PEShONA BO‘LAGI
Bosh miya katta yarim sharlarining markaziy egatchadan oldinda joylashgan qismiga peshona bo‘lagi deb aytiladi. Peshona bo‘lagida uchinchi funktsional blok joylashgan bo‘lib, barcha ruhiy jarayonlarni boshqarish, dasturlar tuzish va nazorat qilish uchun javob beradi.
Peshona bo‘lagida quyidagi sohalar farqlanadi:
1. Motor soha – oldingi markaziy pushta (4-maydon), birlamchi kortikal soha (proektsion soha). Bu erdan, ya’ni 5 qavatdan piramidal yo‘llar boshlanadi. Bu yo‘llar miya ustunida hamda orqa miyada joylashgan motor hujayralarga borib tugaydi. Motor soha somatotopik tamoyilga asoslangan bo‘lib, ixtiyoriy harakatlar uchun mas’uldir.
2. Premotor soha – oldingi markaziy pushtaning old qismida joylashgan bo‘lib (6 va 8-maydonlar), ikkilamchi kortikal maydon ya’ni, proektsion-assotsiativ soha hisoblanadi. Bu erda adversiv maydon joylashgan. Bu joy ta’sirlantirilsa, bosh va ko‘z qarama-qarshi tomonga buriladi. Yuqori peshona pushtasining orqa qismi koordinatsiya va muvozanatni boshqarishning kortikal markazi (8-maydon) hisoblanadi. Bu erdan tr. fronto-ponto-cerebellaris boshlanadi va miyachaning qarama-qarshi yarim shariga borib tugaydi. Pastki peshona pushtasining orqa qismida (44-maydon) motor nutq markazi, ya’ni Brok markazi joylashgan. Brok maydoni nutq artikulyatsiyasi uchun javob beradi va orqa markaziy pushtaning til, lab va tanglayni innervatsiya qiladigan proektsion yo‘llar bilan chambarchas bog‘langan. Shuningdek, Brok markazi nutq modulyatsiyasi va musiqal intonatsiya uchun javob beradigan 45-maydon bilan ham mustahkam aloqaga ega. Yozish markazi o‘rta peshona pushtasining orqa qismida (6-maydon), ya’ni qo‘l proektsion sohasiga juda yaqin joylashgan. Yozish markazi Brok markazi bilan ham afferent va efferent aloqaga ega. Shu sababdan Brok afaziyasida ikkilamchi agrafiya kuzatiladi.
3. Prefrontal soha – peshona bo‘lagining old yuzasida joylashgan (9, 10, 11, 45, 46, 47-maydonlar) bo‘lib, assotsiativ neyronlardan iborat uchlamchi kortikal sohadir. Uning asosiy vazifasi barcha ruhiy faoliyat bo‘yicha dasturlar tuzish, boshqarish va nazorat qilish.
4. Mediobazal soha – birinchi funktsional blok tarkibiga kiruvchi soha bo‘lib, limbikoretikulyar kompleks bilan mustahkam efferent va afferent aloqalarga ega.
Peshona bo‘lagi zararlanish sindromlari. Klinik amaliyotda ushbu sindromlar topik nuqtai nazardan quyidagi 4 guruhga ajratib o‘rganiladi:
- Motor soha zararlanishi sindromlari.
- Premotor soha zararlanishi sindromlari.
- Prefrontal soha zararlanishi sindromlari.
- Mediobazal soha zararlanishi sindromlari.
Premotor soha zararlanishi sindromlari. Premotor soha zararlanganda falajliklar kuzatilmaydi. Biroq har qanday harakatning kinetik mexanizmi izdan chiqadi. Bunda maqsadga yo‘naltirilgan harakatlarni ketma-ket bajarish mumkin bo‘lmay qoladi. Bunda maqsadga yo‘naltirilgan oddiy harakatlar ham, murakkab harakatlar ham bir maromda bajarilmaydi. Hayot davomida shakllangan va avtomatik darajaga etgan ongli harakatlar dasturi izdan chiqadi. O‘ymakor o‘yishni, duradgor mix qoqishni, tikuvchi ko‘ylak tikishni, musiqachi musiqa asboblarini chalishni eplay olmay qoladi. Bemor go‘yoki no‘noq va uquvsiz odamga aylanadi.
Premotor sindrom uchun yuqori darajada ifodalangan harakat perseveratsiyalari xos. Bir xil tusda hadeb takrorlanaveradigan maqsadsiz harakatlarga harakatlar perseveratsiyasi deb aytiladi. Bemor harakat qilishni boshlaydi, biroq keyingisiga o‘ta olmaydi. Masalan, doira chizing va uning izidan uchburchak chizing deyilsa, u hadeb doira chizaveradi, biroq uchburchakka o‘ta olmaydi.
Premotor sindromning asosiy simptomlaridan biri – bu dinamik (kinetik) apraksiya. Maqsadga yo‘naltirilgan harakatlarning ketma-ket ravishda bir maromda bajarilishi buzilishiga dinamik apraksiya deb aytiladi. Ma’lumki, premotor soha maqsadga yo‘naltirilgan harakatlarning efferent (kinetik) mexanizmini ta’minlab beradi. Uning izdan chiqishi dinamik praksis buzilishiga olib keladi.
Tekshirish usullari. Dinamik praksis quyidagi sinamalar yordamida o‘rganiladi.
Birinchi sinama. Bemorda “musht-qirra-kaft” yoki “qirra-musht-kaft” sinamasi tekshiriladi. Dinamik praksisni tekshirishda bu sinama juda qo‘l keladi. Chunki ushbu sinama orqali harakatlarning bir maromda ketma-ket bajarilishini kuzatish mumkin (1-rasm).
1-rasm. Musht-qirra-kaft sinamasi
Premotor sindromda ushbu topshiriq so‘z orqali berilsa ham, qanday bajarilishi vrach tomonidan ko‘rsatib berilsa ham, bemor uni bajara olmaydi. Chunki harakat mexanizmi izdan chiqadi. U bir xil harakatni hadeb takrorlayveradi yoki “musht-qirra-kaft” ni ko‘rsatib berish o‘rniga “musht-qirra-musht” yoki “musht-qirra-qirra” kabi harakatlar qilaveradi. Sinamani bir qo‘lda bajarib bo‘lgandan so‘ng, uni ikkinchi qo‘lda ham bajarish so‘ralishi kerak. Chap premotor soha zararlanganda, odatda, bu sinamani chap qo‘lda ham, o‘ng qo‘lda ham bajarib bo‘lmaydi. O‘ng yarim shardagi premotor soha zararlanganda esa, kinetik apraksiya faqat chap qo‘lda kuzatiladi.
Ikkinchi sinama. Vrach bemordan mushti, kafti, kaftning kirrasi bilan stolga ketma-ket urishni so‘raydi. Bu harakatlarni bemor bir necha bor vrach ko‘rsatgan tartibda bajarishi lozim. Ana shundagina bemorda kinetik (dinamik) apraksiya bor-yo‘qligini aniqlab olish mumkin. Bu sinama ikkala qo‘lda ham alohida-alohida tekshiriladi.
2-rasm. Qadoqsimon tana zararlanganda chap qo‘lda apraksiyaning kelib chiqish mexanizmi.
1 – chap parietal soha po‘stlog‘i;
2 – sorpus kallosum da patologik o‘choq;
3 – O‘ng yarim sharning oldingi markaziy pushtasida qo‘l proektsion sohasi;
4 - kortiko-spinal yo‘l;
5 – orqa miya bo‘yin kengligining oldingi shoxi
3 rasm. Resiprok koordinatsiya.
Uchinchi sinama. Bemor bir qo‘lini musht qilib, ikkinchi qo‘lini yozgan holatda tizzasiga qo‘yadi. Keyin ularni ketma-ket bukib-ochish so‘raladi. Bunda bitta qo‘l panjasi musht qilinsa, ikkinchisi yoziladi va h.k. Premotor soha zararlanganda bu sinamani bajarib bo‘lmaydi. Bemor sinamani yo bitta qo‘lda bajaraveradi, yo ikkala qo‘l panjasini ham bir xil ochib yumaveradi. Qadoqsimon tananing oldingi qismini zararlovchi parasagital joylashgan o‘smalarda retsiprok koordinatsiya ikkala qo‘lda ham buziladi. Biroq dinamik harakatlarni bir qo‘lda bajarish, odatda, saqlanib qoladi. Harakatning kinestetik mexanizmini ta’minlab beruvchi pastki parietal soha zararlanganda retsiprok koordinatsiya buzilmaydi. Retsiprok koordinatsiya bajarilayotganda qarama-qarshi tomondagi qo‘lda harakatlar biroz sekin bajarilishi mumkin. Bu sinama gemiparez bilan namoyon bo‘ladigan lokal zararlanishlarda tekshirilmaydi.
To‘rtinchi sinama. Qo‘l panjalari bilan stolga ketma-ket to‘qillatib urish sinamasi. Bemordan ikkala qo‘l panjasini stolga qo‘yish so‘raladi. Undan o‘ng qo‘l bilan stolga ikki marta, chap qo‘l bilan bir marta ketma-ket urish so‘raladi. Bu sinamalar ketma-ket bir maromda vrach ko‘rsatgan tartibda bajarilishi kerak:
Sog‘lom odamda stolga urish aslida quyidagicha bajariladi:
O‘ng qo‘l Chap qo‘l | II II II I I |
Premotor sindromda yoki korpus kallosum zararlanganda bu sinama quyidagicha bajariladi.
O‘ng qo‘l Chap qo‘l | II II II I I II II yoki I I |
Bemordan harakatlar ketma-ketligini jadalroq ritmda bajarib berish so‘ralsa, buzilishlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bemor sinamani bir maromda bajara olmay izdan chiqib ketaveradi. Agar patologik jarayon peshona bo‘lagining chuqurroq tuzilmalarida joylashsa, ushbu sinama impulsiv tarzda ortiqcha harakatlar bilan bajariladi: bemor stolga qattiq-qattiq uradi, ko‘p urib yuboradi, o‘zini to‘xtata olmaydi. Premotor kortikal sindrom harakatlar perseveratsiyasi bilan namoyon bo‘lsa-da, biroz sust bajariladi, so‘z orqali noto‘g‘ri harakatlarni korrektsiya qilsa bo‘ladi. Chuqur tuzilmalar zararlanganda esa impulsiv harakatlarni so‘z orqali korrektsiya qilib bo‘lmaydi.
Beshinchi sinama. Bitta qo‘lda bajariladigan “Musht-halqa” sinamasi. Bemordan galma-gal qo‘lini goho musht qilib, goho barmoqlari bilan halqa yasab oldinga tashlash so‘raladi (rasmga qarang). Bu sinama osonroq sinamalardan hisoblanadi. Premotor soha zararlanganda bu sinama bir maromda bajarilmaydi, bir harakatdan ikkinchi harakatga qiyinchilik bilan o‘tiladi yoki bemor qo‘lini oldinga musht qilib tashlayveradi.
4-rasm. “Musht-halqa” sinamasi
Oltinchi sinama. Panjara chizish sinamasi. Bemordan quyidagi ko‘rinishda panjara chizish so‘raladi.
5-rasm. Panjara chizish sinamasi.
5-rasmda ko‘rinib turganidek, panjarada P shakli va uchburchak shakli ketma-ket kelyapti. Premotor sindromda esa bemor faqat P shaklini chizaveradi. Undan “Uchburchak shakli qolib ketdiku” deb so‘rasangiz, “Ha, bo‘ldi, tushundim” deydi-da, uchburchak shaklini chiza boshlaydi, biroq P shakliga o‘ta olmaydi. Bu erda Luriya ta’biri bilan aytganda “kinetik melodiya” izdan chiqadi va harakatlar dezavtomatizatsiyasi va perseveratsiyalar kuzatiladi.
6-rasm. Premotor sindromda namoyon bo‘layotgan harakat perseveratsiyalari (A.R. Luriya, 1973). A – chap peshona bo‘lagida katta o‘sma joylashgan bemor: a) “Aylana chizing” topshirig‘i; b) “2 raqamini yozing” topshirig‘i; v) “5 raqamini yozing” topshirig‘i. B. Turli figuralar bilan bog‘liq chizmalarda harakat perseveratsiyalari. Bu erda ham chap peshona bo‘lagida o‘sma bor.
Har qanday harakatni ta’minlashda kinestetik, kinetik va optik-fazoviy mexanizmlar bir paytning o‘zida faoliyat ko‘rsatishi kerak. Neyropsixolog esa maqsadga yo‘naltirilgan harakatlarning qaysi mexanizmi qanday bosqichda izdan chiqqanini farqlay olishi lozim. Aks holda u topik tashxisni qo‘yishda qiynaladi.
Prefrontal soha zararlansa, quyidagi simptomlar yuzaga keladi:
1. Harakat dasturlarini tuzishning buzilishi.
2. Harakatlarni ongli tarzda boshqarishning buzilishi.
3. Stereotip harakatlarni hadeb takrorlayverish (perseveratsiyalar).
4. Vrach ko‘rsatgan harakatlarga taqlid qilib ularni takrorlayverish.
5. Nutq orqali boshqarishning izdan chiqishi.
6. Exolaliya – eshitgan so‘z va jumlalarni takrorlayverish.
Maqsadli harakatlarni bajarishning buzilishini aniqlashga oid sinamalar:
1. Men stolga bir marta urganimda, siz chap qo‘lingizni ko‘tarasiz, ikki marta urganimda o‘ng qo‘lingizni ko‘tarasiz.
2. Men stolga bir marta urganimda, siz 2 marta urasiz, 2 marta urganimda 1 marta urasiz.
3. Men barmoqlarimni yozganimda, siz qo‘lingizni tepaga ko‘tarasiz.
Nutqning regulyator funktsiyasini tekshirish usuli:
Bemorga so‘z orqali ko‘rsatma berilsa, u o‘sha so‘zlarni qaytaradi, biroq ko‘rsatmani bajarmaydi. Masalan, “Mening kaftimni 2 marotaba siqing” deb so‘ralsa, u bu topshiriqni bajarish o‘rniga “Mening kaftimni 2 marotoba siqing” degan iboralarni takrorlaydi. Harakat bilan bog‘liq ko‘rsatma bajarilmaydi.
Hisoblash qobiliyatining buzilishi:
Bemordan 100-7 = hisoblashni bajarib borish so‘raladi. Prefrontal sindromda 100 dan 7 ni ketma-ket ayirish topshirig‘ini bemor bajara olmaydi. U bir xil, ya’ni stereotip raqamlarda qotib qoladi. Masalan, 100-7 = 93; 83..., 73…, 63 va = h.k.
Chap va o‘ng yarim sharlar prefrontal sindromlarining bir-biridan farq qiluvchi jahatlari ko‘p.
Yarimsharlararo munosabatlar. Chap peshona bo‘lagi zararlanishida ixtiyoriy harakatlarni boshqarishda nutqning regulyator funktsiyasi buzilishi yaqqol ko‘zga tashlanadi, so‘z boyligi kamayadi, nutq sekinlashadi, umumiy motivatsiya sustlashadi. Intellektual va mnestik funktsiyalar yaqqol buziladi. O‘ng peshona bo‘lagi zararlanganda, aksincha, bemor so‘zamol bo‘lib qoladi, ma’nosiz ko‘p gapiradi. Ularning nutqida stereotip harakatlar, shtamplar ko‘p aniqlanadi. Bunday bemorlar chetdan qaraganda maslahatgo‘y odamni eslatadi.
Peshona bo‘lagining mediobazal tuzilmalari zararlanishi sindromlari. Peshona bo‘lagining mediobazal tuzilmalari birinchi funktsional blok tarkibiga kiradi. Bu soha LRK bilan chambarchas bog‘langan. Ularning o‘zaro funktsiyasi deyarli bir xil. LRK faoliyatida emotsional reaktsiyalar etakchi o‘rinni egallagani bois, uning zararlanishida deyarli har doim emotsional buzilishlar kuzatiladi. Zararlanish turiga qarab bemorda eyforiya, disforiya, abuliya, apatiya, agressiya, konfabulyatsiya, impulsiv harakatlar paydo bo‘ladi. Endi ko‘p uchraydigan neyropsixologik sindromlar bilan tanishib chiqamiz.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
©Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiyasi. Darslik., T.; 2021., 312b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha