TIK NIMA YoKI QOVOQ NEGA UChADI?
Tiklar tez-tez takrorlanadigan va asosan, yuz muskullarida kuzatiladigan ixtiyorsiz harakatlardir. Tiklar bola hayajonlansa kuchayadi, e’tiborini chalg‘itsa yoki tinchlansa kamayadi, uxlaganda yo‘qoladi. Tiklar ko‘zni tez-tez yumib-ochish, peshonani tirishtirish, burunni tortish, tilni chiqarib olish, lab muskullarida turli harakatlar qilish kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Shuningdek, tiklar so‘zlash uchun javob beradigan va nafas olishda ishtirok etadigan muskullarda ham kuzatiladi. Bunda tiklar hiqichoq, xo‘rsinish, yo‘talish, duduqlanish kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi.
Bo‘yin muskullarida bo‘ladigan tiklarda boshning ixtiyorsiz tarzda bir tomonga qayrilishi, silkinishi, elka qimirlab ketishi kuzatiladi. Odatda, tana muskullariga tarqaladigan bunday tiklar giperkinezlar deb ataladi.
Tiklar aniqlangan bolaning xulq-atvorida ham keskin o‘zgarishlar shakllanadi. Odatda, bola xulq-atvoridagi o‘zgarishlar tiklar paydo bo‘lishidan bir necha oy oldin vujudga keladi. Ular injiq, yig‘loqi, qo‘lidagi narsalarni tushirib yuboradigan, bir joyda tinch o‘tirmaydigan, ovqatni to‘kib eydigan bo‘lib qolishadi. Ularning husnixati o‘zgaradi, diqqati tarqoqlashib, o‘qishdagi baholari pasayib ketadi. Bunday bolalar maktabda yoki mahallada “Bezori bola” laqabini ham oladi. Xulq-atvor keskin o‘zgarganligi sababli ota-onasidan dashnom olaveradi: “To‘g‘ri o‘tir, ovqatni to‘kmay e, ko‘zingni ochib-yumaverma va h.k”. Tiklar yaqqol kuchaygandan keyin ota-ona bolani vrachga ko‘rsatish kerakligini sezib qoladi va odatda, ularda LOR a’zolari kasalliklari aniqlanadi, ayniqsa, surunkali tonzillitlar. Tiklarni zo‘rlab ushlab turishga intilish yoki bolani hadeb tergayverish bu belgilarning kuchayishiga sabab bo‘ladi. Bunday bolalar jahldor, yig‘loqi va nimjon bo‘lib qolishadi. Bolaning ishtahasi yo‘qoladi, qo‘rqib uyg‘ona
digan bo‘lib qoladi.
Ba’zida tiklar bosh miyaning ichki tuzilmalari zararlanganda yoki ta’sirlanganda kuzatiladi. Bunday holatlarda chuqurroq tekshiruvlar o‘tkazish kerak bo‘ladi. Qattiq qo‘rquvdan keyin rivojlanadigan tiklar psixogen tiklar sirasiga kiradi. Odatda, ular uzoq davom etmaydi, davolasa tez o‘tib ketadi va asorat qoldirmaydi. Bunday bolalar nevropatolog yoki tibbiy psixolog nazoratida davolanishadi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha