PSIXOGEN GIPERESTEZIYa
Psixogen giperesteziya psixasteniya yoki nevrasteniyaning asosiy simptomlaridan biri sanaladi. Bunday bemorlar tashqi odatiy ta’sirlarga shu qadar sezgir bo‘lishadiki, ularni quyosh nuri, biroz kuchli shamol esishi, avtomobil tovushi, telefon yoki eshikdagi qo‘ng‘iroqning jiringlashi, bolalarning shovqin-suroni ham qattiq bezovta qiladi. Odatda, bunday bemorlar har qanday tovushdan eti jimirlab ketishi, tanasini xuddi tok urgandek bo‘lishi va xatto boshda kuchli og‘riq turishidan shikoyat qilishadi. Bunday bemorning tanasiga qo‘l tekkizib bo‘lmaydi, xatto vrach tekshirayotganda ham seskanib turadi, chunki og‘riq kuchayib ketishidan qo‘rqadi. Agar vrach «Men sizga tekshirmasdan turib tashxis qo‘ya olmayman», desa, bemor vrachning qo‘lini o‘zi ushlab, tanasining og‘riydigan joylariga olib boradi. Ularning oyoqlari doimo muzlaydi. Ular, odatda, yozda ham paypoq kiyib yuradiganlar toifasiga kiradi.
Tanadagi giperesteziya sohalari ichki a’zolar kasalliklari natijasida ham bo‘lishi mumkin. Bunday og‘riqlar tananing hamma joyida emas, balki ma’lum bir sohalarida kuzatiladi va Xed-Zaxarin sohalari deb ataladi (1-rasm).
Psixogen giperesteziya, ayniqsa, bosh terisida yaqqol ifodalangan bo‘ladi. Psixonevroz bilan xastalangan bemorning boshini tekshirayotgan vrachning qo‘lini bemor itarib yuborgan. U boshida qattiq og‘riq paydo bo‘lganidan shikoyat qilib, doktor qabulida 10 daqiqagacha o‘tirib qolgan. Oradan 3-4 daqiqa o‘tgach, «Og‘riq o‘tib ketdimi yoki biror og‘riq qoldiradigan dori beraymi», deb so‘ralganda, bemor: «Yo‘q, hozir o‘zi o‘tib ketadi, nega mendan so‘ramasdan boshimni bosib qo‘ydingiz» deb vrach yordamidan voz kechgan.
Yana bitta bemorning tizza refleksi nevrologik bolg‘acha bilan tekshirilayotganda, bemorning oyog‘ida kuchli og‘riq paydo bo‘lib, yura olmay qoladi va birozdan so‘ng o‘tib ketadi. Psixogen giperesteziyalar uchun og‘riqlarning aynan tanadagi sezgir nuqtalarda paydo bo‘lishi juda xos. Masalan, trigeminal nuqtalar, oyoqlarda yirik nerv tolalari shoxchalari chiqadigan joy va h.k. Ba’zan bexosdan aytib qo‘yilgan so‘z yoki tashxisdan so‘ng bemorda yatropatik xususiyatga ega bo‘lgan turli og‘riqlar va giperesteziyalar paydo bo‘lishi ham mumkin.
Biz o‘zimiz kuzatgan quyidagi ikkita bemor bunga misol bo‘la oladi. Ikkala voqea XX asrning 90-yillari ro‘y bergan.
D. ismli 18 yashar kelin oilada yuz bergan falokatdan so‘ng o‘ziga o‘zi pichoq uradi. Qorinning ikkita joyiga urilgan zarbadan so‘ng bemor ko‘p qon yo‘qotib, jarrohlik bo‘limiga tushadi. Bemorga shu zahoti ko‘rsatilgan yordamdan so‘ng yosh kelinning hayoti saqlab qolinadi. Bemor tuzalib chiqadi, biroq uning ikkala oyog‘ida og‘riq paydo bo‘lib, bu og‘riq borgan sayin kuchayib boradi va oyoqlar falajlanib qoladi. Bemorni nevropatologga ko‘rsatishadi. U «Pichoq orqa miyadagi nerv tolalarini ham shikastlagan» deb xulosa chiqaradi va davolash choralarini tavsiya qiladi.
Bemor bu tashxisni qo‘yarda-qo‘ymay ota-onasidan bilib oladi va bemorning tanasidagi og‘riqlar belda va oyoqlarda «to‘planadi». Bemorning tanasida og‘riq paydo qilish uchun uning tanasiga qo‘l tekkizish shart ham emas edi. Chunki og‘riqlar usiz ham, ayniqsa, tunda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lardi va bemor og‘riq kuchidan chinqirib yig‘lardi. Bemor badanini hatto choyshab bilan ham yopishga qo‘ymasdi. Chunki choyshab biror joyiga tegib tursa, og‘riq kuchayardi. U qo‘rqqanidan o‘z tanasiga o‘zi ham qo‘l tekkizmaslikka harakat qilgan. Bemor tanasida tez-tez va to‘satdan paydo bo‘ladigan og‘riqlarni kutib, ikkala qo‘li bilan to‘shakning chekkasidan mahkam ushlab yotardi. Shunisi e’tiborliki, bemorga biror yordam kerak bo‘lsa, faqat katta akasiga murojaat qilgan, boshqalarni (ota-onasini, ukalarini) esa yoniga yo‘latmagan. Bu holatni psixogen og‘riqlarga qiyosiy tashxis qo‘yishda e’tiborga olish zarur. «Nega bunday qilasiz?» degan savolga bemor: «Akam hech joyimni og‘ritmasdan yordam beradi», deb javob bergan. U uyga kelgan vrachlarni ham yoniga yo‘latmagan. Bemor bilan ikki kun mobaynida suhbat uyushtirilib, uning psixologik statusi o‘rganildi.
Bemor suhbat chog‘ida har gal: «Meni davolasangiz hech joyimga tegmasdan davolaysizmi?», «Orqa miyam haqiqatan ham jarohatlanmaganmi?» deb so‘rardi. Bemor bilan umumiy til topilgandan so‘ng, bemorda nevrostatus to‘la tekshirildi: oradan bir necha oy o‘tganiga qaramasdan, bemorning oyog‘ida atrofiyalar va sezgi buzilishlari yo‘q (umumiy giperesteziyadan tashqari) edi, pay reflekslari saqlangandi. Endi eng asosiysi, bemorda yatropatiya belgilarini yo‘qotish va orqa miyada hech qanday jarohatlanish yo‘qligiga ishontirish kerak edi. Bu vazifaning uddasidan chiqqanimizdan so‘ng bemor davolanishga katta ishonch bilan qarab, tavsiya qilingan barcha muolajalarni ola boshladi. Bemor, asosan, psixoterapevtik muolajalar hamda platseboterapiya usuli bilan davolandi va butunlay sog‘ayib ketdi.
Ikkinchi voqea ham yatrogeniyaga yaqqol misol bo‘la oladi.
Bu voqea viloyat shifoxonalarining birida sodir bo‘lgan. Uzoq yillardan buyon asab kasalliklari vrachi bo‘lib ishlab kelayotgan doktor o‘zining umr yo‘ldoshiga «Disk churrasi» deb tashxis qo‘yadi. To‘yda tinmay yumush qilgan 40 yoshdan oshib qolgan bu ayolning belida kuchli og‘riq paydo bo‘lib, ikki kundan so‘ng ikkala oyog‘i ishlamay qoladi, to‘g‘rirog‘i, kuchli og‘riqdan qo‘rqib, oyoqlarini sira qimirlatmaydi. Buning ustiga «Disk churrasi», asosan, operatsiya yo‘li bilan davolaniladi deb o‘ylagan bemorda affektiv holat yanada avj oladi. Oddiy ukollarni ham dod-voylab oladigan bemor 5 oy mobaynida konservativ yo‘l bilan davolanadi. Nihoyat, bemorning turmush o‘rtog‘i uni operatsiya qilishga roziligini oladi va Toshkentga kelishadi. Bemor neyroxirurgiya klinikasiga yotqiziladi va o‘sha kechasi unga epidural og‘riqsizlantirish qilinadi (chunki oddiy novokainli blokadalar yordam bermasdi). Ertasi kuni bemorga epidural mielografiya qilinib, disk churrasi yo‘qligi aniqlanadi va bemorga nevropatologga murojaat qilish tavsiya etiladi. Bemorda har tomonlama nevrologik va psixologik status tekshiriladi. Unda affektiv buzilishlar oqibatida rivojlangan psixogen giperesteziya va radikulalgiya aniqlanadi. Bemor shu kunning o‘zida o‘tkazilgan platseboterapiyadan tuzalib, shifoxonadan chiqib ketadi.
Savol tug‘iladi: yatropatiyalar uzoq (oylab, yillab) davom etishi mumkinmi? Ha, albatta davom etishi mumkin. Davolash usullari muvaffaqiyatsiz tugayversa, psixogen kasallik nafaqat uzoq vaqt davom etadi, balki zo‘rayib ham boradi. Bu psixogen sindromlar qancha uzoq davom etsa, davolash ham shuncha cho‘ziladi degani emas. Tashxis to‘g‘ri aniqlangandan so‘ng bemorning psixologiyasiga moslab tuzilgan davo choralari shu zahoti yoki bir-ikki kun ichida foyda beradi. Kasallikning davomiyligi bu erda ahamiyatga ega emas, aksincha, ruhiy ta’sir qilish kuchi ahamiyatlidir.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha