TEMPERAMENT VA UNING TIPLARI
Temperament – odamning individual xatti-harakatlarini ifodalab turuvchi tug‘ma va turg‘un psixofiziologik xususiyatlar yig‘indisi. Temperament tug‘ma va o‘zgarmasdir. Inson qaysi temperament egasi bo‘lsa, umrbod o‘sha temperamentda qoladi. Temperament tafakkur darajasi yoki insoniylik fazilatlariga qarab ham bo‘linmaydi. Shu bois ham barcha temperament vakillari ichida iqtidorli va iqtidorsiz, ilmli va ilmsiz, vijdonli va vijdonsiz kishilarni uchratish mumkin.
Temperament 4 tipga ajratib o‘rganiladi:
- Sangvinik – quvnoq, chaqqon, tirishqoq va ta’sirchan odam. U tevarak-atrofga tez moslashadi, voqea-hodisalarga reaktsiyasi kuchli bo‘ladi. Odatda, sangvinik gapdon odam, har qanday inson bilan muloqotga oson kirishib ketadi va suhbat paytida quvnoq mimikani ko‘p ishga soladi. O‘ziga yoqqan ishga osongina berilib ketsa-da, muntazam davom etuvchi ishlarda qovun tushirib qo‘yadi. Sangvinikni kuldirish oson. Sangvinik kuchli tipga kiradi.
- Flegmatik – vazmin, bosiq, kamharakat va hissiyotini jilovlab tura oladigan odam. Flegmatik odatda kamgap bo‘lib, har qanday ishni shoshmasdan boshlaydi, biroq oxiriga etkazib qo‘yadi, murakkab yoki janjalli vaziyatlarda ortiqcha hissiyotga berilmaydi. Agar sangvinik tez yonib, tez so‘nadigan alangaga o‘xshasa, flegmatik sekin olov olib, uzoq yonadigan alangadir. Tez javob berish zarur bo‘lgan vaziyatlarda flegmatik ko‘pincha vaqtni boy berib qo‘yadi. Bunda sangvinik ustun keladi. Qat’iylik, iroda va sabr-toqat talab qilinadigan ishlarda esa flegmatik ustun. Flegmatikni kuldirish ham, jahlini chiqarish ham qiyin. Flegmatik kuchli tipga kiradi.
- Xolerik – jizzaki, qiziqqon, chaqqon, beqaror, hissiy reaktsiyaga boy odam. U juda harakatchan. Juda katta ish qobiliyatiga ega xolerik biror ishni qiziqib tez boshlaydi-yu, oxiriga etkazmay tez orada tashlab qo‘yadi. Xolerik hech qachon bir maromda ishlay olmaydi, goh g‘ayrat bilan, goh imillab ishlaydi. Ehtiyotkorlik, matonat va chidam talab qilinadigan vaziyatlarda xolerik qiyin ahvolga tushib qoladi. Xolerikning jahlini chiqarish juda oson. Xolerik ham kuchli tipga kiradi.
- Melanxolik – g‘amgin, zaif, yig‘loqi va jur’atsiz odam. U salga xafa bo‘ladi, jiddiyroq ishlarga jur’at etolmaydi, o‘z fikriga ega emas. Melanxolik arzimagan qiyinchiliklarga bardosh bera olmaydi, ularga qarshi kurashdan voz kechadi. Sangvinik va flegmatik esa qiyinchiliklarni oson engishadi, xolerik esa ularni hatto yo‘q qilib yuboradi. Melanxolikda ijobiy his-tuyg‘udan salbiy his-tuyg‘ular ustunlik qiladi. Baxtli voqealarga qaraganda, noxush voqealar ularga ko‘proq ta’sir qiladi. Shuning uchun ham melanxolik doimo tushkun kayfiyatda yuradi. Melanxolik – temperamentning kuchsiz tipi.
X. Bidstrup chizgan rasmlarda aks etgan temperament tiplarini ajratib ko‘rsating.
Ikkita temperament vakillari, ya’ni sangvinik va flegmatiklar turmush qiyinchiliklariga juda turg‘un moslasha oladilar. Sangvinik va xoleriklar ko‘p tarqalgan temperamentlar sirasiga kiradi.
Bir shaxsning o‘zida temperament 100 % xolerik yoki 100 % flegmatik xususiyatlari bilan kelishi kam uchraydi. Masalan, kimdir 70 % xolerik bo‘lsa, unda 30 % melanxoliya alomatlari yoki 75 % flegmatik tipiga 25 % sangvinik tipini eslatuvchi xususiyatlar qo‘shilib kelishi mumkin. Biroq bitta odamda ikkita temperament tipi 50/50 bo‘lib kelmaydi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha