Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi TIBBIYoTDA PSIXOTERAPIYa

TIBBIYoTDA PSIXOTERAPIYa


Psixoterapiya – qalb va ruhni davolash, degan ma’noni anglatadi. Tibbiyot paydo bo‘lgandan beri psixoterapiya usulidan keng foydalanilgan. Psixoterapiya usuli asli Sharqda tarqalgan bo‘lib, bemorlarni davolashda u eng samarali hisoblangan.
   Abu Ali Ibn Sino, Abu Bakr ar-Roziy, Ismoil Jurjoniy, Al-Karvakiy Xazoraspiy kabi buyuk allomalar o‘zlarining davolash usullarida giyohlardan tashqari, psixoterapiya usullarini ham qo‘llashgan. Asab va ruhiy xastaliklar bilan yotib qolgan bemorlar ularning tashrifidan va ishlatgan so‘zlaridan tuzalib, oyoqqa turib ketganlar. 
    So‘z buyuk kuchdir! Psixoterapiyaning asosiy maqsadi ham so‘zni topib ishlata bilishda. So‘zni bemorlarni davolashda ishlata olish ham bir san’at. So‘z tibbiy psixologning asosiy quroli bo‘lib, bemorlarni davolashda undan o‘ta ehtiyotkorlik bilan foydalanish kerak. Ozgina ehtiyotsizlik tuzatib bo‘lmas oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Tibbiy psixolog aynan so‘z orqali psixodiagnostika o‘tkazadi va so‘z orqali psixoterapiya olib boradi. Boshqa yo‘nalishdagi hech qaysi vrachlik kasbida bunday katta imkoniyat yo‘q. 
   Psixoterapiya usuli Evropada XVII asrda venalik vrach va olim Mesmer tomonidan keng qo‘llanila boshlangan. Tibbiyotda bemorlarni davolashda gipnoz usuli XVIII–XIX asrlarda  J. Sharko, J. Bred, Z. Freyd, V.M. Bexterevlar tomonidan keng qo‘llanilgan. Nevrologiya fanining rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan frantsiyalik olim J. Sharko psixoterapiya usulidan asab kasalliklarini davolashda keng qo‘llagan. 
    Psixoterapiya jarayoni bemor va vrach psixologiyasining asosiy obektidir. Psixoterapiya o‘tkazayotgan paytda bemorning ruhiy holati, temperamenti, kasallikni keltirib chiqargan omillar va bemorning umumiy ahvoli albatta e’tiborga olinadi. Psixoterapevtik tajribasi yo‘q vrach bemorni davolashda qiynaladi. Har bir vrach psixologik usullardan foydalangan holda bemorni davolashi lozim. Bu ish bilan faqat tibbiy psixolog shug‘ullanishi shart emas, albatta. Iloji boricha, bemorni davolaydigan vrachlar soni kam bo‘lishi maqsadga muvofiq. Bu haqda mashhur  vrach X.F. Gufelyand (1762–1836) shunday degan edi: «Bitta vrach davolasa yaxshi, ikkitasiga ham chidasa bo‘ladi, lekin uchtasi – bu dahshat!» Bu bilan u davolovchi vrachlar ko‘payishi, bemorning sog‘ayib ketishini qiyinlashtiradi, demoqchi. Doktorlarni maslahatga chaqirish mumkin, lekin davolovchi vrach bitta bo‘lishi maqsadga muvofiq.
    Shu o‘rinda yatrogeniya haqida to‘xtalib o‘tsak. Yatrogeniya deb, vrach yoki boshqa tibbiyot xodimining bexosdan aytib qo‘ygan so‘zi yoki tibbiy muolajalardan bemorda avval mavjud bo‘lmagan kasallik alomatlarining paydo bo‘lishiga aytiladi. Buning oqibatida yatropatiya  rivojlanadi. Masalan, ukoldan so‘ng bemorning qo‘li yoki oyog‘i «ishlamay» qolishi, noto‘g‘ri tibbiy xulosalardan so‘ng mavjud bo‘lmagan yurak kasalidan davolanib yurish va h.k. Yatropatiyaga misollar avvalgi boblarda keltirilgan.
    Har qanday psixoterapiya o‘ta mohirlik bilan o‘tkazilishi zarur. Psixoterapiya bemorning shaxsi, temperamenti va kasallik turiga qarab ishlab chiqilmog‘i lozim. Malakali vrachning psixoterapevtik muolajalari natijasi muvaffaqiyatli o‘tadi. Psixoterapiyaning yana bir afzal tomonlaridan biri unga bo‘lgan ishonch va ixlosdir. Psixoterapevtik muolajalar bemorning ahvoliga qarab, kasallik anamnezini chuqur o‘rgangan holda uzoq yoki qisqa vaqt davom ettirilishi mumkin. Davolash muolajalari cho‘zilib ketishi, bir xil bo‘lib qolishi yoki «Sizni uzoq vaqt davolashga to‘g‘ri keladi», qabilidagi gaplar ijobiy natijalarni yo‘qqa chiqarishi mumkin.
      Fikrimizning tasdig‘i sifatida Z. Freydning hanuzgacha bahs va munozaralarga sabab bo‘lib kelayotgan so‘zlarini keltiramiz: «Natijasi qanday tugashidan qat’i nazar, davolash jarayoni oldindan belgilangan vaqtda tugatilishi kerak». Demak, davolash muddati belgilanishi va buni bemor bilishi zarur.
    Tibbiy amaliyotda shunday holatlar bo‘ladiki, bemor doktorning tajribasiga, bilimiga ishonadi, biroq o‘zining sog‘ayib ketishiga ishonmaydi, kasalim tuzalmas va dardim og‘ir, deb miyasiga singdirib oladi. Bu, ayniqsa, nevroz va ipoxondriya uchun juda xos. Bemorda davom etayotgan surunkali kasallik sababli uning oila a’zolari ham aziyat chekadi. Ko‘p hollarda qaysidir bemorda uzoq davom etayotgan nevroz yoki depressiyaning sababi oiladagi, ayniqsa turmush o‘rtog‘i bilan bo‘ladigan kelishmovchiliklar bo‘ladi. Bunday paytlarda bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ida turg‘un “salbiy dominant o‘choq” paydo bo‘lgani va uni parchalab yuborish uchun undan-da kuchli “ijobiy dominant o‘choq” hosil qilish kerak. Ushbu dominant o‘choq shu darajada kuchli bo‘lishi kerakki, u har qanday salbiy dominant o‘choqni parchalab yuborishi lozim. Bu esa vrach yoki tibbiy psixologning ilmi va mahoratiga ko‘p jihatdan bog‘liq.
     Gipnoterapiya
    Gipnoterapiya qadim-qadimdan ma’lum. Uni barcha psixoterapevtik usullardan oldin qo‘llay boshlashgan, degan fikrlar mavjud. Gipnoterapiya turlari juda ko‘p bo‘lib, turli sohalarda keng qo‘llaniladi. Tibbiyotda gipnoterapiya juda katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, nevroz, depressiya va psixosomatik kasalliklarda gipnoterapiya yuqori darajada samaralidir. Gipnoterapiyani organik kasalliklarda ham qo‘llab ijobiy natijalarga erishilmoqda. Allergik dermatozlar, ekzema va bronxial astmani bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin.    
Gipnoterapiya  paytida hozirda  «bo‘rtib» turgan belgilarga, klinik simptomlarga e’tibor qaratiladi va ularni bartaraf etishga kirishiladi.  Gipnoz o‘tkazayotgan vrach bemorga silash, ko‘z va so‘z orqali ta’sir qilsa, miya po‘stlog‘ida joylashgan uch xil, ya’ni sezgi, ko‘ruv va eshituv markazlari tormozlanadi va gipnozga tushish osonlashadi (1-rasm).

  



1-rasm. Gipnoz texnikasi. So‘z orqali ta’sir qilish – nutq (1), silash – sezgi  (2) va ko‘z bilan ta’sir etish – ko‘ruv markazlarini (3) tormozlaydi. Buning natijasida bemor trans holatiga tez tushadi va gipnoz qilish oson kechadi.

   Gipnoterapiya o‘tkaziladigan xona.  Gipnoz uchun keng, tinch, osoyishta, ortiqcha tovush va hidlardan holi xona zarur. Past tovushda engil musiqa yangrab turishi mumkin. Xona devorlarida fikrni chalg‘ituvchi kartinalar, ayniqsa, odamlar portreti bo‘lmagani ma’qul. Agar devorda yilning to‘rt faslini aks ettiruvchi 4 xil kartina osig‘liq tursa, bu insonning ruhiyatiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi Xonadagi mebellar orasi ham iloji boricha ochiq bo‘lishi lozim. Albatta, yumshoq kreslo va shu kabi boshqa yotoq mebellar albatta bo‘lishi kerak. 
    Gipnoz texnikasi. Turli xil gipnoz o‘tkazish texnikalari mavjud. Ulardan birini keltirib o‘tamiz. Gippnoterapiya bosqichlari quyidagicha:
    1-bosqich. Bemorni yumshoq kresloga o‘tkazing. O‘zingiz uning ro‘parasiga o‘tirib oling. Siz stulda shunday joylashingki, ko‘zlaringiz uning yuzidan teparoqda bo‘lsin. O‘ng qo‘lingiz bilan bemorning chap qo‘lini, ya’ni puls urishini tekshiradigan joydan ohista ushlang. Chap qo‘lingizni uning o‘ng elkasiga qo‘ying.
   2-bosqich. “O‘zingizni bo‘sh qo‘ying! Mening ko‘zlarimga qarang” deb, dadil ovoz bilan buyruq bering. Siz esa uning ko‘zlariga emas, balki ikkala qoshining o‘rtasiga qarang. Aks holda uning nigohi kuchli bo‘lsa, sizning ko‘zlaringizni charchatib qo‘yishi mumkin. Shu holatda 3 daqiqa uning ikkala qoshi o‘rtasiga tikilib turing. Bu holat uning ko‘zlarini charchatib qo‘yadi va transga tushishni osonlashtiradi. Bu paytda yo‘talish, ovoz qirib qo‘yish yoki bemorning diqqatini chalg‘itadigan boshqa harakatlar qilish mumkin emas.
   3-bosqich. Shoshilmasdan, ishonchli ovozda uning ko‘zlariga tikilib, quyidagilarni so‘zlang: 
– Butun tanangiz bo‘shashgan va uni iliqlik qamrab olgan. Yuqori qovoqlaringiz og‘irlashib kelyapti, uxlagingiz kelyapti, bunga qarshilik qilmang. Hozir uyquga ketasiz! Uyqungiz uzoq davom etmaydi va siz uchun o‘ta foydali. Siz uyqudan tana va ruhingiz sog‘lom bo‘lib uyg‘onasiz, qushdek engil bo‘lasiz! Dard sizni tark etadi, kayfiyatigiz yuqori bo‘ladi.
   4-bosqich. Siz faqat mening ovozimni eshityapsiz. Bir necha daqiqadan so‘ng siz uyquga ketasiz. Sizda uyquga ketish xohishi ortib bormoqda. Siz bunga qarshilik ko‘rsata olmayapsiz. Hozir men o‘ngacha sanayman va siz uyquga ketasiz.
    5-bosqich. Shoshmasdan dono-dono qilib birdan o‘ngacha sanaladi:
    -Bir. Yuqori qovoqlar og‘irlashgandan-og‘irlashmoqda.
          - Ikki. Siz faqat mening ovozimni eshityapsiz.
         -    Uch. Uyquga ketish xohishi har soniya kuchayib bormoqda.
         -    To‘rt. Tanangiz bo‘shashgan. Butun vujudingiz meni tinglamoqda.
    -Besh. Ko‘zlaringiz yumilgan. Butunlay harakatsiz holatdasiz. 
    -Olti. Siz uxlayapsiz.
    -Etti. Uxlayapsiz, uxlayapsiz, uxlayapsiz...
    -Sakkiz. Sizni butkul uyqu bosgan.
    -To‘qqiz. Siz uxlayapsiz, uxlayapsiz, uxlayapsiz.
    -O‘n. Siz uxlab qoldingiz.
   Eslab qoling: Gipnoz o‘tkazadigan xona talabga javob bersa va gipnoterapiya qoidalariga amal qilinsa, bemor gipnoz holatiga tez tushadi. Bu erda, albatta gipnozchi mahorati va tajribasi katta ahamiyatga ega. Gipnozchi qanchalik mashhur amaliyotchi bo‘lsa, u haqda odamlar yaxshi fikrda bo‘lsalar, har qanday insonni gipnozga tushirish shuncha oson bo‘ladi. Elga tanilgan kuchli gipnozchilar bir-ikki so‘z va o‘tkir nigohi bilan insonni darrov gipnozga tushirib qo‘yishadi va somnambuliya bosqichiga tez erishadi. Agar gipnozni o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, avval bu texnikani o‘smirlarda qo‘llab ko‘rish kerak. Ularni gipnozga tushirish oson. 
   Bemorning chuqur gipnozga tushganiga ishonch hosil qilmoqchi bo‘lsangiz yoki bunga amin bo‘lsangiz, uning bir qo‘lini biroz ko‘tarib tashlab yuboring yoki “Men hozir chap qo‘lingizni tepaga ko‘taraman va uni shu holatda ushlab turasiz”, deb ayting. Bemor xuddi shunday qiladi ham. Chunki u faqat gipnozchini eshitadi. Mabodo birov xonaga kirib shunday topshiriq bersa, bemor uni bajarmaydi. Chunki u gipnozchiga mutlaq tobe. Gipnozning chuqur bosqichiga somnambuliya deyiladi.. Bunday holatga tushgan odamni qush kabi sayratish, baland musiqa qo‘yib raqsga tushirish, kiyikka o‘xshatib sakratish, chaqaloqqa o‘xshab yig‘latish va uning esidan chiqib ketgan bolalik davrini so‘zlatish mumkin. Gipnozchilarning barisi ham gipnozni somnambuliya darajasiga etkaza olmaydi. Shu bois aksariyat gipnozchilar odamni trans holatiga tushirib ham ishlashadi. Trans holatida ham yaxshi natijalarga erishish mumkin.
    Gipnoz paytida bemor sizning oldingizga qaysi darddan xalos bo‘lish uchun kelgan bo‘lsa, trans yoki somnambuliya paytida o‘sha kasallik haqida so‘zlash kerak. Siz darddan butunlay xalos bo‘lib uyg‘onasiz deyiladi va u qaysi kasallikdan qutulish uchun sizga murojaat qilib kelgan bo‘lsa, albatta, o‘sha kasallik haqida so‘z borishi kerak. Masalan, “Siz endi allergiyadan butunlay xalos bo‘lasiz”. “Endi sizni bosh og‘rig‘i hech qachon bezovta qilmaydi”. “Endi sizning falajlangan chap qo‘lingiz butunlay ishlaydi”. “Endi siz duduqlanishdan mutlaq ozod bo‘lasiz va ravon so‘zlab boshlaysiz”. “Endi siz nafas bo‘g‘ilishidan butunlay qutulasiz va ravon nafas olasiz”. “Endi sizning yo‘qolgan xotirangiz butunlay tiklanadi va siz bo‘lib o‘tgan voqealarni eslay boshlaysiz”  va h.k.
   Gipnozdan chiqarish texnikasi. Gipnozdan chiqarish ham asta-sekin amalga oshirilishi kerak. “Hozir men sizni gipnoz holatidan chiqara boshlayman. Men 10 dan 1 gacha sanayman”
– O‘n. Siz engil uyqudan uyg‘onishni xohlayapsiz.
– To‘qqiz. Butun tanangizda iliqlik sezyapsiz.
–  Sakkiz. Tanangiz qushdek engil.
– Etti. Siz faqat mening ovozimni eshityapsiz va uyg‘onishni istayapsiz.
– Olti. Ko‘zlaringizni ochishni yana va yana istayapsiz.
– Besh. Siz menga quloq solib uyg‘onishda davom etasiz.
– To‘rt. Yuqori qovoqlaringiz juda engil, ko‘zlaringizni ochgingiz kelyapti.
– Uch. Ha! Ko‘zlaringizni ochgingiz kelyapti.
– Ikki. Siz hozir ularni ochasiz.
– Bir. Oching ko‘zlaringizni!
    Ushbu tartibda bemor uyg‘otiladi. U albatta o‘zini juda engil his qiladi va hali bir oz trans holatida bo‘ladi. U bilan o‘zini qanday his qilgani, nimalarni eshitgani haqida suhbatlashiladi. Gipnoz paytida gapirilgan kasallik haqida u uyg‘ongandan so‘ng eslash shart emas. Birozdan so‘ng bemor tetik holatda uyiga yuboriladi. Zaruratga qarab gipnotik seans 3-5 marotaba o‘tkazilishi mumkin. Biz hozir klassik gipnoz va uning tibbiyotda qo‘llanilishi haqida so‘z yuritdik.
   Erikson gipnozi. Milton Erikson (1901–1980) gipnozning boshqa metodini o‘ylab topdi. Uning klassik gipnozdan farqi shundaki, mijoz somnambuliyaga tushirilmaydi va u bilan trans holatida ishlanadi. Hozirda bu uslub “Erikson gipnozi” deyiladi va tibbiyotda juda keng qo‘llaniladi. Erikson shunday degan edi: “Insonni gipnoz orqali darddan forig‘ etish uchun uni somnambuliyaga tushirish shart emas, trans holatida ham shunday natijaga erishsa bo‘ladi”.  
    Erikson gipnozida bemorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruqlar berilmaydi, Siz hozir uyquga ketishingiz kerak deyilmaydi. Oddiy so‘z bilan aytganda, mijoz “Men hozir gipnozchining barcha buyruqlarini so‘zsiz bajarishim kerak” degan xayolga bormaydi. Unga juda erkin harakatlarga ruxsat beriladi. Hatto gipnoz paytida unga turib yurish, derazadan tashqariga qarash va hatto gipnoz seansini to‘xtatib chiqib ketishingiz ham mumkin, deb ogohlantirib qo‘yiladi. Bunday uslub, tabiiyki, gipnoterapiyaga “ichki qarshilikni” yo‘qotadi va mijoz o‘zini juda erkin tuta boshlaydi. Shu bois ham klassik gipnozda erishilmagan natijani Erikson gipnozida bemalol amalga oshirish mumkin. Erikson gipnozini o‘rganish albatta oson va uni ushbu metodga qiziqqan har qanday vrach yoki psixolog egallay oladi.
    Klassik gipnozda “Eshitasan va bo‘ysunasan” qoidasi hukmron bo‘lsa,  Erikson gipnozida “Eshit va xohlasang bo‘ysun” qabilida ish olib boriladi. Bunday erkinlik gipnozdan qo‘rqadigan ko‘pchilik insonlarga ma’qul keladi va nafaqat mijoz, balki gipnozchi ham erkin va bemalol ishlaydi. Erikson gipnozi paytida mijoz bilan ko‘zlari ochiq holatda boshqa narsalar haqida gaplashib ham o‘tirishi mumkin va birozdan so‘ng unga “Qalay endi asosiy muammoga o‘tamizmi” deb gipnoz seansiga qaytiladi.
    Erikson gipnozi paytida mijozga tushunarli bo‘lgan turli xil metaforalar qo‘llaniladi. Maqsad mijozning ichki resurslarini ong darajasiga chiqarish va uni ishga solishdan iboratdir. Erikson seanslari paytida, albatta, ong ostiga ta’sir o‘tkaziladi va ruhiy sokinlik, osoyishtalik, go‘zallik, o‘ziga va insonlarga mehr-muhabbat haqida so‘z yuritiladi. Iboralar, albatta, mijozning shaxs tipi va temperamentidan kelib chiqqan holda olib boriladi.
    Psixoterapiya bir nechta bemorlarga bir paytda olib borilishi ham mumkin. Bunday paytlarda kollektiv gipnoz haqida so‘z boradi. V.M. Bexterev (1915) bemorlarni to‘plab,  gipnoz o‘tkazishning ahamiyati to‘g‘risida shunday degan edi: “Ko‘pchilik bilan seans o‘tkazish paytida bemorlar gipnozni bir-biriga  yuqtirishadi va uning ta’sir kuchi yanada  oshadi.  Gipnoz usuli bilan davolamoqchi bo‘lgan gipnoterapevt bemor o‘z shikoyatlarini aytayotganda, nimalarni ko‘p takrorlayotganiga ahamiyat berishi va bundan foydalanishi kerak”. 
      Psixodinamik terapiya
  Ushbu terapiya psixoanaliz asoschisi Z. Freyd tomonidan tavsiya etilgan. Psixodinamik nazariyaga muvofiq psixoemotsional buzilishlar negizida bolalik davrida olingan kuchli psixologik zarbalar yotadi va ular ong ostida to‘planib, yillar mobaynida yashiringan bo‘ladi va kuchli ziddiyatlar o‘chog‘ini yaratadi. Buning oqibatida bemorda nevrotik shaxs shakllanadi va u isteriya, depressiya va psixosomatik buzilishlarga moyil bo‘ladi. Shaxs bir tomondan birovlarga qaram bo‘lishni xohlamaydi, ikkinchi tomondan boshqalar uni e’tirof etishi va qo‘llab-quvvatlashini istaydi. Albatta, buning har doim ham iloji bo‘lavermaydi.     Natijada bir-biriga zid bo‘lgan ushbu holatlar doimiy qoniqmaslik hissini yuzaga keltiradi, ya’ni boshqalarga nisbatan qahr-g‘azab va xafagarchilik shaxsning ichki dunyosini qamrab oladi. Shu asnoda shaxsning o‘zi boshqalar nazdida mehribon, odamovi va ajoyib inson sifatida tan olinishni xohlaydi. Psixoanalitiklar fikricha, mana shu istaklarning ro‘yobga chiqmasligi nevrotik shaxs va keyinchalik depressiya shakllanishiga turtki bo‘ladi. Yillar mobaynida ong ostida qo‘nim topib, e’tirof etilmagan har bir xohish va istak bora-bora ichki ziddiyatlarni kuchaytirib, odamlarni yomon ko‘rishga olib keladi. Shu sababli ular o‘zini ham kechirmaydi va suitsidga qo‘l uradi. Bunday shaxslarda depressiya rivojlanishi uchun kuchli stress yoki yoqimsiz atrof-muhitning o‘zi kifoya. Albatta, shu o‘rinda doimiy psixoemotsional zo‘riqishlarning ahamiyatini alohida ko‘rsatib o‘tish lozim.
   Psixodinamik terapiyaning asosiy maqsadi – bemorda katarsis, ya’ni ruhiy poklanishni yuzaga keltirish. Buning uchun bolalik davrida boshidan kechirgan ruhiy jarohatlar va kechinmalar mukammal o‘rganiladi, ularning hozirgi davrda ro‘y berayotgan nevrotik buzilishlar, shu jumladan, depressiya bilan bog‘liqlik tomonlari aniqlanadi. Psixoanalitik oldida bemor albatta barcha sir-asror va azobli kechinmalarni yashirmasdan aytib berishi kerak. Bu uslub to‘la katarsis ro‘y berguncha olib boriladi. Ijobiy natijaga bir necha seans ichida erishiladi. 
    Bixevioral terapiya
    Bixevioral terapiya ( ingl. behaviour – “xulq-atvor”). 1913 yili amerikalik psixolog Djon Uotson (1878–1958) bixeviorizm haqida o‘zining dastlabki maqolasini chop etadi. U shunday deb yozgan edi: “Odamning fikri va ruhiyatini o‘zgartirmoqchi bo‘lsangiz, avvalambor uning xulq-atvorini o‘zgartiring”. Ushbu g‘oya asosida bixevioral psixoterapiya shakllandi va XX asrning 50–60-yillari o‘smirlardagi xulq-atvor buzilishlarini korrektsiya qilishda keng qo‘llanila boshlandi va e’tirof etildi. Ushbu terapiya xulq-atvori o‘zgargan o‘smirlarda yuqori natija beradi, biroq katta yoshdagilarda samarasi pastroq. Bixevioral terapiya patologik tarzda o‘zgargan xulq-atvorni korrektsiya qilish va uning uchun to‘g‘ri bo‘lgan uquvlarni shakllantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Bixevioral terapiya o‘tkazilayotganda o‘smirdagi xulq-atvorning har bir ko‘rinishi tahlil qilinadi va ular korrektsiya qilib boriladi. 
     Bosqichma-bosqich o‘tkazilayotgan psixoterapevtik muolajalar paytida xulq-atvordagi patologik o‘zgarishlar sog‘lom xulq-atvor sifatlari bilan “almashtiriladi”. Demak, bixevioral terapiya xulq-atvor o‘zgarishiga olib kelgan sabablar ustida emas, balki bevosita patologik xulq-atvorni yaxshi tomonga o‘zgartirish ustida ish olib boradi. Sog‘lom xulq-atvor hamda o‘zini o‘zi boshqarish uquvlari shakllangan sayin, undagi fikr ham o‘zgarib boradi, o‘smirda o‘ziga ishonch paydo bo‘ladi, uning turmush tarzi ham o‘zgarib, sotsial adaptatsiyaga erishiladi. 
   Kognitiv-bixevioral psixoterapiya
    Kognitiv-bixevioral psixoterapiya – inson fikri va xulq-atvori bilan bog‘liq muammolarini engib o‘tish uchun o‘ziga baho berish qobiliyati, strategiyasi  va yo‘nalishlarini o‘zgartirishga qaratilgan psixoterapevtik yondashuv. Bu yo‘nalish asoschisi amerikalik psixoterapevt A. Bek (1921 yil tug‘ilgan). Kognitiv-bixevioral psixoterapiya kognitiv psixoterapiya (angl. sognitive therapy, 1967) negizida yaratildi.  KBP 2 xil maktab, ya’ni kognitiv va bixeviorial psixoterapiya negizida shakllanadi:
    KBP da quyidagi uch holat farq qiladi:
    1.    Kognitsiya – ma’lumotni esga olish, xayolida qayta ishlash, argumentatsiya qilish va anglab etish kabi tushunchalardan iborat.
    2.    Konatsiya – maqsadga yo‘naltirilgan harakat, motivatsiya, instinkt, xohish va iroda kabi tushunchalardan iborat.
    3.    Affekt – hissiy reaktsiyalar va kayfiyatdan iborat.
       KBP quyidagi maqsad va vazifalar echimini izlaydi:
      1.    Kognitiv xatolar va xulq-atvor buzilishlar sababini izlab topish.
      2.    Miyaga o‘rnashib qolgan patologik fikrlar va shu sababli yuzaga kelgan xulq-atvor buzilishlarini korrektsiya qilish.
     3.    Retsidiv holatlarining oldini olish.
     4.    Farmakoterapiya samarasini oshirish.
    5.    Ijtimoiy-psixologik muammolar echimini topish.
      Kognitiv-bixevioral terapiya, asosan, obsessiv-kompulsiv buzilishlar, xavotirli-fobik buzilishlar, miyadan ketmaydigan fikrlar nevrozi,  xulq-atvor buzilishlari, ipoxondrik nevroz, sport tibbiyotida keng qo‘llaniladi.
KBP avvalambor miyaga o‘rnashib olib, bemorga azob berayotgan salbiy fikrlar, ya’ni aybdorlik hissi, o‘zini o‘zi kamsitish fikrlarini bartaraf etishga qaratilgan. Bemor psixoterapevtik muolaja texnikasini mustaqil bajarishni o‘rgangunga qadar psixoterapevt nazoratida bo‘ladi.
   Psixoterapevtik muolaja texnikasi. Bemorning ko‘zlari yumuq holatda bo‘ladi. Undan miyasiga o‘rnashib qolgan yomon o‘y-xayollarning mayda detallarigacha diqqatini qaratish buyuriladi. O‘sha negativ tusdagi fikrlar ahamiyatlimi, ahamiyatsizmi, farqi yo‘q. Shu yo‘l bilan barcha o‘y-xayollar bir joyga jamlanadi. Hamma yomon fikrlar miyada jamlangach, bemor barmog‘i bilan psixologga ishora beradi (masalan, ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘taradi). 
   Bemor ishora bergan zaxoti psixoterapevt dadil va jarangdor ovozda “TO‘XTANG” deb buyruq beradi. So‘ngra psixolog bemordan ushbu so‘zdan keyin xayoliga nimalar kelganini so‘raydi. Odatda, bu paytda  bemorning negativ fikrlari o‘chadi va yo‘qoladi. Agarda ijobiy natija bo‘lmasa, ya’ni miyadan yomon fikrlar ketmasa,  mashq bir necha bor qaytariladi. Ushbu mashq uyga vazifa qilib ham beriladi. Bemor o‘ziga o‘zi buyruq berib shu mashqni uyda yolg‘iz takrorlashi mumkin. 
   Psixologik bo‘shliqni to‘ldirish texnikasi. Miyaga o‘rnashib qolgan fikrlarni o‘chirishdan keyingi vazifa – negativ fikrlar o‘rnini pozitiv fikrlar bilan to‘ldirish. Agar ushbu vazifa bajarilmasa, miyaga yana negativ fikrlar qaytib kelaveradi.  Fanda antitsipatiya degan tushuncha bor. Antitsipatiya –  vahimali fikrlarning yana qaytib kelishidan qo‘rqish. Shu holat kuzatilmasligi uchun har bir seansda psixologik bo‘shliqni pozitiv fikrlar bilan to‘ldirib borish zarur. Aks holda bemor miyadagi negativ fikrlar orqali “o‘zi bilan o‘zi gaplashib yuraveradi”. Bu holat esa obsessiyani kuchaytiradi va bemor yana azobli o‘y-xayollar iskanjasida qoladi.
    Psixoterapevtik muolajadan so‘ng bemorga uy vazifasi beriladi. Endi bemor har kuni o‘zi bilan o‘zi faqat pozitiv fikrlar orqali gaplashib yurishi lozim. Psixoterapevtik mashqlardan avval bemor bilan “Pozitiv suxbat qurish” stsenariysini tuzadi. Buni amalga oshirish uchun turli xil roliklar o‘ylab topiladi. Olingan natijalarga qarab, ushbu stsenariy bora-bora takomillashtirib boriladi.
       Psixologik bo‘shliqni to‘ldirish metodi Albert Ellis tomonidan ishlab chiqilgan sxema bo‘yicha amalga oshiriladi. Bu maqsadda ABK-metodi qo‘llaniladi. A – vaziyatni yuzaga keltirgan omil; V – avtomatik paydo bo‘lgan xayol; S – emotsional javob reaktsiyasi.
    AVS bilan ishlash algoritmi. 1. Muammo haqida so‘raladi; 2. Muammoni tarqatishga kirishiladi; 3. S va A larga baho beriladi; 4. V bilan S ning o‘zaro bog‘liqligi tushuntiriladi; 5. V ga baho beriladi; 6. V bilan S bog‘lanadi; 7. Bemorning tushunganlik darajasi o‘rganiladi; 8. Uyga vazifa beriladi. 
    Kognitiv psixoterapiya tarafdorlari insondagi barcha muammolar negativ fikrlash sababli kelib chiqadi, deb hisoblashadi.  Muammo tashqi vaziyatlarni inson tomonidan quyidagi sxema bo‘yicha interpretatsiya qilishidan boshlanadi: tashqi vaziyat (stimullar) → kognitiv sistema → interpretatsiya (xayollar) → hissiyot yoki xulq-atvor. «Xayollarimiz hissiyotimizda aks etadi, hissiyotimiz xulq-atvorimizni o‘zgartiradi, xulq-atvorimiz bizning kimligimizni ko‘rsatib turadi va unga qarab o‘zgalar bizga baho berishadi”. 
“Muammo bu dunyo yomonligida emas, biz uni qanchalar yomon deb bilishimizda”, degan edi A. Bek (1967). A. Bek bo‘yicha kognitiv-bixevioral terapiya – bu ma’lum bir tizimga asoslangan fikrlash va xulq-atvorni o‘zgartirishga qaratilgan metodlar majmuasi. Ushbu metod asosida bemorni to‘g‘ri fikrlash va shu asnoda xulq-atvorini o‘zgartirishga asoslangan o‘rgatish texnikasi yotadi.
    Psixoterapevt oldida turgan asosiy vazifalar: 1) sotsiumda yashash uchun insonga azob beruvchi avtomatik fikrlarni aniqlash; 2) mijozga ushbu o‘y-xayollardan xalos bo‘lishi zarurligini tushuntirish; 3) bemorni pozitiv fikrlar bilan ishlashga o‘rgatib, xulq-atvorini ijobiy tomonga o‘zgartirish.
  Avtomatik fikrlarni aniqlash bosqichlari:
   Birinchi qadam. Bemor miyasiga o‘rnashib qolgan, unga har doim azob beradigan va uning xulq-atvorini o‘zgartirib yuborgan avtomatik fikrlarni izlab topishi va bir joyga jamlay olishi kerak. 
    Ikkinchi qadam. Avtomatik fikrlar aniqlangandan so‘ng bemor ularni psixoterapevtga birin-ketin ovoz chiqarib aytib berishi kerak.
    Uchinchi qadam. Psixoterapevt bemorni diqqat bilan tinglaydi, uning ifodalanishiga nazar soladi, bemorning hatti-harakatlarini kuzatadi va azobli fikrlar darajasini qog‘ozga belgilab boradi.
Avtomatik fikrlar – odamni o‘zi bilan o‘zi gaplashib yurishiga majbur qiladigan va to‘satdan paydo bo‘ladigan o‘y-xayollar. Avtomatik fikrlar har bir odamda mavjud bo‘lib, ushbu fikrlarning azobli yoki azobsiz bo‘lishi ularning mazmun-mohiyatiga bog‘liq. Agar sizga negativ fikrlar o‘rnashib olgan bo‘lsa, ular “miyangizni egovlayveradi, aqlingizni chalg‘itaveradi” va og‘ir his-tuyg‘ular manbaiga aylanadi. Buning oqibatida xulq-atvoringiz o‘zgaradi va shunga munosib ravishda odamlarning sizga nisbatan munosabati o‘zgarib, zanjirli reaktsiya yuzaga keladi. 
   Ratsional-emotiv psixoterapiya
Ratsional-emotiv psixoterapiya metodi 1955 yili Albert Ellis tomonidan ilgari surilgan. Uning  asosiy mohiyati ham kishining o‘zi, o‘zgalar va jamiyat haqidagi fikrlarini o‘zgartirishga qaratilgan. Bu nazariyaga binoan nevroz, depressiya, xavotir, aybdorlik hissi va shu kabi boshqa psixologik muammolar ruhiy jarohat etkazuvchi omillar va vaziyatlar sababli emas, balki kishining ushbu omillar va vaziyatlarga nisbatan shaxsiy munosabati va o‘y-xayollari sababli yuzaga keladi. Masalan, sizni kimdir qattiq xafa qildi va bundan kayfiyatingiz tushib ketdi. Bu vaziyatda siz u odamni emas, balki o‘zingizni aybdor deb hisoblaysiz. Demak, siz tanqidga loyiqsizki, u sizni shu ko‘yga soldi. Aslida unday emas. Ayb sizda emas, balki sizni tanqid qilgan odamda yoki tanqid muhiti yaratilgan o‘sha vaziyatda. A.Ellis shunday deb yozadi: “Insonda o‘zi haqidagi bunday noto‘g‘ri tasavvurlar uzoq davom etaversa, unda turli xil ruhiy-hissiy buzilishlar, shu jumladan, depressiya rivojlanadi.”. Ellis shunday qoidani o‘rtaga tashlaydi
: “Aybdor sen emas, balki boshqalar”.
    Ellis ishlaridan ba’zi parchalarni keltirib o‘tamiz. Atrof-muhitda ro‘y berayotgan asabingni buzadigan va hissiy zo‘riqishga majbur qiladigan voqea-hodisalar senga qaratilgan emas, ular o‘z-o‘zicha ro‘y beraveradi. Kim tomonidan ko‘rsatilishidan qat’i nazar, senga nisbatan bildirilayotgan ayblov va kamsitishlar aslida sening haqiqiy shaxsingni ifodalab bermaydi, bu o‘sha odamning shaxsiy fikri. U o‘z dunyoqarashi va senga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqib, shu fikrda. Aslida unday emas!
    Ellis fikricha, quyidagi uch qoidaga qat’iyan amal qilishga   urinaverish, kishini  har doim xavotirda ushlaydi: 1) o‘ziga hadeb talab qo‘yaverish (“men unday bo‘lishim kerak, bunday bo‘lishim kerak”); 2) boshqalarning unga hadeb talab qo‘yaverishi (“sen unday bo‘lishing kerak, bunday bo‘lishing kerak”); 3)  uning boshqalarga hadeb talab qo‘yaverishi (“odamlar unday bo‘lishi kerak, bunday bo‘lishi kerak”). Mana shu “Uchta kerak” tamoyili – xavotir va depressiya manbaidir.
        “Uchta kerak” qoidasiga amal qilaverish o‘zingiz haqingizda quyidagi fikrlarni shakllantiradi va xavotirga mezon yaratadi:
     1.    Men shunday harakatlar qilishim kerakki, meni boshqalar tan olsin! Aks holda men hech kimman!
    2.    Men qanday xohlasam, atrofdagilar meni shundayligimcha qabul qilishi kerak! Aks holda ular yomon odam va har qanday jazoga mahkum!  
   3.    Men nimani, qachon va qaerda xohlasam, shunga ega bo‘lishim kerak! Menga kerak bo‘lmagan narsalarga mening toqatim yo‘q!
   Ratsional-emotiv terapiya o‘zi haqida insonning miyasiga o‘rnashib qolgan stereotip fikrlardan uni ozod etish va shu sababli o‘zgargan xatti-harakatlarni korrektsiya qilishga qaratilgan. Ratsional-emotiv terapiya uslubida ham kognitiv-bixevioral terapiyadagi kabi fikr va xulq-atvor parallel tarzda korrektsiya qilinadi. Biroq uslub boshqacha. Bu metodda ham uyga vazifalar beriladi, uni bajarishga qiynalgan paytlarda yordam qilinadi, vazifalar to‘la bajarilsa, rag‘batlantiriladi. Biroq psixoterapevtik muolaja paytida psixoterapevtning o‘zi ham “kerak” stilini o‘z mijoziga qo‘llamasligi lozim.
    Interpersonal psixoterapiya
     Shaxslararo (interpersonal) psixoterapiya insonning kayfiyati bilan uni o‘rab turgan ijtimoiy muhit orasida bog‘liqlik izlaydi. Shaxslararo kelishmovchiliklar, individning ijtimoiy muhitga ko‘nikib ketishiga to‘sqinlik qilayotgan, uni xavotirga solayotgan, kayfiyatini buzayotgan va salbiy hissiy kechinmalarni keltirib chiqarayotgan vaziyatlar birgalikda o‘rganib tahlil qilinadi. Psixoterapevtik muolajalar paytida shaxs o‘zini jamiyatda qanday tutishi, o‘zaro munosabati, qanday vaziyatlar va odamlardan yiroq yurishi yo‘llari tushuntiriladi, o‘rgatiladi. Ayniqsa, bu uslub nevrotik tipdagi shaxslar bilan ishlaganda va distimiyada keng qo‘llaniladi. 
    Oilaviy psixoterapiya
    Oilaviy psixoterapiya avvalambor oila a’zolari bilan psixologik muhitni yaxshilashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Bunda mijozning har bir oila a’zosi bilan bo‘ladigan munosabatlari o‘rganiladi va tahlil qilinadi. Oiladagi kelishmovchiliklar qanday paytlarda yuzaga keladi, nima uchun kelib chiqadi, qaysi vaziyatlarda u o‘zini qanday tutadi kabi savollarga oydinlik kiritiladi, javob izlanadi va bu vaziyatdan chiqish bo‘yicha mashqlar qilinadi. Oila a’zolari bilan ham suhbatlar o‘tkaziladi. Chunki psixologga murojaat qilib kelgan bemor deyarli har doim o‘zini vaziyat qurboni deb biladi. Aslida esa unday bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun u haqida oila a’zolarining fikrini bilish ham o‘ta muhim. 
Oilaviy psixoterapevt mijozning yaqinlariga uning oldida o‘zlarini qanday tutish lozimligini tushuntiradi. Bu o‘ta muhim. Chunki ba’zan oilada shunday motamsaro muhit yaratiladiki, bu faqat nevroz yoki depressiyadan aziyat chekayotgan odamning ahvolini og‘irlashtiradi va suitsidal urinishlarni kuchaytiradi xolos.
       Har qanday psixoterapevtik muolajada mijozga hadeb yonbosaverish ham, uning xulq-atvorini tanqid qilaverish ham mumkin emas. Undagi yomon fikrlar depressiya belgisi, bu belgilar vaqt kelib albatta o‘tib ketadi, kabi so‘zlar bilan taskin beriladi. Suitsidal fikrlar va urinishlar aniqlangan holatda uni yolg‘iz qoldirmaslik kerak. Oila a’zolari tomonidan nazorat shunday o‘rnatilishi kerakki, mijozning o‘zi buni bilmasin. Chunki hadeb bemorni qo‘riqlayverish uning joniga tegadi. Bemorning ishonchini qozongan oila a’zolari bilan ko‘chaga chiqib aylanib kelish va sayr paytida, asosan, uni so‘zlatish va his-tuyg‘ulariga hamdard bo‘lish o‘ta muhim. 
     Psixoterapevtik muolajalar psixofarmakoterapiya bilan birgalikda olib borilsa, yanada yuqori samaraga erishiladi. Psixotrop dorilar nerv sistemasiga neyromediatorlar orqali ta’sir ko‘rsatganligi bois, avval ular haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tamiz.  


Manba:  ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
              © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив