Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Tarqalgan xavotirli buzilishlar

Tarqalgan xavotirli buzilishlar


Tarqalgan xavotirli buzilishlar (F41.1) – biror bir vaziyatga bog‘liq bo‘lmagan o‘ta turg‘un va tarqalgan xavotirli buzilishlar (TXB). Demak, ushbu buzilishlar na sotsiumga, na balandlik yoki qorong‘ilikka, na hasharotlar, na samolyotda uchishga bog‘liq. Bir so‘z bilan aytganda, bu tipdagi xavotirlar yuzaga kelishi uchun qandaydir bir muhit yoki ob’ekt bo‘lishi shart emas. 
    TXB doimiy stress muhitida yashaydigan va ishlaydigan insonlarda rivojlanadi. Bunday odamlar doimo asabi tarang holatda bo‘ladi. Shu vaziyat bilan kurashishga harakat qiladi, biroq buning uddasidan chiqa olmay, asabi yanada taranglashadi va xulq-atvori ham o‘zgarib boradi, hatto ular “mening xarakterim jinnisifat bo‘lib boryapti”, deb nola qiladi. Ular vrach xonasida ham tinch o‘tira olmaydi, turib xonada yuraveradi, kelib yana o‘rniga o‘tiradi, yuragim urib ketyapti, havo etishmayapti, deb ko‘kragini silayveradi. 
       Agar diqqat bilan razm solsa, qo‘rquv va xavotir nafaqat bemorning yuz-ko‘zlarida, balki butun tanasiga tarqalganini ko‘rasiz. Bemorning og‘rimagan yoki bezovta qilmagan joyi yo‘q, boshi, bo‘yni, ko‘krak qafasi, epigastral soha, barcha muskullarda og‘riq yoki yoqimsiz sezgilar (dizesteziya, paresteziya, giperesteziya, giperpatiya) ko‘rasiz. Shu bois ham bu kasallik nomi – tarqalgan xavotirli buzilishlar. Goh kuchayib, goh susayib turuvchi  titroq, bosh aylanishlari, umumiy holsizlik va terlash, disforiya ham doimiy simptomlardan hisoblanadi. Ular doimo parishonxotir bo‘lib yuradi, xotirasi faqat o‘zi va yaqinlari bilan bog‘liq xavotirli voqealarga kuchli bo‘ladi. 
         TXB da bemor yaqinlari uchun ko‘p bezovta bo‘laveradi, ularning hayotidan asossiz xavotirga tushaveradi. Agar bolasi yoki turmush o‘rtog‘i kasal bo‘lib qolsa, “o‘lib qolsa, nima qilaman” qabilidagi fikr va xayollar miyasiga o‘rnashib qoladi. Agar o‘sha yaqini tuzalib ketsa ham, uning yana kasal bo‘lib qolishidan xavotirda yashaydi. Ularga telefon qilib yoki sms yozib “yaxshi yuribsanmi” deb so‘rayveradi. Demak, ba’zi xavotirli-fobik sindromlardan farqli o‘laroq, TXB da bemor o‘zi emas, balki yaqinlari o‘lib qolishidan qo‘rqadi. Biroq u men o‘lib qolsam, oilamga nima bo‘ladi, deb ham doimiy xavotirda yashaydi. Ular oldinda kutilayotgan tadbirlarni ham hadik bilan kutishadi. Masalan, bir necha yillardan keyin bo‘ladigan farzandlarining to‘yini ham o‘ylab, hadiksirashadi. Natijada ularda ikkilamchi apatiya va depressiya holatlari shakllanadi. Ayollarda ko‘p uchraydigan bu kasallik, odatda, surunkali tus oladi va to‘lqinsimon kechadi. 


Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
             ©asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив