Psixofarmakoterapiya
Psixogen buzilishlarni farmakologik dorilar orqali korrektsiya qilishga psixofarmakoterapiya deb aytiladi. Psixoterapiya ta’sirini kuchaytirish uchun turli xil psixotrop dorilardan foydalaniladi.
Psixotrop dorilar psixogen buzilishlarni bartaraf qilibgina qolmasdan, balki organizmda kechadigan vegetativ jarayonlar, qon aylanishi, yurak va nafas olish faoliyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, bu dorilar gastrointestinal, urologik va jinsiy buzilishlarni davolashda ham samaralidir. Demak, funktsional buzilishlarni davolash uchun ishlatiladigan psixotrop dorilar butun bir organizmning faoliyatini yaxshilaydi.
Psixotrop dorilarga nimalar kiradi? Turli kasalliklarda psixogen buzilishlarni davolashda qo‘llaniladigan va ruhiy jarayonlarga ta’sir qiluvchi dori vositalariga psixotrop dorilar deyiladi. Dastlabki psixotrop dorilar XX asrning 50-yillarida ishlab chiqarilgan. Bu davrgacha bunday toifadagi dorilar juda kam bo‘lib, ularning ta’sir kuchi past bo‘lgan. U davrda kofein, korazol, brom va valerian vositalari keng qo‘llanilgan.
1957 yili dastlabki antidepressant (imipramin) kashf qilindi va psixogen buzilishlarni davolashda keng qo‘llana boshlandi. Keyinchalik, ya’ni 70-yillarning boshida piratsetam kashf qilindi. Bu dastlabki nootrop dori psixotrop dorilar tarkibiga kiritildi va uning ruhiy funktsiyalarga ijobiy ta’siri aniqlandi. Shunday qilib, farmakologiyaning katta bir bo‘limi yaratildi va unga psixofarmakologiya deb nom berildi.
1966 yili Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti psixotrop dorilarning quyidagi tasnifini taklif qildi:
- Antidepressantlar.
- Sedativ dorilar.
- Trankvilizatorlar.
- Neyroleptiklar.
- Nootrop dorilar.
- Psixostimulyatorlar.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha