turi to‘satdan boshlanadi va ko‘pincha prodromal davrsiz namoyon bo‘ladi. Ba’zan tana harorati ham ko‘tarilmaydi. Uning bu turi yuz nervi yadrosi zararlanishi bilan kechadi. Shu bois, uning asosiy klinik belgisi – mimik mushaklarning bir tomonlama periferik falajligidir. Poliomielitning ushbu turini aniqlash o‘ta mushkul. Ba’zan bunday holatlarda “Yuz nevropatiyasi” tashxisi qo‘yiladi va uning etiologiyasi poliomielit virusi ekanligi aniqlanmay qoladi.
Poliomielitning bulbar turi juda og‘ir kechadi va yuqori harorat bilan boshlanadi. Buning asosiy sababi patologik jarayonning hayotiy muhim markazlarda, ya’ni uzunchoq miyada joylashganligi bilan bog‘liq. Preparalitik davr kuzatilmaydi yoki bir necha soatlar davom etadi, xolos. Nevrologik statusda IX va X nervlar yadrolari zararlanishi simptomlari aniqlanadi: yumshoq tanglay asimmetrik tarzda osilib qoladi, bemor manqalanib gapiradi, suyuqlik yutayotganda qalqib ketadi yoki ovqat burunning orqa tomoniga ko‘tarilib, burundan oqib chiqadi. Gipersekretsiya kuzatiladi, ya’ni og‘izdan so‘lak oqaveradi. Gipersekretsiya bulbar nervlarning sekretor yadrolari zararlanishi bilan bog‘liq. Keyinchalik disfoniya afoniyaga o‘tadi, ya’ni bemorning ovozi butunlay chiqmay qoladi.
Bulbar turining og‘ir kechishi uzunchoq miyadagi nafas olish markazining zararlanishi bilan bog‘liq. Bronxlar gipersekretsiyasi sababli nafas yo‘llari obstruktsiyasi kuzatiladi, bemor xirillab nafas oladi va aspiratsion zotiljam rivojlanadi. Uzunchoq miyadagi yurak-qon tomir markazining zararlanishi esa yurak faoliyatining buzilishi, ya’ni taxi- va bradiaritmiyalarga va AQB o‘ynab turishiga sababchi bo‘ladi. Zudlik bilan qo‘yilgan tashxis va to‘g‘ri o‘tkazilgan davolash muolajalari bemorning hayotini saqlab qolishi mumkin. Aks holda poliomielitning bu turi o‘lim bilan tugaydi.
Poliomielitning entsefalitik turi ham kam uchraydi. Bu erda topik tashxis to‘g‘ri qo‘yilishi mumkin. Biroq kasallikning sababi poliomielit virusi ekanligini darhol payqash qiyin. Buning uchun zudlik bilan virusologik tekshiruvlar o‘tkazish zarur. Lekin bu tekshiruvlar vrachlar tomonidan har doim ham o‘tkazilavermaydi. Kasallikning bu turi poliomielitga xos bo‘lmagan simptomlar, ya’ni markaziy tipdagi falajliklar, kranial innervatsiyaning markaziy tipdagi buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Bunday buzilishlar bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ining piramidal neyronlari, ya’ni kortikospinal va kortikonuklear yo‘llarda ekssudativ-gemorragik o‘zgarishlar paydo bo‘lishi bilan bog‘liq.
Poliomielit epidemik tarzda uchragan davrlarda uning spinal turi juda ko‘p kuzatilgan. Bugungi kunda esa barcha bolalar poliomielitga qarshi emlangani bois bu kasallik sporadik tarzda uchraydi. Total immunizatsiya natijasida poliomielitning atipik klinik turlari ham paydo bo‘la boshladi.
Vrach ularni o‘z vaqtida aniqlab zudlik bilan davolash muolajalarini o‘tkaza olishi kerak.
Tashxis. Erta yoshdagi bolalarda kasallikning o‘tkir boshlanishi, tana haroratining keskin ko‘tarilishi, tez orada nevrologik simptomlar – kuchli radikulyar og‘riqlar, periferik monoparezlar, meningeal sindrom yoki yuz nervi falajligi rivojlanishi va infektsion anamnezga, ya’ni yaqinda emlanganlar yoki betob bolalar bilan kontaktda bo‘lganligi e’tiborga olinib, poliomielitning dastlabki tashxisi qo‘yiladi. Bolaning poliomielitga qarshi emlangan yoki emlanmaganligi hisobga olinadi.

Eslatma. Emlangan bolalarda poliomielit umuman rivojlanmaydi.

Tashxisni tasdiqlashda virusologik tekshiruvlar juda katta ahamiyatga ega. Poliomielit virusini og‘iz-burun bo‘shlig‘i, axlat va likvordan ajratib olish mumkin. Klinik simptomlar rivojlanmagan bolalarda virusning aniqlanishi poliomielit tashxisini qo‘yishga asos bo‘la olmaydi. Chunki ommaviy emlashlar o‘tkazilayotgan hududlarda emlanmagan bolalarda ham poliomielit virusi aniqlanishi mumkin. Shubhali holatlarda poliomielit shtammini aniqlash uchun PZR usuli qo‘llaniladi.
Poliomielit kasalligida xuddi boshqa virusli neyroinfektsiyalardagi kabi likvorda limfotsitar pleotsitoz, periferik qonda leykotsitoz kuzatiladi. ENMG tekshiruvlarida periferik motoneyronlar patologiyasi aniqlanadi, atrofiyaga uchragan muskullarda bioelektrik faollik so‘nadi. Kasallik chaqiruvchisini aniqlashda virusologik testlar, ayniqsa, PZR katta yordam beradi. Virusologik testlar iloji boricha erta o‘tkaziladi. Ana shunda tashxisni erta qo‘yish va samarali davolash imkoni yaratiladi.
Qiyosiy tashxis. Qiyosiy tashxis erta bolalik davrida uchraydigan bir qator neyroinfektsiyalar bilan o‘tkaziladi. Poliomielitning spinal turi o‘tkir mielit, spinal insult (ayniqsa, leykozda kuzatiladigan), Gien-Barre sindromi bilan qiyosiy tashxis o‘tkaziladi. Poliomielitning meningitik va entsefalitik turlarida qiyosiy tashxis boshqa etiologiyali seroz meningitlar va entsefalitlar bilan o‘tkaziladi. Poliomielitning pontin turi yuz nervining idiopatik nevropatiyasi, bulbar turi – miya ustunining boshqa etiologiyali entsefalitlari bilan qiyoslanadi. Ushbu kasalliklarning qiyosiy simptomlariga oid batafsil ma’lumotlar mielit, meningit, entsefalit va periferik nerv sistemasi kasalliklari yoritilgan boblarda berilgan.
Davolash. Poliomielit tashxisi aniqlangan bolalar zudlik bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqiziladi. Ular maxsus palatalarga joylashtiriladi va boshqa bemorlardan izolyatsiya qilinadi. Poliomielit o‘ta yuqumli bo‘lganligi uchun tashxis aynan shifoxonada tasdiqlanishi yoki inkor qilinishi kerak. Poliomielitda periferik falajliklar tez rivojlanadi. Shu bois, kasallikning dastlabki kunlaridanoq ortopedik qoidalarga qat’iy amal qilish, bemorni tekis va ravon joyga yotqizish, umurtqa pog‘onasi bo‘ylab tanani ushlab turuvchi shinalar qo‘yish yoki maxsus korsetlar kiygizish, oyoq-qo‘llarni ravon tutib turuvchi taxtakachlar bog‘lash zarur. Bu ortopedik moslamalar vaqti-vaqti bilan echib turiladi. Bemorning oyoq-qo‘llari uning gavdasi tagida qolib ketmasligiga e’tibor qaratiladi. Kechqurun bola uxlaganda uning yonida tungi hamshira navbatchilik qilishi maqsadga muvofiq. Bemorning terisi toza tutilishi kerak.
Kasallikning o‘tkir davrida uqalash, jismoniy mashqlar va fizioterapevtik muolajalar qilish mumkin emas. Har qanday faol jismoniy mashqlar falajliklar rivojlanishini tezlashtiradi. Faqat engil silash muolajalari o‘tkaziladi. Yotoq yaralarning oldini olish uchun bolani yon tomonlarga o‘girib turish tavsiya etiladi. Bemorning tagidagi choyshablar ham yig‘ilib qolmasligi kerak. Mushak ichiga qilinadigan inektsiyalardan voz kechiladi. Barcha dorilar vena ichiga yoki teri ostiga qilinadi.
Poliomielit bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun spetsifik antivirus dorilar qilinmaydi. Davolash, asosan, simptomatik terapiyadan iborat. Terapevtik muolajalar shartli ravishda 2 davrga ajratiladi. 1) preparalitik davrda davolash; 2) paralitik davrda davolash. Ma’lumki, o‘tkir virusli infektsiyalar (shu jumladan, poliomielit ham) organizmning kuchli intoksikatsiyasi bilan kechadi. Shuning uchun ham davolashda asosiy urg‘u dezintoksikatsiyaga beriladi. Bemorga etarli miqdorda suyuqliklar va elektrolitlar qilinadi. Suyuqliklar bilan birgalikda, askorbin kislotasi (S vitamini) katta dozalarda venadan qilinadi. Bemorga qilinadigan askorbin kislotasining bir kunlik dozasi 1 kg tana vazniga 0,5-1 g ni tashkil qilishi kerak. Agar bolaning tana vazni 20 kg bo‘lsa, askorbin kislotasining bir kunlik dozasi 10-20 grammni tashkil qiladi. Bemorga, shuningdek, S vitaminiga boy meva sharbatlari (masalan, na’matak sharbati) ko‘p ichiriladi. U oddiy suyuqliklarni kam miqdorda tez-tez ichib turishi kerak. Suyuqliqlar bilan birgalikda kaliy preparatlari (panangin) va diuretiklar ham qilinadi. Radikulyar og‘riqlar va mialgiyalarni bartaraf etish uchun analgetiklar tavsiya etiladi. Tana haroratini tushiruvchi dorilar beriladi. Antixolinesteraz dorilar ham (prozerin, galantamin) preparalitik davrdayoq tavsiya etib boshlanadi. Nafas olish buzilishlari va bulbar falajliklarda bemor intensiv palatalarda davolanishi kerak. Bemorning nafas yo‘llari sanatsiya qilib turiladi. Vrach har doim bemorni sun’iy nafas oldirish sistemasiga o‘tkazishga tayyor turishi kerak. Nafas olishning o‘tkir buzilishlaridan bemor o‘lib qolishi ham mumkin.
O‘tkir intoksikatsiya davrida bemorga faol davolash muolajalari o‘tkazilsa, falajliklar rivojlanmasligi mumkin. Agar periferik falajliklar rivojlansa, AXED qilish davom ettiriladi, nerv va mushaklar metabolizmini yaxshilovchi dorilar, ya’ni V1, V6, V12, E vitaminlari, nikotin kislotasi, polivitaminlar beriladi. Tarkibida kaliy, kaltsiy, fosfor, magniy, yod kabi muhim mikroelementlarni saqlovchi dorilar tavsiya etiladi.
Prognoz va asoratlari. Zudlik bilan erta o‘tkazilgan davolash muolajalarida prognoz doimo yaxshi. Poliomielitning bulbar turi bemor hayoti uchun xavfli. Diafragma muskullarini innervatsiya qiluvchi spinal motoneyronlar zararlanishi ham o‘ta xavfli hisoblanadi. Xavf, albatta, nafasning to‘xtab qolishi yoki zotiljam rivojlanishi bilan bog‘liq. Paydo bo‘lgan o‘tkir falajliklar aksariyat hollarda barham topadi. To‘la falajlangan oyoq yoki qo‘l o‘smay, shol bo‘lib qoladi. Ba’zi bolalarda oyoq-qo‘llar va umurtqa pog‘onasi deformatsiyasi rivojlanadi.
Poliomielitning paralitik turida yomon prognoz berishga shoshmasdan davolashni davom ettiraverish kerak. Chunki harakat funktsiyalarining faol tiklanish davri 3 oy davom etadi. Undan keyin esa tiklanish sust kechadi va 2 yilga cho‘ziladi. Biroq 30% holatlarda atrofik falajliklar umrbod saqlanadi. Agar yuz nervi zararlangan bo‘lsa, mimik muskullarning turg‘un falajligi shakllanadi. Poliomielit o‘tkazganlarda ushbu kasallikka nisbatan turg‘un immunitet shakllanadi.




Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc




Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив