Peshona sohasi o‘smalari
Peshona sohasi o‘smalari, ayniqsa, prefrontal sohada joylashganlari, uzoq vaqtgacha klinik simptomlarsiz kechadi. Aksariyat hollarda bemor to‘satdan paydo bo‘lgan psixomotor qo‘zg‘alishlar yoki epileptik xurujlar bilan shifoxonaga tushib qoladi. Kasallikning keskin tarzda bunday boshlanishi gemorragik insultga o‘xshab ketadi va faqat zudlik bilan o‘tkazilgan tekshiruvlar, ayniqsa, MRT tekshiruvi, tashxisni to‘g‘ri aniqlash imkonini beradi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, peshona psixikasi simptomlari peshona sohasi zararlanishi uchun juda xos. Ba’zida peshona psixikasi uzoq vaqt peshona o‘smalarining yagona simptomi bo‘lib qoladi. Keyinchalik ruhiy buzilishlarga nevrologik simptomlar qo‘shiladi. Peshona o‘smalarida eng ko‘p uchraydigan nevrologik simptomlar – bular peshona ataksiyasi, astaziya-abaziya, epileptik xurujlar (umumiy, adversiv, operkulyar), nigoh falajligi, psevdoparkinsonizm, yuz nervining markaziy falajligi va oral avtomatizmi reflekslaridir.
Peshona ataksiyasi yuqori va o‘rta peshona pushtalarining oldingi sohasi o‘smasida, ya’ni prefrontal soha zararlanganda rivojlanadi. Chunki bu yerdan miyacha faoliyatini nazorat qiluvchi yo‘llardan biri tr. frontopontoceredellaris boshlanadi. Peshona ataksiyasi qarama-qarshi tomonda gemiataksiya bilan namoyon bo‘ladi. Chunki tr. frontopontoceredellaris qarama-qarshi tomondagi miyacha yarim sharini nazorat qiladi. Gemiataksiya tomonda koordinator buzilishlar vujudga keladi, ya’ni barmoq-burun sinovida intensiya, tovon-tizza sinovida ataksiya aniqlanadi. Shuningdek, adiodoxokinez yaqqol ko‘zga tashlanadi. Statik va dinamik ataksiya kuzatiladi va ko‘zni yumish ataksiyaning kuchayishiga kam ta’sir qiladi. Skandirlashgan nutq va nistagm kuzatilmaydi. Og‘ir hollarda astaziya-abaziya rivojlanadi, ya’ni bemor tik tura olmaydi va yura olmaydi. Astaziya-abaziya peshona sohasi zararlanishi uchun juda xos simptom.
Oral avtomatizmi reflekslari peshona sohasi o‘smalarida ko‘p kuzatiladi. Ular, asosan, xartum (labni cho‘chchaytirish simptomi), Marinesku-Rodovich (kaft-iyak simptomi) va Yanishevskiy (ushlab olish simptomi) reflekslari bilan namoyon bo‘ladi.
Ekstrapiramidal buzilishlar peshona sohasining po‘stlog‘osti o‘smalarida ko‘p uchraydi. Chunki dumli yadroning (nucleus caudatus) bosh qismi peshona bo‘lagiga kirib boradi. Agarda o‘sma peshona bo‘lagining po‘stlog‘osti qismida joylashsa, unda dumli yadroning bosh qismi zararlanadi va pallidar sindrom rivojlanadi. Pallidar sindrom, asosan, gipokineziya, amimiya, nutq akineziyasi va ixtiyoriy harakatlarga bo‘lgan motivasiyaning sustlashuvi bilan namoyon bo‘ladi.
Peshona sohasi o‘smalarida apraksiya, motor afaziya va agrafiya kabi simptomlar ham kuzatiladi. Bu simptomlar dominant yarim shar o‘smalarida (ayniqsa, afaziya) yaqqol namoyon bo‘ladi.
Peshona sohasi asosida joylashgan o‘smalarda bir tomonlama anosmiya va amavroz rivojlanadi. Chunki peshona bo‘lagining tagidan hidlov (n. olfactorius) va ko‘ruv (n. opticus) nervlari o‘tadi. Agarda o‘sma ko‘ruv nervini zararlasa, Foster-Kennedi sindromi rivojlanadi, ya’ni o‘choq tomonda ko‘ruv nervi atrofiyasi, qarama-qarshi tomonda esa ko‘z tubi dimlanishi kuzatiladi.
Peshona bo‘lagining medial sohasi o‘smalarida vegetativ-vistseral simptomlar, ya’ni yurak-qon tomir va nafas olish faoliyati buzilishlari, tos a’zolari disfunktsiyasi va boshqa vazomotor reaktsiyalar kuzatiladi.
Nigoh falaji ham peshona sohasi o‘smalarida ko‘p uchraydigan simptomlardan biridir. Bu simptom o‘rta peshona pushtasining orqa qismi o‘smasi, ya’ni nigoh markazi zararlanganda kuzatiladi. Bunda bemor “o‘choq tomonga qarab yotadi”. Agarda nigoh markazi ta’sirlantirilsa, ko‘z va bosh o‘choqqa qarama-qarshi bo‘lgan tomonga titrab buriladi. Bunday xurujlarga adversiv epileptik xurujlar deb aytiladi.
Biz po‘stloq markazlari zararlanganda uchraydigan fokal epileptik xurujlar haqida to‘xtalib o‘tdik. Ba’zida peshona sohasi o‘smalarida katta epileptik xurujlar ham rivojlanadi: bemor to‘satdan hushidan ketadi, tananing ikkala tomonida tonik-klonik xurujlar paydo bo‘ladi, tilini tishlab oladi, og‘zidan ko‘pik chiqadi va tagiga siyib yuboradi. Ba’zida bu xurujlar ketma-ket ro‘y beradi, ya’ni epistatus rivojlanadi va bemor hayoti uchun juda katta xavf soladi. Xurujlardan so‘ng neyropsixologik va nevrologik simptomlar yanada zo‘rayadi. Bosh miyaning hajmli jarayonlari sababli rivojlangan epileptik xurujlardan so‘ng o‘choqli nevrologik simptomlar zo‘rayib borishi yoki paydo bo‘lishini esda tutish lozim.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
©Z. Ibodullayev. Insult va koma, Toshkent, 2013., 193 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi ©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha