Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi TILOSTI NERVI NEVROPATIYaSI

TILOSTI NERVI NEVROPATIYaSI


Tilosti nervi (n. hypoglossus) faqat harakat tolalaridan iborat bo‘lib, til muskullarini innervatsiya qiladi. Tilosti nervi yadrosi qarama-qarshi tomondan bir tomonlama kortikal innervatsiyaga ega. Uning aksonlari kalla bo‘shlig‘idan tilosti kanali (canalis hypoglossi) orqali tashqariga chiqadi va til muskullariga boradi. Tilosti nervi va uning yadrosi uzunchoq miyaning pastki qismida joylashgan barcha patologik jarayonlarda zararlanadi. Bular – miya ustuni insulti, meningioma, shvannoma, neyrofibroma, yon amiotrofik skleroz, siringobulbiya va entsefalitlar. Shuningdek, difteriya, botulizm va boshqa patologiyalarda ham tilosti nervi zararlanadi. Uning alohida nevropatiyasi kam uchraydi. Ko‘p hollarda XII nerv IX, X va XI nervlar bilan birgalikda zararlanadi. Bunday paytlarda bulbar sindrom rivojlanadi.
   Nervning bir tomonlama zararlanishi tilning o‘sha tomonga og‘ishi, fibrillyar va fassikulyar tebranishlar va til yarmining atrofiyasi bilan namoyon bo‘ladi.   Artikulyatsiya buziladi, ya’ni dizartriya rivojlanadi. Bemor artikulyatsiyasi qiyin bo‘lgan, deylik, “orqavarotiga qaramay kela qoldimi?” kabi jumlalarni ayta olmaydi. Shu kabi artikulyasiyasi qiyin bo‘lgan so‘zlarni bemorga gapirtirib, dizartriyani afaziyadan farqlab olish mumkin. Dizartriyada bemor xuddi og‘ziga yong‘oq solgan odamdek gapiradi.
     Tilosti nervi yonidan o‘tuvchi piramidal yo‘llar ham zararlansa, alternirlashgan Jekson sindromi rivojlanadi. Bunda o‘choq tomonda tilosti nervining periferik falajligi, qarama-qarshi tomonda esa markaziy gemiparez rivojlanadi. Bu nerv ikki tomonlama zararlansa, til to‘la falajlanib qoladi ((glossoplegia) va anatriya rivojlanadi. Bemor chaynalgan ovqatni ham tili bilan harakatlantira olmaydi.
    Tilosti nervining periferik falajligini uning markaziy falajligidan farqlash lozim. Uni innervasiya qiluvchi kortikonuklear yo‘llar zararlansa, til qarama-qarshi tomonga og‘adi, atrofiya kuzatilmaydi, fibrillyar tebranishlar bo‘lmaydi.



Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b. 
             © Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021., 312 b. 
             © Ibodullayev ensiklopediyasi
              © asab.cc



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив