TAFAKKUR
Borliqni o‘rganish sezish va idrok qilishdan boshlanadi. Bizni o‘rab turgan dunyoni sezgi a’zolarimiz orqali qabul qilamiz va idrok etamiz, hodisalar va narsalarni, ular orasidagi bog‘lanishlarni ongimizda aks ettiramiz, fikrlaymiz. Xo‘sh, tafakkur nima? Tafakkurni izohlashga oid bir qancha nazariyalar mavjud. Ularning ba’zilarini keltirib o‘tamiz.
Bixeviorizm (ingl. xulq-atvor degani) tarafdorlari fikrlashning xulq-atvorga oid nazariyasini ilgari surishgan, ya’ni tafakkur ham xuddi nutq kabi harakat faoliyati bilan bog‘liq deyishgan. Masalan, dars qilib o‘tirgan bolaning lablari qimirlab turishi yoki biror bir muammo ustida kuchli fikr yurgizayotgan odam stolga qo‘llari bilan to‘qillatib urib o‘tirishi yoki xonaning u yog‘idan bu yog‘iga hadeb yuraverishi va h.k Demak, harakat bilan tafakkur orasida bevosita bog‘liqlik bor. Masalan nechog‘lik murakkab bo‘lsa, miyadagi neyronlar faolligi shunchalik yuqori bo‘ladi. Bu holat hozirda fMRT yordamida yaxshi isbot qilingan. Hatto po‘stloqning qaysi sohalari qanday tafakkur operatsiyalarida qanday faollashuviga oid materiallar qo‘lga kiritilgan.
Kognitiv psixologiya tarafdorlari olamni va o‘z-o‘zini anglash jarayoni dastlab hissiyot va harakat tusida namoyon bo‘ladi, deb hisoblashadi. Bordi-yu, idrok etish voqelikni bevosita o‘rganishga yordam bersa, tafakkur esa buyum va hodisalardagi umumiylikni aks ettirib, ayrim buyumlarga nisbatan umumlashtirishni qo‘llaydi. Bu voqelikni bevosita emas, balki bilvosita o‘rganishdir. Tafakkur idrok etishdan va tasavvurdan ko‘ra kengroq bo‘lib, uni biz tasavvur eta olmaydigan hodisalar qamrab olishi mumkin. Masalan, erda hayot paydo bo‘lishi to‘g‘risida biz millionlab yillar haqida fikr yuritamiz, holbuki, aslida million yil nimaligini tasavvur etish amrimahol.
Tafakkur, boshqa ruhiy jarayonlar singari, miya mahsuli bo‘lib, bosh miyada amalga oshiriladi. Tabiyki, hozirgi vaqtda bunga hech qanday shubha yo‘q. Ma’lumki, bosh miya kasalliklarida fikrlash buziladi yoki bolaning miyasida tug‘ma nuqson bo‘lsa, u fikrlashdan orqada qolib rivojlanadi. Hozirda fMRT yordamida bosh miyada turli xil ma’lumotlarni fikrlash mobaynida qanday kimyoviy elementlar ishtirok etishi va qaysi neyronal guruhlar faollashuviga oid materiallar qo‘lga kiritilgan.
Tafakkur rivojlanishida diqqatning ahamiyati ham juda katta. Diqqat bir joyga to‘planmasa, fikrlash ham izchil va unumli bo‘lmaydi. Tafakkur irodaga ham aloqador. Chunki mushkul masalalarni hal etish uchun odamga katta iroda kuchi talab qilinadi. Tafakkur sezgi bilan ham chambarchas bog‘liq. Chunki yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bilish jarayonlari dunyoni sezish va idrok etishdan boshlanadi.
Tafakkur odamning boshqa ruhiy funktsiyalari singari, tarbiya, o‘qish va mehnat faoliyati ta’siri ostida hamda boshqa odamlar bilan doimo muloqotda bo‘lish jarayonida taraqqiy etib boradi. Shunday qilib, tafakkur nafaqat biologik, balki ijtimoiy voqelik hamdir. Adabiyotlardan ma’lumki, o‘rmonda adashib qolgan jajji bola bir qancha yillar mobaynida odamlar bilan muloqotda bo‘lmasdan, hayvonlar orasida yashagan. Unda fikrlash qobiliyati o‘ta past bo‘lgan. Shunga o‘xshash bolalar Hindistonda o‘rganilgan edi. Bu haqda “Maugli” nomli multfilm ham ishlangan. Ma’lum bo‘lishicha, bunday bolalarda tushunsa bo‘ladigan na nutq, na fikrlash bo‘lgan. Ular aqliy jihatdan juda ham sust rivojlangan. Ularning o‘zini tutishi, xulq-atvori ko‘proq hayvonlarnikiga o‘xshab ketgan. Bunday bolalar odamlar orasiga qaytarilganda ham, ularning odamlardek yashashi va taraqqiy etishi juda qiyin kechgan.
Jamiyatga aqlli robotlarning jadal kirib kelishi, so‘z bilan aloqa o‘rnini kompyuterlashgan distant aloqa vositalari, deylik androidlar egallab borayotgani insonlarning tafakkur doirasini kengaytirib yuboryapti. Biroq bunday vositalar (smartfon, planshet va noutbuklar) yosh bolalardagi fikrlash faoliyatining fiziologik va biologik qonunlarga mos ravishda riojlanishini izdan chiqarib yubormoqda. Odam biologik muhitdan uzoqlashib, androidlar dunyosiga g‘arq bo‘lmoqda, u ko‘proq robotlar dunyosiga qaram bo‘lib bormoqda. Bunday taraqqiyotning salbiy ta’sirlari bolalarda bilish jarayonlarining nomutanosib rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Hindiston o‘rmonlarida uzun daraxtzorlar va ongsiz mavjudotlar bilan aloqa qilmay o‘sgan bola, ya’ni mauglini insonlar orasiga qo‘shishdagi qiyinchiliklar har birimizga ayon. Maugli o‘ziga yashash uchun yana o‘rmonzorni ma’qul ko‘rdi.
Bundan 10 yillar oldin o‘zim kuzatgan 6 yoshli boladagi xulq-atvor va patologik tarzda o‘zgargan tafakkur doirasini o‘rganib, maugli ko‘z oldimga keldi. AQShda istiqomat qilayotgan vatandoshimiz chaqaloqlik davridan bolasini planshet bilan tarbiyalagan. Olti yoshga to‘lgan bolaning g‘alati xatti-harakatlari va tafakkur doirasidan cho‘chigan buvasi (o‘zi olim odam) bolaning ota-onasi bilan birgalikda menga ko‘rsatgani olib kelishdi. Unda o‘tkazgan neyropsixologik tekshiruvlarim natijasida bu bolada yoshiga mos bo‘lmagan tafakkur doirasi, nutq rivojlanishining orqada qolishi va hissiy reaktsiyalarning ilgarilab ketishining guvohi bo‘ldim. Beixtiyor maugli ko‘z oldimga keldi. O‘zbekistonda yana 3 nafar shunday bolani kuzatib, “Zamonaviy maugli” sindromi degan yangi bir kasallikni fanga kiritish lozim deb topdim. Gap qo‘l telefonlari sababli hulq-atvori keskin buzilgan bolalar haqida ketmayapti. Albatta, bunday bolalar son-sanoqsiz. Gap haqiqatan ham insonlar uchun xos bo‘lgan nutq va u bilan bog‘liq bo‘lgan oliy ruhiy funktsiyalarning orqada qolib, hayvonlar uchun xos bo‘lgan hissiy reaktsiyalar yaqqol ufurib turgan bola haqida boryapti.
Jamiyatni robotlashtirishning ildamlab ketishi kelajakda “Maugli sindromi” bilan kasallangan bolalar sonining keskin oshishiga sababchi bo‘ladi. Shunday bolalarni yaratayotgan jamiyat va ota-onalarning bu yangi kasallik bilan kurashishga kuchi etmaydi. Bu erda neyropsixolog yordami albatta kerak bo‘ladi. Bu sindrom yaqin kelajakda tibbiyot va psixologiya darsliklarida o‘rin olsa kerak. Demak, ushbu sindromning etiopatogenetik mexanizmlari, klinikasi, psixodiagnostikasi, psixoterapiyasi va psixoreabilitatsiyasini mukammal o‘rganib, xalqaro kasalliklar tasnifiga kiritish lozim deb hisoblaymiz.
Tafakkur buzilishi. Bosh miyadagi integrativ jarayonlarni izdan chiqaruvchi har qanday kasallik tafakkur buzilishiga olib keladi. Tafakkur buzilishining klinikada ko‘p uchraydigan turlari bilan tanishib chiqamiz.
Oligofreniya – tafakkurning tug‘ma zaifligi bo‘lib, og‘ir-engilligi bo‘yicha turli darajada ifodalanadi: debillik, imbetsillik, idiotiya. Oligofreniyaning engil darajada rivojlangan turi debillik deb ataladi. Ularda saboq olishga ayrim qobiliyatlar saqlanib qoladi, ular maxsus maktablarda ta’lim olishadi. Bu bolalarda nutq funktsiyasi saqlangan bo‘lib, ba’zi aqliy operatsiyalarni (masalan, hisob-kitob) bajara olishadi, mexanik xotirasi saqlangan bo‘ladi. Umumlashtirish va abstraktsiyalash sust rivojlangan bo‘ladi. Yaratuvchilik qobiliyati ham past bo‘lib, ular faqat kam aqliy faoliyat talab qiladigan ishlarnigina bajara olishadi.
Imbetsillik — tafakkurning o‘rta darajada buzilishi. Imbetsil bolalarning nutq funktsiyasi va xotirasi o‘ta sust bo‘lib, ular biror narsani o‘rganishda juda qiynalishadi. Ularga saboq berish juda qiyindir. Ularning harakatlari qo‘pol va beo‘xshov bo‘ladi. Bir necha so‘zni yozish va o‘ngacha sanashni eplay olishadi, xolos. Bunday bolalarda jismoniy zaiflik ham kuzatiladi.
Idiotiya — tafakkurning o‘ta og‘ir darajada buzilishi bo‘lib, aqliy faoliyatning chuqur buzilishlaridan tashqari, jismoniy nuqsonlar ham kuzatiladi. Nutq ham buzilgan bo‘ladi. Bemor o‘zini idora qila olmaydi va doimo birovning yordamiga muhtoj.
Dementsiya — tafakkur buzilishining orttirilgan turi. Bunda barcha kognitiv funktsiyalar turli darajada buziladi. Uning asosiy sabablari: ateroskleroz, Alsxaymer kasalligi, og‘ir entsefalopatiyalar, kraniotserebral jarohatlar, alkogolizm, giyohvandlik, epilepsiya, lakunar insult. Dementsiyaning engil, o‘rta va og‘ir turlari farqlanadi. Bu kasallikning og‘irlik darajasiga qarab diqqat, idrok, xotira va fikrlash jarayoni buzilib boradi va shaxs degradatsiyasi rivojlanadi.
Tafakkurni tekshirish usullari
1. “Ortiqchasini chiqarib tashlash” usuli
Maqsad: Fikrlash doirasini aniqlash.
O‘tkazilish tartibi: Sinaluvchiga har xil narsalar, o‘simliklar va hayvonlarning nomlari yozilgan qator ko‘rsatiladi. Nomlar qatori shunday tuzilishi kerakki, sinaluvchi ularning ichidan ma’no bo‘yicha to‘g‘ri kelmaydigan nomlarni chiqarib tashlashi kerak.
Ko‘rsatma: “Quyidagi so‘zlarni o‘qib chiqing. Ma’no va mazmuni jihatdan ushbu qatorga to‘g‘ri kelmaydigan bitta so‘zni (nomni) chiqarib tashlang. Siz chiqarib tashlagan so‘z (nom) nima uchun ushbu qatorga to‘g‘ri kelmasligini tushuntirib bering”.
1. O‘rdak, baliq, tovuq, kurka, xo‘roz.
2. Karam, sabzi, turp, olma, sholg‘om.
3. Kitob, daftar, kursi, bloknot, qog‘oz.
4. Televizor, radio, kompyuter, telefon, devor.
5. Arra, bolg‘a, mix, bolta, beshik, tesha.
6. Oltin, kumush, mis, alyuminiy, temir.
7. Parij, London, Bern, Rim, Tokio, Kopengagen.
8. Avstriya, Germaniya, Frantsiya, Italiya, Norvegiya, Oslo.
9. Qo‘y, it, echki, ot, tovuq, xo‘roz, bo‘ri.
10. Kahva, choy, vino, sut, sharbat, bo‘tqa.
Xulosa chiqarish: Agar qisqa muddat ichida hammasiga to‘g‘ri javob berib izohlab bersa, fikrlash doirasi yaxshi (3 ball), topshiriqni bajarishda birmuncha xatoliklarga yo‘l qo‘ysa, fikrlash doirasi qoniqarli (2 ball), topshiriqning ma’no-mazmuniga tushunmay uni bajara olmasa, fikrlash doirasi past (1 ball) deb xulosa chiqariladi.
2. “Tanlab ko‘rsatish” usuli
Maqsad: Fikrlash doirasini aniqlash.
O‘tkazilish tartibi: Sinaluvchiga turli narsalar (obektlar) nomi yozilgan qator ko‘rsatiladi. Sinaluvchi ularni diqqat bilan kuzatib obektlarning turli xususiyatlari bo‘yicha ketma-ket joylab chiqish kerak.
Ko‘rsatma:
- Uchish tezligi bo‘yicha ketma-ket joylashtiring: raketa, dron, o‘q, vertolyot, samolyot.
- Yorug‘lik darajasi bo‘yicha ketma-ket joylashtiring: projektor, fonar, oy, quyosh, lampa, sham.
- Sekin yurishi bo‘yicha ketma-ket joylashtiring: quyon, toshbaqa, tipratikan, timsoh, qoplon.
- Dumining uzunligi bo‘yicha ketma-ket joylashtiring: tuya, quyon, olmaxon, tipratikan.
- Tanani issiq tutish darajasi bo‘yicha joylashtiring: mayka, palto, ko‘ylak, kostyum.
- Uzunligi bo‘yicha joylashtiring: Toshkent teleminorasi, Eyfel minorasi, Rio-de Janeyro teleminorasi, Ostankino teleminorasi.
- Ushbu viloyatlarni er maydonining kattaligi bo‘yicha joylashtiring: Navoiy, Qashqadaryo, Xorazm, Farg‘ona, Toshkent.
- Qaysi alloma oldin tug‘ilganligi bo‘yicha joylashtiring. Navoiy, Amir Temur, Ibn Sino, Gippokrat, Ogahiy.
- Issiqlikni tez o‘tkazishi bo‘yicha joylashtiring: mis, alyuminiy, oltin, temir.
3. Fikrlash faolligini aniqlash
Buning uchun talabalarga turli xil topshiriqlar beriladi va vaqt belgilab olinadi. Har bir topshiriq 1 daqiqa mobaynida bajarilishi kerak.
1-topshiriq. “Men vaqtni belgilayman. Sizlar 1 daqiqa mobaynida daftarga A harfi bilan boshlanuvchi shaharlar nomini yozasiz. Qancha ko‘p yozsangiz shuncha yaxshi”. Belgilangan vaqt o‘tishi bilan keyin daftarlar yig‘ishtirib olinadi. Ko‘rsatilgan harfga kim ko‘p nom yozgan bo‘lsa va ularning nomi to‘g‘ri bo‘lsa, o‘sha talabaning fikrlash faolligi yaxshi saqlangan hisoblanadi.
2-topshiriq. “Bir daqiqa mobaynida Toshkent shahrida mavjud bo‘lgan yirik ob’ektlar nomini yozib chiqing. Kim ko‘p nom yozsa, o‘sha g‘olib hisoblanadi. Biroq orfografik va stilistik xatolarga yo‘l qo‘ymang. Qisqartirishlar bo‘lmasin”.
Xuddi shu tartibda mevalar yoki sabzavotlar, uy hayvonlari, yovvoyi hayvonlar nomini yozib ham fikrlash faolligi va doirasini tekshirish mumkin. Bunday topshiriqlar esda saqlash darajasini ham ko‘rsatib deradi.
3-topshiriq. «Bir daqiqa mobaynida M, O‘, V, S harflardan foydalanib jumla tuzing. Masalan: «Men O‘z Vatanimni Sevaman». Jumlalar ma’no va mazmun jihatdan to‘g‘ri tuzilgan bo‘lishi kerak. Topshiriq bajarilgandan so‘ng to‘g‘ri tuzilgan jumlalar soni hisoblab chiqiladi.
4-topshiriq. O‘qituvchi doskaga aylana, kvadrat, uzun chiziqlar, tsilindr, spiral, to‘lqinli chiziq, doira va biror bir narsaning shaklini (masalan, uy, kema, poezd) yaratsa bo‘ladigan turli geometrik shakllarni chizadi. So‘ng o‘qituvchi talabalarga ko‘rsatma beradi: Bir daqiqa mobaynida ushbu geometrik shakllardan iloji boricha ko‘proq tugallangan rasmlar yaratishingiz kerak. Faqat doskada ko‘rsatilgan shakllardan foydalaning”.
Topshiriq bajarib bo‘lingandan so‘ng to‘g‘ri tuzilgan rasmlar sanab chiqiladi. Bu topshiriq diqqat va xotira o‘tkirligi, fikrlash qobiliyatini tekshirish uchun qo‘llaniladi.
Barcha topshiriqlar bajarib chiqilgandan so‘ng to‘g‘ri bajarilgan topshiriqlar soni hisoblab chiqiladi. Shu yo‘l bilan nafaqat talabalarning fikrlash qobiliyati, balki ularning bilimini baholashda ham foydalanish mumkin. Topshiriqni birinchi bo‘lib bajargan talabaga 5 ball, undan keyingi talabalarga esa 4, 3, 2 va 1 ball qo‘yiladi.
4. Analogiya yaratish
Sinaluvchiga har xil so‘zlar yozilgan material ko‘rsatiladi. Sinaluvchi ularning ro‘parasiga ma’no va mazmun jihatidan mos keluvchi so‘zlarni yozib chiqishi kerak. So‘zlarning kam yoki ko‘pligiga qarab vaqt belgilanadi (1, 3, 5 daqiqa). Masalan, o‘n – son, kuchuk – hayvon, archa – daraxt, qish – sovuq, so‘z – gap, jigar – a’zo, psixologiya – fan, dushanba – hafta kuni, telefon – aloqa vositasi, Toshkent – poytaxt yoki Toshkent – shahar va h.k. Bu sinamani og‘zaki tarzda o‘tkazish ham mumkin.
5. Maqollar va aforizmlar ma’nosini tushuntirib berish
Sinaluvchiga bir nechta maqol va aforizmlar aytiladi. Sinaluvchi ularning ma’nosini tushuntirib berishi kerak. Vaqt belgilanishi shart emas. Masalan, “Temirni qiziganda bos”; “Shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi”, “Ko‘rpangga qarab oyoq uzat”, “Baliq boshidan sasiydi”, “Daraxtni chopsa, uning shoxlari uchadi”, “Hamma yaltiragan narsa ham oltin bo‘lavermaydi”, “Chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmaydi”, “Nima eksang, shuni o‘rasan”, “Yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dong‘i chiqmas”, “Bo‘ridan qo‘rqqan o‘rmonga bormas”, “Etti o‘lchab, bir kes”, “Tilim mening, dushmanim mening”, “Bukrini go‘r to‘g‘rilaydi”, “Bir bolaga etti mahalla ota-ona”, “Jo‘jani kuzda sanashadi”, “Kiyimga qarab kutib olishadi, aqliga qarab kuzatib qo‘yishadi”, “Tomdan tarasha tushgandek”, “Er-xotinning urishi, doka ro‘molning qurishi” va h.k.
6. Intellekt darajasini tekshirish uchun Veksler testi (shkalasi)
Veksler testi (shkalasi) intellekt darajasini tekshirish uchun eng ko‘p qo‘llaniladigan test hisoblanadi. Devid Veksler tomonidan 1939 yili ishlab chiqilgan. Ushbu test turli yoshda intellekt darajasini, aniqrog‘i, aqliy rivojlanish darajasini aniqlash va baholash uchun qo‘llaniladi.
Veksler bo‘yicha IQ-ko‘rsatkichlari:
1. Juda yuqori – 130 ball.
2. Yuqori – 120-129 ball.
3. Yaxshi – 110-119 ball.
4. O‘rtacha – 90-109 ball.
5. Past – 80-89 ball.
6. Yomon – 70-79 ball.
7. Aqliy defekt – u 2,2%
Mutaxassislar fikricha, er shari aholisining 2,2 % juda yuqori, 6,7 % yuqori, 16,1 % yaxshi, 50 % o‘rtacha, 16,1 % past, 6,7 % yomon intellektga ega bo‘lsa, aholining 2,2 % aqliy defekt bilan tug‘ilgan. Biroq bu tadqiqot ishi barcha davlatlarni o‘z ichiga qamrab olmagan.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc)
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha