PSIXOSTIMULYaTORLAR
Psixostimulyatorlar – markaziy nerv sistemasini stimulyatsiya qilib, ruhiy va jismoniy faollikni oshiruvchi dorilar.
Farmakologik ta’siri. Psixostimulyatorlar markaziy nerv sistemasining barcha tuzilmalari, shu jumladan, po‘stloq, miya ustunidagi uyqu va tetiklik, yurak-qon tomir va nafas olish markazlariga bevosita qo‘zg‘atuvchi ta’sir ko‘rsatadi, reflektor faoliyatni kuchaytiradi. Buning natijasida ruhiy va jismoniy faollik oshadi, diqqat va xotira kuchayadi, uyquchanlik yo‘qolib, tetiklik paydo bo‘ladi, tashqi ta’sirotlarga reaktsiyalar tezlashadi. To‘qimalarda moddalar almashinuvi kuchayadi, qonda glyukoza miqdori oshadi, suv-elektrolit almashinuvi faollashadi. Yurak urishi va nafas olish tezlashadi, AQB ko‘tariladi, arteriyalar va ichki a’zolar qon tomirlari kengayib, ularda qon oqish tezligi kuchayadi, bronxlar kengayadi, trombotsitlar agregatsiyasi pasayadi, oshqozon sekretsiyasi kuchadi, diurez faollashadi.
Asosiy ko‘rsatmalar: ruhiy va jismoniy faollik keskin pasaygan holatlar, ya’ni apatiya, karaxtlik, astenik nevroz va depressiya, uyquchanlik, melanxoliya, narkolepsiya, surunkali alkogolizm, diqqat tarqoqligi, xotira pasayishi, zo‘riqish, bosh og‘rig‘i, migren, turli xil zaharlanishlar sababli nafas olish faoliyati sustlashishi, og‘ir ruhiy va somatik kasalliklarda to‘shakka “mixlanib qolish”, neyroleptiklar, trankvilizatorlar va uxlatuvchi dorilar ta’siridan chiqarish.
Nojo‘ya ta’sirlari: kuchli qo‘zg‘aluvchanlik va bezovtalik kuzatiladi, uyqu qochadi, taxikardiya kuchayadi, AQB ko‘tariladi. Katta dozada ruhiy qo‘zg‘alishlarni kuchaytirib, tajovuzkorlik chaqiradi, gallyutsinatsiya paydo bo‘ladi.
Monelik qiluvchi holatlar: reaktiv nevroz va psixozlar, psixomotor qo‘zg‘alishlar, qo‘rquv va xavotir, uyqusizlik, yurak-qon tomir sistemasining og‘ir kasalliklari, shu jumladan, arterial gipertenziya, ateroskleroz, taxikardiya, epilepsiya.
Tibbiy amaliyotda qo‘llaniladigan ba’zi psixostimulyatorlar bilan tanishib chiqamiz. Bunday dorilarning yaqqol namoyandasi – bu kofein.
- Kofein-benzoat natriy – tibbiy amaliyotda keng qo‘llaniladigan psixostimulyator. Farmakologik ta’siri, asosiy ko‘rsatmalari, nojo‘ya ta’sirlari va monelik qiluvchi holatlar yuqorida yoritilgan. Ishlab chiqarilishi: ampula – 1 ml (200 mg) va tabletka – 100 mg. Teri ostiga kuniga 1 yoki 2 mahal qilinadi yoki 1-2 tabl. kuniga 2-3 mahal ichishga buyuriladi. Kofein bir qator dorilar tarkibiga ham qo‘shilgan.
- Eleuterokokk ekstrakti. Eleuterokokk ildizchalarini 40 % li spirtli eritmasida tayyorlanadi. Ruhiy va jismoniy faollikni oshirish maqsadida 20-30 tomchidan kuniga 3 mahal ovqatdan yarim soat oldin suvga qo‘shib ichishga buyuriladi. Davolash davomiyligi – 1-2 oy. Eleuterokokk tabletkalarda ham ishlab chiqariladi va 1 tabletkadan kuniga 2-3 mahal tavsiya etiladi. Eleuterokokk, ayniqsa, arterial qon bosimi tushib ketadigan, nimjon, boshi ko‘p aylanadigan, ruhan va jismonan tez charchab qoladigan, ko‘p yotoqchilaydigan astenik tipdagi o‘smirlarga va, shuningdek, uzoq davom etgan somatik kasalliklarda holdan toygan bemorlarga tavsiya etiladi.
- Jenshen dorilari. Xitoy tibbiyotida ko‘p qo‘llaniladigan va “Hayot daraxti” deb nom chiqargan jenshen ildizchalaridan tibbiyotda ham, halq tabobatida ham keng foydalaniladi. Jenshen juda ko‘p foydali ingridientlardan iborat va asosan umumiy (ruhiy va jismoniy) quvvatni oshirish maqsadida tavsiya etiladi. Jenshen nastoykasi 20 tomchidan ovqatdan oldin kuniga 2-3 mahal ichishga tavsiya etiladi. Qancha muddat berilishi bemorning ahvoliga bog‘liq. Jenshen qo‘shib tayyorlanadigan boshqa turdagi dorilar ham ko‘p.
1-jadval. Psixotrop dorilarning turli yoshlardan boshlab tavsiya etilishiga oid ma’lumotlar
Antidepressantlar | Trankvilizatorlar | ||
Dorining nomi | Qaysi yoshdan tavsiya etilishi (yil) | Dorining nomi | Qaysi yoshdan tavsiya etilishi (yil) |
Amitriptillin | 6 | Alparozalam | 18 |
Melipramin | 6 | Rudotel | 10 |
Anafranil | 6 | Nozepam (Tazepam) | 18 |
Lyudiomil | 18 | Diazepam (sibazon) | 1 oylik |
Koaksil | 18 | Fenazepam | 18 |
Fluoksetin | 18 | Triazolam (xaltsion) | 18 |
Reksetin | 18 | Elenium (librium) | 4 |
Zoloft | 8 | Rivotril (kloneks) | 1 oylik |
Velaksin | 18 | Meprobamat | 8 |
Sevpram | 18 | Grandaksin | 18 |
Iksel | 15 | Mebikar (adaptol) | 10 |
Fevarin | 8 | Afobazol | 18 |
Mirtel | 18 | Trioksazin | 10 |
Trittiko | 6 | Pirroksan | 6 |
Neyroleptiklar | |||
Tipik neyroleptiklar | Atipik neyroleptiklar | ||
Dorining nomi | Qaysi yoshdan tavsiya etilishi (yil) | Dorining nomi | Qaysi yoshdan tavsiya etilishi (yil) |
Aminazin | 1 | Azaleptol (klozalan) | 5 |
Galoperidol | 3 | Karbidin (dikarbin) | 18 |
Tizertsin | 6 | Zipreksa (egolanza) | 18 |
Triftazin | 6 | Risperidon | 15 |
Moditen-Depo | 18 | Ketilept | 18 |
Etaperazin | 12 | Truksal (xlotiksen) | 6 |
Majeptil | 18 | Sanopaks (melleril) | 7 |
Neuleptil | 3 | Sulpirid | 6 |
Piportil | 18 | Sedativ dorilar | |
Propazin | 12 | Dorining nomi | Qaysi yoshdan tavsiya etilishi (yil) |
Droperidol | 2 | Natriy bromid | 1 |
Pimozid | 12 | Kaliy bromid | 1 |
Trisedil | 2 | Valerian ekstrakti | 12 |
Fluspirilen | 18 | Novo-passit | 12 |
Teralen | 7 | Sedavit | 12 |
Frenolon | 10 | Brayntab | 12 |
Psixostimulyatorlar | Nootroplar | ||
Dorining nomi | Qaysi yoshdan tavsiya etilishi (yil) | Dorining nomi | Qaysi yoshdan tavsiya etilishi (yil) |
Kofein | 2 | Fenibut | 2 |
Eleuterokokk | 12 | Pantogam (gopantam) | 2 |
Jenshen | 12 | Piritinol(entsefabol) | 1 oy |
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha