TARQALGAN EPILEPTIK XURUJLAR
Hushning yo‘qolishi bilan namoyon bo‘luvchi har qanday tutqanoqli va tutqanoqsiz xurujlarga tarqalgan epileptik xurujlar deb aytiladi. Bularga turli xil absanslar, tarqalgan tonik-klonik yoki alohida klonik va tonik, atonik (astatik) va mioklonik xurujlar kiradi. «Tarqalgan epilepsiya» tashxisi faqat bemor hushini yo‘qotgan taqdirda qo‘yiladi. Agar tutqanoq xurujlari tananing to‘la yarmini egallagan bo‘lsa-yu, biroq bemorning hushi saqlanib qolgan bo‘lsa – bu tarqalgan epilepsiya emas, balki fokal epilepsiyadir. Demak, hushning yo‘qolishi tarqalgan epilepsiya tashxisini qo‘yish uchun asosiy mezon hisoblanadi. Tarqalgan epilepsiyada EEG da epileptik faollik ikkala yarim sharga ham tarqaladi, ya’ni epileptik to‘lqinlar bilateral-sinxron ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Demak, «tarqalgan» so‘zi tutqanoq xurujlarining butun tanaga tarqalganligini emas, balki epileptik faollikning ikkala yarim sharga tarqalganligini anglatadi. Shu bois, tutqanoq xurujlarisiz namoyon bo‘luvchi absanslar ham tarqalgan epilepsiya guruhiga kiradi. Tarqalgan epilepsiya barcha epilepsiyalarning deyarli 40% ini tashkil qiladi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
©Z. Ibodullayev. Epilepsiya. Qo`llanma., Toshkent, 2018., 128 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi ©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha