TIBBIY PSIXOLOG. U KIM?
Savol: Tibbiy psixolog kim? Ularni qaerda tayyorlashadi?
Javob: Tibbiy psixolog – psixologiya bo‘yicha maxsus tayyorgarlikka ega vrach. Tibbiy psixolog bo‘lish uchun avval tibbiyot institutlarining davolash yo‘nalishi bo‘yicha fakultetlarni tugatish kerak. So‘ngra talabalar “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha uch yillik magistraturada yoki ikki yillik klinik ordinaturada tahsil olishadi.
Savol: Tibbiyot psixologiyasi bo‘yicha magistraturani tugatganlar qaerda ishlashadi?
Javob: Ular “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha mutaxassis bo‘lishadi va respublikamizning barcha shifoxonalari hamda ilmiy markazlarda “vrach-psixoterapevt”, “vrach-neyropsixolog”, “vrach-psixonevrolog” bo‘lib faoliyat ko‘rsatishadi. Magistraturani a’lo baholarga tugatganlar va xorij tillarini mukammal biladiganlar “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha ochiladigan kafedralar, ilmiy laboratoriyalar va psixosomatik bo‘limlarda faoliyat ko‘rsatishadi.
Savol: Psixosomatik bo‘limlar qaerlarda ochiladi va u erda qanday bemorlar davolanishadi?
Javob: Yaqin kelajakda Toshkent shahridagi yirik ilmiy-tibbiy markazlar, tibbiyot institutlari klinikalari va viloyat klinik shifoxonalarida “Psixosomatik bo‘limlar” ochilishi rejalashtirilgan. Buning uchun “Tibbiy psixologiya” bo‘yicha magistratura va klinik ordinaturani tugatgan mutaxassislar etarli bo‘lishi kerak. Bu bo‘limlarda psixosomatik buzilishlar aniqlangan bemorlar davolanishadi.
Savol: Psixosomatik buzilishlarga nimalar kiradi?
Javob: Kuchli yoki doimiy ruhiy jarohatlar sababli inson organizmida turli xil kasalliklar rivojlanadi. Masalan, bosh og‘riqlar, bosh aylanishlar, yurak sanchishlari, oshqozon sohasida og‘riqlar, bo‘g‘imlarda og‘riqlar, jinsiy zaifliklar va hokazo. Bunday belgilarni vrachlar ba’zan haqiqiy kasallik sababli rivojlangan deb o‘ylashadi. Buning oqibatida doimo boshi og‘riydigan bemorga “miyaning ichki bosimi oshgan”, boshi aylanadigan bemorga “kamqonlik” yoki “miyada qon aylanishi etishmovchiligi”, bo‘g‘imlari og‘riydigan bemorga “bod kasalligi”, yuragi og‘riydigan bemorga “yurak kasalligi” deb tashxis qo‘yishadi. Ularni aslida tibbiy psixolog davolashi kerak. Men bu erda bir nechta psixosomatik buzilishlarni keltirib o‘tdim, xolos. Ularning turi 700 dan oshiq.
Savol: Psixosomatik buzilishlar shu qadar ko‘p uchraydimi?
Javob: Juda ko‘p! Barcha kasalliklarning 70 foizi – bular psixosomatik buzilishlar. Shuning uchun ham rivojlangan davlatlarning tibbiyot markazlarida faoliyat ko‘rsatuvchi tibbiy psixologlar soni vrachlar sonidan ikki barobar ko‘p. Bu mamlakatlarda bemorning shikoyati qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ular tibbiy psixolog ko‘rigidan o‘tishadi. Tibbiy psixolog ham xuddi nevropatolog va psixiatr kabi yuqori malakali vrach hisoblanadi. Shu bois ularni magistratura va klinik ordinatura orqali tayyorlashadi.
Savol: Depressiya va psixozlarni (ruhiy qo‘zg‘alishlar) endi tibbiy psixologlar davolashadimi?
Javob: Avvallari bunday bemorlarni psixiatrlar davolashgan. Endi ularni tibbiy psixologlar ham davolashadi. Tibbiy psixologlar ruhiy kasalliklar shifoxonasida va psixonevrologik dispanserlarda psixiatrlar bilan hamkorlikda ishlashadi. Ular narkologik dispanserlarda ham mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatishadi. Depressiya bilan kasallangan bemorlarni davolash esa ularning bevosita burchidir.
Savol: Tibbiy psixolog bosh miyaning og‘ir yallig‘lanish kasalliklarini o‘tkazgan bemorlarni davolashga haqlimi?
Javob: Albatta haqli. Chunki meningit, meningoentsefalit va entsefalit kabi og‘ir kasalliklarda nafaqat harakat va sezgi buzilishlari, balki oliy ruhiy funktsiyalarning buzilishlari ham kuzatiladi. Nutq, xotira, tafakkur, hissiyot va xulq-atvor buzilishlari ushbu kasalliklarda juda ko‘p uchraydi. Ushbu buzilishlarni rivojlangan xorij davlatlarida nevropatologlar emas, balki tibbiy psixologlar (neyropsixologlar) davolashadi. Tibbiy psixologlar bosh miya faoliyatini yaxshilovchi dori-darmonlar hamda psixoterapiya usullarini parallel tarzda qo‘llaydi.
Savol: Insult kasalligi-chi?
Javob: Ko‘pchilik insult kasalligini faqat nevropatolog davolaydi deb o‘ylaydi. Bu fikr qisman to‘g‘ri, xolos. Insult endi rivojlangan paytda uni nevropatolog, reanimatolog, angioxirurg yoki neyroxirurg davolaydi. Agar insult hushning buzilishi bilan namoyon bo‘lsa, bemor reanimatsiya bo‘limiga yotqiziladi. Agar insult bo‘yin qon tomirlari tiqilib qolishi sababli ro‘y bersa, bemor angioxirurgiya (angionevrologiya) bo‘limida operasiya qilinadi. Mabodo, miyaga qon quyilsa, bemor zudlik bilan neyroxirurgiya bo‘limiga olib boriladi va operasiya qilinadi.
Ushbu mutaxassislar yordamidan keyin bemorni nevropatolog va tibbiy psixolog kuzatuvga oladi. Nevropatolog harakat va sezgi buzilishlarini tiklash bilan shug‘ullansa, tibbiy psixolog (neyropsixolog) oliy ruhiy funktsiyalar, ya’ni nutq, xotira, tafakkur va hissiyot buzilishlarini bartaraf etish bilan shug‘ullanadi. Miya insultlarida harakat va sezgi buzilishlari 30 % ga yaqin bo‘lsa, oliy ruhiy funksiyalar buzilishi 70 % dan oshadi. Bu degani miya insultini o‘tkazgan bemor 70 % vaqtini tibbiy psixolog (neyropsixolog) bilan o‘tkazadi. Tibbiy psixolog bemorga miya faoliyatini yaxshilovchi barcha dori-darmonlarni mustaqil ravishda tavsiya etadi va psixoterapiya muolajalarini keng qo‘llaydi. Albatta, bemorni qayta hayotga qaytarishda reabilitolog xizmati ham juda zarur. Reabilitolog – buzilgan funksiyalarni qayta tiklovchi vrach degani. Reabilitologlar – nevrologiya va tibbiy psixologiya ilmini mukammal biladigan mutaxassislardir.
Savol: Neyropsixologlarni qaerda tayyorlashadi?
Javob: Neyropsixolog – nevrologiya va psixologiya ilmini chuqur biladigan mutaxassis. Neyropsixologlar tibbiy psixologiya kafedralarida etishib chiqishadi. Psixologiyaning boshqa yo‘nalishlaridan farqli o‘laroq, ularga nevrologiya ilmidan chuqur saboq beriladi. Chunki nevrologiyani bilmasdan turib, neyropsixolog bo‘lish mumkin emas. Neyropsixologning amaliy tibbiyotdagi asosiy quroli – bu psixologik usullardir.
Savol: Tibbiy psixolog bemorni KT, MRT va boshqa tekshiruvlarga yuborishga haqlimi?
Javob: Albatta, haqli! To‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun zarur bo‘lgan har qanday diagnostika usullariga bemorni tibbiy psixologning o‘zi yuborishi zarur. Masalan, bemordagi psixoz (ruhiy qo‘zg‘alish) jigar zararlanishi sababli rivojlandi deylik. Bunday bemorni ko‘rgan tibbiy psixolog jigarni ultratovush usuli bilan tekshirishga yuboradi, qonda fermentlar miqdorini aniqlaydi va hokazo. Shu yo‘l bilan u psixoz sababini izlab topadi va uni bartaraf etadi. Agar bemorga jigar faoliyatini yaxshilovchi dorilar berilmasa, psixozni ham bartaraf etib bo‘lmaydi. Bu erda terapevtlar yordami ham kerak.
Savol: Psixiatrning tibbiy psixologdan nima farqi bor?
Javob: Psixiatr shaxsning keskin o‘zgarishi bilan namoyon bo‘luvchi ruhiy buzilishlarni davolaydi. Masalan, shizofreniya va suitsid bilan namoyon bo‘luvchi ruhiy kasalliklar. Bunday bemorlar o‘ziga va atrof-muhitdagilar hayotiga xavf solishi mumkin. Psixologik usullarni chuqur o‘zlashtirgan psixiatrlar ham psixiatr, ham tibbiy psixolog bo‘lib ishlashadi. Psixiatriya tibbiy psixologiyaga juda yaqin fandir. Tibbiy psixologiya fiziologiya, nevrologiya, psixiatriya va farmakologiya negizida shakllangan fan. Albatta, tibbiy psixologiyaning ildizi umumiy psixologiyaga borib taqalishini ham esda tutish lozim.
Savol: Psixonevrolog haqida ham ma’lumot bersangiz.
Javob: Psixonevrolog – xulq-atvorning turli darajada buzilishlari bilan namoyon bo‘luvchi kasalliklarni davolovchi vrach. Masalan, nevroz, isteriya, psixoz, fobiya, depressiya va h.k. Demak, bir oz engil ifodalangan ruhiy buzilishlarni psixonevrologlar davolashadi. Psixiatriya bo‘yicha maxsus kurslarni va magistraturani tugatgan mutaxassislar psixonevrolog bo‘lib ishlashadi. Ular, asosan, psixonevrologik dispanserlarda faoliyat ko‘rsatishadi. Hozirda tibbiy psixologiya bo‘yicha magistraturani tugatganlarga ham psixonevrolog bo‘lib ishlash huquqi berilgan.
Savol: Tibbiy psixologlar konsultativ poliklinikalarda ham ishlashadimi?
Javob: Albatta! Xuddi nevropatolog, kardiolog va endokrinolog kabi tibbiy psixolog kabineti konsultativ poliklinikalarda ham ochiladi. U boshqa vrachlar bilan bir qatorda bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazadi, ularga tashxis qo‘yadi va davolaydi.
Men inson organizmini tibbiyotga, uning a’zolarini esa turli fanlarga qiyoslayman. Masalan, bosh miyani – nevrologiya, yurakni – kardiologiya, ko‘zlarni – oftalmologiyaga, o‘pkani – pulmonologiya, jigarni – gepatologiya, suyaklarni – travmatologiya, buyraklarni – urologiya, endokrin bezlarni – endokrinologiyaga qiyoslash mumkin. Tibbiyot psixologiyasini esa o‘z ahamiyati bo‘yicha inson terisi bilan qiyoslagim keladi. Odamlar har doim o‘z miyasi, yuragi, jigari va buyraklarini asrashga harakat qilishadi. Biroq teriga negadir e’tibor shu darajada emas. Teri hamma narsaga bardosh beradi, butun bir organizmni himoya qilib turadi. Odam terisini loyga ham uraveradi, bexosdan kesib ham oladi, xohlasa eng qimmatbaho xushbo‘y hidli atirlar sepib, uni parvarish qiladi. Yurak, jigar va buyraklarni operasiya yo‘li bilan olib tashlash, qayta qo‘yish mumkin. Biroq butun boshli terini shilib tashlab bo‘lmaydi. Agar shunday qilinganida nafaqat ba’zi a’zolar, balki butun bir organizm chirib, yo‘q bo‘lardi. Shunday ekan, tibbiyotni psixologiyasiz tasavvur qilish qiyin. Psixologiyasiz tibbiyot terisiz organizmga o‘xshaydi. U juda xunuk bo‘lib, tez orada halok bo‘ladi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab va ruhiyat., 4-nashr. Ilmiy-ommabop risola. T, 311 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha