PEShONA EPILEPSIYaSI


Epileptogen o‘choq peshona po‘stlog‘ining lateral va medial yuzalarida joylashsa, peshona epilepsiyasi rivojlanadi. Peshona epilepsiyasi klinikasi epileptogen o‘choqning qaysi sohada joylashganiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Epileptogen o‘choq oldingi markaziy pushta, yuqori, o‘rta va pastki peshona pushtalari, peshona bo‘lagining medial yuzasi yoki prefrontal sohada joylashishi mumkin. Peshona epilepsiyasi oddiy, murakkab va ikkilamchi-tarqalgan xurujlar bilan namoyon bo‘ladi.
Peshona epilepsiyasi motor tipdagi xurujlarga juda boy. Jekson tipidagi motor xurujlar oddiy fokal xurujlar ko‘rinishida yuzaga keladi. Biroq epileptogen o‘choq prefrontal sohada joylashsa, peshona epilepsiyasi faqat ruhiy buzilishlar bilan namoyon bo‘lishi mumkin. Bu epilepsiyada fokal xurujlarning aksariyati ikkilamchi-tarqalgan xurujlarga tez o‘tib ketadi.
Peshona epilepsiyasining klinik turlari
  • Oldingi markaziy pushta. Epileptogen o‘choq oldingi markaziy pushtada joylashsa – qarama-qarshi tomonda, asosan, klonik xususiyatga ega motor xurujlar vujudga keladi. Ular Jekson motor xurujlari deb yuritiladi va asosan, yuz va qo‘l panjalaridan boshlanadi. Chunki bu sohalar po‘stloqda oyoq proektsion sohasiga qaraganda katta joyni egallagan. Ushbu fokal xurujlar bosh va tananing faqat bir tomonida kuzatiladi. Masalan, xurujlar avval bir tomondagi mimik muskullardan boshlanib, qo‘lga o‘tadi, keyin esa oyoqqa tarqaydi. Xurujlarning bunday tarqalishini “Jekson yurishi” deb atashadi. Oldingi markaziy pushta qo‘zg‘alishi bilan namoyon bo‘luvchi fokal xurujlardan so‘ng, ko‘pincha, o‘tib ketuvchi falajliklar (monoparez, gemiparez) rivojlanadi. Ushbu falajliklarga Todd falajligi deyiladi. Bu falajlik, odatda, bir necha soatgacha saqlanadi.
  • Peshona pushtalari. Epileptogen o‘choq o‘rta peshona pushtasining orqa qismida joylashsa ko‘z va boshning qarama-qarshi tomonga qayrilishi (buralishi) bilan kechuvchi tonik xurujlar ro‘y beradi. Bunday xurujlar adversiv xurujlar deb ataladi. Epileptogen o‘choq pastki peshona pushtasining orqa qismida (Brok sohasida) joylashsa, vokalizatsiya yoki nutqning birdan to‘xtab qolishi (motor afaziya) kuzatiladi. Biroz vaqt o‘tgach, bemor yana so‘zlay boshlaydi. Bu holatni, ko‘pincha, TIA bilan qiyoslashga to‘g‘ri keladi. Epileptogen o‘choq operkulyar saha, ya’ni pastki peshona pushtasining chakka bo‘lagi bilan chegaradosh sohada joylashsa, og‘izni chapillatish, lablarni cho‘chchaytirish, chaynash, so‘rish va yutish kabi harakatlarni eslatuvchi fokal xurujlar kuzatiladi. Bu paytda gipersalivatsiya, yo‘tal va ba’zida nutq buzilishlari paydo bo‘ladi. Bunday xurujlar operkulyar xurujlar deb nomlanadi.
  • Epileptogen o‘choq prefrontal sohada joylashsa, peshona epilepsiyasi, asosan, ruhiy buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi. Bu holat neyropsixologiyada peshona psixikasi deb ataladi. Prefrontal soha premotor sohadan oldinda joylashgan bo‘lib, unga peshona bo‘lagining oldingi, pastki (orbitofrontal soha) va medial yuzalari (qo‘shimcha motor soha) kiradi. Prefrontal soha qo‘zg‘alganda kuzatiladigan epileptik xurujlar prefrontal epilepsiya deb ataladi. Prefrontal epilepsiyaning asosiy klinik belgilari – psixomotor qo‘zg‘alishlar, vegetativ-vistseral paroksizmlar, jestikulyatsiyalar bilan kechuvchi murakkab avtomatizmlar, tutqanoq xurujisiz to‘satdan yiqilib tushishlar (postural tonusning birdan yo‘qolishi sababli), to‘xtab qotib qolishlar (absanslar), adversiv va vokal xurujlardir. Bunday xurujlar ruhiy kasalliklarda kuzatiladigan o‘tkir psixozlarni eslatadi. Ba’zida adashib bemorni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizib qo‘yishadi. Murakkab fokal xurujlar bilan boshlanuvchi prefrontal epilepsiya ikkilamchi-tarqalgan xurujlarga tez o‘tib ketadi. Prefrontal epilepsiya ushbu sohani qo‘zg‘ovchi o‘sma va arteriovenoz malformatsiyalarda ko‘p uchraydi.
  • Belbog‘ pushta. Epileptogen o‘choq corpus callosum ustida joylashgan belbog‘ pushtada (gyrus cinguli) shakllansa, emotsional-affektiv va vegetativ-vistseral tipdagi murakkab fokal xurujlar ro‘y beradi. Xuruj paytida bemorning kayfiyati tushib ketadi, to‘satdan qo‘rquv bosadi, ko‘zlarini katta-katta ochib, kipriklarini pirpirata boshlaydi, qorachiqlari kengayadi, yuzi qizarib ketadi, tanasi muzlab sovuq qotadi yoki qizib ketadi, yurak urishi va nafas olishi tezlashadi, abdominal og‘riqlar va siyishga qistovlar paydo bo‘ladi. Xuruj paytida bemor yaqinlari oldiga qo‘rqib chopib borishi yoki burchakka pisinib olishi, yig‘lab yoki baqirib yuborishi, boshi aylanib o‘tirib qolishi mumkin. Bunday xurujlar tsingulyar xurujlar deb ataladi. Tsingulyar xurujlar kam uchraydi. Ular, asosan, corpus callosum yoki gyrus cinguli sohasida joylashgan o‘sma va arteriovenoz malformatsiyalarda ko‘p kuzatiladi. Tsingulyar xurujlarni, ba’zan isterik xurujlar bilan adashtirishadi.



Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Epilepsiya. Qo`llanma Toshkent, 2018., 128 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив