PERIFERIK NERV SISTEMASI KASALLIKLARI TASNIFI
Periferik nerv sistemasi kasalliklari zararlanishini aniqlash, baholash va tashxis qo‘yishda KXT-10 dan foydalanish tavtsiya etiladi.
Periferik nerv sistemasi kasalliklari tasnifi (KXT-10 bo‘yicha)
G50-G59. Nervlar, nerv ildizchalari va chigallar zararlanishi
G50. Uch shoxli nerv zararlanishi
• G50.0. Uch shoxli nerv nevralgiyasi
• G50.1. Yuzning atipik og‘rig‘i
• G50.8. Uch shoxli nervning boshqa zararlanishlari
G51. Yuz nervi zararlanishi
• G51.0. Bell falaji
• G51.1. Tizza tuguni yallig‘lanishi
• G51.2. Rossolimo-Melkerson sindromi
• G51.3. Gemifastsial klonik spazm
• G51.4. Yuz miokimiyasi
• G51.8. Yuz nervining boshqa zararlanishlari
G52. Boshqa kranial nervlar zararlanishi
• G52.0. Hidlov nervi zararlanishi
• G52.1. Til-halqum nervi zararlanishi
• G52.2. Sayyor nerv zararlanishi
• G52.3. Tilosti nervi zararlanishi
• G52.7. Bir qancha kranial nervlar zararlanishi
• G52.8. Boshqa kranial nervlar zararlanishi
G54. Nerv ildizchalari va chigallari zararlanishi
• G54.0. Elka chigali zararlanishi
• G54.1. Bel-dumg‘aza chigali zararlanishi
• G54.5. Nevralgik amiotrofiya
• G54.6. Oyoq yoki qo‘lda og‘riqli fantom sindrom
• G54.7. Oyoq yoki qo‘lda og‘riqsiz fantom sindrom
• G54.8. Nerv ildizchalari va chigallarning boshqa zararlanishlari
G56. Qo‘l nervlari mononevropatiyalari
• G56.0. Kaft kanali sindromi
• G56.1. O‘rta nerv zararlanishi
• G56.2. Tirsak nervi zararlanishi
• G56.3. Bilak nervi zararlanishi
• G56.4. Kauzalgiya
• G56.8. Qo‘l nervlarining boshqa mononevropatiyalari
G57. Oyoq nervlari mononevropatiyalari
• G57.0. Quymich (o‘tirg‘ich) nervi zararlanishi
• G57.1. Parestetik meralgiya
• G57.2. Son nervi zararlanishi
• G57.8. Boshqa oyoq nervlarining mononevralgiyasi
G58. Boshqa mononevropatiyalar
• G58.0. Qovurg‘alararo nevropatiya
• G58.7. Bir qancha mononevrit
• G58.8. Mononevropatiyalarning aniqlangan boshqa turlari
• G58.9. Noaniq mononevropatiyalar
G59. Boshqa ruknlarda tasniflangan kasalliklarda mononevropatiyalar
• G59.0. Diabetik mononevropatiya
• G59.8. Boshqa ruknlarda tasniflangan kasalliklarda mononevropatiyalar
G60-G64. Polinevropatiyalar va periferik nerv sistemasining boshqa zararlanishlari
G60. Nasliy va idiopatik nevropatiya
• G60.0. Nasliy motor va sensor nevropatiya
• G60.1. Refsum kasalligi
• G60.2. Nasliy ataksiya bilan qo‘shilib kelgan nevropatiya
• G60.3. Zo‘rayib boruvchi idiopatik nevropatiya
• G60.8. Boshqa nasliy va idiopatik nevropatiyalar
G61. Yallig‘lanish sababli rivojlangan polinevropatiyalar
• G61.0. Giyen-Barre sindromi
• G61.8. Yallig‘lanish sababli rivojlangan boshqa polinevropatiyalar
G62. Boshqa polinevropatiyalar
• G62.0. Dorilar sababli rivojlangan polinevropatiya
• G62.1. Spirtli ichimlik sababli rivojlangan polinevropatiya
• G62.2. Boshqa toksik moddalar sababli rivojlangan polinevropatiya
• G62.8. Aniqlangan boshqa polinevropatiyalar
G63. Boshqa ruknlarda tasniflangan kasalliklarda polinevropatiyalar
• G63.0. Infektsion va parazitar kasalliklarda polinevropatiyalar
• G63.1. O‘smalarda polinevropatiya
• G63.2. Diabetik polinevropatiya
• G63.3. Boshqa endokrin kasalliklar va moddalar almashinuvining buzilishlarida polinevropatiyalar
• G63.5.Biriktiruvchi to‘qimaning sistem zararlanishlarida polinevropatiyalar
• G63.6. Boshqa suyak-muskul zararlanishlarida polinevropatiyalar
• G63.8. Boshqa kasalliklarda polinevropatiyalar
G64. Periferik nerv sistemasining boshqa zararlanishlari
Izoh. Tasnif qisqartirib keltirilgan.
KXT-10 dan foydalangan holda PNS kasalliklarining yangi klinik tasniflari yaratilgan yoki avvalgi tasniflar qayta ko‘rib chiqilgan. Ularga asoslanib PNS kasalliklari nomlanishiga o‘zgartirishlar kiritilgan. Avvallari yallig‘lanish jarayoni ustunlik qilgan PNS kasalliklari atamasi «-it» bilan tugallangan, masalan nevrit, radikulit, pleksit yoki polinevrit. Periferik nervlar biror-bir kasalliklar (diabet, uremiya, intoksikatsiya) sababli zararlansa, ularning nomlanishi «-patiya» bilan tugallangan. Masalan, nevropatiya, radikulopatiya, pleksopatiya yoki polinevropatiya.
Hozirda PNS kasalliklari atamasida yallig‘lanishni belgilovchi «it» suffiksi deyarli ishlatilmaydi. Uning o‘rniga «-patiya» suffiksi qo‘llanilmoqda. Yunonchadan«pathos’’» – funktsiya buzilishi degan ma’noni anglatadi. PNS kasalliklari bakterial yoki virusli infektsiyalar sababli rivojlangan bo‘lsa ham hozirda kasallik atamasi «-patiya» suffiksi bilan tugallanadi. Masalan, «yuz nervi nevriti», endilikda «yuz nervi nevropatiyasi» deb ataladi va h.k. Giyen-Barre sindromi avval «O‘tkir poliradikulonevrit» deb yuritilgan bo‘lsa, hozirda «O‘tkir poliradikulonevropatiya» deb ataladi. Albatta, bunga «demielinizatsiya» so‘zi ham qo‘shilgan. PNS kasalliklarining bunday atalishi endi nafaqat kasallik etiologiyasi, balki uning patogenezini ham belgilab beradi. Chunki har qanday infektsiya PNS kasalliklari rivojlanishida dastavval turtki vazifasini bajaradi, xolos. PNS kasalliklari patogenezini esa bir qator patologik jarayonlar, ya’ni intoksikatsiya, ishemiya, gipoktsiya, dismetabolizm, demielinizatsiya va sinaptik buzilishlar belgilab beradi. Shu bois, “-it” suffiksi bilan tugallanadigan PNS kasalliklari “-patiya” suffiksi bilan tugallanadigan bo‘ldi.
PNS zararlanishi bilan namoyon bo‘luvchi patologik holatlar va kasalliklarning qanday nomlanishini keltirib o‘tamiz.
Mononevropatiya – bitta nerv zararlanishi.
Polinevropatiya – bir qancha nervlar zararlanishi.
Radikulopatiya – orqa miya ildizchasi zararlanishi.
Pleksopatiya – nerv chigallari zararlanishi.
Poliradikulonevropatiya – orqa miya ildizchalari va bir qancha nervlar zararlanishi.
Aksonopatiya – nerv tolasi o‘q tsilindri zararlanishi.
Mielinopatiya – mielin parda zararlanishi (emirilishi).
Neyronopatiya – neyron tanasi zararlanishi.
Pleksalgiya – nerv chigallari innervatsiya qiladigan sohadagi og‘riqlar.
Nevralgiya – nerv tolasi va uning shoxchalari bo‘ylab tarqaluvchi og‘riqlar.
Mialgiya – muskullarda kuzatiladigan og‘riqlar.
Tservikalgiya – bo‘yin sohasidagi og‘riqlar.
Tservikobraxialgiya – elkaga tarqaluvchi bo‘yindagi og‘riqlar.
Kraniotservikalgiya – boshning ensa qismi va bo‘yin sohasidagi og‘riqlar.
Torakalgiya – ko‘krak sohasida kuzatiladigan og‘riqlar.
Radikulalgiya – spinal ildizchalar innervatsiya qiladigan sohadagi og‘riqlar.
Dorsalgiya (lot. dorsum – orqa) – tananing orqa qismida kuzatiluvchi og‘riqlar.
Lyumbago yoki lyumbalgiya – bel sohasidagi og‘riqlar.
Lyumboishialgiya – bel va quymich nervi sohasidagi og‘riqlar.
Sakralgiya – dumg‘aza sohasidagi og‘riqlar.
Koksigodiniya – dum sohasidagi og‘riqlar.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha