Talamus o‘smalari
Talamusdan alohida o‘suvchi o‘smalar juda kam uchraydi. Talamus o‘smasi gemialgiya, gemigipesteziya, giperpatiya, gemiataksiya, gemianopsiya va “talamik qo‘l” shakllanishi bilan namoyon bo‘ladi. Bu simptomlar majmuasi Dejerin-Russi sindromi deb ataladi. Tananing bir tomonida kuzatiladigan talamik og‘riqlar juda kuchli bo‘ladi. Ammo og‘riqlar talamus zararlanishi uchun patognomonik simptom emas. Ba’zida talamus o‘smasi og‘riqsiz namoyon bo‘ladi, hatto giperpatiya kuzatilmasligi ham mumkin. Talamik og‘riqlar, asosan, o‘tkir gemorragiya va yallig‘lanish kasalliklarida ko‘p uchraydi.
Talamus yadrolari striopallidar sistema bilan juda ko‘p yo‘llar orqali bog‘langanligi uchun talamus o‘smasida xoreik va atetoid giperkinezlar, gipomimiya ham rivojlanadi. Talamus psixoemotsional reaktsiyalarni ta’minlashda ham bevosita ishtirok etadi. Chunki talamus juda ko‘p po‘stloq markazlari va limbikoretikulyar sistema bilan mustahkam aloqalarga ega. Shu bois talamus o‘smasida psixoemotsional buzilishlar ko‘p uchraydi. Talamus xotira jarayonida ham muhim ahamiyatga ega bo‘lganligi uchun ushbu soha o‘smalarida xotira buzilishlari ko‘p kuzatiladi.
Talamusdan ko‘ruv funktsiyasi bilan bog‘liq afferent yo‘llar o‘tganligi bois u zararlanganida ko‘ruv gallyutsinatsiyasi va optik-fazoviy agnoziyalar vujudga keladi. Talamus o‘smasida gemiataksiya ba’zan shu qadar yaqqol namoyon bo‘ladiki, u hatto miyacha o‘smasida kuzatiladigan ataksiyaga o‘xshab ketadi. Bunday ataksiyaga psevdotserebellyar ataksiya deyiladi. Bu tipdagi ataksiyaning paydo bo‘lishi miyachani talamus bilan bog‘laydigan efferent va ichki kapsulaning orqa sonidan o‘tuvchi bulbo-talamo-kortikal yo‘llar zararlanishi bilan bog‘liq. Ichki kapsulaning orqa soni talamusga chegaradosh joylashgan. Agarda talamus o‘smasi ichki kapsulaga qarab o‘ssa, uning orqa sonidan o‘tuvchi piramidal yo‘llar zararlanishi hisobiga gemiparez rivojlanadi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
©Z. Ibodullayev. Nevrologiya. Qo`llanma., Toshkent, 2017., 404 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha