Parasimpatik nerv sistemasi
Parasimpatik nerv sistemasi ham markaziy va periferik qismlardan iborat. Markaziy qismi mezentsefal, bulbar va sakral qismlarga ajratiladi. Periferik qismi esa preganglionar va postganglionar parasimpatik tolalar, vegetativ tugunlar, chigallar va uning tarmoqlaridan iborat. Simpatik nerv sistemasi tarkibiga kiruvchi vegetativ tugunlardan farqli o‘laroq, parasimpatik nerv sistemasi tarkibiga kiruvchi vegetativ tugunlar innervatsiya qilinuvchi a’zolarga yaqin joylashgan.
Ill nervning parasimpatik qismi. Mezentsefal sohada yotgan parasimpatik yadrolardan iborat bo‘lib, ular qorachiqni toraytiruvchi hamda akkomodatsiyaga ma’sul kiprik muskulini innervatsiya qiladi.
Ko‘zning parasimpatik innervatsiyasi. Edinger-Vestfal va Perlia yadrolaridan boshlangan tolalar fissura orbitalis superior orqali ko‘z kosasi ichiga kirib tsiliar tugunga (ganglion ciliare) boradi. Tsiliar tugundan boshlangan postganglionar tolalar ko‘z olmasi ichiga kirib quyidagi ikkita yumshoq muskulni innervatsiya qiladi: Edinger-Vestfal yadrosidan kelayotgan tolalar qorachiqni toraytiruvchi muskul (m.sphincter pupillae), Perlia yadrosidan kelayotgan tolalar akkomodatsiya funktsiyasini ta’minlovchi kiprik muskuli (m.ciliaris). Ushbu sxema III nerv yozilgan joyda keltirilgan.
Eslatib o‘tamiz, qorachiq reflektor yoyining afferent qismi II nerv tarkibida o‘tsa, efferent qismi III nerv tarkibida o‘tadi. Bunda Edinger-Vestfal yadrosi bilan bog‘liq yo‘llar qorachiq reflektor yoyining efferent qismi hisoblanadi. Efferent yo‘llar orqali o‘tuvchi motor impulslar m.sphincter pupillae tomon yo‘naladi.
Simptomlari. Qorachiqni toraytiruvchi muskul falajlanishi va simpatik innervatsiya oluvchi m. dilatator pupillae funktsiyasi kuchayishi hisobiga o‘choq tomonda midriaz rivojlanadi. Qorachiq reflektor yoyining efferent qismi izdan chiqqanligi bois, o‘sha tomonda qorachiq fotoreaktsiyasi so‘nadi. Kiprik muskuli falajlanishi hisobiga, akkomodatsiya funktsiyasi izdan chiqadi.
VII nervning (n. intermedins, XIII nerv) parasimpatik qismi. Ko‘prikda joylashgan yuqori so‘lak ajratuvchi yadrodan (nucleus salivatorius superior) iborat.
IX nervning parasimpatik qismi. Uzunchoq miyada yotgan n. glossopharyngeus ning pastki so‘lak ajratuvchi yadrosidan (nucl. salivatorius inferior) iborat. Undan preganglionar tolalar boshlanadi va quloq oldi so‘lak bezlarini innervatsiya qiladi.
X nervning parasimpatik qismi. Nucl. dorsalis nervi vagi dan iborat. Undan boshlangan preganglionar tolalar X nerv tarkibida bosh, ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘ida joylashgan parasimpatik tugunlarga boradi. Ulardan boshlangan postganglionar tolalar yurak muskullari, qon tomirlar va ichki a’zolarning yumshoq muskullarini innervatsiya qiladi.
Parasimpatik nerv sistemasining dumg‘aza qismi. S2-S4 spinal segmentlarning yon shoxlarida joylashgan vegetativ neyronlardan iborat. Ularning aksonlari preganglionar tolalarni tashkil qiladi va oldingi spinal ildizchalar tarkibida orqa miyani tark etadi. So‘ngra bu tolalar tosning ichki a’zolari nervlari (nn. splanchnici pelvini) sifatida sigmasimon ichak, to‘g‘ri ichak va qovuqni innervatsiya qiladi.
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha