Piramidal yo‘l
Piramidal yo‘l 2 neyronli tuzilishga ega. Birinchi neyronga markaziy, ikkinchi neyronga periferik motoneyron deyiladi. Markaziy neyron (1-neyron) oldingi markaziy pushtada, periferik neyron (2-neyron) orqa miyaning oldingi shoxida yotadi. Piramidal yo‘l markazdan qochuvchi, ya’ni efferent yo‘l hisoblanadi.
Markaziy neyron. 1-neyron aksonlari pastga tushayotib ichki kapsula orqali o‘tadi. Bunda orqa sonning oldingi 2/3 qismidan kortikospinal (tr. corticospinalis), tizza qismidan kortikonuklear yo‘l (tr. corticonuclearis) o‘tadi. Bu ikkala yo‘lga birgalikda piramidal yo‘l (tr. pyramidalis) deyiladi.
Pastga yo‘nalgan piramidal yo‘llar miya oyoqchalari, ko‘prik va uzunchoq miyaning pastki qavati (basis) bo‘ylab tushib keladi. Kortikospinal yo‘llar miya ustunining bazal qavatida lateral joylashib o‘tsa, kortikonuklear yo‘llar medial joylashib o‘tadi.
Kortikospinal yo‘llarning 80-85% uzunchoq miyaning orqa miyaga o‘tish qismida o‘zaro kesishuv (decussatio pyramidum) hosil qiladi. Kesishib orqa miyaning yon ustunlariga tushgan yo‘llarga lateral kortikospinal yo‘l (tr. corticospinalis lateralis) deyiladi. Kesishmacdan oldingi ustunga tushgan yo‘l oldingi piramidal yo‘l (tr. corticospinalis anterior) deyiladi. Ikkala yo‘llar ham orqa miyaning oldingi shoxlariga borib tugaydi (3.1-rasm).
3.1-rasm. Piramidal yo‘l. 1 – markaziy piramidal yo‘l; 2 – miya oyog‘i; 3 – Varoliy ko‘prigi; 4 – uzunchoq miya; 5 – orqa shox; 6 – oldingi shox; 7 – yon ustun; 8 – tr. corticospinalis lateralis; 9 – decussatio pyramidum.
Periferik neyron. Orqa miyaning oldingi shoxida periferik motoneyron joylashgan. Oldingi shoxda α-katta, α-kichik va γ-motoneyronlar farqlanadi. α-katta motoneyron bevosita muskullar harakati, α-kichik motoneyron muskullar tonusi uchun mas’ul. γ-motoneyron esa intrafuzal muskul tolalarini innervatsiya qilib proprioretseptiv impulslarni α-kichik motoneyronlarga o‘tkazib turadi.
Oldingi shox motoneyronlari aksonlari to‘planib, uning oldingi ildizchasini (radix ventralis) hosil qilib chiqadi va ko‘ndalang-targ‘il muskullarga boradi.
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi © asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha