PORAXO‘RLAR PSIXOLOGIYaSI
Savol: Zarifboy Rajabovich! Shu yili barchamizni larzaga solgan voqealar – bu katta amaldorlarning poraxo‘rlik bilan qo‘lga tushgani bo‘ldi. Neyropsixolog sifatida poraxo‘rlar psixologiyasi yoki poraxo‘rlik psixologiyasi haqida nimalar deya olasiz? Inson nega pora oladi?
Javob: Men bu savolingizga neyropsixolog sifatida emas, psixoanalitik nuqtai nazardan javob bera qolay? Neyropsixologiya – oliy ruhiy funktsiyalarni o‘rganuvchi fan bo‘lsa, psixoanaliz – insonning botiniy ongiga nimalar yashiringanini o‘rganuvchi fan. Ko‘rib turganingizdek, oliy ruhiy funksiyasi darajasiga qarab rahbariyat bunday shaxslarni lavozimlarga tayinlayapti. Biroq ushbu kadrlarning ong ostiga nimalar yashiringanini afsuski rahbariyat bilmaydi. Buni faqat psixoanalitik biladi, xolos. Bizda esa psixoanaliz maktabi hali shakllanmagan.
Savol: Odamning ong ostiga nimalar yashiringanini bilib bo‘lmasa nima qilish kerak?
Javob: Millionlab insonlar taqdiri bilan bog‘liq yuksak lavozimlarga tayinlanayotganlarni “Yolg‘on detektori”dan o‘tkazish kerak. Ushbu detektor yaratilganiga mana 100 yil bo‘ldi. Bu uslub asosan kriminalistik psixologiyada ko‘p qo‘llaniladi. Bu metodni kadrlar siyosatida ham qo‘llash vaqti kelganga o‘xshaydi...
Savol: O‘ta olmasa-chi? Yaxshi kadr topishning o‘zi bo‘lmaydi-ku?
Javob: O‘ta olmasa bunday kadrni mutlaq davlat ishlariga yaqinlashtirmaslik kerak. Hali buzilib ulgurmagan yoshlarni izlab topish lozim. Afsuski, bu ish baribir sust ketayapti. Tepadan taklif qilinayotgan islohotlarga pastda kamida besh halqali to‘siq bor.
Savol: Poraxo‘rlikning ijtimoiy sabablarini hamma gapiradi? Siz mana shu illatning psixologik negizi haqida nimalar deya olasiz? Inson nega pora oladi?
Javob: Psixologik bo‘shliqni to‘ldirish uchun pora oladi? Psixologik bo‘shliq esa sira to‘lmaydi. Psixologik bo‘shliq galaktikadagi qora tuynukka o‘xshaydi. Bunday bo‘shliq qachon paydo bo‘ladi? Ushbu bo‘shliq bolalik va o‘smirlik davrida shakllana boshlaydi va inson ulg‘aygan sayin bu bo‘shliq ham kattalashib boradi. Psixologik bo‘shliq – bu yomon narsa emas. Bunday bo‘shliq har birimizda bor. Uni to‘ldirib borsak, bizda qoniqish hissi paydo bo‘ladi. Ushbu bo‘shliqni har kim har xil yo‘llar bilan to‘ldirishga harakat qiladi: olim kashfiyot qilib yoki ixtiro yaratib, yozuvchi chiroyli asar yozib, dehqon hosil etishtirib, futbolchi gol urib, rassom chiroyli san’at asarini yaratib, hunarmand ko‘zni quvontiradigan naqshindor ko‘za yaratib va nihoyat poraxo‘r esa pora olib...
Z. Freyd tili bilan aytganda hayot qoniqishdan iborat. Masalan, mashhur futbolchining bankda million-million dollari bo‘lsa-da, stadionda halloslab yugurib to‘p tepishdan toymaydi va bundan mazza qiladi. Nega?! Chunki miya hujayralari shunga o‘rgangan va unga “Bor to‘p tep, gol ur” deb turadi. Uning miyasi ana shundagina qoniqadi, rohatlanadi. Poraxo‘rlik ham xuddi shunday. Uning olgan pullari milliard so‘mdan oshishi mumkin, biroq to‘xtay olmaydi. Chunki uning miyasi ham shunga o‘rgangan va unga “Pora ol! Pora ol!” deb buyruq berib turadi. Uning miyasi ana shundagina qoniqadi. Demak, poraxo‘r pul etishmaganidan pora olmaydi, rohatlanish uchun pora oladi, qoniqish uchun pora oladi.
Savol. Demak, pora olish – bu etishmovchilikdan emas, miya yoki ruhiyatdagi nuqsondan ekan-da?
Javob: Freydning Alfred Adler degan shogirdi bo‘lgan. Adler “Etishmovchilik hissi” degan ta’limot yaratdi. Ushbu ta’limotga ko‘ra inson dunyoga kelganidan boshlab, ya’ni hali ongi rivojlanmasdan turib o‘zidagi etishmovchilik hissini to‘ldirishga intiladi. Bu intilish ba’zilarda shu qadar kuchli bo‘ladiki, hatto ota-onaga bo‘lgan hurmat-ehtiromdan ham oshib tushadi. “Pul desa otasini ham tanimaydi” degan naql ana shundan kelib chiqqan. Demak, psixoanalitik nuqtai nazardan olganda, chaqaloq ham, bog‘cha va maktab yoshidagi bola ham o‘zidagi etishmovchilik hissini qondirishga intilib yashaydi. Bola ulg‘aygach qaysidir kasbni egallasa, kasb bilan bog‘liq etishmovchiliklarni qondirishga intilib yashaydi. O‘sha ish faoliyati jarayonida u poraga aralashib qolsa, o‘zidagi etishmovchilik hissini pora bilan to‘ldirishga berilib ketadi.
Alfred Adlerning “Etishmovchilik hissi” haqidagi psixologik ta’limoti biroz g‘alati tuyulsa-da, uning turgan bitgani haqiqat. Bu ta’limotni bir o‘qib chiqsangiz, poraxo‘r nega tinmay pora olishi, mashhur futbolchi katta boylikka ega bo‘lsa-da, stadionda tinmay yugurishi, ilmga mukkasidan ketgan olim Nobel mukofoti olgan bo‘lsa-da, laboratoriyadan chiqmay tunab qolishi sirlarini bilib olasiz. Bir e’tibor qiling-a, o‘sha qo‘lga tushayotgan poraxo‘r o‘z kasbi bo‘yicha yuqori darajada professional, biroq o‘sha etishmovchilik hissi uni tinmay pora olishga undaydi. Qissadan hissa shuki, har kimda chaqaloqlik davridan boshlab mavjud bo‘lgan “etishmovchilik hissi” qaysidir kasbga qiziqib to‘g‘ri yo‘ldan ketsa, ushbu sohaning mohir ustasi bo‘ladi, qing‘ir yo‘lga kirib psixologik bo‘shliqni pora bilan to‘ldirishga berilib ketsa, o‘sha biz ko‘rib-bilib turgan xunuk voqealar ro‘y beraveradi.
Savol: Katta mansabdorlarning pora olishi jamiyat psixologiyasiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Javob: Juda yomon va falokatli ta’sir ko‘rsatadi. Chunki davlat va jamiyat ishongan va aslida korrupsiyaga qarshi kurashadigan katta amaldorning o‘zi pora olishi diyonatli odamlarning nafsoniyatiga tegadi va g‘azabini qo‘zg‘aydi. Bu holat jamiyat uchun, ayniqsa, umidli yoshlar uchun katta psixologik zarba hamdir! Bunday yoshlar davlat va jamiyat qonunlariga ishonmay qo‘yadi, ishga qo‘li bormaydi. Qonun himoyachilarining o‘zlari yoshlarga to‘g‘ri yo‘ldan yuringlar deyishadi-yu, ketma-ket pora bilan qo‘lga tushishadi. Ana endi o‘zingiz tasavvur qilib ko‘ring: bu illat yoshlar psixologiyasiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Poraxo‘rlik bilan bog‘liq yana bir eng yomon vaziyat – bu jamiyatning shu holatga ko‘nikib qolishi. Masalan, ta’lim sohasidagi amaldorlar pora olishiga talaba va o‘qituvchilar ko‘nikib qolgan, hokimlar pora olishiga fermerlar ko‘nikib qolgan, prokurorlar pora olishiga organ xodimlari ko‘nikib qolgan va h.k. Natijada global iqtisodiy bo‘hrondan tashqari, aholining barcha qatlamida apatiya (ishga motivatsiya so‘nishi) va depressiya (tushkun kayfiyat) rivojlanadi va hech kim hech narsaga ishonmay qo‘yadi. Karl Gustav Yung ta’biri bilan aytganda, jamiyatda “Buyuk depressiya” shakllanadi va bunday jamiyat hech qachon rivojlanmaydi. Investitsiyalar talon-taroj qilinishi etmaganday, islohotlar ham natija bermay qo‘yadi. Bu dahshatli holat butun organizmga metastaz berib tarqalib ketgan rak kasaliga o‘xshaydi.
Savol: Xo‘sh, unda nima qilish kerak? Nahotki bu baloning davosi yo‘q?!
Javob: Qandli diabetda gangrena sababli chiriy boshlagan bosh barmoqni kesib tashlamasa, bu chirish sekin-asta butun boshli oyoqqa o‘tib, organizmni halok qiladi. Shu bois hanuzgacha rivojlangan davlatlarda ham gangrenaning davosi uni kesib tashlashdan iborat. Unga boshqa hech qanday davo yo‘q. Yana bir holatni misol keltiraman. Tibbiyotda “Apallik sindrom” degan tushuncha bor. Unga hozircha davo yo‘q. Bu sindromda bemor na tuzaladi, na o‘ladi. Tibbiyot bu erda ojiz. Rivojlangan davlatlar bunday bemorlarga rahmi kelib “evtanaziya” usulini qo‘llashadi. Men “Poraxo‘rlik sindromi”ni “Apallik sindrom”ga o‘xshataman. Demak, bunday kishilarga evtanaziya usulini qo‘llash lozim deb o‘ylayman. Axir o‘z xalqi oldida vijdoni qiynalib qamoqxonada yotishibdi. Shuning uchun ularni bu azobdan xalos etish kerak. Yaponiyada engilgan general o‘zini nima qilishini hammamiz bilamiz. Biroq bizning poraxo‘rlar bu ishni qila olmaydi. Shu bois ularga yordam berishimiz va bu azobdan evtanaziya yo‘li orqali qutqarishimiz kerak. Tabiiyki, inson huquqlarini himoya qiluvchi va adolatli jamiyat tarafdorlariga nima deymiz, degan savol tug‘iladi. Ularga javob shunday bo‘ladi: “Biz adolatli jamiyatda yashashni va o‘z huquqlarini himoya qilishga intilayotgan xalqni deb, yiliga 10 ta katta poraxo‘rga evtanaziya usulini qo‘llashni joiz topdik. Bu borada Xitoydan o‘rnak oldik” deymiz.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha