PNEVMOKOKK MENINGIT
Pnevmokokk meningit – pnevmokokklar chaqiradigan og‘ir yiringli meningit. Aholi orasida tarqalishi bo‘yicha meningokokk meningitlardan so‘ng 2-o‘rinda turadi. Kasallik turli yoshlarda uchraydi, biroq 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar ko‘p kasallanishadi.
Etiologiyasi. Pnevmokokk meningitni pnevmokokklar (Streptococcus pneumoniae) chaqiradi. Bu kasallik ko‘pincha zotiljam, yiringli otit, mastoidit va sinusitlardan so‘ng rivojlanadi. Ayniqsa, yiringli mastoidit va otitlarning o‘rni katta. Pnevmokokk yiringli o‘choqlardan gematogen yoki kontakt yo‘llar orqali miya pardalariga etib boradi. Infektsiya bosh miyaning ochiq jarohatlari va likvoreyadan aziyat chekadiganlarda ham ko‘p uchraydi. Surunkali LOR kasalliklar va O‘RK da immunitetning tushib ketishi ham meningit rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Kasallik patogenezi yiringli meningitlar patogeneziga o‘xshashdir.
Klinikasi. Pnevmokokk meningit klinikasi meningokokk meningit klinikasiga juda o‘xshab ketadi. Kasallik tana haroratining keskin ko‘tarilishi bilan o‘tkir boshlanadi. Kuchli bosh og‘rig‘i, ketma-ket qusish va umumiy giperesteziya paydo bo‘ladi. Ba’zida kasallik ketma-ket rivojlanuvchi epileptik xurujlar bilan boshlanadi. Meningeal simptomlar ham darrov shakllanadi. Bemor hushini tez yo‘qota boshlaydi va 24-48 soat ichida chuqur sopor yoki koma rivojlanadi. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarning kallasi kattalashib, liqildog‘i ochila boshlaydi va bo‘rtib turadi. Og‘izning shilliq qavati va terida gemorragik toshmalar toshadi.
Ba’zida kasallik sekin rivojlanadi, tana harorati ham 38°Sdan oshmaydi. Bosh og‘rig‘i va meningeal simptomlar sust ifodalanadi. Biroq tez orada kasallik keskin tus ola boshlaydi va o‘tkir yiringli meningitga xos barcha simptomlar vujudga keladi. Pnevmokokk meningitda yiringli jarayon ko‘pincha miya to‘qimasiga o‘tadi va meningoentsefalit rivojlanadi. Kranial nervlar zararlanishi ham ko‘p kuzatiladi, ayniqsa, ko‘ruv nervi va ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar ko‘p zararlanadi. Shuningdek, oyoq-qo‘llarda markaziy falajliklar paydo bo‘ladi. Umumiy intoksikasiya, IKG va miya shishi sababli yurak-qon tomir va nafas olish faoliyati izdan chiqadi. Qonda kuchli yallig‘lanish reaktsiyalari aniqlanadi.
Likvor bosimi keskin oshadi va unda o‘tkir yiringli meningitga xos barcha belgilar aniqlanadi.
Tashxis. Qon va likvorda kasallik qo‘zg‘atuvchisi, ya’ni streptokokkus pneumoniae aniqlanishi orqali tashxisni to‘g‘ri qo‘yish mumkin. To‘g‘ri tashxis qo‘yishda serologik reaktsiyalardan ham foydalaniladi.
Prognoz. Davolash zudlik bilan boshlanmasa, bir hafta ichida bemor halok bo‘lishi mumkin. Agar antibiotiklar etarli darajada qilinmasa va boshqa davolash muolajalari ham talab darajasida bo‘lmasa, bemorning tuzalishi cho‘zilib ketadi. Ba’zida umrbod davom etuvchi nevrologik (ambliopiya, g‘ilaylik, karlik, markaziy falajliklar) va kognitiv buzilishlar (aqliy rivojlanishdan orqada qolish) saqlanib qoladi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma. Toshkent, 2017., 404 b.
© Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha