Tepa bo‘lagi o‘smalari
Orqa markaziy pushtaning orqasida joylashgan tepa bo‘lagi o‘smalarida murakkab sezgi, ya’ni stereognoz, lokalizasiya va tanaga chizilgan figuralarni aniqlash kabi sezgilar buziladi. Tepa bo‘lagining orqa markaziy pushtaga yaqin joylashgan o‘rta qismi (40-maydon) o‘smasida astereognoziya kuzatiladi.
Chap tepa bo‘lagining burchak pushtasi (gyrus angularis) o‘smasida konstruktiv apraksiya, aleksiya, akalkuliya, chekka usti pushtasi (gyrus supramarginalis) o‘smasida kinestetik va fazoviy apraksiyalar (aprakto-agnoziya) aniqlanadi. Apraktoagnoziya Gerstman sindromi deb ham ataladi va uning asosiy belgisi chap va o‘ng tomonlarni farqlashning buzilishi hisoblanadi. Gerstman sindromi – optik-fazoviy agnoziyaning asosiy klinik sindromlaridan biri.
Tepa bo‘lagi zararlanishi uchun patognomonik simptomlardan biri – bu “tana sxemasi” buzilishi. Bu sindrom, asosan, subdominant yarim sharning parietal sohasi zararlanishi uchun xos bo‘lib, quyidagi simptomlar bilan namoyon bo‘ladi: 1) autotopognoziya – o‘z tanasi qismlarini bilmaslik yoki ularni noto‘g‘ri (katta, kichik yoki boshqa buyumdek) qabul qilish; 2) anozognoziya – o‘z tanasidagi defektlarni (masalan, gemiparezni) inkor qilish, anglamaslik; 3) psevdopolimeliya – ortiqcha qo‘l-oyoqlar bordek tasavvur qilish.
O‘sma orqa parietal soha, ya’ni ensa bo‘lagi bilan chegaradosh sohalarni (37-, 39-maydonlar) egallasa, unda optik-fazoviy agnoziya rivojlanadi. Bu sindrom rivojlanganda bemor “chap-o‘ng”, “yuqori-quyi” kabi fazoviy munosabatlarni farqlay olmaydi. Masalan, bemorning ro‘parasida turib “Mening chap qo‘limni ko‘rsating”, desangiz, u Sizning o‘ng qo‘lingizni ko‘rsatadi. Shuningdek, bemor ko‘chaga chiqqanda chap va o‘ng tomonda joylashgan obyektlarni adashtirib yuboradi. Ba’zida optik-fazoviy agnoziya “fazoning bir tomonini inkor qilish” sindromi bilan namoyon bo‘ladi. Obekt katta-kichikligi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bemor uning yarmini ko‘radi, xolos, ikkinchi yarmini esa “ko‘rmaydi”, ya’ni inkor qiladi. Obektning bir tomonini inkor qilish sindromi o‘ng yarim sharning parietal sohasi o‘smasida ko‘p kuzatilganligi bois, bemor obektning chap tomoni borligini inkor qiladi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha