TRANKVILIZATORLAR
Qo‘rquv, xavotir, vahimani bartaraf etuvchi dorilarga trankvilizatorlar deyiladi. Lot. trancvilio – tinchlantiraman degani. Trankvilizatorlarning yana bir nomi – bu anksiolitik. Lot. anxietas – xavotir, qo‘rquv ma’nosini anglatsa, grekcha ytikos– eritmoq, yumshatmoq degani. Bu guruhga kiruvchi ba’zi dorilar “ataraktiklar” deb ham ataladi. Grekcha ataraxia – xotirjamlik degani.
Tarixi. XX asrning 50-yillarida markaziy miorelaksant yaratishga urinishlar tinchlantiruvchi xususiyatga ega yangi bir dorining kashf qilinishiga turtki bo‘ldi. 1952 yili sintez qilingan ushbu doriga meprotan (meprobamat) deb nom berishadi. Meprobamatni klinik amaliyotda tinchlantiruvchi dori sifatida qo‘llay boshlashadi. Shu davrdan boshlab tinchlantiruvchi xususiyatga ega dorilarni yaratish bo‘yicha turli tadqiqotlar avj oladi. 1957 yili “trankvilizator” atamasi taklif etiladi. O‘sha yillari antigistamin dori sifatida sintez qilingan gidroksizin (ataraks) ham anksiolitik xususiyatga ega ekanligi isbotlanadi.
Kuchliroq trankvilizator yaratish ustida olib borilgan tadqiqotlar natijasi o‘laroq, 1955 yili dastlabki benzodiazepin, ya’ni xlordiazepoksid kashf qilinadi. Bu dorining kuchli tinchlantiruvchi, muskullarni bo‘shashtiruvchi va tutqanoq xurujlarini pasaytiruvchi xususiyatlari aniqlanadi. Xlordiazepoksid klinik amaliyotda keng qo‘llanila boshlaydi va shu kabi benzodiazepinlar sintezi yo‘lga qo‘yiladi. Masalan, 1959 yili diazepam, 1961 yili oksazepam, 1971 yili lorazepam, 1976 yili midazolam kashf qilinadi. Avvallari vrachlar tinchlantirish uchun bromidlarni, uxlatish uchun barbituratlarni qo‘llab kelishgan bo‘lsa, endilikda tinchlantirish uchun trankvilizatorlar, uxlatish uchun benzodiazepinlardan keng foydalanishadi.
1980 yillarga kelib, benzodiazepinlarni uzoq muddat qabul qilish ularga qaramlikni yuzaga keltirishi ma’lum bo‘lib qoldi. Tez orada bunday dorilarni tavsiya etishga cheklovlar qo‘yiladi va qat’iy nazoratga olinadi.
Eslab qoling. Benzodiazepin ham trankvilizator hisoblanadi, biroq kuchli trankvilizator. Benzodiazepin deyilishiga sabab, ular benzol va diazepin halqalaridan iborat kimyoviy birikmadir.
Trankvilizatorlarning quyidagi uch avlodi ko‘rsatib o‘tiladi:
1-avlod – meprobamat, gidroksizin, benaktizin va boshqalar;
2-avlod – bular benzodiazepinlar qatori, ya’ni xlordiazepoksid, diazepam, oksazepam, lorazepam, midazolam va h.k.
3-avlod – buspiron va boshqalar
1-jadval
Trankvilizatorlar tasnifi
Kimyoviy tuzilishi bo‘yicha: | Ta’sir qilish davomiyligi va farmakodinamikasi bo‘yicha: |
Benzodiazepin unumlari: xlordiazepoksid, diazepam, lorazepam, midazolam, medazepam, oksazepam, temazepam, tofizopam, fenazepam, klorazepat, klonazepam, flunitrazepam, triazolam, nitrazepam, alprazolam. Karbamat propandiol unumlari: meprobamat Trimetoksibenzoy kislota unumlari: trimetozin Azapiron unumlari: buspiron Difenilmetan unumlari: benaktizin Piperazin unumlari: gidroksizin Turli kimyoviy tuzilishga mansub trankvilizatorlar: mebikar, fenibut | Davomiyligi bo‘yicha: Davomiyligi uzoq bo‘lgan (20 soatdan oshiq): xlordiazepoksid, diazepam, klorazepat. Davomiyligi o‘rta darajada bo‘lgan (5-20 soat): lorazepam, oksazepam, alprazolam; Qisqa muddatga ta’sir qiluvchi (5 soatgacha): triazolam. Farmakodinamikasi bo‘yicha: Ko‘proq anksiolitik xususiyatga ega: diazepam, xlordiazepoksid, lorazepam, klonazepam, alprazolam, fenazepam. Ko‘proq uxlatish xususiyatiga ega: triazolam, temazepam, flunitrazepam, midazolam, brotizolam, nitrazepam, diazepam; Ko‘proq antikonvulsiv xususiyatga ega: klonazepam, diazepam, nitrazepam, fenazepam, xlordiazepoksid. Qo‘proq neyroleptik xususiyatga ega: klozapin. Ko‘proq antidepressiv xususiyatga ega: alprazolam. |
Trankvilizatorlarning asosiy ta’sirlari
• Anksiolitik – qo‘rquv, xavotir, vahimani bartaraf etadi.
• Sedativ – jahldorlik, hissiy qo‘zg‘aluvchanlik va asabiylashishni pasaytiradi.
• Uxlatish – uyqu kelishini tezlashtiradi, uxlash davomiyligini oshiradi.
• Antikonvulsiv – epileptik xurujlarni to‘xtatadi.
• Miorelaksatsiya – muskullarni bo‘shashtiradi.
Nojo‘ya ta’sirlari: muskullar holsizligi, bosh aylanishi, ataksiya, uyquchanlik, og‘iz qurishi. Monelik qiluvchi holatlar: jigar va buyrakning og‘ir kasalliklari, miasteniya.
Benzodiazepin unumlari
- Alprazolam (ksanaks, zolomaks) – yuqori anksiolitik ta’sirga ega trankvilizator. Panik ataka, fobiya va xavotirli-depressiv buzilishlarda tavsiya etiladi. Shuningdek, alkogolizm, dementsiya va klimakterik nevrozda ham qo‘llaniladi. Davolash davomiyligi – 2-3 oy. Nojo‘ya ta’sirlari: uyquchanlik, bosh aylanishi, ataksiya, qabziyat, uzoq muddat ichilsa, o‘rganib qolish kuzatiladi. 18 yoshgacha mumkin emas. Epilepsiya bu dorini tavsiya etishga monelik qilmaydi. Boshqa trankvilizatorlar kabi terapevtik dozalarda qabul qilinayotgan paytda birdan to‘xtatib bo‘lmaydi. Bunday paytlarda qo‘rquv va xavotir yana qo‘zg‘aydi. Monelik qiluvchi holatlar: glaukoma, miasteniya, uyqudagi apnoe, nafas etishmovchiligi, homiladorlik, laktatsiya davri, jigar va buyrak etishmovchiligi. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 0,25, 0,5 va 1 mg. Bir kunlik maksimal dozasi – 4 mg.
- Medazepam (rudotel, mezanam, nobrium) – benzodiazepinlar guruhiga mansub trankvilizator bo‘lib, anksiolitik, antikonvulsiv va miorelaksatsiya ta’sirlarga ega. Kuchli sedatsiya chaqirmaydi, shu bois kunduzgi trankvilizator hisoblanadi. Psixonevroz, ayniqsa, giperstenik tipdagi nevroz va o‘smirlardagi xulq-atvor buzilishida keng qo‘llaniladi. 10 yoshgacha tavsiya etilmaydi. Alkogolizmda kuzatiladigan abstinent sindromlarda ham samarasi bor. Nojo‘ya ta’sirlari: bosh aylanishi, taxikardiya, akkomodatsiya buzilishi. Miasteniyada mumkin emas. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 10 mg.
- Nozepam (oksazepam, tazepam) – sedativ ta’sirga ega trankvilizator. Boshqa trankvilizatorlar kabi psixonevrotik buzilishlarda tavsiya qilinadi. 18 yoshgacha tavsiya etilmaydi. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 10 mg.
- Diazepam (sibazon, seduksen, valium, relanium) – kuchli sedativ va antikonvulsiv ta’sirga ega trankvilizator. Seduksen yordamida tutqanoq xurujlari va kuchli psixomotor qo‘zg‘alishlar tez to‘xtatiladi. Shu bois tez tibbiy yordam xizmatida bu doridan keng foydalaniladi. Alkogolizm va narkomaniyada kuzatiladigan abstinent sindromlar ham seduksen orqali bartaraf qilinadi. Uzoq muddat qabul qilinsa, doriga bog‘lanib qolish xavfi mavjud. Chaqaloqlarga 1 oyga to‘lgandan keyin tavsiya etib boshlash mumkin. Bu davrda, ko‘pincha tutqanoq xurujini bartaraf etish uchun qo‘llaniladi. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 5 mg; ampula – 2 ml 0,5 % li eritma.
- Fenazepam – uxlatuvchi, tinchlantiruvchi, miorelaksatsiya beruvchi va tutqanoq xurujini to‘xtatuvchi kuchli trankvilizator. Ushbu dori kuchli qo‘rquv va xavotir, bezovtalik bilan namoyon bo‘luvchi psixoemotsional qo‘zg‘alishlarda juda samarali. Shuningdek, shaxsning psixopatologik va ipoxondrik tipdagi o‘zgarishlari, senestopatiya, surunkali uyqu buzilishlarida ham qo‘llaniladi. Epilepsiyada kuzatiladigan psixopatologik o‘zgarishlar, MNS zararlanishlari sababli yuzaga kelgan mushaklar gipertonusi va giperkinezlarda ham qo‘llaniladi. Dorini uzoq muddat qabul qilish mumkin emas. Aks holda boshqa benzodiazepinlar kabi o‘rganib qolish sindromi rivojlanadi. 18 yoshga qadar tavsiya etilmaydi. Og‘ir va uzoq davom etuvchi depressiyada tavsiya etilsa, suitsidal fikrlar kuchayishi mumkin. Monelik qiluvchi holatlar: miasteniya, bronxial astma, glaukoma va tungi apnoe. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 0,25; 0,5 va 1 mg.
- Triazolam (xaltsion) – benzodiazepinlar guruhiga mansub qisqa muddat ta’sir etuvchi va tez uyqu chaqiruvchi trankvilizator. Bu dori qabul qilingach, 15-20 daqiqa ichida uyqu keladi. Triazolam, shuningdek, miorelaksatsiya, antikonvulsiv va kuchli anksiolitik ta’sirlarga ham ega. 18 yoshgacha tavsiya etilmaydi. Asosiy ko‘rsatmasi – uyqusizlik. Nojo‘ya ta’sirlari: uyquchanlik, bosh aylanishi, koordinatsiya buzilishi. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 0,25 mg.
- Xlordiazepoksid (elenium, xlozepid, librium) – seduksenga qaraganda engilroq ta’sirga ega trankvilizator. Ko‘rsatmasi, nojo‘ya ta’sirlari va monelik qiluvchi holatlar seduksen kabi, biroq birmuncha engil ifodalangan. 4 yoshgacha tavsiya etilmaydi. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 5 va 10 mg; ampula – 2 ml (100 mg).
- Klonazepam (rivotril, antelepsin, kloneks) – benzodiazepinlar guruhiga mansub antikonvulsant. Kuchli anksiolitik, sedativ va miorelaksatsiya chaqiruvchi ta’sirlarga ega. Psixopatologik o‘zgarishlar bilan namoyon bo‘ladigan epilepsiya, organik psixoz va psixomotor qo‘zg‘alishlar, somnambuliya, muskullar gipertonusi, uyqusizlik, abstinent sindrom, o‘tkir affektiv buzilishlar, tremor, neyroleptik sindrom (akatiziya, diskineziya, katalepsiya, katotoniya, bezovta oyoqlar sindromi), migren, bezovta oyoqlar sindromi, trigeminal nevralgiya, deliriya va gallyutsinatsiya, fobiya va xavotir bilan kechuvchi nevrologik kasalliklarda buyuriladi. Bu dori har qanday yoshda, hatto chaqaloqlarga ham beriladi. Farmakorezistent epilepsiyada ham samarali. Klonazepamni boshqa antipsixotik dorilar (masalan, neyroleptiklar), antikonvulsantlar, tritsiklik antidepressantlar, uxlatuvchi dorilar, sedativ dorilar, analgetiklar, miorelaksantlar bilan birgalikda tavsiya etish mumkin. Nojo‘ya ta’sirlari: uyquchanlik, bosh aylanishi, bosh og‘rishi, terida toshmalar, umumiy holsizlik. Monelik qiluvchi holatlar: Miasteniya, homiladorlik, laktatsiya davri, bronxial astma, glaukoma, o‘tkir mastlik davrida va og‘ir depressiya bilan kasallangan bemorlarga (suitsid kuchayishi mumkin) tavsiya etilmaydi. Ishlab chiqarilishi: 0,25, 05, 1 va 2 mg li tabletkalar.
Turli kimyoviy guruhga mansub tranvilizatorlar
- Benaktizin (amizil) – markaziy xolinolitik ta’sirga ega kuchli trankvilizator bo‘lib, spazmolitik, antigistamin, analgetik va antiserotoninergik ta’sirlarga ega. Ko‘rsatmalari: nevrasteniya, xavotir, fobiya, depressiya, neyrodermit, parkinsonizm, oshqozon va 12 barmoqli ichak yarasi, xoletsistit, kolit, nevrogen yo‘tal, ichki a’zolardan operatsiyadan keyingi og‘riqlar. Nojo‘ya ta’sirlari: bosh aylanishi, taxikardiya, midriaz, og‘iz qurishi, dispepsiya. Glaukomada mumkin emas. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 2 mg.
- Meprotan (meprobamat, trankvil, sedazil) – anksiolitik, sedativ va miorelaksant ta’sirga ega trankvilizator. Ko‘rsatmalari: reaktiv nevroz va psixoz, vegetativ distoniya sindromi, oshqozon va 12 barmoqli ichak yarasi, klimakterik va predmenstrual buzilishlar, uyqusizlik, arterial gipertenziyaning boshlang‘ich davri, psixosomatik va somatogen og‘riqlar. Nojo‘ya ta’sirlari: eyforiya, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, koordinatsiya buzilishi, ortiqcha asabiy qo‘zg‘aluvchanlik. Monelik qiluvchi holatlar: epilepsiya, miasteniya, homiladorlik (1 trimestr), laktatsiya davri, 8 yoshga to‘lmagan bolalar. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 200 va 400 mg.
- Tofizopam (grandaksin) – benzodiazepin unumlarining atipik turiga mansub kunduzgi anksiolitik. Trankvilizatsiya va psixostimulyatsiya qilish xususiyatlari deyarli bir xil ifodalangan. Shu bois vegetativ distoniya sindromining barcha turlarida psixovegetativ regulyator sifatida keng qo‘llaniladi. Nevroz, somatonevroz, klimakterik sindrom, posttravmatik stress sindromi, psixosomatik buzilishlar, alkogolizmda abstinent sindrom, simpatalgiya, psixalgiya va neyropatik og‘riqlarda tavsiya etiladi. Klassik benzodiazepinlardan farqli o‘laroq, terapevtik dozada qabul qilinsa, jismoniy va ruhiy qaramlik chaqirmaydi, miorelaksatsiya kuzatilmaydi, gipnosedatsiya qilmaydi. Shu bois miasteniya va miopatiya bu dorini tavsiya etishga monelik qilmaydi. Nojo‘ya ta’sirlari: ortiqcha asabiy qo‘zg‘aluvchanlik, bosh og‘rig‘i, uyqusizlik, allergik reaktsiyalar. Monelik qiluvchi holatlar: homiladorlik (I trimestr), laktatsiya davri, giperstenik nevroz, agressiya, tungi apnoe. 18 yoshgacha tavsiya etilmaydi. Nisbiy monelik qiluvchi holatlar: glaukoma va epilepsiya. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 50 mg.
- Mebikar (adaptol) – kunduzgi trankvilizator (anksiolitik). Uyqu va miorelaksatsiya chaqirmaydi, koordinatsiyaga ta’sir qilmaydi. Neyroleptiklar va boshqa trankvilizatorlar bilan birgalikda tavsiya qilish mumkin. Ko‘rsatmalar: nevrotik va psixotik buzilishlar, shu jumladan, qo‘rquv, xavotir, vahima, ortiqcha emotsional qo‘zg‘aluvchanlik, gipomaniakal holatlar, senil psixozlar, alkogolizm va narkomaniyada psixopatologik o‘zgarishlar, organik gallyutsinozlar, nikotinga bog‘lanib qolish (yordamchi dori sifatida). Tavsiya etish tartibi: Kattalarga 300-500 mg dan kuniga 2-3 mahal, 10 yoshdan oshgan bolalarga ushbu dozaning yarmi tavsiya etiladi. Biroq kasallik turi va darajasiga qarab kattaroq dozalarda ham beriladi. Davolash davomiyligi 3 oygacha. Nojo‘ya ta’sirlari kam. Teri qichishi, arterial gipotoniya, uyquchanlik, bosh aylanishi, umumiy xolsizlik kuzatilishi mumkin. Ishlab chiqarilishi: tabletka va kapsula shaklida – 300 va 500 mg. Monelik qiluvchi holatlar: homiladorlik va laktatsiya davri. AQB o‘ta past yuradiganlarga ehtiyotkorlik talab qilinadi.
- Trimetozin (trioksazin) – tinchlantiruvchi xususiyatga ega kunduzgi trankvilizator. Miorelaksatsiya chaqirmaydi. Ko‘rsatmalar: nevrasteniya, qo‘rquv, xavotir, vahima, apatiya, adinamiya, surunkali charchash sindromi, vagotoniya bilan kechuvchi vegetonevroz. Qabul qilish tartibi: Bir tabl. (300 mg) kuniga 2 mahal ovqatdan keyin ichishga buyuriladi. Bolalarga kam dozalarda tavsiya etiladi. Nojo‘ya ta’sirlari: og‘iz qurishi. ko‘ngil aynishi, uyquchanlik, xolsizlik. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 300 mg.
- Afobazol – benzodiazepin retseptorlari agonistlari sinfiga kirmaydigan selektiv anksiolitik. Gipnosedatsiya va miorelaksatsiya chaqirmaydi. Kognitiv funktsiyalarga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, balki ruhiyatni faollashtirish xususiyatiga ega. Doriga o‘rganib qolish kuzatilmaydi. Ko‘rsatmalar: astenik nevroz, xavotirli-fobik sindromlar, vegetonevroz, somatonevroz (psixosomatik buzilishlar), uyqu buzilishlari, klimakterik va menstrual davrdagi psixoemotsional buzilishlar, adaptatsiya buzilishlari. Monelik qiluvchi holatlar: homiladorlik va laktatsiya davri, 18 yoshgacha bo‘lgan davr. Tavsiya etish tartibi: Bir tabl (10 mg) dan kuniga 3 mahal tavsiya etiladi. Ishlab chiqarilishi: tabletka – 10 mg.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha